Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:01

Qoraqalpog‘iston: Qonli namoyishlardan bir oy o‘tib ko‘plab savollar ochiq qolmoqda


Ommaviy tartibsizliklardan bir oy o‘tib Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri tinch hayotga qaytmoqda.   
Ommaviy tartibsizliklardan bir oy o‘tib Qoraqalpog‘istonning Nukus shahri tinch hayotga qaytmoqda.   

O‘tgan oy boshida O‘zbekistonning yangi tahrirdagi konstitutsiyasida Qoraqalpog‘iston maqomining o‘zgartirilishiga qarshi ommaviy norozilik chiqishlari xavfsizlik kuchlari tomonidan bostirilgandi.

Nukus voqealari mustaqil O‘zbekistonning yangi tarixida 2005-yil mayidagi Andijon qatliomidan keyin eng qonlisi bo‘ldi.

O‘zbekiston rasmiylari bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 1-2-iyul kunlari Nukusda tartibsizliklarga aylanib ketgan norozilik namoyishlari chog‘ida 21 kishi halok bo‘lgan, huquq-tartibot idoralari xodimlari doxil 243 kishi yaralangan.

Norozilik namoyishlari ortidan 516 kishi qo‘lga olingan.

“Ochiq qolayotgan savollar ko‘p. Qurbonlar soni qancha? Hozir qamoqda qolayotgan odamlar soni qancha. Qiynoq qo‘llanilganmi odamlarga? Ana shu savollar ko‘pchilikni o‘ylantiryapti”, - deydi nukuslik faol Azimboy Otaniyozov.

Qoraqalpog‘iston, Nukus shahri. 30-iyul, 2022
Qoraqalpog‘iston, Nukus shahri. 30-iyul, 2022

Bundan oldin Nukusga borgan “Gazeta.uz” muxbiri shaharda qo‘rquv muhiti hukmron ekani haqida yozgandi.

“Odamlar o‘z yaqinlariga zarar yetkazish yoki biznesini yo‘qotishdan cho‘chib, gapirishdan qo‘rqishadi. Ba’zilarning ko‘zlarida yosh ko‘rish mumkin”, - deb xabar bergan “Gazeta.uz” 30- iyul kuni chop etilgan maqolada.

“Tergovga chaqirilib navbat kutib o‘tirganlar son-sanoqsiz”

Yevropadagi Open Dialogue Foundation (ODF) inson huquqlari tashkiloti 21-iyul kuni e’lon qilgan bayonotida zo‘ravonliklar paytida hibsga olingan 367 kishidan 300 dan ortig‘i hanuz hibsda qolayotganini aytgan.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi tashkilotning Qoraqalpog‘istondagi voqealar chog‘ida bedarak ketgani aytilgan fuqarolar ro‘yxatini rad etgan.

Қорақалпоқ ёзувчиси: Одамлар норози бўлмаса кўчага чиқмайди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:21:15 0:00

Hukumat 14 kishiga ayblov e’lon qilinganini ma’lum qilgan.

O‘zbekiston Bosh Prokuraturasiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 159-moddasi 4-qismi bilan, ya’ni hokimiyatni egallab olish yoki konstitutsiyaviy tuzumni ag‘darish maqsadida til biriktirish bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov doirasida 14 kishi ushlangan, "Dauletmurat Tajimuratov, Azamat Turdanov, Lolagul Qallixanovalarning harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari aniqlanib qamoqqa olinganlar".

"Gumon qilinuvchi va ayblanuvchilarga himoya huquqi to‘la ta’minlangan holda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda, saqlash joylarida qonunda nazarda tutilgan barcha sharoitlar ta’minlangan. Sog‘lig‘i va saqlash sharoitlari bo‘yicha e’tirozlari mavjud emas", deyiladi O‘zbekiston Bosh Prokuraturasining xabarida.

Qoraqalpog‘iston, Nukus shahri. 30-iyul, 2022
Qoraqalpog‘iston, Nukus shahri. 30-iyul, 2022

Bundan oldin xalqaro miqyosda Qoraqalpog‘iston voqealarini shaffof, ochiq, mustaqil tergov qilish chaqiriqlari yangradi, bunga javoban O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev hodisalar "har tomonlama chuqur va xolisona" o‘rganilishini aytdi, bu jarayonga "jamoatchilik vakillari, deputatlar va faollar ham jalb etilishi"ni bildirdi.

