Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:26

Quruvchi-muhandislar: Uylar o‘g‘rilik va malakasizlikdan qulamoqda (VIDEO)


Jizzaxda qulab tushgan ko‘pqavatli uy - 10 -yanvar, 202
Jizzaxda qulab tushgan ko‘pqavatli uy - 10 -yanvar, 202

Loyihalash ishlarining sifatsizligi, muhandislar va quruvchilarning malakasizligi, qurilish texnologiyalariga rioya qilmaslik, qurilish materiallarining o‘g‘irlanishi – bularning hammasi mamlakat bo‘ylab qurilayotgan uylarning xavfsiz ekanligiga katta shubha bilan qarashga asoslardir.

Bu fikrni Ozodlikka o‘zbekistonlik ikki quruvchi-muhandis Jizzaxda ko‘pqavatli uyning qulab tushganini sharhlar ekan bildirdi.

Vazirlar Mahkamasi matbuot xizmatining bildirishicha, Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov boshchiligidagi hukumat komissiyasi Jizzaxda qurilishi tugallanmagan olti qavatli uyning qulab tushishi sabablarini o‘rganishni boshlagan.

10 - yanvar kuni soat 17:15 atrofida Jizzax shahridagi Mustaqillik ko‘chasida qurilayotgan 6 qavatli uyning bir qismi qulab tushdi.

Jizzax viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Farrux Abdurahmonovga ko‘ra, hali foydalanishga topshirilmagan bino xususiy tadbirkor tomonidan qurilayotgan edi. Binoning dastlabki 2 qavati do‘konlar va qolgan 4 qavati yashash uchun mo‘ljallangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa natijasida jabrlanganlar va halok bo‘lganlar yo‘q. Shunday bo‘lishiga qaramasdan, qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilgani xabar qilindi.

Техноген авариялар: Қулаган уй, ўртасидан бўлинган кўприк, ишдан чиққан марказий сув тармоғи
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:10 0:00

Jizzax viloyat hokimligi matbuot xizmatining 10 - yanvarda xabar qilishicha, “ushbu uyning qurilish ishlari 2020 yil mart oyida boshlangan bo‘lib, dekabr oyida vaqtinchalik tugatilgan”.

Qurilish nega dekabrda tugatilgan? Tugatilganmi yo to‘xtatilganmi? Nega vaqtinchalik? Ozodlikning bu va boshqa savollariga hokimlik matbuot xizmati boshlig‘i Akmal Binoqulov javob berishni istamadi. “Hukumat komissiyasi ish boshladi. Komissiya o‘z ishini yakunlaganidan so‘ng barcha savollarga javob beriladi”, - dedi hokimlik vakili.

Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi mulozimi: Biznes-ombudsman ruxsat bersagina tekshira olamiz

Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov yetakchiligidagi komissiya tarkibiga kirgan prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qurilish vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar mutaxassislari orasida Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi mutaxassislari ham borligi xabar qilindi.

Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi mulozimi 11 - yanvar kuni Ozodlik savollariga javob berdi. Ismi aytilmaslik sharti bilan gapirgan mulozimning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mita vakolatlari cheklangan.

“To‘g‘ri, Jizzaxdagi voqea bo‘yicha komissiyaga bizni ham qo‘shishdi. Chunki biz qurilishlarda foydalaniladigan texnika vositalarini, masalan, ko‘tarma kranlar sozligini nazorat qilamiz. Biz, shuningdek, bino foydalanishga topshirilganidan keyin, ya’ni ekspluatatsiya davrida foydalaniladigan qurilmalar, masalan, liftlar, isitish qozonlari xavfsizligini nazorat qilamiz”.

Mulozimning aytishicha, Sanoat xavfsizligi qo‘mitasi mutaxassislari tekshiruv o‘tkazishi uchun Biznes-ombudsman ruxsati talab etiladi.

