Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:46

“Qarzlarni to‘lash uchun mol-mulkimni sotdim”. Turkiyalik tadbirkor Mirziyoyevga arz qildi


Turkiyalik tadbirkor Ug‘ur Aqin.
Turkiyalik tadbirkor Ug‘ur Aqin.

O‘zbekistonda qurilish sohasida qariyb 30 yildan buyon ishlab kelayotgan turkiyalik tadbirkor Ug‘ur Aqin prezident Shavkat Mirziyoyevdan "2 million dollar haqi"ni undirib berishda yordam so‘ramoqda.

57 yoshli turk tadbirkoriga ko‘ra, 2018-yilda uning “Perspektiva Stroy Invest” qurilish shirkati Toshkentdagi eski fabrika binosini biznes markaziga aylantirish bo‘yicha rekonstruksiya ishlarini amalga oshirgan.

Ammo loyiha buyurtmachisi bo‘lgan "Gross Insurance" MChJ to‘rt yildan buyon shartnomada ko‘rsatilgan to‘lovning 2 million dollarlik qismini to‘lashdan bosh tortib kelmoqda.

Ug‘ur Aqinning iddaosicha, "Gross Insurance" MChJ O‘zbekiston maxsus xizmatlarining sobiq rahbari Rustam Inoyatovning kuyovi "Bobur Parpiyev va uning odamlariga tegishli shirkatdir".

Ozodlik ixtiyorida bu iddaoni tasdiqlovchi hujjat mavjud emas. Ozodlik turkiyalik tadbirkorning iddaolari yuzasidan "Gross Insurance" MChJ hamda O‘zbekiston bosh prokuraturasiga murojaat qildi va hozirda javob kutmoqda.

Ug‘ur Aqin qarzni undirib berishni so‘rab O‘zbekiston sudlariga qilgan shikoyatlari natija bermaganini aynan shu bilan izohlaydi.

O‘zbekistondagi Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestridagi ma’lumotlarga ko‘ra,"Gross Insurance" MChJ ta’sischisi Farrux Ahmadjonov ismli shaxs.

"Qarzdor"

Chilonzor tumanlararo xo‘jalik sudi 10-iyun kuni o‘tgan mahkamada aksincha, turk shirkati "Gross Insurance" MChJga 10 milliard so‘m qarzdor, degan hukmni chiqardi.

“Ular rekonstruksiya qimmatga tushgani va ta’mir cho‘zilganini aytib, 2 million dollarni to‘lamay kelishdi. Endi meni qarzdorga chiqarishyapti. "Eski O‘zbekiston" sarqitlari hozir ham bor. Haqsizlik bo‘lyapti. Men qarzlarni to‘lash uchun mol-mulklarimni va boshqa obyektlarimni sotishga majbur bo‘ldim, chunki ishlatgan odamlarim, olgan materiallarim uchun pul to‘lashim kerak edi, - deydi Ug‘ur Aqin.

Toshkentdagi "Gross Insurance" shirkatiga tegishli biznes markaz.
Toshkentdagi "Gross Insurance" shirkatiga tegishli biznes markaz.

Toshkent markazidagi Biznes-markaz bir yarim yil oldin ochilgan. Turk tadbirkori bu davr ichida qarzni undirib berishni so‘rab ikki marta sudga ham murojaat qilgan.

“Biz dastlabki ikkita sudda yutib chiqdik va xarajatlarimizning kichik bir qismini ulardan undirish haqida qaror chiqarildi. Ammo buyurtmachi va uning odamlari shu mablag‘ni ham to‘lamoqchi emas. Biz o‘n besh kunda zo‘rg‘a Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudidan ijro varaqasini oldik va Yunusobod tumani Majburiy ijro bo‘limiga 2022-yil 26-aprelda berdik va sud qarorini bajarishga oid qaror chiqartirdik.

