Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 07:54

Putinning bir qo‘lidan ikkinchi qo‘liga. "Gazli" ombori Fozilovga o‘tdi - Ozodlik surishtiruvi


O‘zbekiston energetikasining de-fakto qiroliga aylangan Baxtiyor Fozilov endilikda mamlakat gaz-transport tizimining "yuragi" sanalgan "Gazli" gaz omborini ham qo‘lga oldi.

Aniqrog‘i¸ Mirziyoyev hukumati bilan maxfiy kelishuv va soxta kompaniyalar orqali "Gazli"ni olgan Gennadiy Timchenko uni Fozilovga o‘tkazib berdi.

Yaqinda mahalliy matbuot O‘zbekistonning eng yirik "Gazli" gaz omborining egasi bo‘lgan Gazli gas storage MCHJ ta’sischisi o‘zgargani haqida yozdi. Faqat kimdan kimga o‘tganini yozmadi.

Bu o‘zgarish esa¸ Bosh vazir Aripov 14-fevral kuni imzolagan 2024-yilgi investitsiya dasturi jamoatchilikka e’lon qilinganidan keyin nazarga tushdi. Ushbu dasturda "Gazli konida gazni yer ostida saqlash inshooti hajmini 10 mlrd. m3ga oshirish hamda "Gazli" konining gaz va neft uyumlarida qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlarini bajarish va ularni yakunlovchi bosqichda ishlatish (1-bosqich)" loyihasi Daxon Holdings Limitedga berilgani ochiqlandi.

Unga qadar dastlabki qiymati 850 million dollarga baholangan bu loyiha Rossiyaning Forus kompaniyasida edi.

Ozodlikning "Kreml changalidagi o‘zbek gazi" "deb nomlangan jurnalistik surishtiruvi soxta ta’sischilarga rasmiylashtirilgan "Forus"ning asl benefitsiari Gennadiy Timchenko ekanini ochiqlagan edi.

Timchenko esa¸ Putinning "cho‘ntagi" sanalgan oligarx¸ Kremlning energetika siyosatini belgilovchi qudrat egalaridan biri.

Sanksiyalarga chap berish

2023-yilda Forbs jurnalining dunyoning eng boy odamlari ro‘yxatida 25 milliard dollar sarmoya bilan 89-o‘rinda turgan Timchenko G‘arbda Putin urush mashinasini moylab kelayotgan milliarderlardan biri sanaladi.

Rossiyaning Qrimni anneksiya qilishi ortidan 2014-yilda AQSH va YI Timchenkoga sanksiya joriy qilgan. Shundan buyon u o‘z kompaniyalarini katta-yu kichik biznes sheriklari¸ hatto o‘z advokatlarining kotibasiga rasmiylashtirib keladi.

Ozodlikning o‘tgan galgi surishtiruvi "Forus"ning 2021-yilga qadar birlamchi va yakkayu yagona ta’sischisi bo‘lgan Aida Chachxaliya¸ aynan Timchenkoga advokatlik qiluvchi Ivanyan i Partneri kontorasida kotiba bo‘lib ishlashini fosh qilgan edi.

Chachxaliyadan so‘ng "Forus" Timchenko izini yo‘qotish va yangi sanksiyalarga chap berish maqsadida bir necha qo‘l almashdi.

Dosye markazi 2023-yil 9-avgust kuni e’lon qilgan surishtiruvga ko‘ra¸ Forusning so‘nggi ta’sischilari Kiprda ro‘yxatga olingan Kunlun Red Star Investment¸ Baxtiyor Fozilov va Ivan Yegorov bo‘lgan. "Dosye" bu nomlarni "Forus"ning yillik moliyaviy hisobotlaridan olgan.

Mazkur surishtiruvda¸ "Gazli" gaz omborini kengaytirish loyihasiga pul Ivan Yegorov orqali Gennadiy Timchenkoga aloqador kompaniyalardan o‘tkazilgani ta’kidlangan.

Ko‘zdan panada qolib kelayotgan Yegorov esa¸ surishtiruv mualliflari ta’kidicha¸ Timchenkoning odami.

Bu surishtiruvdan so‘ng Ivan Yegorov Timchenkoning biznes sherigi va xalqaro sanksiyalarga chap berishdagi hamkori sifatida Ukraina hukumatining "qora ro‘yxat"iga kiritildi¸ Kiyev G‘arb davlatlaridan ham Yegorovga sanksiya qo‘llashni so‘radi.

