Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

“Qaytarilsin”. Fransiya sudi Ahmedovning deportatsiya qarorini bekor qildi


Франция суди Аҳмедовнинг депортация қарорини бекор қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:20 0:00

Fransiya hukumati o‘tgan oy O‘zbekistonga deportatsiya qilingan Muhsinjon Ahmedovni Fransiyaga qaytarishi kerak bo‘ladi.

Fransiya Konstitutsiyaviy sudi farg‘onalik Ahmedovning O‘zbekistonga qaytarilishini noqonuniy deb topgan.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasiga ko‘ra, shu yilning 14-noyabrida vataniga yuborilgan Muhsinjon Ahmedov Farg‘onadagi hibsda qolayotir.

Ahmedov, diniy motivlardagi jinoyatlarda ayblangach, O‘zbekistondan qochib chiqqan va 2019-yildan buyon Fransiyada boshpana olishga urinayotgan edi.

Prezidentlar Makron va Mirziyoyevning Toshkentda o‘tgan uchrashuvidan hech qancha o‘tmay, uning hanuz qiynoq qo‘llanadigan O‘zbekistonga berib yuborilishini huquq himoyachilari keskin tanqid qilayotgandi.

Ozodlik Ahmedov ishiga birinchi bo‘lib e’tibor qaratgan va hozir asosiy savol - Ahmedovni o‘zbek qamog‘idan Fransiyaga qanday qaytarish mumkin, degan savol bilan huquq faollariga yuzlandi.

"Ayblovni tan olmayman"

“Men ayblovni bo‘ynimga olmayman, men hech narsa qilmaganman. Hunarmand, ishchi bo‘lsam. Men ustidan yozganimga terrorchi qilib qo‘yishdi. Havodan olib yozaverasizlarmi? Odamning hayoti o‘yinchoqmi?” degandi Muhsinjon Ahmedov, 2022-yilda Ozodlikka bergan intervyusida.

Bu intervyuni Fransiyada turib bergandi. O‘sha paytda u boshpana izlovchi shaxs maqomida edi.

Ahmedov O‘zbekistonda terrorizm va diniy radikalizmda ayblanib 2016- yilda qidiruvga berilgan.

Fransiyadagi Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva va boshqa faollar uni yurtiga qaytarmaslikni so‘rayotgandi.

O‘zbekiston qiynoq qo‘llanadigan davlat, degan takror-takror ogohlantiruvga qaramay, 14-noyabr kuni Fransiya uni O‘zbekistonga deportatsiya qildi.

"Ahmedov Fransiyaga qaytarilsin"

Oradan qariyb bir oy o‘tib esa, Fransiya sudi deportatsiya qarorini bekor qildi. Bundan tashqari, Fransiya tashqi ishlar vazirligiga Ahmedovni qaytarish majburiyati yuklandi.

Fransiya Konstitutsiyaviy sudi kengashining N° 489817 ish bo‘yicha qarori:

  • 1- band: Parij Ma’muriy sudining 2023-yil, 16-noyabrdagi qarori bekor qilinsin;
  • 2-band: Ichki ishlar vazirligi va Yevropa hamda Tashqi ishlar vazirligi janob Ahmedovni imkon qadar tez davlat hisobidan Fransiyaga qaytarish uchun zarur barcha chora-tadbirlarni ko‘rish buyurilsin;
  • 3-band: Ma’muriy yustitsiya kodeksining L.761-1 moddasi asosida, janob Ahmedovga 3 ming yevro miqdorida tovon puli to‘lash majburiyati davlat zimmasiga yuklansin;
  • 4-band: Talabnomadagi boshqa so‘rovlar rad etilsin;
  • 5-band: Bu qaror janob Muhsinjon Ahmedovga yetkazilsin;
  • Parij, 7-dekabr, 2023-yil.

Davlat xatosi tan olindi

Markaziy Osiyoda inson huquqlari assotsiatsiyasi rahbari Nadejda Atayeva Fransiyada sud davlat xatosini tan oldi, deydi:

"Frantsiya Konstitutsiyaviy sudning bu qarori Fransiya respublikasining, o‘z fuqarosi yoki xorijlikka nisbatan bo‘lishidan qat’iy nazar, davlatning xatosini tan olish mahoratini ham namoyish qildi. Uning O‘zbekistondan qanday qilib Fransiyaga qaytarilishini tasavvur qilish qiyin. Ammo, hozircha aniq ko‘rigan bitta yo‘l bor - ikki davlat diplomatlarining o‘zaro faol muloqoti”.

