Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:52

Qashqadaryo hokimi uy va’da qilganiga 6 oy bo‘ldi. Moskvadan qaytgan oila hanuz ijarada yashamoqda (VIDEO)


Yarim yil oldin Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Islombek oilasini uy-joy bilan ta’minlashga va’da bergandi.
Yarim yil oldin Qashqadaryo viloyat hokimi Zoyir Mirzayev Islombek oilasini uy-joy bilan ta’minlashga va’da bergandi.

Moskvada karantin paytida chiqindilar orasidan qog‘oz yig‘ib, oilasiga ko‘maklashgan 12 yashar bola esingizdami? Bu haqda video chiqqach, Islombek Boymurodov onasi va opasi bilan birga Ozodlik muxlislari yordamida Moskvadan Shahrisabzga qaytgandi.

Viloyat hokimi Zoyir Mirzayev ular bilan uchrashib, maishiy muammolarini hal etishni, kam ta’minlangan oila sifatida uy-joy berishni va’da qilgandi. Ammo yarim yil o‘tsada, hokim hamon o‘z va’dalarini bajarmagani ma’lum bo‘ldi – oila hamon nochor ahvolda qolmoqda.

Shahrisabzlik Islombek Boymurodov onasi va opasi bilan birga o‘tgan yil o‘rtalarida Ozodlik muxlislari va O‘zbekiston konsulligi mutasaddilari ko‘magida Moskvadan Shahrisabzga o‘tgan yilning iyunida qaytgandi.

12 yashar bola Moskvada karantin paytida chiqindilar orasidan qog‘oz yig‘ib sotib, oilasini boqib kelgani to‘g‘risida Ozodlik videolavha tayyorlab, namoyish qilgan. Islombek onasi Shahnoza va opachasi bilan Moskvaga 2020 - yilning martida kelgan. Oila Rossiyada boshlanib ketgan karantin cheklovlari paytida nochor ahvolda qolgan edi.

- Bunday qiyin ahvolga tushib kolishimizni tushimda ham ko‘rmaganman. Oyimning qiynalib qolganiga men qarab tura olmadim, shuning uchun ahlatxonada qog‘oz quti yig‘ib, onamga yordam bera boshladim, - degan edi qashqadaryolik bola.

Islombekni chiqindi konteynerida ko‘rib qolgan namanganlik Dmitriy Vantyaxov ularni O‘zbekistonga yuborish maqsadida jamoatchilikka murojaat qilgandi.

Qiyin ahvolga tushgan bu o‘zbek oilasiga ko‘plab odamlar, jumladan Ozodlik muxlislari yordam qo‘lini cho‘zdi. Yig‘ilgan mablag‘ evaziga Shahnoza o‘g‘li va qizi bilan O‘zbekistonga jo‘natib yuborilgan edi.

"Va’dalar va’daligicha qoldi..."

Qashqadaryoga yetib borgan bu oilaga mahalliy hokimiyat tomonidan avvaliga juda katta e’tibor qaratildi.

Islombek, uning singlisi va onasi bilan shaxsan viloyat hokimi Zoyir Mirzayev uchrashib, ularning maishiy muammolari hal etilishi, ularga kam ta’minlangan oila sifatida uy-joy berilishini va’da qildi.

- Man viloyat hokimiman. Rossiyada yurganingizni, Islombekning qilgan ishlarini bu yerdan turib kuzatdik. Sen juda katta odam bo‘lasan. Onangni sendan umidlari ko‘p - hammasini ro‘yobga olib chiqadigan yigit bo‘lasan. Opa, sizga sog‘lik salomatlik, degan edi Qashqadaryo viloyat hokimi.

Yarim yildan ortiq vaqt o‘tib Ozodlik Shahnoza va uning bolalaridan xabar olib, hokim Mirzayev bergan va’dalar bajarilmagani - nochor ahvolda qolayotgan bu oila hali ham Shaxrisabzdagi “Do‘stlik” mahallasidagi kvartiralardan birida ijarada yashayotganini aniqladi.