“Qurilishlarda ishlayotgan ko‘tarma kranlarning ko‘pchiligi xususiy tadbirkorlarniki. Ularning manfaatini Biznes-ombudsman himoya qiladi. Shuning uchun biz dabdurustdan o‘sha kranning sozligini tekshira olmaymiz. Buning uchun oldin Biznes-ombudsmanning ruxsatini olishimiz kerak. Jizzaxda qulab tushgan binoda esa, ko‘tarma kran ishlatilganmi-yo‘qmi – hozircha xabarim yo‘q. Har holda, suratlarda kran ko‘rinmadi. Qurilayotgan obyektlarda ishni boshlash uchun bizdan ruxsat olishmaydi. Biz qurilishni nazorat qilmaymiz”.

Bino va inshootlarning zilzilaga bardoshliligiga ta’sir qiluvchi, shuningdek, inson salomatligi va hayotiga tahdid soluvchi sifatsiz qurilish materiallari va buyumlar qo‘llanilishi yuzasidan hamda shu kabi boshqa bir qator masalalar yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish Hukumat komissiyasi tarkibiga kirgan Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga yuklatilgan.

Qurilish nazorati inspeksiyasining Toshkentdagi markaziy apparati kotibasi boshlig‘i ishda yo‘qligini aytish bilan cheklandi. Inspeksiyaning Jizzax bo‘limi bilan kun davomida bog‘lanib bo‘lmadi.

Samarqandlik quruvchi-muhandis: 1 tonna o‘rniga 500 kg sement ishlatishadi

Xo‘sh, Jizzaxdagi ko‘pqavatli uy nega quladi? Loyiha hujjatlari sifatsizmidi? Qurilish materiallari sifatsizmidi? Yoki qurilish texnologiyasiga rioya qilinmaganmi?

Bu savollarga ismi aytilmaslik sharti bilan javob bergan samarqandlik quruvchi-muhandis o‘g‘riliklar bilan bog‘liq farazni ilgari surdi.

“Siz aytgan uchala sababdan tashqari yana bir sabab bor. U ham bo‘lsa, o‘g‘rilikdir. Masalan, 1 tonna sement ishlatiladigan joyda 500 kilo ishlatiladi. Prorab, uchastka boshlig‘i va boshqalar shundan pul qiladi. Yoki 16 lik armatura o‘rniga 12 lik ishlatiladi”.

Samarqandlik muhandisning aytishicha, qurilishlar sifatsizligining yana bir sababi quruvchilar malakasizligidir: “Oylik ozligi uchun yaxshi injenerlaru yaxshi quruvchilar chet elga chiqib ketgan”.

Ozodlik suhbatdoshi masalaning yana bir muhim jihatiga e’tibor qaratdi: “Har qanday qurilishni boshlash oldidan geoqidiruv ishlari o‘tkazilishi kerak, raschyotlari chiqarilishi kerak. Bunday ishlar o‘tkazilayotganiga ham juda katta gumonim bor. Hozirda qurilishni boshlash uchun eng asosiy shart bo‘sh joyning borligi bo‘lib qoldi. Bo‘sh yotgan joy qurilmoqchi bo‘lgan ko‘pqavatli binoni ko‘tara oladimi, yo‘qmi – bu bilan hech kimning ishi yo‘q”.

Termizlik quruvchi-muhandis: Kuchliroq zilzila bo‘lmasligini Xudodan so‘rayman

Keyingi yillarda Toshkentda ishlayotgan termizlik quruvchi-muhandis (ismini aytmasligimizni so‘radi) o‘z ko‘zi bilan ko‘rmagani uchun Jizzaxda qulab tushgan uy yuzasidan bir narsa deyolmasligini pisanda qilarkan, qurilishlarning umumiy ahvolidan tashvishda ekanligini izhor qildi.

“Toshkentda ahvol biroz durust. Biroq har gal Termizga borarkanman, yo‘l quyun qurilayotgan uylar ahvolini ko‘rib, vahimaga tushaman, kuchliroq zilzila bo‘lmasligini Xudodan so‘rayman”, der ekan, muhandis Termizda qurilayotgan ko‘pqavatli uylardan birining suratlarini Ozodlikka taqdim qildi.

"Termizda qurilayotgan uy poydevori hozirdanoq uqalanib, ko‘chmoqda", dedi suratni Ozodlikka taqdim qilgan quruvchi-muhandis.
"Termizda qurilayotgan uy poydevori hozirdanoq uqalanib, ko‘chmoqda", dedi suratni Ozodlikka taqdim qilgan quruvchi-muhandis.