Ayni paytda, Ahmedov hozir Farg‘ona hibsxonasida, uni yaqinlariga ko‘rsatishmayapti.

Oilasiga ko‘ra, Muhsinjon bilan faqat advokati ko‘rishmoqda. Onasi Hakimaxon Yunusaliyeva, deportatsiyadan so‘ng o‘g‘lini faqat bir bor - 15- noyabr kuni Qo‘qon shahar IIB binosi yonida ko‘rganini aytadi.

Muhsinjon Ahmedov - Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan buyon Fransiyadan deportatsiya qilingani Ozodlikka ma’lum ilk o‘zbek.

Agar Fransiya Konstitutsiyaviy sudi qarori bajarilsa, u o‘zbek qamog‘idan Fransiyaga qaytarilgan ilk o‘zbek bo‘ladi.

Faollar fransuz sudining bu qarorini, nafaqat O‘zbekiston va Fransiya, balki Yevropada misli ko‘rilmagan unikal hodisa, demoqda.

“Har qanday holatda ham Ahmedov ishi jamoatchilik diqqatiga molik, chunki bunday e’tibor unga nisbatan adolat sud va qiynoqlardan himoyani ta’minlashi mumkin. Agar O‘zbekistonda Ahmedovga nisbatan adolat tiklansa, Karimov davrida yolg‘onlar bilan ilingan ayblovlar bekor qilinsa, u holda Fransiyaga qaytib nima qiladi? Zero, u doim bolalari va onasining yonida bo‘lishni orzu qilgan”, deydi Atayeva.

Qaytarish uchun qonuniy protsedura yo‘q

Muhsinjonning huquqlarini O‘zbekistonda himoya qilayotgan advokat Shavkat Ergashev Fransiya sudi qaroriga izoh berishga qiynaldi.

Uning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekistonda mavjud qonunchilik doirasida bu qaror ijrosi qariyb imkonsiz.

“Buning imkoni bormi? Ahmedov - O‘zbekiston fuqarosi, buning ustiga unga nisbatan o‘z davlatida o‘ta og‘ir jinoyatlar bo‘yicha ayblov e’lon qilingan va uni sud kutyapti. Umid qilamanki, sud uni oqlaydi. Lekin, nima bo‘lganda ham, o‘zbek qonunchiligida, boshqa bir davlatning o‘z yurtida jinoiy javobgarligi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosini qaytarib olishiga yo‘l beradigan protseduraning o‘zi yo‘q va Ahmedovdan hali ayblovlar olib tashlangani yo‘q”, dedi Shavkat Ergashev, Ahmedovning advokati.

Ayni paytda, Fransiya huquqiy maydonida ham Ahmedovni qaytarish uchun tayyor mexanizm yo‘q.

Ya’ni Ahmedov ishi - bu davlatda ham pretsedent yaratmoqda.

“Menga ma’lum bo‘lishicha, o‘zbek qonunchiligi jinoiy ayblovlar bilan ayblangan O‘zbekiston fuqarosining mamlakatdan chiqishiga izn bermaydi va Ahmedov hozircha ayblovlardan ozod bo‘lgani yo‘q. Biz uning ahvolidan hamda O‘zbekistonda noqonuniy munosabat va qiynoqlarga tutilishi mumkinligidan jiddiy xavotirdamiz”, deydi Inson huquqlari xalqaro hamkorlik tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha dastur rahbari Reychel Gazovski.

Ayblov o‘zgardi

Muhsinjon Ahmedov 2019-yildan buyon Fransiyada siyosiy boshpana kutayotgan edi.

Ozodlikka bergan intervyusida asossiz ayblovlar bilan 2016-yilda qidiruvga berilganini da’vo qilgan.

