Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 04:36

Qurilish vaziriga aloqador shirkat yuzlab million dollarlik ish bajargan. "Mirziyoyev biladi"


Toshkentdagi "G‘alaba bog‘i"ini ham "Trest-12" qurgan
Toshkentdagi "G‘alaba bog‘i"ini ham "Trest-12" qurgan

O‘zbekistonda Qurilish vaziri Botir Zokirovning oila-a’zolari ta’sischi va asosiy hissadorlaridan bo‘lgan shirkat O‘zbekistonda yuzlab million dollarlik davlat buyurtmalarini bajarib kelgan. Ulardan eng so‘nggisi - yarim trillion so‘mga teng davlat buyurtmasining hech qanday tendersiz berilgani manzarasida mahalliy matbuot ilk bor hukumat doiralaridagi manfaatlar to‘qnashuviga e’tibor qaratdi.

Joriy yil yanvarida Jizzaxda qurilish tugallanmagan 6 qavatli binoning qulab tushishini "to‘g‘ridan-to‘g‘ri korrupsion sxema" deb atagan Qurilish vaziri Botir Zokirov yoki u rahbari bo‘lgan vazirlik mahalliy matbuotdagi maqolalarga rasmiy munosabat bildirganicha yo‘q.

Ozodlik bundan avval Mirziyoyev hukumati korrupsiya hamda manfaatlar to‘qnashuviga doir savollarni javobsiz qoldirib kelayotgani haqida yozgan edi.

12 - aprel kuni Gazeta.uz nashri “Trest-12” shirkati Toshkentning Mustaqillik maydonidagi ma’muriy bino rekonstruksiyasi va avtoturargoh qurilishi loyihasi pudratchisi etib tanlangani haqida yozdi.

Reestr ma’lumotlariga ko‘ra, shirkat hissadorlari orasida O‘zbekiston Qurilish vaziri Botir Zokirovning rafiqasi, o‘g‘li hamda yana bir yaqin qarindoshi bor.

Mazkur loyiha uchun davlat byudjetidan 431,5 mlrd so‘m (O‘zbekiston Markaziy bankining 14 - apreldagi kursi bo‘yicha 40 million dollardan ortiq) mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilmoqda.

Qurilish vazirining rafiqasi va o‘g‘li aksiyadorlari bo‘lgan “Trest 12” shirkati qanday asosda Toshkent markazidagi yirik qurilish loyihasi pudratchisi etib tanlab olingani haqida hanuz rasmiy izoh berilgani yo‘q.

"Mirziyoyev ko‘rsatmasi bilan"

O‘zbekiston Qurilish vazirligida ishlovchi o‘rta bo‘g‘in mulozimlardan biri esa Ozodlik bilan anonim suhbatda bunday qimmat loyihalar davlat hisobidan qurilishi sabab "shaxsan prezident Mirziyoyev ko‘rsatmasi bilan “Trest-12”ga ishonib topshirilgani"ni aytdi.

“Bu loyihalar qimmat loyihalar va davlatni puliga kurilishi sabab shaxsan prezident Mirziyoyev ko‘rsatmasi bilan “Trest-12”ga ishonib topshirilgan. Har bir tiyinigacha nazorat qilinadi. Loyiha ijrosini ta’minlash uchun mas’uliyat O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosariga yuklatilgan”, - dedi mulozim.

2016 - yilda qabul qilingan O‘zbekiston davlat xizmatchilarining obod-axloq qoidalarida aytilishicha, “manfaatlar to‘qnashuvi “davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatlari ularning o‘z xizmat vazifalarini xolisona va beg‘araz bajarishiga ta’sir ko‘rsatadigan yoki ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan holatlarda paydo bo‘ladi”.

Qoidalarda, shuningdek, davlat xizmatchilarining shaxsiy manfaatdorligi ularning shaxsan o‘zi yoki yaqin qarindoshlari, shuningdek, ular yaqin yoki ishbilarmonlik munosabatlarida bo‘ladigan boshqa shaxslar uchun har qanday naf ko‘rish yoki afzalliklarga ega bo‘lishni o‘z ichiga olishi ham aytilgan.

