Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:34

Qirg‘iz-tojik chegarasi: Qonli to‘qnashuvlardan so‘ng yaxshi qo‘shnichilik savol ostida


Qirg‘iz-tojik chegarasidagi Maqsat qishlog‘ida vayron qilingan uylardan biri - Qirg‘iziston, 4 -may, 2021
Qirg‘iz-tojik chegarasidagi Maqsat qishlog‘ida vayron qilingan uylardan biri - Qirg‘iziston, 4 -may, 2021

Uzoq paytdan beri notinch bo‘lib kelayotgan qirg‘iz-tojik chegarasidagi so‘nggi qonli to‘qnashuvlar mintaqadagi vaziyatni keskin o‘zgartirib, ikki davlatning o‘zi va bir-biri haqidagi qarashlarini o‘zgartirib yubordi.

Chegarada 15 yil davomida kuzatilgan zo‘ravonlik holatlari har safar cheklangan hududda, chegaraning to‘liq belgilanmagan yoki umuman belgilanmagan qismlarida qarama-qarshi tomondagi qishloqlar ishtirokida sodir bo‘ldi. Ziddiyatlar odatda suv manbalari yaqinidagi qurilish ishlari yoki yo‘llar, to‘siqlar va devorlarni qurish yoki o‘zgartirish urinishlari bilan bog‘liq bo‘ldi.

28 - aprel kuni boshlangan navbatdagi to‘qnashuvlar avvalgi mojarolar singari boshlandi.

Bir guruh tojikistonlik Qirg‘iziston hududida joylashgan va Qirg‘iziston va Tojikistonga suv taqsimlaydigan stansiya oldida kuzatuv kameralarini o‘rnatayotgan edi.

Voqealar tanish ssenariy bo‘yicha sodir bo‘ldi: haqoratli so‘zlar almashildi, chegaraning ikki tomonidagi qishloq aholisi yig‘ildi, toshlar otildi, voqea joyiga chegarachilar yetib keldi va otishma boshlandi.

So‘nggi yillarda bunday to‘qnashuvlarda o‘t ochilishi tobora odatiy holatga aylandi, lekin odatda ikki davlatning mahalliy rasmiylari tezda hodisa joyiga yetib boradi, janjallashayotgan qishloq aholisini tinchlantiradi va olomon kelgan joyiga qaytib ketadi.

Ammo Ozod Yevropa- Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha tahlilchisi Bryus Pannierning yozishicha, 28 - aprelda boshlangan voqealar boshqacha rivojlandi.

Suv taqsimlash stansiyasi hududida 29 - aprel kuni erta tongda otishma sodir bo‘ldi. Har ikki taraf bir-birini otishmani boshlashda ayblamoqda.

Buning ortidan Tojikiston kuchlari chegaraning bir-biridan o‘nlab kilometr masofada bo‘lgan bir necha uchastkasi bo‘ylab muvofiqlashtirilgan hujum boshladi va Qirg‘iziston hududiga kirib bordi.

Qirg‘izistondagi o‘ndan ortiq qishloq avtomat, minomyot va hattoki raketa bilan o‘qqa tutildi.

Ushbu qishloqlarning ayrimlari yaqinida Tojikiston harbiy vertolyotlari havoga ko‘tarildi. Tojikiston rasmiylari ular yordamida janglar natijasida Tojikistondan uzilib qolgan joylardan aholi evakuatsiya qilinganini bildirdi. Ammo Qirg‘izistonning O‘rtabo‘z qishlog‘ida olingan fotosuratlarda faqat hujum vertolyotlaridan otiladigan raketalar aks etgan.

Qirg‘iziston qo‘shinlari qarshi hujumga o‘tdi, Tojikistondagi ba’zi qishloqlar shiddatli o‘qqa tutildi. Qirg‘iziston qo‘shinlari Tojikiston hududiga vaqtincha kirib borgani haqida xabarlar tarqaldi.

Chegara bo‘ylab kuzatilgan onda-sonda o‘q otish holatlarini hisobga olmaganda, janglar nihoyat 30 - aprel kuni to‘xtadi.