Muhandis jo‘natgan suratlarda beton poydevor chetidan uqalanib, ko‘chib tushgani, to‘sin plitalar sifatsiz quyilganidan ilma-teshik bo‘lib yotganini ko‘rish mumkin.

“Termiz shahri markazidagi, Barkamol avlod ko‘chasidagi, Surxondaryo prokuraturasi ro‘parasidagi bu fundamentni ko‘rib, shok bo‘ldim. O‘zim injenerman. Bunaqa orqada qolgan "texnologiya" meni hayratda qoldirdi. Boshlanishi shu bo‘lsa oxiri nima bo‘larkin? Amir Temur bobomiz hijolatda. Qudratimizga shubha qilsang biz qurgan" domlarga" boq”, - dedi kinoya bilan termizlik quruvchi-muhandis.

Termizda qurilayotgan ko‘pqavatli uyga qo‘yilgan to‘sin plitalar.
Termizda qurilayotgan ko‘pqavatli uyga qo‘yilgan to‘sin plitalar.

U Ozodlikka yana bir surat jo‘natdi. Unda ikki bino aks etgan. Muhandisning aytishicha, chap tomonda Afg‘oniston-Germaniya qo‘shma shirkati qurgan uy, o‘ng tomonda esa mahalliy shirkat qurgan uy aks etgan. Ozodlik bu suratga doir muhandis bergan ma’lumotni qo‘shimcha o‘rgangani yo‘q.

Muhandisning aytishicha, Termizda qurilgan bu uylarning chapdagisini Afg‘oniston-Germaniya qo‘shma shirkati, o‘ngdagisini mahalliy kompaniya qurgan.
Muhandisning aytishicha, Termizda qurilgan bu uylarning chapdagisini Afg‘oniston-Germaniya qo‘shma shirkati, o‘ngdagisini mahalliy kompaniya qurgan.

Texnogen ofatlar ro‘yxati

Jizzaxdagi ko‘pqavatli bino qulashi sabablarini o‘rganayotgan hukumat komissiyasiga Bosh vazir birinchi o‘rinbosari Ochilboy Ramatov yetakchilik qilmoqda. Ramatov nomi oxirgi bir yilda O‘zbekistonda yuz bergan ikkita yirik halokat - Toshkent metropolitenining Yunusobod yo‘nalishida 6 odam o‘limiga sabab bo‘lgan yer o‘pirilishi hamda Sardoba to‘g‘oni yorilishi munosabati bilan tilga olingan.

Ozodlikka shaxsi ochiqlanmaslik sharti bilan gapirgan Transport vazirligiga yaqin mulozim 2019 - yil dekabrida qisman o‘pirilib tushgan metroning Yunusobod liniyasi qurilishi tepasida “Temir yo‘llari”ning egasi Ramatov turgani, M800 superbeton o‘rniga¸ M400¸ hatto M300 ishlatilganini iddao qilgan edi.

Ramatov rahbari bo‘lgan “O‘zbekiston temir yo‘llari” tarkibidagi "O‘ztemiryulkurilishmontaj" korxonasi esa o‘tgan yil 1 - mayida texnogen ofat yuz bergan Sardoba suv ombori qurilishining bosh pudratchisi bo‘lgan.

10 - yanvar kuni Jizzaxda qulab tushgan uy oxirgi kunlarda yuz bergan texnogen ofatlardan bittasi bo‘ldi.

11 - yanvar kuni,“Paxtaliko‘l” suv uzatish inshootida favqulodda avariya oqibatida soat 10:00 dan boshlab Namangan shahrida suv ta’minoti vaqtinchalik to‘xtatildi.

Avvalroq Andijonda ham markaziy suv tarmog‘i 9 - yanvar kuni ishdan chiqqani va buning oqibatida 11-12 - yanvar kunlari suv ta’minotida uzilish bo‘lishi xabar qilingan.

Talimarjon issiqlik elektr stansiyasidagi har birining quvvati 450 MVt bo‘lgan ikkita energoblok so‘nggi 10 kun ichida ikki marta to‘xtab qoldi va natijada Qashqadaryo viloyatining qator tumanlarida suv va elektr ta’minotidan uzildi.

XS
SM
MD
LG