O‘zbekiston Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reyestri hujjatlariga ko‘ra, “Trest-12” shirkatining 51,1 foizlik aksiyasi Toshkent shahar hokimligiga, 19,1 foizi esa Qurilish vazirining rafiqasi Muazzam Zokirovaga, 14.1 foizlik aksiyasi vazirning o‘g‘li Jasur Zokirovga tegishli.

Aksiyadorlar orasida yana 12 kishining ismi keltirilgan. Ular orasida Qurilish vazirining jiyani Muhayyo Zokirova ham bor.

O‘zbekiston Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestridan olingan hujjat.
O‘zbekiston Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestridan olingan hujjat.

Botir Zokirovning o‘zi ham Qurilish vaziri bo‘lguniga qadar 2019 - yilda “Trest-12” aksiyadorlaridan biri, 1996-2011 - yillarda esa kompaniya boshqaruvi raisi bo‘lgani ma’lum.

Vazirga bevosita va bilvosita aloqador shirkat bir necha million AQSh dollarlik loyihaga qanday qonuniy asosda tanlab olindi?

Bu yerda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilmayaptimi?

Ozodlik bu savollarni O‘zbekiston Qurilish vazirining Axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Ramziddin Egamberdiyevga berdi.

Egamberdiyv Ozodlik savollariga javob berishga hozircha tayyor emasligini aytish bilan cheklandi.

“Matbuotda chiqqan xabarlarni o‘qidim, hozir bu haqda biron narsa aytolmayman”, - dedi Qurilish vazirligi matbuot kotibi Egamberdiyev.

Manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq xavotir

Britaniyadagi Alster (Ulster) universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lassletga ko‘ra, O‘zbekiston Qurilish vazirining rafiqasi va o‘g‘li aksiyadorlari bo‘lgan “Trest 12” shirkati Toshkent markazidagi yirik qurilish loyihasi pudratchisi etib tanlangani manfaatlar to‘qnashuvi bilan bog‘liq xavotirlarni tug‘diradi.

“Yarim trillion so‘mlik loyihaning Qurilish vaziriga aloqador shirkatga tendersiz berilishi juda xavotirli. Bu yuqori doiralardagi manfaatlar to‘qnashuvi borasida jiddiy xavotirlarni uyg‘otadi. Bu yerda shaffoflik prinsiplari buzilyapti. Yirik loyihalar ochiq va raqobatga asoslangan tenderlarsiz amalga oshirilayotgani muammoli vaziyatlarni keltirib chiqaradi. Umume’tirof etilgan prinsiplarga zid bunday amal byudjet pullarining bir hovuch odamlar qo‘lida talon-taroj bo‘lib ketishi uchun ham yo‘l ochadi”, - deb ta’kidlaydi Lasslett Ozodlik bilan suhbatda.

Xalqaro maydondagi davlat va xususiy biznes manfaatlari to‘qnashuvini tadqiq qilib kelayotgan professor Lasslettning Ozodlik bilan suhbatda aytishicha, Qurilish vaziri Botir Zokirovga aloqador “Trest-12” shirkatiga bir necha million dollarlik qurilish loyihalar birinchi marta tendersiz berilayotgani yo‘q.

O‘zbekistonda so‘nggi 10 yil ichida bu shirkat umumiy qiymati $800 milliondan ziyod o‘nlab qurilish-ta’mirlash ishlarini bajargan.

“Bir qancha davlatlardagi O‘zbekistonning vakolatxonalari, jumladan Tojikiston va Qozog‘istondagi elchixonalari rekonstruksiyasidan tortib Hyatt Regency mehmonxonasi va loyiha qiymati sal kam 100 million dollarlik Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishlari loyihalarini “Trest-12” bajargan. Bizda bu qurilishlarga oid hujjatlar mavjud va shu hujjatlarda shirkat tendersiz tanlab olinganini ko‘rish mumkin. ”, - deydi britaniyalik tadqiqotchi.

