Линклар

Шошилинч хабар
28 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:44

Prezident saylovi: Mirziyoyevning eski-yangi va’dalari


9-iyul kuni o‘tadigan navbatdan tashqari saylovda, amalda, uchinchi muddatga saylanishi kutilayotgan prezident Shavkat Mirziyoyevning saylovoldi va’dalariga e’tibor bersangiz, u saylovchilariga “agar meni saylasangiz” deb xitob qilayotgani yo‘q.

Ammo va’dalarni prezident berayotgani ularning so‘zsiz amalga oshishini anglatmaydi. Bu va’dalardan ayrimlari, ikkinchi, uchinchi yoki undan ko‘proq marta yangramoqda.

Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir payti prezident Islom Karimov bilan Mustaqillik bayrami tantanalarida. 2007-yil. 31-avgust.
Shavkat Mirziyoyev Bosh vazir payti prezident Islom Karimov bilan Mustaqillik bayrami tantanalarida. 2007-yil. 31-avgust.

O‘zining ustozi va o‘tmishdoshi Islom Karimovdan farqli Shavkat Mirziyoyev saylovdan saylovga nomzodi ilgari surilayotgan partiyani o‘zgartirgani yo‘q. O‘tmishda kommunistik partiya a’zosi bo‘lgan 65 yashar Mirziyoyev tadbirkorlar va ishbilarmonlar partiyasi nomini olgan Liberal demokratik partiyaga sodiq chiqib qoldi.

Ammo prezidentligiga qadar o‘n uch yil Islom Karimovning bosh vaziri bo‘lgan Mirziyoyev o‘tmishda tadbirkor yoki fermerlarga alohida muhabbati yoki g‘amxo‘rligi bilan ajralib turgan emas.

Paxta rejasini bajara olmagani uchun mol-mulki musodara qilingan fermerlar orasida “Mirziyoyevning oyboltasi” iborasi mashhur bo‘lgan edi.

Ammo bular eski Mirziyoyev haqida. Yangisi - 2016-yilda hokimiyatga kelgan Mirziyoyev saylovchilar qarshisida kutilmaganda islohotchi sifatida gavdalandi. Uning O‘zbekistonni dunyoga ochish va inson huquqlari ahvolini yaxshilash haqidagi va’dalari tashqi dunyoda iliq kutib olingan bo‘lsa, gaz va elektr ta’minoti haqidagi va’dalari ichkaridagi saylovchining ko‘nglida umid chirog‘ini yoqayotgandi…

Ammo o‘tgan 6,5 yilda o‘zbek saylovchisining uyida chiroq uzluksiz yonmadi. Aholining gaz va elektr muammosi hal qilinmadi. Qaytaga, poytaxt Toshkentda ham chiroq o‘chishlari odatiy holga aylandi. Tarmoqlarda “Karimov davrida hech qursa, Toshkentda svet o‘chmasdi”, degan yozg‘irishlar paydo bo‘ldi.

Uchinchi bor nomzodi prezidentlikka qo‘yilishi arafasida Mirziyoyev yana elektr ta‘minotini yaxshilashga va’da berib, mas’ullarga yozda elektr tizimining uzluksiz ishlashini ta’minlash vazifasini yukladi. Bu gapdan ikki hafta o‘tib, mamlakat poytaxtining butun boshli tumanlari chiroqsiz qoldi. So‘nggi haftalarda Toshkentda elektr ta‘minotida surunkali uzilishlar kuzatilmoqda.

“O‘zavto monopoliyasi” Shavkat Mirziyoyevning bu yilgi saylovoldi va’dalari sirasidan yana o‘rin oldi.

Prezident bu gal “avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘ladi” deb va’da berdi.

Zotan, O‘zavto monopoliyasini tugatish - Mirziyoyev hukumati yillardan buyon bajarmayotgan katta va’dalardan biridir.

Navbatdagi muddatida Shavkat Mirziyoyev 4 ta avtomobil korxonasini ochib, rostdan ham monopoliyani tugatadimi va nihoyat, O‘zbekistonda yiliga 350 ming o‘rniga 1 millionta mashina chiqariladimi yoki yo‘qmi - mavhum, ya’ni bu Mirziyoyevning va’dasi, xolos.

Shunday katta va’dalardan yana biri - kambag‘allikni tugatish.

Prezidentning aytishicha, shu kunda O‘zbekistonda 9 yarim million aholi, ya’ni 36 mln 200 mingdan ortiq aholining qariyb 26 foizi kambag‘al yoki kambag‘al bo‘lish arafasida.

Mirziyoyev, buncha aholini kambag‘allikdan chiqarish uchun bundan buyon har yili 1 milliard dollardan mablag‘ ajratiladi, deyapti.

Ammo, yiliga milliardlab dollar mablag‘ ajratilayotgan kambag‘allikdan

Kambag‘al aholi gaz muammosini tappi orqali yechishga urinmoqda
Kambag‘al aholi gaz muammosini tappi orqali yechishga urinmoqda

chiqarish siyosati ish beryaptimi? Berayotgan bo‘lsa, nega kambag‘allar soni kamayish o‘rniga, prezidentning o‘zi tan olgani kabi, ortib boryapti - bu savollarga prezident ham, uning mulozimlari ham aniq javob bermaydi.

