Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:26

Qashshoqlik, adolatsizlik va miya yuvilishi... Tojikistonliklar nega ISHIDga yollanmoqda?


"Krokus Siti Xoll"ga hujumda ayblanayotgan tojistonliklardan biri Faridun Shamsiddin sud zalida. Moskva, mart, 2024
"Krokus Siti Xoll"ga hujumda ayblanayotgan tojistonliklardan biri Faridun Shamsiddin sud zalida. Moskva, mart, 2024

ISHIDning terrorchilik harakatlari tufayli ayblanayotgan tojikistonliklar ro‘yxati kengaymoqda. Nega tojiklar bu guruh quroliga aylanib bormoqda va bunga kim javobgar?

22-mart kuni "Krokus Siti Xoll"dagi terakt Eronning Kirmon shahrida sodir bo‘lgan shunga o‘xshash hujumdan so‘ng joriy yil boshidan beri sodir etilgan ikkinchi yirik terakt bo‘lib, javobgarlikni "Islomiy davlat" – ISHID o‘z zimmasiga oldi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, har ikki holatda ham bevosita aybdorlar orasida Tojikiston fuqarolari ham bor.

"Krokus Siti Xoll"da terakt sodir etganlikda ayblanib hibsga olingan 11 kishidan 10 nafari Tojikiston fuqarolaridir. Rossiya xavfsizlik kuchlari teraktning bevosita aybdorlari deb atagan to‘rt nafar tojikistonlik sudgacha oshkora qiynoqlarga duchor bo‘ldi, bu esa ekspert doiralarida ushbu qiynoqlar natijasida olingan ko‘rsatmalar va ularga nisbatan keyingi ayblovlar haqida ko‘plab savollar tug‘dirmoqda. Shu bilan birga, so‘nggi bir necha yil ichida Tojikiston fuqarolari turli mamlakatlardagi jihodiy guruhlarda misli ko‘rilmagan faollik ko‘rsatmoqda.

Москва суди теракт доирасида ўнинчи муҳожирни қамади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:00 0:00

Haqiqatni tan olish

Tojikiston fuqarolarining ism-shariflari Eron hududida sodir etilgan so‘nggi uchta teraktda, Turkiya, Germaniya, Avstriya va Niderlandiya hududlaridagi teraktlar tayyorlash jarayonida paydo bo‘ldi.

Joriy yil yanvarida Tolibon mudofaa vaziri Muhammad Yoqub Mujohid (Mullo Yoqub) Afg‘onistonda so‘nggi ikki yil ichida sodir etilgan teraktlarda eng ko‘p Tojikiston va Pokiston fuqarolari ishtirok etganini aytdi. Mart oyi boshida esa Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon diniy ulamolar vakillari bilan uchrashuvda uch yil davomida mamlakatning 24 fuqarosi o‘nta davlatda terrorchilik sodir etgani yoki ularni tayyorlashda gumon qilinayotganini tan oldi.

Nega asosan ishchi kuchini eksport qiladigan davlat yosh radikallar urchiydigan maydonga aylanmoqda? "Krokus Siti Xoll"dagi teraktdan keyin tobora ko‘proq berilayotgan savol bu.

Muammo manbasi nima?

Mustaqil siyosatshunos Parviz Mullajonov yoshlarning radikallashuviga sabab bo‘layotgan asosiy omillar qatorida ijtimoiy-iqtisodiy omil, jamiyatda o‘z o‘rnini yo‘qotgan (marginallashgan) yoshlarning bunday tashkilotlarga qo‘shilishi va internet orqali targ‘ibot-tashviqot ishlarini sanaydi.

Тожик муҳожирлари Россиядан кетмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:09:17 0:00

“So‘nggi o‘n yil ichida jihodchilar ijtimoiy tarmoqlar va umuman internetdan foydalanishga asoslangan yangi strategiyadan foydalana boshladi. Ilgari ular masjidlarda nazoratni o‘z qo‘liga olmoqchi bo‘lgan, ammo rasmiylar bu bilan shug‘ullanishni o‘rgangach, endi e’tibor onlayn muhitga qaratildi, – deydi siyosatshunos. – Tojiklar orasida marginal deb tasniflanishi mumkin bo‘lgan odamlar ulushi juda katta. Har yili mehnat bozoriga 150 ming kishi kiradi, ularning aksariyati mehnat migratsiyasi maqsadida mamlakatni tark etadi”.

Uning aytishicha, aholining radikallashuvi bilan bog‘liq xuddi shunday holatni mehnat migratsiyasi yuqori bo‘lgan Tunis, Marokash, Jazoir va Misrda ham kuzatish mumkin.

Aholi o‘sish sur’atlari bo‘yicha Tojikiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida yetakchi hisoblanadi. Aholisi har yili o‘rtacha 2,4% ga oshadi. Mehnatga layoqatlilar ulushi qariyb 70 foizni tashkil etadi, iqtisodiy ko‘rsatkichlar esa MDH va Markaziy Osiyo mamlakatlari orasida eng past ko‘rsatkichdir. Rossiyaga mehnat migratsiyasi davlatning ijtimoiy-iqtisodiy yukini yengillatishning muhim omili bo‘lib qolmoqda, shuningdek, ko‘plab mamlakatlarda terrorchi deb tan olingan ISHID guruhi ham aynan Rossiyada yollash bilan shug‘ullanadi.

