Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:34

Putinning qo‘lida G‘arbga qarshi yadrodan boshqa yana qanday qurollar bor?


Prezident Vladimir Putin va uning mudofaa vaziri Sergey Shoygu-kollaj.
Prezident Vladimir Putin va uning mudofaa vaziri Sergey Shoygu-kollaj.

O‘tgan hafta AQSh prezidenti Jo Bayden Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ommaviy qirg‘in qurollaridan foydalanish tahdidi «hazil emasligini» ta’kidladi.

Baydenning ushbu bayonotidan bir necha kun oldin AQSh Senati razvedka qo‘mitasi a’zosi senator Marko Rubio ham Rossiya alyansning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatishiga to‘sqinlik qilish uchun NATOga a’zo davlatga odatiy harbiy qurollar bilan zarba berishi mumkinligidan xavotirda ekanini aytgandi.

Ammo tahlilchilarning so‘zlariga ko‘ra, Putin G‘arbni Ukrainani dastaklashni to‘xtatishga majburlash yo‘lida boshqa vositalardan foydalanishi mumkin. Masalan, ularning fikricha, Rossiya prezidenti neft va gaz tashuvchi muhim suvosti quvurlarini, ma’lumot tashuvchi kabellarni hamda Yer orbitasidagi sun’iy yo‘ldoshlarni nishonga olishi mumkin.

Qarorgohi Vashingtonda joylashgan Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazi tahlilchisi Shon Monaganning so‘zlariga ko‘ra, Putin uchun NATO obyektlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berish yoki yadro qurolidan foydalanishdan ko‘ra yuqorida aytib o‘tilgan usullar mantiqiyroq bo‘ladi.

Monagan Rossiya Polsha kabi NATO davlatini nishonga olsa, 30 a’zoga ega harbiy alyans javob qaytarishga majbur bo‘lishini aytdi.

«Ukraina bilan urush [Rossiya uchun] ekzistensial emas. Bu ular o‘zlari xohlab boshlagan urush. NATO bilan urush esa ekzistensial bo‘ladi», - dedi u.

Shimoliy oqim «sabotaji»

Dengiz osti energiya quvurlari masalasida Rossiya allaqachon bunday hujumni amalga oshirganlikda ayblanmoqda.

O‘tgan oy oxirida Rossiyadan Germaniyaga gaz tashuvchi ikki quvur liniyasida portlash sodir bo‘ldi. Daniya va Shvetsiya tergovchilariga ko‘ra, Rossiya nazoratidagi «Shimoliy oqim — 1» va «Shimoliy oqim — 2» quvurlaridagi portlashlar bir necha yuz kilogramm portlovchi moddalar yordamida amalga oshirilgan.

Rasmiylar portlashlarda biror tarafni to‘g‘ridan-to‘g‘ri ayblashdan qochmoqda. Lekin shunga qaramay, G‘arbda ko‘pchilik Rossiya Yevropani Ukrainaga yordam berishdan o‘zini tiyishga undash uchun o‘z quvurlarini sabotaj qilganiga ishonadi. Rossiya bir necha oydan beri Yevropaga tabiiy gaz eksporti ko‘lamini cheklab keladi. Natijada gaz narxlarni rekord darajaga ko‘tarilib, qit’aning energiya inqirozi yanada chuqurlashdi. Kreml bu ayblovlarni inkor etib, gaz quvurlariga boshidan berib qarshi bo‘lib kelgan AQShni aybladi.

Portlashlar ortidan G‘arbda Rossiya Yevropa suv osti quvurlari va kabellariga qarshi hujumlarni amalga oshirishi mumkinligidan xavotir kuchaydi.

8-oktabr kuni quruqlikdagi kabellarga yetkazilgan zarar Germaniya shimolida barcha yo‘nalishlarda temir yo‘l harakati bir necha soat davomida to‘xtab qolishiga sabab bo‘ldi. Davlat temir yo‘l operatori «sabotaj» amalga oshirilganini aytib, tergov boshlanganini ma’lum qildi.

AQSh—Sovet Ittifoqi mudofaa muzokaralarida qatnashgan sobiq diplomat Uilyam Kortni ham Rossiya quvur liniyasi, internet kabeli yoki sun’iy yo‘ldoshga hujum qilishi ehtimoli yuqori ekanini aytdi.