Rahbarlar, hatto birgina asosiy me'yor - bozorda bugungi narxlarga muvofiq belgilangan minimal iste’mol xarajatlari miqdorini ochiq ayta olmaydi.

"Oxirgi marta 2022-yilda minimal iste’mol xarajatlari belgilangandan buyon yig‘ilgan inflyatsiya 17%dan oshdi, oziq ovqat inflyatsiyasi 23%ga yetdi. Kambag‘allik minimumi uchun belgilangan 498 ming so‘m o‘zgartirilmay qolmoqda… Kambag‘allik minimumi oshsa, shunga yarasha ijtimoiy to‘lovlarni indeksatsiya qilish kerak-da a, shundaymi? O‘zingizga pul topilyaptiku, nega kambag‘alga topilmaydi?”, deya yozdi iqtisodchi Otabek Bakirov.

Mirziyoyev keyingi 7 yillik prezidentlik muddatida yana bloger va jurnalistlarga tayanmoqchi.

Ularni o‘zi boshlagan islohotlarning “nurli davomchilari, mening eng ishonchli kuchim” deb atadi.

Ammo, adolatni gapirishga uringan, ayniqsa prezidentning o‘zi va ijrochilarini tanqid qilayotgan blogerlar, aynan Mirziyoyev boshqaruvidagi hukumatning bosimidan shikoyat qilmoqda.

Ya’ni, yana va’da boshqa, amaliyot esa tamomila boshqaligini aytmoqdalar.

Shu kunda aksar xalqaro huquq tashkilotlari Mirziyoyev prezidentlikka kelgan paytida bergan diniy erkinliklardan bugun nima qoldi, degan savolni o‘rtaga tashlamoqda.

Jumladan The Diplomat nashri: “Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston”ida diniy erkinlik eski Karimov davridagidek tazyiq ostida qolmoqda”, deb yozdi.

Ammo Mirziyoyev diniy erkinliklar yana cheklanmoqda, degan tanqidlarga javoban, O‘zbekiston masjidlarida azon ovozi qayta yangray boshlaganini misol keltirdi.

Ammo, ayni paytda o‘g‘li nashida eshitgani uchun qamalgan o‘g‘lining taqdiriga yig‘layotgan onalar Mirziyoyevdan ko‘proq narsa umid qilmoqda.

Shavkat Mirziyoyev bu galgi saylovoldi dasturida ham fuqaroviy jamiyat erkinligi va qonun ustuvorligini ta’minlashni va’da qilmoqda.

Vaholanki, bu saylov arafasida ham, avvalgilarida bo‘lgani kabi, dindor qatlam va siyosiy faol vatandoshlar ustidan favqulodda kuchaygan nazorat, ta’qib va hibsga olishlar kuzatilmoqda.

"9-iyul kuni O‘zbekistonda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tadi va unda Mirziyoyev g‘alaba qozonadi. Saylovdan so‘ng uning rejimi yo‘qotadigan hech narsa qolmaydi, rejim tanqidchilari – jurnalistlar, faollar va diniy jamiyatga nisbatan repressiya yanada qattiqlashishi mumkin", deb yozdi The Diplomat.

Mirziyoyevning yana bir katta va’dasi - o‘qituvchining oyligini 1000 dollarga yetkazish haqidagi va’dasidir. So‘nggi chiqishlaridan birida u o‘qituvchining maoshini "1000 dollarga yetkazmaguncha to‘xtamayman", degan. Albatta, oxirgi saylovoldi dasturida u 1000 dollar demadi, o‘qituvchilar maoshi ikki barobar oshiriladi, dedi va ta’lim sohasida o‘zgarishlar qilishga va’da berdi.

Mirziyoyevning saylovoldi dasturidan:

  • Keyingi 7 yilda har bitta bog‘chada kompyuter sinfi bo‘ladi.
  • Barcha maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilarining har biriga planshetlar beriladi.
  • Prezident maktablariga o‘xshagan “Iste’dod, intilish, istiqbol” nomli maktab internatlar ochiladi.
  • Informatika fanini o‘qitish 1-sinfdan boshlanadi.
  • Barcha maktablarga xorijdan chet tili o‘qituvchilari olib kelinadi.
  • Chekka hududlarda bepul maktab avtobuslari qatnay boshlaydi.
  • Maktablarda 30-35 nafardan ortiq bola o‘qiydigan sinflar umuman bo‘lmaydi

Mirziyoyev o‘zining saylovoldi tashviqot kampaniyasida ta’limni rivojlantirishni urg‘ulayotgan bir paytda, tarmoqlarda tashlandiq bir maktab aks etgan video trendga chiqdi. Ushbu maktab Surxondaryo viloyati, Sho‘rchi tumani, Elbayon shaharchasida joylashgani aytilmoqda.

