Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:19

Qirg‘iz-tojik chegarasi: Markaziy Osiyoda kichik g‘alabali urush kimga kerak?


Qirg‘iz-tojik chegarasi-30 - aprel, 2021
Qirg‘iz-tojik chegarasi-30 - aprel, 2021

28-30 - aprel kunlari qirg‘iz-tojik chegarasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvlar kamida 43 insonning umriga zomin bo‘ldi, yuzlab odam jarohatlandi. Har ikki tomondan chegaraoldi hududlarida yashovchi minglab aholi uylaridan ko‘chirildi. Chegara hodisalari Markaziy Osiyo uchun yangilik emas, ammo bu safar ikki davlat xavfsizlik kuchlarining ziddiyatga aralashuvi alohida xavotirga sabab bo‘lmoqda.

Ikki tomon o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlar hamda harbiy texnikani chegarada olib chiqib ketishga kelishganidan so‘ng ham alohida otishma va to‘qnashuvlar yuz berayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda, xususan, qirg‘iz tomonidan yonayotgan uylar, maktab va boshqa inshootlarga o‘t qo‘yilganini ko‘rish mumkin.

Ziddiyat har ikki tomon o‘ziniki deb hisoblaydigan hududdagi suv inshooti tufayli kelib chiqqan. O‘tgan yil mayida O‘zbekistonning So‘x anklavida yuz bergan o‘xshash hodisada bir kishi halok bo‘lgan, o‘nlab odam jarohatlangandi. Chegara va suv zahiralari yuzasidan bahslar mintaqada ziddiyat manbalari sifatida ko‘riladi.

Mintaqaning ikki yirik davlati O‘zbekiston va Qozog‘iston to‘qnashuvlarni zudlik bilan to‘xtatish va mojaroni tinch yo‘l bilan yechishga chaqirgan.

Qurolli to‘qnashuvlardan kim manfaatdor bo‘lishi mumkin va kim ziddiyatni yecha oladi? Ozodlik va Amerika ovozi radiolarining qo‘shma loyihasi bo‘lgan «Nastoyashchee vremya» telekanali bu savollarni rossiyalik Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Arkadiy Dubnovga berdi.

— Mintaqadagi mojarolarning sabablari ma’lum: chegaralar chalkashligi, xatlanmagan yer maydonlari va suv resurslari — bular bari so‘nggi yillarda bir emas, bir necha marta bo‘y ko‘rsatgan. Lekin janjal nega aynan hozir bu qadar jadal olovlanib ketdi?

— Meni bir holat bezovta qiladi, to‘g‘rirog‘i, ikkita holat. Birinchisi — soat sayin zo‘rayib borayotgan to‘qnashuv Dushanbeda Tojikiston politsiyasi hali Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti Xavfsizlik kengashlari kotiblari yig‘ilishini yakunlab ulgurmagan paytda yuz beryapti. Bu harbiy harakatlar olib borish uchun Tojikiston rahbariyatiga qulay fursat kelganini anglatmasmikan, ayniqsa Dushanbega yig‘ilgan Xavfsizlik kengashlari kotiblari uning harakatlarini qoralamasligini, har holda, Dushanbeda o‘tirib, shunday qila olmasligidan umidlangani mumkinligini hisobga olsak? Ya’ni, ular ro‘y berayotgan voqealarga yetarlicha loqayd munosabat bildirishadi va nima bo‘lganda ham Dushanbedagi boshqa davlatlar vakillaridan Dushanbe sha’niga bitta ham tanqidiy so‘z aytilmaydi. Bu anchayin makkorona g‘oya, ehtimol, bu mening birinchi fakt bo‘yicha fikrimdir.

Ikkinchisi: Qirg‘iziston tepasida anchayin beqaror rahbarlar o‘tirgan, ulardan ham biri — Tashiev sog‘ligi vajidan chet elga ketgan paytda bu ishlar yuz berishi Qirg‘iziston foydasiga emasdek tuyulmayaptimi sizga? Qirg‘iz tomonidan biron kishi xuddi shu pallada harbiy harakatlarni boshlashdan manfaatdor ekaniga ishongim kelmaydi. Bu ular uchun yaxshilik bilan tugamasligi ayon.

