Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:57

Qotillarning jazosiz qolishi va “tashqi kuchlar” aralashuvi. Qozog‘iston va Qoraqalpog‘iston voqealarida umumiy jihatlar haqida


Nukusdagi norozilik namoyishi.
Nukusdagi norozilik namoyishi.

Nega avtoritar rahbarlar namoyishlar bostirilganidan so‘ng mamlakatda vaziyatni izdan chiqarishga urinish bo‘lganini iddao qilishadi va bunga tashqi kuchlarni ayblashadi? Markaziy Osiyo mamlakatlarida ommaviy norozilikni bostirishda haddan ortiq kuch ishlatilishi sababi nima? Qozog‘istondagi yanvar voqealari bilan Qoraqalpog‘istonda yuz bergan namoyishlar o‘rtasida qanday umumiy jihatlar bor?
Ozodlik radiosi qozoq xizmati Human Rights Watch xalqaro huquqbonlik tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktori Hyu Uilyamson bilan shular haqida suhbatlashdi.

Chet eldagi qandaydir kuchlarga qaratilgan ayblovlar

Ozodlik: Qoraqalpog‘istondagi g‘alayonlar va Qozog‘istonda yuz bergan yanvar voqealaridagi inson haqlari buzilishi holatlarida umumiy o‘xshashlik ko‘rdingizmi?

Hyu Uilyamson: Human Rights Watch turli mamlakatlardagi vaziyatlarni qiyoslamaydi. Biz yanvar oyida Qozog‘istonda bo‘lgan voqealarni Qoraqalpog‘iston voqealari bilan solishtirmaymiz. Lekin, mayli, modam savol bergan ekansiz, javob beray.

Qozog‘iston va O‘zbekistonning inson haqlari rioyasiga nisbatan yondashuvda ayrim umumiyatlar bor. Masalan, ikkala mamlakat kuchishlatar xodimlarining o‘zini tutishi o‘xshash. Xavfsizlik kuchlari vakillarining fe’l-atvori, ular inson huquqlarini buzgani uchun javobgar qilinmasligi bizda juda jiddiy tashvish uyg‘otmoqda. Ikkala holatda ham odamlar o‘ldirildi, bilishimizcha, Qozog‘istonda 230 va O‘zbekistonda 18 kishi o‘lgan. Ammo o‘ldirganlar hech qanday javobgarlikka tortilmaydi.

Ikkala holatda ham hukumat bu voqealar tergov qilinishini aytdi. Biroq Human Rights Watch tomonidan o‘tkazilgan avvalgi tadqiqotlarga tayanib, ushbu bayonotlar ortidan muhtamalan fuqaroviy shaxslarning o‘limiga aloqador kuchishlatar xodimlar rostmona tergov qilinadi va sud orqali jazolanadi, deb o‘ylamayman. Bizni ikkala holat ham tashvishga soladi. Ikkala vaziyatda ham voqealar o‘xshash tarzda rivojlanishi, ya’ni fuqarolar o‘limi aybdorlari o‘z qilmishlari uchun jazosiz qolishi mumkin.

Qozog‘iston voqealari olti oy oldin yuz bergan bo‘lsa, O‘zbekiston misolida endi bir necha hafta o‘tdi. Tabiiyki, O‘zbekiston xususida biron xulosa chiqarishga hali erta. O‘zbek hukumati tergov boshlanishini aytdi. Va biz ularni tinch aholini o‘ldirganlarni jazoga tortish imkoniyati bo‘lmog‘i uchun shaffof va mustaqil tergov o‘tkazishga chaqiramiz.

Ikkinchidan, ikkala holatda ham hibsxonalarda xavfsizlik kuchlari xodimlari tomonidan qiynoqlar qo‘llanishi buning azaldan davom etib kelayotgan voqelik va xos xususiyat ekanini ko‘rsatdi. Qozog‘istonda mazkur voqelik dalillari haligacha chiqib turibdi, O‘zbekistonda ham qiynoqlar bo‘lgan. Umuman olganda, O‘zbekiston hibsxonalarida mahbuslar qiynoqqa solinishi jiddiy muammodir.