43 yashar Shahnozaning aytishicha, u hech qayerga ishga joylasha olmayapti, uzoq-yaqinda turli yumushlarni bajarib, oyiga 500-600 ming so‘m ishlab topadi. Oila asosan shu pul, odamlar berayotgan ehson va boquvchisiz qolgan Islombekka beriladigan 180 ming so‘m miqdoridagi nafaqa puliga tirikchilik qilmoqda. Bunday nafaqani Islombekning opasi ham olgan, biroq o‘tgan yili yoshi 14 dan o‘tganidan so‘ng to‘lov to‘xtatib qo‘yilgan. Oilaga bir oyda kiradigan pulning asosiy qismi kommunal to‘lovlarga ketmoqda.

Onaning aytishicha, na Shahrisabz tumanining oldingi hokimi Isroil Omonov va na hozirgi hokim Saman Hasanovlar viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning uy-joy bilan ta’minlash to‘g‘risidagi buyrug‘ini bajargan.

- Yettinchi oy ketyapti - bizga uy-joy hali berilgani yo‘q. Tuman hokimligiga bordim uchrashgani, chaqirishdi keyin, lekin menga hech qanaqa yordam ko‘rsatishmadi. Rahmat, tuman ayollar kengashidan kelib yordam berishyapti, xabar olib turishibdi. Tuman hokimligidagilarning mas’uliyatsizligi, ayrim qo‘shtirnoq ichidagi “rahbarlardan” ko‘nglim qaytganligi uchun 13 yildan beri uy ololmayapman. Kelganimdan beri ishsizman, ijara, svet-gaz, suv musor puli bor. Yolg‘iz boshim bilan ishsiz ikkita bolani ijarada qanday eplay men? dedi yolg‘iz ona.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, bu oilaga uy-joy ajratish masalasi Shahrisabz shahri va Shahrisabz tumani hokimliklari o‘rtasida "koptok" bo‘lmoqda. Shahnozaning aytishicha, pasportidagi qaydga muvofiq, kam ta’minlanganlar daftariga kiritilgan uning oilasini uy-joy bilan Shahrisabz tuman hokimligi ta’minlashi kerakligi aytilgan.

Islombekning onasi 42 yoshli Shaxnoza O‘zbekistonda sobiq turmush o‘rtog‘idan bolalarga tegishli bo‘lgan aliment pulini undira olmagani va uy-joysiz qiynalganidan ikki voyaga yetmagan bolasini olib, Rossiyaga ketishga majbur bo‘lganini aytgandi.

Uning kichik farzandi - Islombek hozir Shahrisabzdagi maktablardan birida 5 sinfda o‘qiyapti.

O‘zbek mutasaddilari uni “harbiy maktabga joylashtirish” to‘g‘risidagi va’dalarini ham bajarmagan ko‘rinadi. Islombek Boymurodov hozircha harbiy bo‘lish orzusini chetga surib qo‘yishga majbur. Ijarada turishdan charchagan bola o‘z uyida yashash istagida.

- Hozircha men 14- maktabda o‘qiyapman. O‘qituvchilarim yaxshi. Hamma darslarga, to‘garaklarga qatnashyapman. Katta bo‘lganimda onamga uy olib berish, keyin harbiy bo‘lishni orzu qilaman, dedi Islombek Boymurodov.

Ozodlik bu mavzuga oid videolavhani e’lon qilganidan keyin bu oilaga Shahrisabz tuman hokimligi Xotin-qizlar qo‘mitasi mutasaddilari, bir nechta bloger va MFY vakillari kelib xabar olib ketgani ma’lum bo‘ldi.

Yolg‘iz onaga ertadan (19 - fevral) boshlab bog‘chaga farroshlik ishiga chiqish taklif qilindi.

- Ertaga hujjat bilan ishga borib, ertadan ishlayman ekan. "Fevraldan boshlab siz ishga kirdingiz" deyishdi, - dedi Shahnoza.

XS
SM
MD
LG