Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:37

2022: Qozog‘iston va Eron namoyishlari, Ukrainaga hujum, Gorbachyov va Qirolicha o‘limi


Yanvar oyida Qozog‘istonda yoqilg‘i narxining ko‘tarilishi hukumatga qarshi misli ko‘rilmagan norozilik namoyishlariga aylanib ketdi. Butun mamlakat bo‘ylab bir haftadan ko‘proq davom etgan tartibsizliklarda 225 kishi halok bo‘ldi. Bosh prokuratura halok bo‘lganlar orasida 19 nafar xavfsizlik xodimlari ham borligini ma’lum qildi. Politsiya bilan to‘qnashuvlarda yuzlab namoyishchilar hibsga olindi.

19-yanvar - Maxar Technologies sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni e’lon qildi. Suratlar Rossiya Ukraina bilan chegaraga yaqin to‘rtta hududda qo‘shin joylashtirganini ko‘rsatdi. Kreml Ukraina chegaralari yaqinida 100 000 ga yaqin askar to‘plagani taxmin qilindi.

24-fevral – Rossiya Ukrainaga bostirib kirdi.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin “maxsus harbiy operatsiya” boshlashga buyruq berdi. Shundan so‘ng, Rossiya kuchlari Ukrainaning bir qancha shaharlarini raketa bilan o‘qqa tutdi va Ukrainaning janubiy hududlariga qo‘shin joylashtirdi.

4-mart - Rossiya harbiylari Ukrainaning Zaporojye atom elektr stansiyasi ustidan nazoratni qo‘lga kiritdi. Zavod o‘qqa tutilishi natijasida majmuada yong‘in chiqdi. Yevropadagi eng yirik atom elektr stansiyasining o‘qqa tutilishi Chernobil fojeasi takrorlanishi bilan bog‘liq xalqaro xavotirlarga sabab bo‘ldi.

6-mart - Rossiya qo‘shinlari Ukraina poytaxti Kiyev tomon yurishga kirishdi. Kiyevga yaqin joylashgan Irpin aholisi otishmalardan qochib shaharni tark eta boshladi.

27-mart – Amerikalik aktyor Uill Smit Oskar mukofotini topshirish marosimida boshlovchi Kris Rokning yuziga tarsaki tushirdi va tanqidlar ostida qoldi. Kris Rok aktyorning rafiqasi Jada Pinkett Smitning soch turmagi haqida hazil qilganidan keyin Smit unga tarsaki tushirdi. Pinkett Smit soch to‘kilishiga olib keladigan kasallikdan aziyat chekadi. Boshlovchining bundan xabari bor yoki yo‘qligi aniq emas. O‘sha marosimda aktyor Uill Smit "Qirol Richard" filmidagi roli uchun o‘zining birinchi "Oskar" mukofotini qabul qildi.

Aprel - Rossiya qo‘shinlarini Kiyev viloyatidan olib chiqib ketganidan so‘ng, Bucha ko‘chalarida ko‘plab jasadlar qoldi. Bucha merining o‘rinbosari 360 dan ortiq tinch aholi halok bo‘lgani, 260-280 ta jasad ommaviy qabrga ko‘milgani haqida xabar berdi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Buchadagi qirg‘inni rus qo‘shinlari tomonidan amalga oshirilgan genotsid deb atadi. Rossiya esa bu ayblovlarni rad etdi.

24-aprel - Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘zining o‘ta o‘ngchi raqibi Marin Le Penni prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichida sezilarli farq bilan mag‘lub etib, ikkinchi muddatga saylandi.

19-may - Rossiya Mudofaa vazirligi Mariupoldagi Azovstal po‘lat zavodini himoya qilayotgan Ukrainaning Azov polki jangchilari taslim bo‘lganini aks etgan kadrlarni e’lon qildi. Rossiya qo‘shinlari bir necha hafta davomida Mariupoldagi Azovstal zavodini o‘qqa tutdi.

27-may - Afg‘onistonda tolibon hukumati ayollarga jamoat joylarida yuzlarini ochib yurishni taqiqladi. Tolibon ilgarigi hukmronligi davrida g‘azabga sabab bo‘lgan cheklovlarni kuchaytirishni buyurdi. Guruh yetakchisi Haybatulloh Oxunzoda chiqargan farmonda jamoat joyida yuzini ochib yurgan ayolning otasi yoki eng yaqin erkak qarindoshi qamoqqa olinishi yoki davlat ishidan ishdan bo‘shatilishi aytilgan.

1-iyun - Aktyor Jonni Depp sobiq rafiqasi Amber Xerdga qarshi tuhmat da’vosi bo‘yicha sudda yutib chiqdi va 10 million dollardan ortiq tovon puli oladigan bo‘ldi. Olti hafta davom etgan sud jarayonida Virjiniya sudi Deppga qarshi faqat bitta da’vo bo‘yicha Herd foydasiga qaror chiqargan.