Uchinchidan, ikkala holatda ham rasmiylar biron-bir aniq dalil keltirmagan holda namoyishlar ortida allaqanday ajnabiy kuchlar turgani haqidagi mujmal iddaolar bilan chiqishdi. Ayni pozitsiya hukumatning inson huquqlari, qotilliklar, qiynoqlar va hibsga olishlarga panja orasidan qarashiga olib keldi. Ikkala holatda ham kuchishlatar xodimlarning xatti-harakatlarini davlatga qarshi fitna bilan xaspo‘shlash tendensiyasi qayd etildi.

Ozodlik: O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tartibsizliklarni qo‘zg‘atishda “tashqi kuchlar”ni aybladi. Yanvarь voqealaridan so‘ng Qozog‘iston prezidenti Toqayev ham buning uchun javobgarlikni qandaydir mavhum kuchlarga to‘nkagan edi. Nega avtoritar liderlar doim “uchinchi kuchlar”ni ayblashadi?

Hyu Uilyamson: Hali aytganimdek, biz bu ikki vaziyatni qiyoslamaymiz. Biroq siz haqsiz, ular aynan shunaqa iddao bilan chiqishdi. Biz anig‘ini bilmaymiz, mazkur bayonotlarda asos bor-yo‘qligi bo‘yicha pozitsiyaga ega emasmiz. Lekin ular tashqi kuchlar ishtirok etganiga dalil ko‘rsatishlari lozim, chunki aks holda bu jamoatchilikni real muammodan chalg‘itish strategiyasi, deb tushuniladi.

Real muammo shundaki, yanvar voqealari chog‘ida Qozog‘istonda yuzlab, O‘zbekistonda esa iyul boshida o‘nlab odam qurbon bo‘ldi. Va bu o‘limlar sababini surishtirish zarur. Ularda allaqanday tashqi kuchlarning qo‘li bor, deyish yetarli emas va bu yuz bergan voqealarni oqlash, ya’ni tergov tadbirlaridan bosh tortish, deb qabul qilinadi. Tashqi kuchlar aralashganmi, yo‘qmi, kim bilsin. Isbot-dalillarni ko‘rsak yomon bo‘lmasdi. Eng muhimi – hukumatning o‘z e’tiborini inson huquqlarining poymol etilishi holatlariga qaratishi va qotillarni jazoga tortishidir, toki qurbonlarning qarindoshlari aynan nima bo‘lganini, yaqinlarining o‘limi tafsilotlarini va aybdorlar jazolanganini bilsinlar. Biz shuni kutyapmiz.

Қорақалпоғистондаги намойишлар: Тинч аҳоли ва ҳукумат кучлари орасида қурбонлар бор - Мирзиёев
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:19:00 0:00

Haddan ortiq kuch ishlatish va huquqbuzarliklar

Ozodlik: O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev namoyishlar bostirilganidan so‘ng Nukusga bordi va ushbu g‘alayonlarga sabab bo‘lgan konstitutsiyaviy o‘zgartishlarni bekor qilishga va’da berdi. Nega hukumat norozilik avvalida odamlar talabiga quloq solmadi va nima uchun zo‘ravonlikdan so‘nggina ularning talabini qondirdi?

Hyu Uilyamson: O‘zbekistonda inson huquqlari borasidagi vaziyat, ma’lumki, jiddiy xavotir uyg‘otadi. Bu so‘z erkinligi masalalari va jamiyatning o‘z fikrini erkin bildirish, o‘z ovozini hukumatga yetkazish imkoniyatlarini qamrab oladi.

O‘sha bahsli konstitutsion o‘zgartishlar ishlab chiqilishidan oldin Qoraqalpog‘iston aholisi bilan lozim darajada tushuntirish ishlari olib borilmadi, maslahatlashuv, muhokamalar bo‘lmadi. Ehtimol, bu ishlarni postfaktum qilmoqchi bo‘lishgandir, lekin qanaqa tartibda bo‘lar edi – buni bilmaymiz. Bunaqa muhim o‘zgartishlarni qabul qilishdan oldin bafurja kengashish, fikr almashish nihoyatda zarur. Oldinroq jiddiy muhokamalar o‘tkazilganida, shubhasiz, yaxshiroq bo‘lur edi.