Buning ortidan O‘zbekiston gaz transport tizimining yuragini qo‘lga olgan Forus taqdiri ham savol ostida¸ aniqrog‘i sanksiyalar tahdidi ostida qoldi.

Ana shunday bir vaziyatda "Forus" egalari "Gazli" gaz omboridagi 60 foizlik aksiyasini Hongkongda ro‘yxatga olingan Daxon Holdings Limitedga o‘tkazib berdi.

Mahalliy matbuot Daxon Holdings Limited¸ xususan uning ta’sischilari haqida hech qanday ma’lumot yo‘q¸ deb yozdi.

Ozodlik Britaniyadagi Ulster universitetining kriminologiya bo‘yicha professori Kristian Lasslet bilan hamkorlikda bu kompaniyaga oid korporativ hujjatlarni o‘rgandi.

2019-yil iyulida registratsiya qilingan Daxon Holdings Limited odatiy qobiq¸ ya’ni matryoshka-kompaniya. Uning ta’sischilari ayni Hongkongda tuzilgan yana uch kompaniya – Kenfame Limited (34%), Denmount Limited (33%) va Sunworth Limited (33%).

Давлат сирига айланган табиий газ импорти.
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:23:21 0:00

Kenfame Limitedning ta’sischisi¸ yuqorida nomi keltirilgan “Timchenkoning odami” deyilgan Ivan Yegorov. Ammo 2023-yilgi Dosye surishtiruvi uni xalqaro maydonda fosh qilishi ortidan Yegorov¸ aniqrog‘i Timchenko to‘dasi kompaniya aksiyalarini Baxtiyor Fozilovga o‘tkazib berdi.

Gazli gaz omborini Forusdan o‘ziga olgan Daxon Holdings Limitedning ikkinchi ta’sischisi Denmount Limited. Bu kompaniya ta’sischisi ham Baxtiyor Fozilov.

Daxon Holdings Limited matryoshkasi ichiga berkitilgan uchinchi qo‘g‘irchoq - Sunworth Limited. Uning egasi hujjatga ko‘ra¸ Sanjar Samiyev. Samarqandlik Sanjar Samiyev Fozilov qarindoshlaridan¸ uning global maydonda tuzgan biznes tarmog‘ining eski a’zolaridan.

Samiyev Dubayda yashaydi va bundan oldin ham uning nomi Fozilov imperiyasidagi kompaniyalar¸ xususan¸ Eriell boshqaruvida ko‘ringan. O‘zbek matbuoti uni Amazon korporatsiyasi sotib olgan Wing startapi hammuassisi sifatida taqdim etgan. Britaniyada tuzilgan WING APPS LTD korporativ hujjatida Samiyevning Dubayda yashovchi O‘zbekiston fuqarosi ekani yozilgan.

O‘zbekiston gaz-transport tizimining "yuragi" sanalgan "Gazli" gaz omborining Forusdan Baxtiyor Fozilovga oid Hongkongdagi qobiq kompaniyalarga o‘tishi¸ professor Kristian Lasslet fikricha¸ O‘zbekiston energetika mustaqilligi ustidagi shundoq ham quyuq bulutlarning yanada quyuqlashganini anglatadi.

- Birinchidan, bu O‘zbekiston energetik suvereniteti uchun bevosita va jiddiy tahdid mavjudligini anglatadi.

Ikkinchidan, bu gaz zaxiralari uchun yirik rezervuarga aylanadigan "Gazli" gaz ombori kabi strategik ahamiyatga ega inshootlar Kreml yoki unga aloqador shaxslar nazoratiga o‘tganini anglatadi. Kreml manfaatlari O‘zbekiston aholisi va sanoat iste’molchilari manfaatiga mutlaqo mos kelmasligi mumkin.

Rossiya G‘arb iqtisodidan uzilgani ortidan Kreml o‘z energetika imperiyasini Xitoy tomon burayotganiga guvohmiz.

Bu esa¸ kelajakda O‘zbekiston energetika resurslari O‘zbekiston manfaatlarini ta’minlash uchun emas, balki Rossiyaning Xitoy bilan kuchayib borayotgan munosabatlarini mustahkamlash uchun foydalanilishi bilan bog‘liq real xavf bor¸ demakdir.

Xitoyga re-eksport rejalari

O‘zbekiston hukumatining energetik loyihalariga bevosita ma’sul bo‘lgan sobiq mulozimlardan biri Ozodlikka "Gazli" gaz omborini Rossiya nazoratiga olish harakati Karimov davrida boshlanganini aytadi.