5-iyul - NATOga a’zo 30 ta davlat Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga qo‘shilishi bo‘yicha protokolni imzoladi. Bu esa a’zo davlat parlamentlari qarorni ratifikatsiya qilgandan so‘ng, ikki mamlakatga NATOga qo‘shilish imkonini berdi. Finlyandiya va Shvetsiyaning alyansga qo‘shilish uchun ariza berish qarori Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri javob sifatida ko‘rildi.

NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg, "bu Finlyandiya, Shvetsiya, NATO va Yevro-Atlantika xavfsizligi uchun tarixiy kun" deya ta’kidladi.

7-iyul - Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson Konservativ partiya deputatlarining 40 foizdan ortig‘i ishonchsizlik votumida unga qarshi ovoz berganidan keyin iste’foga chiqishini e’lon qildi. Jonson jinsiy zo‘ravonlik bilan bog‘liq mashmashalar ortidan iste’foga chiqdi. Jonson oldinroq COVID-19 cheklovlariga zid ravishda o‘tkazilgan bema’ni tadbirlar uchun keng ko‘lamli jamoatchilik tanqidlariga uchragan edi.

“Ketishim kimlarnidir xursand qilgan bo‘lsa, kimlarnidir ranjitdi. Dunyodagi eng yaxshi ishdan voz kechganimdan o‘zim ham naqadar xafaligimni bilishingizni xohlardim”, dedi Boris Jonson.

Jonson 2019-yilda Yevropa Ittifoqi va Buyuk Britaniya o‘rtasida mamlakatning tashkilotdan chiqishi bo‘yicha muzokaralar to‘xtab qolganidan keyin “Brexit’ni amalga oshirishga” va’da berib, hokimiyat tepasiga kelgan edi.

1-avgust - Serra-Leone bayrog‘i ostidagi "Razoni" kemasi Ukraina, Rossiya, BMT va Turkiya o‘rtasida tuzilgan don kelishuvi doirasida Ukraina portlaridan yo‘lga chiqqan birinchi kema bo‘ldi. Fevral oyida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi Qora dengiz orqali yuk tashishni to‘xtatib qo‘ygan edi.

5-avgust - Kamida 10 kishi va Falastin Islomiy Jihod harakatining yuqori martabali qo‘mondoni o‘limiga sabab bo‘lgan Isroilning G‘azo sektoriga hujumlaridan so‘ng, G‘azodagi falastinlik jangarilar ham bunga javoban Isroil tomon o‘nlab raketalarni uchirdi.

Isroil mudofaa tizimi mazkur hujumga javoban Falastin tomon raketalar otgan.

3-sentabr - Minglab rossiyaliklar Sovet Ittifoqining so‘nggi rahbari Mixail Gorbachyovning dafn marosimida qatnashdi. 1985-yildan 1991-yilgacha Sovet Ittifoqini boshqargan Gorbachyov 30-avgust kuni 91 yoshida vafot etdi. Uning dafn marosimida Putin ishtirok etmadi.

8-sentabr– Qirolicha Yelizaveta sog‘lig‘i yomonlashgani e’lon qilingandan so‘ng, Shotlandiyaning Balmoral shahridagi saroyda 96 yoshida vafot etdi. U oxirgi marta 6-sentabr kuni Britaniyaning yangi bosh vaziri Liz Trassni tayinlash paytida ko‘rinish bergan edi.

Qirolichaning dafn marosimi 19-sentabr kuni bo‘lib o‘tdi. Buyuk Britaniya mamlakatdagi eng uzoq vaqt hukmronlik qilgan monarxi bilan xayrlashdi. Ko‘plab davlatlar rahbarlari va qirollik oilasi ishtirok etgan marosimni ko‘rish uchun London markaziga yuz minglab odamlar to‘plandi.

16-sentabr – Eron axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan 22 yoshli yosh eronlik Mahsa Aminiy qamoqda vafot etdi. Uning o‘limi butun mamlakat bo‘ylab namoyishlar boshlanib ketdi. Namoyishlarda ayollar ro‘mollarini yechib, yoqib yuborishdi.

Xalqaro Amnistiya tashkilotiga ko‘ra, 30-sentabr kuni Eron xavfsizlik kuchlari tartibsizliklarni bostirish paytida 66 kishi halok bo‘ldi. Erondagi ayollar boshchiligidagi norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlash uchun butun dunyo bo‘ylab bir qancha mitinglar ham o‘tkazildi. Namoyishlarda ba’zi ayollar norozilik sifatida sochlarini kesib tashlashdi.