Ozodlik: Qoraqalpog‘istonda ham, Qozog‘istonda ham namoyishlardan so‘ng favqulodda holat joriy etildi. Qolaversa, ikkala mamlakatda ham internet cheklandi. Bu avtoritar boshqaruv uchun oddiy holatmi?

Hyu Uilyamson: Afsuski, bunaqa ishlar keng tarqalgan. Nafaqat Markaziy Osiyoda, boshqa mamlakatlarda ham bor bu amaliyot. Juda cheklangan muddatga internetni o‘chirib qo‘yish ayni holatda o‘rinlidir, balki. Ammo uzoq vaqtga, ya’ni kunlar davomida aholini internetsiz qoldirish haqida gap borarkan, buni maqbul chora deb bo‘lmaydi. Human Rights Watch Qoraqalpog‘istonda internetni o‘chirish buyrug‘ini darhol bekor qilishga chaqiradi, zero bu so‘z erkinligini, axborot olish erkinligini cheklaydi va, o‘z navbatida, qurbonlar va yaradorlarning qarindosh-urug‘larini o‘z yaqinlari holidan xabar olish imkoniyatidan mahrum etadi. Qolaversa, hukumat ham Qoraqalpog‘istondagi fuqarolardan samarali axborot to‘play olmaydi.

Favqulodda holat joriy qilish qonuniy bo‘lishi mumkin, biroq mazkur chorani o‘ta chekli muddatda qo‘llash va odamlarga nima bo‘layotganini tushuntirish lozim.

Ozodlik: Yanvarda Qozog‘istonda va yaqinda Qoraqalpog‘istonda ham odamlar o‘ldi, yaralandi. Nega Markaziy Osiyoda hukumatlar norozilikni bostirish uchun haddan ziyod kuch ishlatishga moyil?

Hyu Uilyamson: Chunki ular ilgari ham shu modelga tayanganlar. Biroq endi norozilikni nazorat qilishning boshqa usullarini topishlari kerak. Human Rights Watch ma’lumotiga ko‘ra, yanvar voqealari chog‘ida politsiya kamida o‘n nafar tinch fuqaroni o‘ldirgan, ular qurolsiz odamlar bo‘lgan va hukumatga hech bir tariqa xavf tug‘dirmagan. Politsiya uchun bu juda yomon ish.

Biz Qoraqalpog‘istonda 14 nafar tinch aholi va 4 militsioner o‘limi qanday holatda yuz berganini bilmaymiz. Buni surishtirish, o‘rganish lozim. Ammo ko‘rinib turibdiki, namoyishchilarga nisbatan ortiqcha qattiqqo‘llik bilan ish ko‘rilgan va bu ko‘plab o‘limlarga, jarohatlarga olib kelgan. Bunaqa tarzda ish yuritadigan politsiya yaxshi politsiya emas.

Fuqaroviy aholi xavfsizligini ta’minlashning o‘nlab odam o‘lishiga va yuzlab kishi yaralanishiga hojat qoldirmaydigan boshqa usullari ham bor. Tartibni saqlashning ko‘plab “yumshoq” usullari bor, biz Markaziy Osiyo mamlakatlari hukumatlarini kelgusida shunaqa usullarga murojaat qilishga chaqiramiz.

Ozodlik: Xabarlarga qaraganda, “ommaviy tartibsizliklar”ni tashkil qilishda gumonlanayotgan shaxslar O‘zbekistonning boshqa hududlaridagi hibsxonalarga jo‘natilibdi. Qozog‘istonda ham, O‘zbekistonda ham hibsxonalar yomon nom chiqargan: u yerda mahbuslar ifoda berishga majburlanishi, qiynoqqa solinishi aytiladi. O‘zbekiston yana qiynoqlaru qiynoq qo‘llagan shaxslarning jazolanmasligi bilan bog‘liq mojarolarga tortilishi mumkinmi?