Ammo qurbonlar soni va zo‘ravonliklardan ko‘rilgan zarar ko‘lami misli ko‘rilmagan darajada bo‘ldi. Kamida 36 nafar qirg‘izistonlik va 18 nafar tojikistonlik halok bo‘ldi, 200 dan ortiq odam jarohat oldi. Bundan tashqari, o‘nlab uy, do‘kon va boshqa inshootlar vayron bo‘ldi yoki zarar ko‘rdi, o‘n minglab odam o‘z uyini tark etishga majbur bo‘ldi.

Har ikki tomon biri-biri qo‘shinlarini vayronagarchilikda aybladi.

Mintaqadan kelgan xabarlarga ko‘ra, moddiy yo‘qotishlarning aksariyati Qirg‘izistonga to‘g‘ri keladi.

Ikkala mamlakat ham zo‘ravonlik yuzasidan bir-biriga qarshi sud ishlarini tayyorlamoqda, ammo bu biron natijaga olib kelishi amri mahol.

Qirg‘iziston va Tojikiston qaysidir ma’noda o‘xshashdir.

Ikkala mamlakat ham deyarli bir xil hududga ega bo‘lgan qashshoq, tog‘li mamlakatdir. Qirg‘izistonda taxminan 6,5 million, Tojikistonda esa 9,5 million aholi yashaydi.

Tojikiston Afg‘oniston, O‘zbekiston va Xitoy bilan chegaradosh, Qirg‘iziston esa Qozog‘iston, O‘zbekiston va Xitoy bilan chegaradosh. Qirg‘iziston va Tojikistonning qo‘shnilari ulardan ancha katta, aholisi ancha ko‘p, armiyasi ancha qudratlidir.

Tojikiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi o‘xshashliklar ularga hamkorlik qilish va yaxshi aloqalarni o‘rnatish uchun asos bo‘la oladi.

Ammo so‘nggi janglar ortidan mavjud bo‘lgan har qanday birodarlik aloqalari yo‘qoldi, chunki qirg‘izlar orasida Tojikiston Qirg‘izistonga hujum qildi, katta ziyon keltirdi, Qirg‘iziston esa bunga to‘sqinlik qila olmadi, degan fikr urchimoqda.

Bu ko‘plab Qirg‘iziston fuqarosi g‘azabiga sabab bo‘ldi.

Boshqa davlatlar yuborgan hamdardlik izhorlari asosan Qirg‘izistonga qaratildi. Ammo Bishkek bundan ko‘proq narsaga umid bog‘lay olmaydi, chunki vaziyat qay yo‘sinda keskinlashgani va davlat mulozimlari orasida kim aybdor ekani to‘g‘risida savol ko‘p.

1 - may kuni kechga yaqin Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik xizmatlari rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymo‘min Yatimovlar tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga hamda qo‘shinlarni chegaradan olib ketishga kelishib oldilar.

Tashiyev – Qirg‘izistonning yangi prezidenti Sadir Japarovning eski do‘sti; uning xavfsizlik xizmatlari rahbari etib tayinlanishida bu munosabat muhim rol o‘ynadi.

2 - may kuni Tashiyev Qirg‘iziston mamlakatga yetkazilgan moddiy zarar uchun Tojikistondan tovon pulini olish uchun da’vo qilmasligini aytdi. U chegaraning 112 kilometrlik qismini belgilash bo‘yicha kelishuv 9 - mayga qadar tayyor bo‘lishini qo‘shimcha qildi.

Bu quvonchli yangilik bo‘lgan bo‘lar edi, chunki bunday mojarolar deyarli har doim chegaradagi nizo bilan bog‘liqdir. 970 kilometrga cho‘ziluvchi qirg‘iz-tojik chegarasining qariyb 450 kilometri hali ham belgilanmagan.

Ammo Tashiyev chegara masalasida podadan oldin chang chiqarib keladi.