O‘zbekiston bo‘ylab tarqatilgan varaqalarda, uning O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 159-modda 3-qismi, 244-1-moddasi 1-qismi, 244-2-moddasi, 246-modda 1-qismi va 246-modda 2-qismi bilan terrorizm, taqiqlangan diniy tashkilotlarga a’zolik va kontrabanda bilan bog‘liq o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinib, qidiruvga berilgani aytilgandi.

Hozir noqonuniy, deb topilgan deportatsiya sabab Ahmedov yana Farg‘ona hibsxonasida - o‘zining da’vosicha, uni terrorchiga chiqarganlar qo‘liga tushdi.

Advokati Shavkat Ergashevga ko‘ra, Ahmedov bilan ko‘rishuviga monelik yo‘q, himoyalanuvchisining ahvoli yaxshi va unga nisbatan qiynoq qo‘llanilmayotir.

Hozir Ahmedovga nisbatan ayblov qisman o‘zgargan. U O‘zbekiston JKning 159-moddasi, 1-qismi, 244-1 va 246-moddalarida gumon qilinib, tergov qilinmoqda:

  • 159-moddaning 1-qismi - O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish - bazaviy hisoblash miqdorining 600 baravari miqdoridagi jarimadan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • 244-1- modda - Jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish - bazaviy hisoblash miqdorining 200 baravari miqdoridagi jarimadan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
  • 246-modda - Kontrabanda - 5 yildan 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Ozodlikda Ahmedovga nisbatan ilgari surilgan bu ayblovlarni mustaqil ravishda tasdiqlovchi yoki inkor qiluvchi ma’lumotlar yo‘q.

Dastlabki jinoyat ishi topilmayapti

Advokatdan olingan yana bir muhim ma’lumotga ko‘ra, shu kunda Farg‘ona IIBda Ahmedovga nisbatan 2016-yilda ochilgan jinoyat ishi hujjatlari ham topilmayapti.

“Jinoyat ishi g‘oyib bo‘lib qolishi mumkin emas. Agar bu ishni advokat ololmayotgan bo‘lsa, demak buning sabablari bor: yo yangi holat sababli prokuratura yoki DXX bu ishni olgan, zotan u terrorizm bilan bog‘liq. Yoki, bu ish g‘oyib bo‘lgani yuzasidan prokuraturaga arz qilib, uni kim yo‘qotdi va hozir bu ish hozir qayerda ekanini aniqlash kerak bo‘ladi. Aslida, jinoyat ishining yo‘qolib qolishi - dalillarning yo‘q qilinishi bo‘lishi mumkin. Ayni holatda, bu - ayblovlarga Ahmedov aloqador emasligidan dalolat bo‘lishi mumkin”, deydi Nadejda Atayeva.

Muhojiratdagi "qahramon usta"

Muhsinjon Ahmedov Fransiyada ham ustachilik qilgan. Oilasi uning ish vaqtida olingan videolarini Ozodlikka taqdim qildi.

Bundan tashqari, u Fransiyada qahramon sifatida ham matbuot tiliga tushgan.

2020-yil aprelida Fransiyaning Montero shahridagi yong‘inda, yana 3 qochqin bilan birga, bir keksaning hayotini saqlab qolgandi.

Bu voqea o‘sha paytda Fransiya matbuotida katta shov-shuv bo‘ldi. 4 qahramonga shahar meri “Montero faxriy medali”ni ham taqdim qilgan.
Bu 4 qochqinga siyosiy boshpana berish so‘ralgan petitsiyani qariyb 30 ming odam imzolagan.

Bundan tashqari, Yevropa sudi uni turmasida qiynoq qo‘llanadigan O‘zbekistonga qaytarmaslik haqida 2 ta qaror chiqargan.

Shunga qaramay, uni deportatsiya qilishdi.

Huquq himoyachilariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Fransiya hukumati postsovet davlatlari, Osiyo va Afrikadan borgan muhojirlarga keskin munosabatda.

Bular orasida boshpana so‘rovi qondirilganlar yildan-yilga ozaymoqda. Aksincha imi-jimida yurtiga deportatsiya qilinganlar soni ko‘paymoqda.

Huquq faollariga ko‘ra, Konstitutsiyaviy sud qarori - Fransiya va umuman Yevropadagi vaziyatni tubdan o‘zgartirishiga ham umid bor.