“Trest-12” shirkati Vazirlar Mahkamasi, Senat, Moliya vazirligi binolari, “Bunyodkor” stadioni, Hyatt Regency mehmonxonasi va loyiha qiymati sal kam bir trillion so‘m deb baholangan Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i” qurilishlari loyihalarini amalga oshirgan.

Manfaatlar to‘qnashuvi oldini oluvchi qonun yo‘q

O‘zbekiston qonunchiligida manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlari oldini olish, xususan buyurtmachi va ishtirokchilar o‘rtasida qarindoshlik yoki boshqa aloqalar mavjudligini aniqlash bo‘yicha mexanizmlar mavjud emas.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunda ham manfaatlar to‘qnashuvi va affillanganlik holatlari natijasida davlatga ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan bo‘lsa-da, jinoiy javobgarlik belgilanmagan.

Ammo O‘zbekiston Vazirlar mahkamasining 2020 - yil 29 - noyabrdagi 505-sonli qaroriga binoan ba’zi loyihalarni tendersiz amalga oshirishga ruxsat berilgan.

O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Norboyeva 29 - mart kuni Toshkentda o‘tgan Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining yig‘ilishida manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solishga oid qonun qabul qilishni tezlashtirish lozimligini aytgandi.

“Amaliyotda shunday holatlar kuzatilmoqdaki, unga huquqiy baho berish qiyin”, degandi Norboyeva.

Ozodlik ilgari ham bir qancha qurilish loyihalari Toshkent shahar hokimiga aloqador guruhlar asos solgan shirkatlarga tendersiz in’om etilgani haqda xabar bergan.

“Trest-12”

1979 - yildan Toshkent qurilish boshqarmasi tizimida bo‘lib kelgan 12-sonli qurilish tresti 1994 - yilda “Trest-12” hissadorlik jamiyatiga aylandi.

Botir Zokirov esa oddiy chilangarlikdan boshqaruv kengashi raisi lavozimigacha ko‘tarildi.

Zokirov 2011 -yilda O‘zbekiston Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi etib tayinlanguniga qadar “Trest-12” boshqaruv raisi bo‘lgan.

1994-2017 - yillar oralig‘ida shirkat Toshkentning ”Yunusobod tumanidagi tennis korti, General Motors qo‘shma korxonasining “Powertrain Uzbekistan” motor ishlab chiqarish zavodi qurilishida bosh pudratchi o‘laroq qatnashgan.

Keyinchalik Toshkentdagi Milliy teatr va Alisher Navoiy nomli milliy kutubxonasini ta’mirlash ishlarini amalga oshirgan.

Toshkentdagi “Minor” masjidi, Vestminster universiteti hamda Singapur Menejment Instituti binolarini ham “Trest-12” qurgan.

Endilikda Mustaqillik maydonidagi ilgari Xalq ta’limi, Madaniyat, Moliya vazirliklari joylashgan ma’muriy binoni rekonstruksiya qilish va u yerga yaqin hududda avtoturargoh qurish ham shu shirkatga berilmoqda.

Kelajakda bu binoda qaysi idora yoki vazirlik o‘rnashishi ma’lum emas.

Ayni paytda “Trest-12” Oliy Majlis binosini rekonstruksiya qilishga tendersiz tanlab olingan. Buning uchun davlat haznasidan 16 milliard so‘m (O‘zbekiston Markaziy bankining 14 - apreldagi kursi bo‘yicha 1 yarim million dollardan ortiq) ajratiladi.

“Trast-12” shirkati qurilish loyihalarni amalga oshirishda ishchilarga oyliklar kechikib bergani bilan bog‘liq bir qancha xolatlar haqida Ozodlik ilgari xabar bergan.

Toshkentdagi “G‘alaba bog‘i” qurilishi payti haykaltaroshlar uchun berilishi kerak bo‘lgan qariyb 5 yarim milliard so‘m gonorar puli kechiktirib berilgandi.

Shirkat bu kechikishga koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq moliyaviy qiyinchiliklarni sabab qilib keltirgan.

XS
SM
MD
LG