Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:40

Prezident topshirig‘i. Samarqandda sobiq tuman hokimi sudlanmoqda


Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudida Samarqand tumani sobiq hokimi Nosir Mavlonov boshchiligidagi 4 mansabdor shaxs ustidan sud bo‘lmoqda. Mahkamaga sobiq hokim bilan bir qatorda uning qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari hamda tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi rahbari tortilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yil fevralda Samarqand viloyatiga tashrifi davomida faoliyatida jiddiy xato va kamchiliklarga yo‘l qo‘ygani uchun 10 mulozimni ishdan olgandi. Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ishdan olinganlarning ba’zilariga nisbatan to‘plangan korrupsiya to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida jinoyat ishi ochish masalasi ko‘rilishini bildirgan.

Samarqand xalqaro aeroporti terminalida viloyat mutasaddilari ishtirokida o‘tqazilgan yig‘ilish o‘ta tanqidiy ruhda o‘tgan va prezident viloyatda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmayotganligidan shikoyat qilgan.

Prezident tashrifidan besh kun o‘tib Samarqand viloyat prokurori lavozimida ishlab kelgan Ravshan Masharipov ham lavozimidan bo‘shatilgan va Jizzax viloyatining Zarbdor tumaniga prokuror etib tayinlangan. Viloyat prokurorining ishdan olinishiga aynan prezident Mirziyoyevning tashrifi sabab bo‘lganligi yuzasidan ma’lumotlar mavjud emas.

Ozodlik tasarrufidagi mavjud hujjatlarga, prezident tanqidiga uchragan sobiq tuman hokimi Nosir Mavlonov, go‘yoki “o‘z arizasiga binoan” vazifasidan ozod etilgan.

Bugunga kelib, Samarqand viloyat prokurori tomonidan Nosir Mavlonovga nisbatan O‘zbekiston respublikasi Jinoyat kodeksining 205-moddasi (“Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish”) 207-moddasi (“Mansabga sovuqqonlik bilan qarash”) va 229/4-moddasi (“Er berish tartibini buzish”) bilan bog‘liq jinoyatlarni sodir etganlik bo‘yicha ayblov e’lon qilingan.

Ushbu jinoyat ishi sudida bevosita qatnashayotgan mahalliy faolning shaxsini ochiqlamaslik sharti bilan Ozodlikka bildirishicha, sobiq tuman hokimi Nosir Mavlonov 2019-2021-yillarda suvli yerlarni muomaladan chiqarish va qurilishga ajratish davomida, davlatga to‘lanishi kerak bo‘lgan zararni qoplash choralarini ko‘rmagani, auksionsiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri yer ajratish bo‘yicha qaror chiqargani, fermer xo‘jaliklari foydalanuvida bo‘lgan yerlarini majburan olib qo‘ygani va boshqa holatlar bo‘yicha sudlanmoqda.

Shuningdek, mahalliy faol joriy yil 30-avgust kuni bo‘lib o‘tgan sud muhokamasi davlat ayblovchisi - prokuror ishtirokisiz bo‘lgani va unda mutaxassis sifatida jalb qilingan Davlat kadastr agentligi xodimlari so‘roq qilinganini aytmoqda.

Nosir Mavlonov 1971-yilda Samarqand viloyatining Ishtixon tumanida tug‘ilgan va 1996 yildan asosan soliq idoralarida faoliyat ko‘rsatib kelgan. Mulozim 2019-yil Samarqand tuman hokimi lavozimiga tayinlangan va ungacha Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan bo‘lgan.

Ayni paytda, sudlanuvchi kursisiga kelgan Nosir Mavlonovni Samarqand viloyat sudi sudyalari malaka hay’ati sobiq raisi, o‘tmishda aynan Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi lavozimida ishlagan To‘lqin Qodirov boshchiligidagi advokatlar guruhi himoya qilmoqda.

Hozirda himoyachi advokatga aylangan To‘lqin Qodirov, 2021-yilning iyulida sudya maqomida bo‘lgan va Samarqand viloyat sudining jinoyat ishlari bo‘yicha hay’ati tarkibida bloger Otabek Sattoriyning apellyatsiya sudini ham ko‘rib chiqqandi. O‘shanda u blogerga tayinlangan 6,5 yillik qamoq jazosini o‘zgarishsiz o‘z kuchida qoldirgan.

Otabek Sattoriy prezident Shavkat Mirziyoyevning hokimiyat tepasiga kelganidan buyon birinchilardan qamalgan blogerlardan biri. Sattoriydan so‘ng matlakatda blogerlik faoliyati ortidan qamalganlarning soni oshib bormoqda. Ozodlik joriy yil iyul oyining o‘zida 4 ta mahalliy blogerlarning qamalganligi haqida xabar bergan edi.

Sudyalar oliy kengashi matbuot kotibining Ozodlikka bildirishicha, hozirda advokat maqomidagi To‘lqin Qodirov joriy yilning 4-fevralida “60 yoshga to‘lgani va sudyalikdan charchagani” sababli o‘z arizasiga binoan muddatidan oldin sudyalikdan ketgan.

Samarqandlik taniqli jurnalist Karimberdi To‘ramurod 2019-yilning sentabr oyida "Samarqandda yangi mafiya" sarlavhasi ostidagi video orqali viloyatdagi huquq-tartibot organlarining fuqarolarga tuhmat uyushtirib ularni asossiz jinoiy javobgarlikka tartib kelganligi haqida xabar bergan edi.

Jurnalist ushbu jarayonlarga o‘sha paytdagi Samarqand shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudi raisi lavozimida ishlagan To‘lqin Qodirovning ham aloqadorligi haqida aytib o‘tgan edi.

O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Karimberdi To‘ramurod tomonidan e’lon qilingan maqolani mamlakatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarni obro‘sizlantirish orqali ularning qonuniy faoliyatiga nisbatan nafrat uyg‘otishga qaratilgan ochiq harakat deb baholagan edi.

Prezident Mirziyoyev hokimiyat tepasiga kelganidan buyon hokimlarning yer ajratish bilan bog‘liq vakolatlarini qisqartirishga harakat qilmoqda. Shunga qaramasdan mamlakatdagi yer bilan bog‘liq munosabatlar eng korrupsiyalashgan tizimlardan biri ekani aytiladi.

Ozodlik sobiq tuman hokimi Nosir Mavlonovning noqonuniy yer ajratganligi faoliyati bilan bog‘liq sud jarayonini kuzatishda davom etadi.

XS
SM
MD
LG