Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:28

Qoraqalpog‘istonda "eshaklar qabristoni" topildi - eshak go‘shti taomlarga tushgani tekshirilmoqda


Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani yaqinida topilgan "eshaklar qabristoni".
Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani yaqinida topilgan "eshaklar qabristoni".

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumanida "eshaklar qabristoni" topilishi ortidan tuman huquq-tartibot idoralari qassobxona va oshxonalarda reydlar o‘tkazmoqda. Sanitariya-epidemiologiya xizmati eshak go‘shti jamoat ovqatlanish muassasalariga yetib borgan-bormagani yuzasidan tekshiruvlarni boshlagan.

Mahalliy bloger, "Ellikqala Info" yurituvchisi Doston Boltayev ikki kun avval Ellikqal’a tumani sharqidagi cho‘l hududida ellikdan ziyod yangi so‘yilgan eshak suyaklarini topgan.

Boltayevning Ozodlikka aytishicha, keyinchalik shu yerga yaqinroq boshqa joyda ham o‘nlab eshakning suyaklari topilgan.

"Yangi suyaklar ham bor, eskilari ham bor. Faqat ichak-chavoqlari va suyaklari yotibdi. Terisi va go‘shti yo‘q. Sanab chiqsak, bir uyumda kamida ellik beshta eshak so‘yilib yotibdi. Eshakni kallasi yotibdi. Qulog‘i yotibdi. Nimaga ishlatilgan bular? Buni ortida kimlar turibdi? Bu noinsoflar eshak go‘shtini qayerga beryapti? Hayvonot bog‘idagi hayvonlar uchun so‘yilgan desak, suyaklari yotibdi, hayvonlarga suyagi bilan beriladiku.

Mashinalar izlari ham bor. Eshak suyaklari va ichak-chavoqlari tashlab ketilgan. Suyaklarga qaralsa, professional odam so‘ygani ko‘rinadi. Bu ish bilan shug‘ullanayotgan odamlar eshaklarni boshqa yerda so‘yib, bu yerga tashlab ketayotgan bo‘lishi ham mumkin", - deydi Doston Boltayev.

Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani yaqinida topilgan "eshaklar qabristoni".
Qoraqalpog‘istonning Ellikqal’a tumani yaqinida topilgan "eshaklar qabristoni".

Ellikqal’a tuman Ichki ishlar bo‘limi xodimining Ozodlikka aytishicha, "eshaklar qabristoni"da topilgan suyaklar ortidan tergov-surishtiruv boshlangan, hudud doimiy kuzatuvga olingan.

Hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq ovqat maxsulotlari xavfsizligi davlat markazi Ellikqal‘a tuman bo‘limi rahbari Yangibo Qazimuratov eshak qabristoni fosh bo‘lgach, tumandagi butun go‘sht sotiladigan nuqtalarda reydlar o‘tkazilayotganini aytdi.

"Bizning gumonimiz buni brakonyerlar qilgan bo‘lsa kerak-da. Qassob akalarimiz bunaqa ishni qilmaydi bizda. Tekshirib chiqdik, ota-bobolarimiz qassob bo‘lgan, qilmaymiz bunaqa ishni deyishyapti. Terisi uchun qilingan bo‘lishi ham mumkin. Chunki suyaklar bor, terisi yo‘q. Go‘shtni kolbasaga bergan desak, bizni tumanda kolbasa sexi ham yo‘q. Buni boshqa joyda, qo‘shni tumanlarda so‘yib, suyagini bizga tashlab, go‘shtini, terisini boshqa joyga olib ketishgan bo‘lishi ham mumkin. Hozir buni IIB tekshiryapti, - dedi Yangiboy Qazimuratov.

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Sherali Sattorov Qoraqalpog‘istondagi xolatni ular ham o‘rganayotganini aytdi.

"Biz ham buni o‘rganyapmiz. Iste’molchilarga ikki yuz foiz toza mahsulot boryapti yoki eshak go‘shti taomlarga tushmayapti, deb aytolmaymiz, albatta. Chunki, buni tekshirish uchun bizni mustaqil laboratoriyamiz yo‘q. Yillardan beri shuni aytib kelyapmiz. Agar shunday mustaqil laboratoriyaga ega bo‘lsak bunday xolatlar ustidan nazorat yana ham kuchaygan bo‘lar edi", - deydi Sattorov.

Eshak go‘shti mojarolari

Eshak go‘shtini sotish bilan bog‘liq hodisalar O‘zbekistonda yangilik emas.

Bundan oldin O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham "eshak qabristonlari" topilgan. Eshak go‘shtidan tamaddixonalarda taom pishirish va kolbasalarga qo‘shish haqida xabarlar chiqqan.

Uch yil avval Toshkentdagi “Sharshara” kolbasa sexiga Xorazmdan "muntazam ravishda eshak go‘shti yetkazib berilgani" shov-shuv bo‘lgandi.

Бош прокуратура: “Шаршара” колбаса цехида эшак гўшти ишлатилган
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:00 0:00
Бевосита линк

Qoraqalpog‘istonlik faol, Nukusdagi "Chiroq" norasmiy inson huquqlari jamoatchilik tashkiloti rahbari Azimboy Otaniyozov korrupsiya bois eshak go‘shtining jamoat ovqatlanish nuqtalariga chiqib ketishining to‘liq oldini olib bo‘lmayotganini aytadi.

"Eshak go‘shtining kolbasalarga qo‘shilishi ko‘p tarqalgan. Afsuski, bu korrupsiya sabab uncha nazorat qilinmaydi. Holbuki, eshak go‘shti sog‘liq uchun ham xavfli, dinimiz ham uni iste’mol qilishga yo‘l qo‘ymaydi. Shunga qaramay, eshaklar so‘yilib, ovqat, kolbasalarga qo‘shilib sotilyapti. Bu narsa ancha yillardan beri bor ,- deydi Otaniyozov.

Uch yil avval Samarqand shahri yonidan "eshaklar qabristoni" topilgani haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgandi.

Besh kishidan iborat guruh eshak biznesi bilan bir oy davomida shug‘ullangani aniqlangan. Ammo Samarqanddagi mahkama guruh faoliyatida jinoiy alomatlar yo‘q, deb topgandi.

Hakam 5 kishini hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish aybi bilan ma’muriy javobgarlikka tortgan. Ular eng kam ish haqining ikki barobari miqdorida jarimaga tortilgani xabar qilingan.

Shuningdek, Xorazm, Qashqadaryo, Farg‘ona va O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham eshak go‘shti mojarosi haqida Ozodlik xabar bergandi.

XS
SM
MD
LG