Tashviqotga uchadiganlar

“Men migratsiya haqidagi mifga qo‘shilmayman, chunki ma’lumotlar ko‘rsatadiki, targ‘ibotlar migrantlar orasida ham, targ‘ibotga uchganlar kelgan mamlakatlarda ham sodir bo‘ladi. Migratsiya radikallashuv sababi emas, bu faqat yollovchilar va emissarlar o‘zlarining maqsadli auditoriyasini topadigan joy, xolos. Bu guruhga 18 yoshdan 26 yoshgacha bo‘lgan yoshlar kiradi – aynan shu yoshda hamyurtlarimiz ko‘proq ishga boradi”, deydi ekstremizmga qarshi kurash bo‘yicha ekspert Rustam Aziziy «Azia-Plyus»ga bergan intervyusida.

U uchta asosiy guruhni ko‘rsatadi: o‘zligini topolmayotganlar, ular o‘zlaridagi komplekslarini dindorlik bilan qoplashga harakat qiladilar; jinoiy hayot tarziga moyil bo‘lganlar; va ta’lim va daromad darajasi past bo‘lgan, ko‘r-ko‘rona dindorligi yuqori bo‘lgan marginal odamlar guruhi.

2017–2018-yillar uchun BMTning Terrorizmga qarshi kurash agentligi ma’lumotlariga tayangan holda ekspert aholi jon boshiga ISHIDga qo‘shilgan tojikistonliklar soni MDH, Yaqin Sharq va hatto Yevropa davlatlaridan keyin 14-o‘rinni egallashini ta’kidlaydi.

OzodNazar: Террорни уюштирганлар нишони – Марказий Осиё - эксперт
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:50:18 0:00

Adolat uchun kurashasizmi?

Berlindagi Karnegi Rossiya va Yevroosiyo tadqiqotlari markazi xodimi Temur Umarovning qayd etishicha, raqamlashtirish va umumbashariy shaffoflik davrida qashshoqlik va dahshatli tengsizlik adolatsizlikdan norozilik tuyg‘usini yanada kuchaytirmoqda.

“Ayniqsa, Tojikistondagi kabi siyosiy rejimlarda Prezident Rahmon oilasi deyarli butun mamlakatga egalik qiladi va o‘z boyligi va ta’sirini har tomonlama namoyish etishdan tortinmaydi. Hatto Rahmonning juda uzoq qarindoshlari ham Instagram'da boy hayotlari aks etgan suratlarni baham ko‘rishadi. Tojikistonda adolatsizlikka qarshi kurashishning qonuniy yo‘llari amalda yo‘q. O‘zining o‘ttiz yillik hokimiyati davomida Rahmon rejimi barcha siyosiy muxolifatni yo‘q qildi va so‘nggi yillarda o‘tish davriga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida mintaqalardagi fuqarolik jamiyati qoldiqlarini va o‘ziga potensial bevafo odamlarni tozaladi. Natijada, mamlakatdagi norozilar uchun yagona yo‘l radikal ekstremizm bo‘lib qoldi”, deb yozadi Umarov.

Xuddi shunday bahoni mamlakatda taqiqlangan Tojikiston Milliy alyansi rahbari Muhiddin Kabiriy ham Ozodlik tojik xizmati bilan suhbatda bildirdi. Uning aytishicha, o‘n yil davomida Tojikiston hukumati yoshlarni ISHID va boshqa terrorchi guruhlarga yemish qiladigan sharoitni yaratib berdi.

“Qo‘lga olinganlarning eng kichigi 19 yoshda, eng yoshi kattasi 30 yoshda. Bular Emomali Rahmon prezidentligi davrida tug‘ilib o‘sgan, u qo‘l ostidagi ta’lim tizimida tahsil olgan, imomlari ham unga bo‘ysunuvchi Din qo‘mitasi tomonidan tayinlanadigan masjidlarga borganlardir. Bunday yoshlar minglab. Ular uchun davlat rahbaridan boshqa kim mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishi mumkin?” deb so‘raydi Kabiriy.

Siyosatchining fikricha, radikal unsurlarning mavjudligi tojik rasmiylariga aholiga qarshi repressiyalarni xalqaro hamjamiyat oldida oqlash imkonini beradi. “Ammo, menimcha, so‘nggi voqealar tojik rasmiylariga foyda keltirmaydi, chunki muhojirlarga nisbatan bosim davom etsa, ularning aksariyati Tojikistonga qaytishga majbur bo‘ladi, bu esa ijtimoiy-iqtisodiy inqirozga, kelajakda esa siyosiy inqirozga olib kelishi mumkin», deydi Kabiriy.

"Krokus"dagi terakt 22-mart, juma kuni sodir bo‘lgan, buning natijasida, Rossiya Tergov qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, kamida 144 kishi halok bo‘lgan, 500 dan ortiq kishi jarohatlangan. Hujumchilar ba’zi odamlarni otib tashladilar, aksariyati yong‘in paytida o‘ldi. Hujum uchun javobgarlikni ISHID guruhi o‘z zimmasiga oldi.

XS
SM
MD
LG