Buyurtmachi o‘sha kuniyoq Oliy Sudga kassatsiya shikoyati yozib, o‘sha kuniyoq ijroni to‘xtatibdi, 2022-yil 29-aprelda Oliy Sudning 2022-yil 22-apreldan kassatsiya shikoyati qabul qilinganligi va Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining 2022-yil 9-fevraldagi qarori ijrosini to‘xtatish borasidagi ajrimini tutqazishdi. Sud qarorini o‘n besh kunlab ololmaymiz-u, Oliy Sud bir kunda ularning shikoyatini olib, Qaror ham chiqarib beradi! Endi esa sud bizni qarzdorga chiqaryapti”, - deydi “Perspektiva Stroy Invest” qurilish shirkati asoschisi Ug‘ur Aqin.

Biznes-markaz qurilishiga oid hujjatlardan ma’lum bo‘lishicha, “Perspektiva Stroy Invest” xarajatlarni 105 milliard so‘mdan ko‘proqqa baholagan. Ammo buyurtmachi shirkat "Gross Insurance" MChJ tekshiruv o‘tkazib, obyekt uchun 95 milliard so‘m sarflangan, degan xulosaga kelgan, qurilish shirkatidan 10 milliard so‘mdan ortiq so‘mni qaytarib berishni talab qilgan.

10-iyun kuni Chilonzor tuman xo‘jalik sudi bu xulosani to‘g‘ri deb topgan va “Perspektiva Stroy Invest” shu pulni "Gross Insurance" MChJga qaytarishi kerak, degan qaror chiqargan.

"Toshkent markazidagi Biznes-markaz bir yarim yildan beri ishlayapti va egalariga daromad keltiryapti. Bizni qo‘rqitish uchun buyurtmachi Toshkent shahar Savdo-sanoat palatasi bilan kelishgan holda soxta axborot bilan bizni sudga berdi va soliq tekshiruvlarini ketma-ket tashladi", - deya iddao qiladi turkiyalik tadbirkor.

Davlat reestrida qayd etilgan hujjat nusxasi.
Davlat reestrida qayd etilgan hujjat nusxasi.

U o‘tgan yillarda ko‘p bora biznesi va mol-mulki tortib olingani, ammo qiyinchiliklarga chidaganini aytadi.

"Chet ellik sarmoyadorlar, turk sarmoyadorlari O‘zbekistonda prezident Mirziyoyev davrida o‘zgarishlar bo‘lyapti, borib biznes qilaylik, deb turgan bir paytda meni boshimga tushgan ko‘rgiliklar ularni ahdidan qaytarishi tayin", - deydi Ug‘ur Aqin.

“Perspektiva Stroy Invest” qurilish shirkati so‘nggi o‘n yilda Samarqand xalqaro aeroporti, Toshkentdagi avvalgi "Dedeman" mehmonxonasi, Westminster universiteti, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi binolari rekonstruksiyasi kabi yirik qurilish loyihalarida qatnashgan.

Xorijiy sarmoyadorlar O‘zbekistonda xususiy mulkning yaxshi himoyalanmagani, keng tarqalgan korrupsiya, mustaqil sud tizimining yo‘qligi iqtisodiy erkinlik va uzoq muddatli hamda barqaror iqtisodiy rivojlanish yo‘lida to‘siq bo‘lib kelayotganini aytib keladilar.

O‘tgan oy e’lon qilgan hisobotida Jahon banki O‘zbekistonda oligarxiya vujudga kelish xavfi yuqori ekanidan ogohlantirgan.

Hisobotda boshqa sobiq sovet davlatlarida kuzatilgani kabi O‘zbekistonda ham hokimiyatga yaqin guruhlar "xususiylashtirish natijasida paydo bo‘ladigan yangi resurslar ustidan nazoratni qo‘lga kiritish istagida ekani aytiladi. Bank ekspertlariga ko‘ra, bu jarayon O‘zbekistonda 2025-yilga kelib o‘z cho‘qqisiga chiqishi mumkin.

XS
SM
MD
LG