Ommaviy norozilik namoyishlariga aloqadorlikda hibsga olingan yuzlab odamning bir qismi qo‘shni Xorazm va Buxoro viloyatlaridagi hibsxonalarda ushlab turilayotgani haqida ilgari Ozodlik xabar bergandi.

Qoraqalpog‘istonlik faol Azimboy Otaniyozovning Ozodlikka aytishicha, tartibsizliklar payti hibsga olinganlarning ba’zilari qo‘yib yuborilgan esa- da, ular doimiy nazoratga olingan.

“Qamoqqa olinib, qo‘yib yuborilganlar juda ko‘p. Ular doimiy nazoratda. Kunora tergovga chaqiriladi. Masalan, shahar ichki ishlar bo‘limi to‘rt qavatli bo‘lsa, hamma qavatidagi xonalarda tergov ishlari olib borilyapti, tergovga chaqirilib navbat kutib o‘tirganlar son-sanoqsiz. Navbati kechga yaqin kelganini aytayotgan odamlar ham bor”.

O‘tgan oy o‘rtalarida qoraqalpog‘istonlik deputatlar namoyishlarga adashib qo‘shilib qolgan yoshlarni afv etishni so‘rab O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga yo‘llashgandi.

Murojaat ortidan Qoraqalpog‘istonda 2-avgust kuniga qadar davom etishi kerak bo‘lgan favqulodda xolat muddatidan avval bekor qilindi. Lekin amnistiya haqida hukumat rasmiylari hozircha biron bayonot bergani yo‘q.

Tahlilchilar o‘zbek hukumati Konstitutsiyadagi Qoraqalpog‘istonning O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga o‘zgartish kiritishga urinib, "yo‘q yerdan muammo paydo qilganliklari"ni aytishgan.

2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qilgan edi.

“Kuch qo‘llashga kim buyruq bergan?”

Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Bryus Pannierning fikricha, Qoraqalpog‘istonda namoyishchilarga kuch qo‘llashga kim buyruq bergan, degan savol hanuz ochiq qolmoqda.

“O‘zbekiston hukumati rasman 21 kishi o‘ldi, deyapti. Tarmoqlarda esa raqamlar bundan ancha ko‘p bo‘lishi haqda aytilyapti. Namoyishchilarga kuch qo‘llashga kim buyruq bergan? Kuch qo‘llanilgani aniq. Mahalliy hokimiyat Toshkent bilan bemaslahat hech narsa qilmasligini ham bilamiz. Buyruq qayerdan berilgan? Bu savol ham ochiq qolmoqda. Qamoqqa olinganlar qayerda? Besh yuzdan ortiq kishi hibsga olingan. Ular qanday so‘roq qilindi? Mahalliy liderlar qayerda, qanday sharoitda ushlab turilibdi? Voqealarni yoritgan mahalliy jurnalistlar qayerda? Savollar ko‘p. Voqealarni o‘rganayotgan aksari hukumat a’zolaridan tashkil topgan komissiya vaziyatga xolis baho berishiga ishonish qiyin”.

Қорақалпоғистон: Тармоқларда энг кўп берилган саволларга эксперт жавоби
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:48 0:00

Nukusdagi vaziyat

Ozodlik suhbatlashgan nukusliklarning aytishicha, Qoraqalpog‘istondagi voqealardan bir oy o‘tib Nukusda hayot izga qaytmoqda. Internetga cheklov va shaharga kirishda blokpostlar olib tashlangan. Shaharda zirxli harbiy texnika ko‘rinmaydi.

“Vaziyat iyul oyi boshidagi taloto‘plar boshlanmasidan oldin qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham shunday, tinchlik, xuddi hech narsa bo‘lmaganday. Odamlarning chehrasiga qarayman - ortiqcha havotir, ortiqcha qo‘rquv sezilmaydi. Balki odamlar o‘lgan tumanlarda, Kegeyli yoki Shumanayda, Qonliko‘lda ahvol boshqachadir lekin Nukus tinch”, - deydi Azimboy Otaniyozov.

Qoraqalpog‘istonlik talaba Quuat Elmonov ham Nukusdagi holatni osoyishta, deb baholaydi.

“Hozir tinch, hamma o‘z ishi bilan ovvora. O‘sha paytda ko‘pchilik bilib- bilmay mitingga qo‘shilib qoldi-da. Ko‘pchiligi bilmas ham edi Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlar haqida. Men ham bilmas edim. Mitingga chiqqanlarni yarmi Konstitutsiyani ochib ham ko‘rmagan, aytadigan gapi “suverenitetimizni olib qo‘ymoqchi” to‘polon boshlanib ketdi-da“.