- Timchenko "Gazli"ni olish harakatini 2013-yilda boshlagan. Yozda turkmanlardan gazni arzonga olib¸ "Gazli" omboriga haydab¸ qishda uni qimmatiga Xitoyga re-eksport qilmoqchi edi. Karimov ruxsat bermadi.

Bu loyiha aslida Xitoyning CNPC kompaniyasi bilan 50 ka 50 shartida amalga oshishi kerak edi. Quduq va DKS larni ta’mirlab¸ 8 milliard kub metr saqlashni tashkil etib¸ yozda gazni g‘amlab¸ qishda aholi va Xitoyga eksportga beradigan loyiha edi. Loyiha bo‘yicha ancha ish qilindi. 2016-yil Karimov o‘lishi bilan Alisher Sultonov uni to‘xtatib qo‘ydi.

Keyin 2018-yili "Gazli" gaz ombori va unga tutash konlarni Timchenkoga 850 million dollar investitsiya kiritadi¸ degan yolg‘on bilan tekinga berishdi.

"Gazli" olinganidan keyin 15 gorizontdagi gaz va gaz kondensatni qazib¸ mahsulotni sotib¸ tushgan foydaning bir qismini go‘yo investitsiya qilib ko‘rsatishyapti.

"Gazli" omboridan gaz olib¸ uni ichki iste’molga berish uchun o‘zbek tomoni Timchenkoga pul to‘lashga majbur. Chunki asosiy ta’sischi u.

O‘zbek mulozimining Timchenko va sheriklarining “850 million dollarlik investitsiya” va’dasi “yolg‘on”ligi haqidagi iddaosi¸ bugunga kelib rasman o‘z tasdig‘ini topdi.

Bosh vazir Aripov imzolagan 2024-yilgi investitsiya dasturida loyihaning umum qiymati qariyb 4 baravarga qisqargan - va’da qilingan 850 million dollar 268,7 million dollarga tushirilgan.

Rossiyaning Ukrainaga bosqinidan so‘ng Yevropa bozori "Gazprom" gazidan voz kechishga o‘tdi. Rossiyaning Yevropaga atalgan milliardlab kub metr gazi xaridorsiz qoldi. Bunday vaziyatda Xitoy narxi tushgan Rossiya gazining bosh iste’molchisiga aylandi.

Ammo Rossiyaning Uzoq Sharqdan Xitoyga gaz tashuvchi "Sila Sibiri" quvurlari bu ehtiyojni to‘liq qondirishga tayyor emas. Rossiya Xitoyga yiliga qariyb 50 milliard kub metr gaz sotishga tayyor bo‘lgan joriy vaziyatda¸ "Sila Sibiri" orqali 2023-yili Xitoyga qariyb 23 milliard kub metr gaz yetkazib berilgan.

Муаммо газга бой Ўзбекистоннинг ичида - эксперт
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:11:45 0:00

Ana shunday vaziyatda O‘zbekiston orqali o‘tuvchi Markaziy Osiyo-Xitoy magistrali bu muammoni hal qiladigan yagona muqobilga aylandi.

Mutaxassislar ta’kidicha¸ Xitoy bilan gaz kelishuvlari sharti ancha og‘ir - kechikkan har bir kub metr gaz uchun sotuvchi katta jarima to‘lashga majbur. Shu bois¸ Timchenko va Putin uchun "Gazli" yer osti gaz omborini yozi bilan to‘ldirib¸ qishda uni "O‘ztransgaz" nazoratidagi quvurlar orqali uzluksiz Xitoyga sotish ham siyosiy¸ ham iqtisodiy jihatdan ulkan ahamiyatga ega.

Ukrainadagi urush ortidan yuzaga kelgan yangi geosiyosiy reallikda Rossiya gaz quvurlari o‘tuvchi Qozog‘iston va O‘zbekiston bilan "Gaz ittifoqi" deb atalgan maxfiy kelishuv imzoladi¸ O‘zbekistonga 2.8 milliard kub metr gaz import qilish iddaosi bilan bu quvurlarni revers rejimida ishga tushirdi.

O‘zbekiston hukumati hozirgacha 2023-yil 7-oktabr - Putinning tug‘ilgan kunida tantana bilan start berilgan bu kelishuv ortidan qancha gaz¸ qancha narxda import qilinganiga oid biror ma’lumotni ochiqlamagan.

XS
SM
MD
LG