Hyu Uilyamson: Taxmin qilishni istamayman. Human Rights Watch O‘zbekiston hibsxonalarida qiynoqqa solish, beshafqat munosabatda bo‘lish va yolg‘on ifoda berish holatlari bo‘lganini qayd etgan. Taassufki, Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha hibsga olinganlardan ifoda olish uchun ham qiynoqlar qo‘llangan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas. Biz O‘zbekistonni bunaqa usullarni tatbiq etmaslikka da’vat qilamiz, biroq ular baribir bundan voz kechishmaydi, degan xavotir bor.

Shuningdek, o‘zbek kuchishlatar idoralari odamlarni qo‘lga olib va hibsxonaga qamab shoshqaloqlik qilgani ham bizni tashvishga soladi. Ayrim mahbuslarga (kamida bittasiga) allaqachon ayblov e’lon qilingan. Ularga qarshi ilgari surilgan ayblovlarning asoslari yoki bu qadar jiddiy jinoiy ayblovlarning faktik dalillariga doir ma’lumotlarni biz bilan baham ko‘rishmadi. Shu bois ayblovlar juda mavhum, sud jarayonlari esa noxolis va adolatsiz bo‘ladimi, deb qo‘rqaman.

Xalqaro tergovlar bo‘lishi mumkinmi?

Ozodlik: AQSh va BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Qoraqalpog‘istonda namoyishchilarni tarqatishda qon to‘kilgani yuzasidan mustaqil tekshiruv o‘tkazishga chaqirdi, biroq O‘zbekiston hukumati bunga hech qanday munosabat bildirgani yo‘q. Qozog‘istondagi yanvar voqealarida ham xalqaro tergov o‘tkazishga chaqiriqlar bo‘lgan edi. Ammo Toqayev xalqaro ekspertlarni jalb etishga zarurat yo‘q, deb turib oldi. Qozog‘iston hukumati xalqaro tergov o‘tkazishga chaqiriqlarni nega rad etdi?

Hyu Uilyamson: Ular nega bunday qilishganidan xabarim yo‘q, lekin yanvar voqealarini tergov qilayotgan idoralar to‘la mustaqil emasligidan, 230 dan ziyod odamning o‘limi sinchiklab tergov qilinmasligidan xavotirdamiz. Ular chuqur mustaqil tekshiruv zarurligini nega rad etishyapti, hayronman. Aslida bu Qozog‘iston uchun manfaatli, chunki mazkur holatda hukumatning xatti-harakatlari uning yanvar voqealari oqibatlariga jiddiy munosabatini mustahkamlovchi qadam o‘laroq baholangan bo‘lur edi.

BMT vakillari tergov guruhiga qo‘shilishga yoki hatto rahbarlik qilishga taklif etilsa, bundan Qozog‘iston albatta yutadi.

Ozodlik: Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari xalqaro ekspertlarni jalb etishni istamasa ham, mazkur tashkilotlar xususiy tergov o‘tkazishlari mumkinmi?

Hyu Uilyamson: Human Rights Watch Qozog‘istondagi voqealarni tekshirish bilan allaqachon shug‘ullanmoqda. Ammo biz nohukumat tashkilotmiz. Biz Qozog‘iston hukumati tergov olib borishga topshiriq bergan idora emasmiz. BMT boshchiligida mustaqil tergov olib borganida juda yaxshi bo‘lur edi.

BMT yoki YeXHT mustaqil tergov o‘tkazish chorasini ko‘rishi mumkin edi – hatto Qozog‘iston bu g‘oyani dastaklamagan taqdirda ham, zero bu BMT Inson huquqlari kengashi yoki YeXHTning vakolatlari doirasidan chetda emas va, menimcha, shunday qilish zarur. Ushbu bosqichda Yevropa mamlakatlari hamda AQSh Qozog‘istonning mustaqil tergovda ishtirok etishini rag‘batlantirmoqda. Biroq Qozog‘iston hukumati xalqaro ahamiyatdagi organni tashkil qilmagan taqdirda BMT yanvar voqealarini o‘zi mustaqil tergov qilishni boshlashiga zarurat tug‘ilishi mumkin.