21-sentabr- Putin Ukrainadagi urushga 300 000 zahiradagi askarni jalb qilish haqida ko‘rsatma berdi. "Qisman safarbarlik" e’lon qilinishi bilan Rossiyada norozilik namoyishlari boshlandi. Minglab rossiyaliklar safarbarlikdan qochish uchun mamlakatni tark eta boshladi. Shuningdek, Putin Rossiyani himoya qilish uchun yadro qurolidan foydalanishga tayyorligi haqidagi so‘zlari, blef emasligi haqida ogohlantirdi.

Vladimir Putin, Rossiya prezidenti:

“Rossiya haqida bunday bayonotlar berayotganlarga shuni eslatmoqchiman, bizning mamlakatimiz ham turli xil qirg‘in qurollariga ega va ba’zi jabhalarda kerak bo‘lsa NATO mamlakatlarinikidanda zamonaviyroq. Mamlakatimiz hududiy yaxlitligiga tahdid tug‘ilsa, biz shubhasiz Rossiya va xalqimizni himoya qilish uchun qo‘limizdagi barcha vositalardan foydalanamiz. Bu blef emas.”

27-sentabr- "Shimoliy oqim" gaz quvurlari tizimining dengiz ostidan o‘tgan uchta liniyasi "jiddiy" zarar ko‘rib, Boltiq dengiziga katta miqdorda gaz sizib chiqdi. Rossiya Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarini quvurlarni nishonga olishda aybladi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken quvurlarga hujum qilish yoki sabotajdan "hech kim manfaatdor emas", deya ayblovni rad etdi.

30-sentabr- Vladimir Putin Ukrainaning to‘rtta hududini Rossiya tarkibiga qo‘shish to‘g‘risidagi hujjatlarni imzoladi. Lugansk, Donetsk, Zaporojye va Xerson viloyatlari hududida soxta referendumlar o‘tkazilgandan so‘ng, Rossiya ularni qo‘shib olganini e’lon qildi. Ukraina, AQSh va Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbari anneksiya qarori hech qanday huquqiy ahamiyatga ega emasligini bildirdi.

8-oktabr - Rossiya va Qrim yarim orolini bog‘laydigan ko‘prikda kuchli portlash bo‘lib, ko‘prikning bir qismi o‘pirilib tushdi. Rossiya rasmiylari, yuk mashinasining ko‘prikdan o‘tayotganda portlab ketishi oqibatida ko‘prik vayron bo‘lgani va uch kishining o‘limiga sabab bo‘lganini ma’lum qildi. Ko‘prik oradan bir muncha vaqt o‘tib qayta tiklandi.

7-noyabr - Jahon yetakchilari Misrda yig‘ilib, BMTning iqlim bo‘yicha COP27 konferensiyasida ishtirok etdi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyo qattiq tanlov oldida turganini aytdi.

Antoniu Guterrish, BMT bosh kotibi:

“Biz hayot uchun kurashda yutqazyapmiz. Issiqxona gazlari o‘sishda davom etmoqda, global harorat ko‘tarilmoqda va sayyoramiz o‘nglab bo‘lmaydigan iqlim buzilishiga yaqinlashmoqda.”

11-noyabr – Rossiya chekinishga majbur bo‘lganidan so‘ng, Ukraina qo‘shinlari Xerson markaziga yetib keldi. Ukraina kuchlari qaytarib olgan o‘nlab aholi punktlaridan biri bo‘lgan Blagodatne aholisi buni nishonladi.

15-noyabr- Eronda 22 yoshli Mahsa Aminiyning qamoqxonada o‘limiga qarshi namoyishlar davom etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda namoyishchilar temiryo‘l platformalarida baqirayotgani, metro bekatlari norozilik maydonlariga aylangani aks etgan.

Noyabr - Xitoyning bir qancha shaharlarida mamlakatning COVID bo‘yicha qat’iy siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari avj oldi. Niqob taqqan namoyishchilar xavfsizlik xodimlari bilan to‘qnashdi.

1,4 milliard aholiga ega mamlakat qariyb uch yil davomida eng qattiq COVID cheklovlari ostida bo‘ldi.

19-dekabr - Argentinaliklar Buenos-Ayresda Qatarda bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida g‘olib bo‘lgan Argentina milliy terma jamoasining g‘alabasini nishonladi. Final bahsida Fransiya bilan to‘qnash kelgan Argentina asosiy va qo‘shimcha taymlarda 3:3 hisobini qayd etdi hamda penaltilar seriyasida 4:2 hisobida g‘alaba qozondi. Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messi jahon chempionatining eng yaxshi futbolchisi deb topildi.

FIFA turnir mezbonligini Qatarga bergani uchun qattiq tanqidga uchradi. Qatarda chempionatga tayyorgarlik paytida inson huquqlarini buzilganligi aytib kelindi. Qatar rasmiysi jahon chempionati bilan bog‘liq loyihalarda 400 dan 500 gacha mehnat muhojirlari halok bo‘lganini ta’kidlagan.

XS
SM
MD
LG