Қорақалпоғистон: Расмий Тошкент мустақил текширувга рози бўладими?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:41 0:00
  • Shu yilning 26-iyun kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan O‘zbekiston konstitutsiyasi yangi tahririda Qoraqalpog‘istonning suveren maqomi va referendum orqali O‘zbekistondan ajralib chiqishiga doir moddalarga taklif qilingan o‘zgarish shu kunning o‘zida ijtimoiy tarmoqlarning qoraqalpoq segmentida qizg‘in muhokama va noroziliklarga sabab bo‘ldi;
  • 1-iyul kuni Nukus markazida konstitutsiyaviy o‘zgartishlarga qarshi tinch namoyishlarga chaqirgan «El xizmetinde» gazetasi redaktori va faol Dauletmurat Tajimuratov hibsga olindi. Nukus markazida to‘plangan ko‘p sonli olomonning noroziliklari ortidan Tajimuratov qo‘yib yuborildi;
  • O‘zbekiston Bosh prokuraturasi versiyasiga ko‘ra, Tajimuratov "noqonuniy namoyishlarga chaqirgani uchun hibsga olingan. Tarafdorlari u qo‘yib yuborilganidan so‘ng ham "tartibsizliklarni davom ettirishgan, kuch tizimlariga faol qarshilik ko‘rsatganlar va O‘zbekiston Respublikasining amaldagi davlat tuzumini o‘zgartirish va hokimiyatni ochiqcha bosib olishga uringanlar";
  • 1-iyul kechasi O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Nukusdagi namoyishlar yuzasidan bayonot berib, yuz bergan voqealarga “konstitutsiyaviy islohotlar mohiyatini noto‘g‘ri talqin qilish” sabab bo‘lganini bildirdi. Vazirlik jamoat tartibini saqlash uchun qo‘shimcha kuchlar yuborilganini tasdiqladi;
  • 2-iyul kuni Nukusga yetib borgan prezident Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiya loyihasidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasining huquqiy maqomiga oid 70, 71, 72, 74, 75-moddalari o‘zgarishsiz qoldirilishini e’lon qildi. Ammo 2-iyul tunida tarmoqlarda tarqagan videolardan prezidentning yon berishi norozilik namoyishlarini to‘xtata olmagani ko‘riladi;
  • Prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida 2022-yil 3-iyul kuni soat 00:01 dan favqulodda holat e’lon qilish haqidagi farmonni imzoladi. Favqulodda holat 2022-yil 2-avgust kuni soat 00:00 ga qadar davom etishi bildirildi;
  • 4-iyul kuni Milliy Gvardiya va Bosh prokuratura Nukusdagi voqealarda 18 kishi halok bo‘lgani va 243 kishi yaralanganini ma’lum qildi; tan jarohati olganlarning 38 nafari huquq-tartibot xodimlari; 500 dan ortiq odam ushlangan;
  • Yevropa Ittifoqi, BMT, AQSh va xalqaro inson huquqlari tashkilotlari Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan ochiq, har tomonlama va shaffof tergov o‘tkazishga chaqirdi.
  • 6-iyul kuni prezident Mirziyoyev Qoraqalpog‘istondagi voqealar yuzasidan tergovga jamoatchilik vakillari jalb qilinishi, kuch tuzilmalarining harakatlari tahlil qilinishini aytdi;
  • 16-iyul kuni O‘zbekiston Oliy Majlisining qonunchilik palatasi voqealarni o‘rganish uchun mustaqil komissiya tuzilganini e’lon qildi.

1-2-iyul kuni Nukusda yuz bergan voqealar O‘zbekistonda 2005-yil mayidagi Andijon voqealaridan buyon sodir bo‘lgan eng yirik zo‘ravonliklardir.

O‘zbek rasmiylari namoyishchilarga qarata o‘t ochilganini rad etishgan, Milliy Gvardiya, IIV hamda Mudofaa vazirligi namoyishlarni bostirish chog‘ida qo‘llangan maxsus vositalarni namoyish etgan.

O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov namoyishlar "tinch boshlangani"ni e’tirof etgan va voqealar yuzasidan AQSh Kongressiga maxsus hisobot taqdim etilishini bildirgan.

Qo‘shni davlatlar, Rossiya va Xitoy voqealar bo‘yicha O‘zbekiston hukumatining rasmiy pozitsiyasini qo‘llab quvvatlagan, Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning hududiy butunligi va suverenitetini dastaklashini bildirgan.

XS
SM
MD
LG