U mart oyi oxirida O‘zbekistonga qilgan tashrifidan so‘ng, O‘zbekiston bilan chegara masalasi «100 foiz» hal qilinganini ta’kidladi. Ammo Qirg‘izistonning chegarada joylashgan qishloqlari aholisi shartnomada belgilangan yer almashinish takliflariga rozi bo‘lishdan bosh tortar ekan, Tashiyevning va’dalari amalga oshmay qoldi.

Tashiyev, shuningdek, 28-30 - aprel kunlari bo‘lib o‘tgan janglar oldidan chegaradagi vaziyat yomonlashayotgani haqida ma’lumot olganini aytdi. Bu esa u mojaro sodir bo‘lishi mumkinligini oldindan bila turib, uning oldini olish uchun hech qanday chora ko‘rmaganini anglatadi.

Bundan tashqari, Tashiyev Qirg‘izistondan nima uchun 28 - aprelda chiqib ketganini aniq tushuntirib berolmadi. Xabarlarga ko‘ra, u chet elga davolanish uchun otlangan bo‘lgan, ammo ijtimoiy tarmoqlarda ulashilgan postlarda u o‘g‘lining tug‘ilgan kunini nishonlash uchun Ispaniyaga borgani taxmin qilindi.

Qirg‘izlarning mamlakatning yangi prezidentidan hafsalasi pir bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Japarov Qirg‘iziston qudratli davlat bo‘lib yetishishi haqidagi populistik va’dalar bilan hokimiyat tepasiga keldi. Bunday va’dalar uning ko‘p sonli millatchi tarafdorlariga moydek yoqdi.

Prezident davlat televideniyesida tinchlikni saqlashga va Tojikiston bilan aloqalarni tiklashga chaqirdi. Bu esa Qirg‘iziston chegarada sodir bo‘lgan voqealarni qabul qilib, indamay davom etishga majburligini anglatadi.

Qirg‘iziston va Tojikistonda tarqalgan yana bir mish-mish Bishkek uchun muammolidir. Emishki, janglar boshlangandan keyin Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon boshida Japarovning telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilishdan bosh tortgan.

Japarov va boshqa rasmiylar mintaqani qayta tiklashni moliyalashtirishni va vayron bo‘lgan qishloqlarni tiklashni va’da qilishdi. Shusiz ham qarzga botgan Japarov uchun bu va’da ustidan chiqish mushkul bo‘ladi.

Qirg‘iziston hukumati janglarda zarar ko‘rgan yoki vayron bo‘lgan uylarni, yoqilg‘i quyish shoxobchalari, do‘konlar, maktablar va boshqa inshootlarni to‘liq tiklash uchun qaerdan mablag‘ olishini aytish qiyin. Shuningdek, ular odamlarga yo‘qolgan chorva mollari uchun tovon pulini to‘lashlari kerak. Bu masala hali muhokama qilingani yo‘q.

Bularning barchasi Qirg‘iziston ishsizlik va inflyatsiya darajasining ko‘tarilishidan tortib, qurg‘oqchilik va koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq iqtisodiy muammolarga qadar boshqa ko‘plab qiyinchiliklarga duchor bo‘lgan bir paytda sodir bo‘ldi.

Ayni paytda, Tojikistonda aholiga yoqmay borayotgan avtokratik prezident chegara to‘qnashuvlarida mamlakat harbiylari o‘zini ko‘rsata olganidan foyda ko‘rishga tayyor ko‘rinadi.

Rahmon bir necha yildan beri mustaqil matbuot va muxolifat guruhlarini tor-mor qilish uchun kurashib keladi. Bu orada uning oilasi o‘rtacha oylik ish haqi 100 dollardan kam bo‘lgan mamlakatda ulkan boylik to‘pladi.

Bundan tashqari, 70 ga to‘lay deb qolgan Rahmon katta o‘g‘li Rustam tojiklar tomonidan qabul qilinishiga umid qilib, uni prezidentlik lavozimini egallashga hozirlamoqda.

Chegaradagi so‘nggi voqealar uning reytingini kutilmaganda oshirib, Tojikistonda sulola yaratish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini yengillatishi va tezlatishi mumkin.

XS
SM
MD
LG