Ozodlik: Human Rights Watch Qoraqalpog‘iston voqealari bo‘yicha o‘z tergovini olib borishi mumkinmi?

Hyu Uilyamson: Biz ayni paytda bu ishni bajarish imkoniyatlarini o‘rganyapmiz. Human Rights Watch, tabiiyki, yuz bergan voqealar bo‘yicha dalillar yig‘ishga harakat qiladi. Internet o‘chirilganini va axborot olish imkoniyatimiz cheklanganini hisobga olib, Qoraqalpog‘istondagi voqealarga doir dalil va guvohliklarni to‘playapmiz. Mavzu o‘rganilmoqda. Va, albatta, mumkin qadar ko‘proq ma’lumot to‘plash choralarini ko‘ramiz.

Ozodlik: Postsovet mamlakatlar liderlari Qozog‘iston va Qoraqalpog‘iston voqealaridan qanday saboq chiqarishlari lozim, saboq chiqarisharmikan o‘zi?

Hyu Uilyamson: Saboq shundan iboratki, bu kabi voqealarga hukumatning reaksiyasi inson huquqlari sohasidagi xalqaro mezonlar doirasida bo‘lishi juda-juda muhim. Shu bilan birga hukumatlar “nega bunday bo‘ldi”, “odamlar nega nobud bo‘ldi”, “nega buncha ko‘p odam qiynoqqa solindi va hibs qilindi” kabi muhim savollarga nihoyatda e’tiborligi bo‘lmog‘i kerak. Zero bu hukumatning inqirozli vaziyatlardagi asosiy mas’uliyatiga kiradi.

Hukumatlar voqealarni keltirib chiqargan siyosiy vaziyatga urg‘u berish bilan cheklanib qolmasligi, yuz bergan voqealarning oqibatlarini inson huquqlari nuqtai nazaridan baholashlari, o‘lim va qiynoq holatlarini inson huquqlari sohasidagi o‘z majburiyatlariga muvofiq o‘rganishlari va aybdorlarni jazolashlari lozim. Albatta, bu fuqaroviy shaxslarga ham tegishli.

Qozog‘istonda biz tartibsizliklarda ishtirok etgan ko‘plab tinch aholini ko‘rdik. Ular marodyorlik yoki boshqalarga nisbatan zo‘ravon qilishgan bo‘lishi mumkin. Balki Qoraqalpog‘iston voqealarida ham shunaqa holatlar bo‘lgandir.

Yuz bergan voqealarni har tomonlama, puxta tergov qilish hukumat uchun ustuvor masaladir, va mazkur tergov politsiya, kuchishlatar tuzilmalar va umuman, voqealarga aloqador barchani qamrab olishi kerak.

Ushbu voqealardan chiqadigan eng muhim xulosalardan biri shuki, hukumatlar inson huquqlariga asoslangan yondashuv modelini ishlab chiqishlari lozim. Biz inson haqlari tashkiloti sifatida hukumatlar qisqa yoki o‘rta muddatli istiqbolda shunaqa yondashuvga amal qilishlariga umid bildiramiz, xolos. Aks holda esa ularning inson huquqlari doir xizmatlari ro‘yxatida kattakon dog‘ paydo bo‘ladi.

Hukumatlar o‘z aholisiga munosabatda oqilona yo‘l tutmasalar ushbu inqirozlarni yengib o‘ta olishmaydi, deb qo‘rqaman.

Odamlar esa yuz bergan voqealarning real aybdorlari javobgarlikka tortilmaguncha norozi bo‘lib qolaveradilar. Va bu xalqaro hamkorlar, jumladan Yevropa mamlakatlari va AQSh bilan aloqalarga ta’sir etadi. Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari aybdorlarni jazolash uchun real choralar ko‘rmas ekan, bu mamlakatlar qozoq va o‘zbek hukumatlari faoliyatidan qoniqish hosil qilmaydi.

XS
SM
MD
LG