Ayni damda menda mavjud ma’lumotni e’tiborga olsak, mintaqadagi tahlilchilar orasida Tojikiston tomoni darhol jiddiy qurollarni faol ishga solgan ushbu harbiy harakatlar — aytishlaricha, voqea joyida minomyotlar “tilga kirgan”, jangovar Mi-24 vertolyotlari uchmoqda — bu harakatlar, o‘t ochishlar, tojik tomonining Qirg‘izistonga yorib kirishiga va Tojikistonning materik qismini qirg‘iz hududidagi Vorux anklavi bilan bog‘lovchi yo‘l ustidan nazorat o‘rnatishiga olib keladi, degan xavotir bor. Ya’ni tojik tomonining bu harakatlari natijasida Vorux ortiq anklav bo‘lmay qoladi. Oqibat Qirg‘iziston tog‘li hududlar ichkarisida joylashgan Laylak shaharchasiga eltuvchi yo‘ldan ayrilishi mumkin. Ya’ni Laylakning o‘zi tojiklar hududidagi anklavga aylanadi, chunki shahar orqali yurish mumkin bo‘lmay qoladi, Farg‘ona vodiysining chekkasidagi bu hudud baland tog‘li joylar hisoblanadi. Qisqasi, voqealarning bu zayl rivojlanishi tasodifga ko‘p ham o‘xshamaydi.

— Tasodif emasligidan so‘z ochdingiz. Nima deb o‘ylaysiz, bu mojaro pastdan, oddiy odamlardan kelib chiqdimi yoki bu yerda qandaydir boshqa kuchlar aralashganmi?

— O‘ylaymanki, bu yerda oddiy xalq yuqori mansab-martabali doiralar qo‘lida ta’sir o‘tkazish quroli bo‘lib xizmat qilgan. Balki tomonlardan biri — narigi tarafda beqarorlik, mavhumlik hukm surayotgan paytda vaziyatni mustakamlash uchun kichik urush chiqarib, g‘olibiyat nashidasini surishni istagandir.

Қирғиз-тожик чегарасидаги зиддият: Икки томон ўт очишни тўхтатишга келишди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:05:04 0:00

— Bu kichik g‘alabali urush kimga kerak bo‘lgan bo‘lishi mumkin?

— Ilk kunlar, qirg‘iz-tojik chegara ziddiyatining ehtimoliy yechimlari masalasi ko‘tarilganida Tojikiston rahbariyati vakillarining jon-jahdi bilan qarshilik ko‘rsatganini, ehtimoliy yer almashuv bo‘yicha Tojikiston tomonidan aslo yon bermasligi, chunki bu hech qachon bo‘lishi mumkin emasligi haqidagi keskin bayonotlarni eslaylik. Ana shularni o‘ylasam, Dushanbe mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilishni unchalik xohlashmayotgandek, qaytaga mana shunaqa keskin harbiy choralar bilan vaziyatni chuqurlashtirishga va shu bilan birga rahbariyatning xalq manfaatlari yo‘lida qat’iy harakat qila olishini ko‘rsatishga va umuman, xalqni murosasiz, qattiqqo‘l, harakatchan va o‘ta vatanparvar rahbariyat atrofida jipslashtirishga tirishayotgandek tuyuladi.

— Otishmalarni va qon to‘kilishini vaqtincha to‘xtatish siyosatchilarning qo‘lidan kelarku-ya, biroq mojaroni uzil-kesil bartaraf etish haqida hozircha gap-so‘z yo‘q. Ushbu chegaradagi barcha muammolar o‘tmishda qolib ketishi uchun nima qilish kerak?

— Birinchidan, ikki tomondan davlatning irodasi kerak, lekin men buni ko‘rmayapman. Ikkinchidan, tashqi o‘yinchilar tomonidan kuchli bosim lozim. Afsuski, mazkur vaziyatga Rossiya tomonidan dadil munosabat bildirilganini payqamadim. Agar Toshkent xavotirda ekanini etkazgan bo‘lsa, Moskva bor-yo‘g‘i vaziyatni o‘rganishga intilayotganini Mariya Zaxarova tili bilan ma’lum qildi. Avvalroq o‘rganish kerak edi. Hozir esa bu harbiy harakatlarni to‘xtatib turishga qat’iy chaqirish kerak. Lekin negadir Moskva sustkashlik qilmoqda.

XS
SM
MD
LG