Kortni Polshaga qarshi zarba muvaffaqiyatli bo‘lmasligi mumkinligini, sababi mamlakat kuchli qurolli kuchlarga ega ekani va shay holatda ekanligini qo‘shimcha qildi.

Estoniyaga kiberhujum

Rossiya o‘tmishda NATO a’zolariga va boshqa davlatlarga qarshi yirik gibrid hujumlarni amalga oshirgan.

2007-yilda Estoniya poytaxti Tallin markazida qad ko‘targan munozarali sovet yodgorligi boshqa joyga ko‘chirilgach, Rossiya mamlakatga qarshi yirik kiberhujumni uyushtirdi. O‘shanda Estoniya hukumati, banklari, telekommunikatsiya kompaniyalari, internet provayderlari va OAVining veb-saytlari nishonga olingandi. Hujum avjida bank kartalari va mobil telefon tarmoqlari vaqtincha muzlatildi.

Rossiya boshqa shunga o‘xshash hujumlarni amalga oshirgani gumon qilinadi.

2021-yilda Norvegiya qirg‘oqlaridagi suv osti kabellari uzib tashlandi. Kabellarga ulangan datchiklar Rossiya suvosti kemalari haqida ma’lumotni to‘plash imkoniyatiga ega bo‘lgan, shuning uchun hujum ortida Moskva turgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin ilgari surildi.

Joriy yilning 7-yanvarida esa Norvegiya bilan Shpitsbergen arxipelagi o‘rtasida aloqani ta’minlovchi ikkita dengiz osti optik tolali kabelidan biri uzib tashlandi.

Mazkur kabellar, Shpitsbergen sun’iy yo‘ldosh stansiyasini quvvat bilan ta’minlagan.

Украинага босқин: 223- кун | Илон Маск Қримни Россияга беришни таклиф қилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:12:39 0:00

Rossiya avvalroq mazkur stansiya harbiy hamda tijorat sun’iy yo‘ldoshlardan ma’lumot yuklab olishi mumkinligidan xavotir izhor qilgan edi.

Joriy yilning yanvar oyida Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘i admiral ser Entoni Radakin so‘nggi yigirma yil ichida Rossiya suv osti kemalari faoliyati oshganidan xavotir izhor qildi.

Radakin The Times of London gazetasiga bergan intervyusida Rossiya dengiz osti kabellarini xavf ostiga qo‘yishga qodir ekanligini aytdi.

Monagan Rossiya Ukrainada jang maydonida katta muvaffaqiyatsizliklarga uchragan bo‘lsa-da, «o‘ta qudratli dengiz, kosmik va kiberkosmik kuchlarga ega bo‘lib, zaif jihatlarga zarba berishga qodir ekanligini» aytdi.

Nishonda sun’iy yo‘ldoshlar

O‘tgan yilning noyabrida Rossiya sun’iy yo‘ldoshga qarshi raketani ilk marotaba sinovdan o‘tkazdi. Sinov davomida yerdan otilgan raketa yordamida quyi Yer orbitasida sovet davridan qolgan nishon urib tushirildi. Bu holat xorijda Rossiyaning kosmik imkoniyatlari haqida xavotir uyg‘otdi.

BMT qoshidagi Qurolsizlanish masalalari bo‘yicha boshqarmadagi Rossiya delegatsiyasi rahbari Konstantin Vorontsov o‘tgan oy AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainaga yordam berish uchun xususiy va harbiy bo‘lmagan sun’iy yo‘ldoshlardan foydalanayotgani «harbiy mojarolarda bilvosita ishtirok etishga» teng kelishini aytib, bu holat «o‘ch olish uchun qonuniy nishonga aylanishi mumkinligini» ta’kidladi.

Ukraina kuchlari Rossiya qo‘shinlariga qarshi amaliyotlarni o‘tkazishda sun’iy yo‘ldosh ta’minlaydigan internet tarmog‘idan foydalanib keladi.

Ilon Mask asos solgan SpaceX shirkati Ukrainada internet qamrovini kengaytirish uchun mamlakatga 15 mingdan ortiq Starlink terminallarini yuborgan.

Maqola originali bilan mana bu link orqali tanishish mumkin.

XS
SM
MD
LG