Oqlanmagan dindorlar

Zotan, faollarga ko‘ra, so‘nggi yillarda xorijdan himoya izlagan o‘zbeklarni qaytarish amaliyoti Yevropaning boshqa davlatlarida ham kuzatilmoqda.

Qaytarilganlar, ayniqsa dindor va muxolif muhojirlarning aksari, aeroportdanoq hibsga olinishi kuzatiladi.

O‘zbekistonni qariyb 30 yil boshqargan Islom Karimov davrida, diniy-siyosiy motivlarda ayblanib, qidiruvga berilgan o‘zbekistonlik ko‘p bo‘ldi.

Ularning aksari hanuz xorijda, ko‘proq Yevropa davlatlarida.

Bunday fuqarolar odatan, terrorizm, davlat tuzumini ag‘darish, taqiqlangan diniy tashkilotlarga a’zolik kabi o‘ta og‘ir jinoyatlarda gumon qilinadi.

Shavkat Mirziyoyev, 2016-yilda hokimiyatga kelganidan keyin 16 ming kishini “qora ro‘yxat”dan chiqarganini aytgan. Ammo, ro‘yxatdan chiqqanlar oqlanmadi.

Minglab kishiga nisbatan ochilgan jinoyat ishlari hanuz mahalliy huquq-tartibot idoralari stollarida turibdi.

Ya’ni, avvaliga o‘zini islohotchi sifatida dunyoga taqdim qilgan prezident Shavkat Mirziyoyev va’dalari G‘arbda ham olqishlar bilan qarshi olindi.

Xususan, Fransiya bilan O‘zbekiston o‘rtasida bordi-keldi quyuqlashdi. Shavkat Mirziyoyev 2018, 2023-yillarda Fransiyaga bordi. Emmanuel Makron esa shu yilning noyabr oyida Toshkentda bo‘ldi.

Geosiyosat oqibatlari

Ammo, faollarga ko‘ra, bunday geosiyosiy va iqtisodiy muloqotlar iliqlashuvi fonida qator G‘arb hukumatlari fundamental muammolarni unutmoqda.

O‘zbekistonda so‘z erkinligining cheklangani, turmalardagi qiynoqlar, hokimiyatdagi korrupsiya kabi jiddiy muammolar shular jumlasidandir.

2022-yilning fevralida Rossiya Ukrainaga urush ochgach, O‘zbekiston-Yevropa munosabatlaridagi bu ahvol yanada og‘irlashdi.

Urush butun dunyo, xususan Markaziy Osiyoda ham geosiyosiy muhitni tamomila o‘zgartirib yubordi.

“Fransiya xalqaro huquq bilan ziddiyatga kirishmoqda, bir tarafdan. Boshqa tarafdan, bu o‘rinda Fransiyaning O‘zbekiston tomoni bergan axborotga qanchalik ishonishi ham muhim. Aynan Ahmedov ishida fransuzlar O‘zbekiston bergan har bir dalil-isbotga ishonadi, degan fikrdan yiroqman. Lekin, bu yerda hozir Fransiya va umuman butun Yevropani xavotirga solatgan tashqi omillar bor. Ya’ni O‘zbekiston Moskva va Xitoyning qattiq ta’siri ostida qolishi mumkin, degan xavotir. Ya’ni, O‘zbekistonga nisbatan geosiyosiy manfaatlar, inson huquqlari borasidagi Yevropa standartlarining pasayishiga turtki bo‘lmoqda. Uzoq muddatda esa bu Yevropaning inson huquqlari himoyachisi sifatida erishgan nufuziga albatta putur yetkazadi”, deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tadqiqot markazi rahbari Alisher Ilhomov.

Faollar, ketma-ket ikki urushga guvoh bo‘layotgan dunyodagi vaziyat qanchalik taranglashmasin, G‘arb hukumatlari O‘zbekiston kabi davlatlar bilan muloqotda inson huquqlari va so‘z erkinligi prinsiplaridan toymasligi kerak, demoqdalar.

Aks holda bu aynan O‘zbekiston misolida, mavjud vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkin, deb ogohlantirmoqdalar.

XS
SM
MD
LG