Mirziyoyevning prezidentlik saylovoldi dasturlarida takrorlanadigan yana bir va’dasi - Yalpi ichki mahsulot hajmini oshirish bilan bog‘liq.

Mirziyoyev bu va’dani 2016-yil ilk bor prezidentlik kursisiga o‘tirishi arafasi ham bergan ya’ni uning ilk saylovoldi dasturida ham ayni va’da bor edi.

"Bizning oldimizda 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini ikki barobardan ziyod ko‘paytirish, iqtisodiyotimiz tarkibida sanoatning ulushini 40 foizga yetkazish bo‘yicha o‘ta muhim vazifalar turibdi", degan edi Shavkat Mirziyoyev 2016-yildagi saylovoldi nutqida.

Prezidentga ko‘ra, shu kunda yalpi ichki mahsulot hajmi 80 milliard dollar, aholi jon boshiga daromad esa 2 ming dollarga yetgan.

Ayni paytda iqtisodchi Jamshid Muslimov Mirziyoyevning Yalpi ichki mahsulot hajmini ikki baravarga oshirish va’dalari ijrosini savol ostiga oladi.

Иқтисодчи Жамшид Муслимов билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:01 0:00

O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi joriy yilning 9-iyuliga belgilangan. Tahlilchilar natijasi oldindan ma’lum saylovda katta farq bilan Mirziyoyev g‘alaba qozonishiga shubha qilishayotgani yo‘q.

O‘zining tashviqot kampaniyasini o‘tgan yili qonli mojarolar markazida qolgan Qoraqalpog‘istondan boshlagan Mirziyoyev o‘zbek va qoraqalpoq xalqi uchun ishlashdan charchamasligini aytdi.

Mirziyoyev mamlakat bo‘yicha aholining mol-mulk va yer soliqlaridan qarzdorliklari bo‘yicha 500 milliard so‘m penyani kechib yuborishga, mahallalar uchun yo‘lga qo‘yilgan “Ochiq byudjet” loyihasi mablag‘larini 3 karra oshirishga va’da berdi.

"Mirziyoyevning va’dalari menga o‘tgan asrning 50-yillarida

Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov
Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov

sovet rahbari Nikita Xrushchev bergan va’dalarni eslatadi. Xrushchev 20 yildan keyin kommunizm qurishni va’da qilgan edi. Amalda 20 yildan keyin nima bo‘lgani ma’lum – Sovet Ittifoqida turg‘unlik davri boshlandi…Hozirgi va’dalar Sovet Ittifoqi davridagi rejalashtirishni yodga soladi. Biz shuncha milliard tonna sement, po‘lat yoki deylik falon million tonna paxta yetishtiramiz, qabilidagi. Masalan, Mirziyoyev 1 million dona avtomobil ishlab chiqaramiz, deyapti. Ammo bu uning bozor iqtisodiyotini yoki xususiy biznesni rivojlantiramiz, degan bayonotiga zid keladi. Bozor iqtisodiyoti sharoitida qancha mahsulot ishlab chiqarshini biznesning o‘zi bozor sharoitlaridan, talab va taklifdan kelib chiqib hal qiladi. Tepadan biznesga reja qo‘yish buyruqbozlikka asoslangan eski iqtisodiy tartibni yodga soladi. O‘z vaqtida Islom Karimov ham xuddi shunday yo‘l tutgan, iqtisodiyotni qo‘l bilan boshqarishga uringandi", deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov.

Mirziyoyev 6,5 yil avval ichimlik suvi masalasini ham hal qilishga va’da bergan edi. Biroq tarmoqlardagi postlar va Ozodlikka kelayotgan xabarlarda ichimlik suvi muammosi hanuz dolzarbligicha qolayotganini ko‘rish mumkin. Suv masalasi eng muammoli hududlardan bo‘lgan Xorazmga borgan Mirziyoyev suv bo‘yicha eski va’dasini takrorladi.

Mirziyoyev 2030-yilga qadar Xorazmning 9 ta shahar va tumanidagi 1 million aholining suv ta’minotini yaxshilashga va’da berib, bunga 100 million dollar yo‘naltirilishini aytdi.

Mirziyoyev hozircha va’dalari amalga oshishi uchun tilga olayotgan katta summadagi raqamlar manbaini ochiqlaganicha yo‘q. Jumladan, u 500 ta bog‘cha qurishga 2 trillion sarflamoqchi. Faqat pul qayerdan? Bu savol javobi hozircha yo‘q.

Diqqatingizni yana suv masalasidagi Mirziyoyev va’dalariga qaratsam. U 6,5 yil avval qishloq xo‘jaligidagi suv muammolari “zamonaviy intensiv agrotexnologiyalar” yordamida hal qilinishini aytgan edi. Biroq fermerlar bu muammo o‘z yechimini topmagani sabab aziyat chekib kelishmoqda. Mirziyoyev yangi saylovoldi va’dalarida bu muammoni hozircha tilga olmadi.

Ammo, 30-may kungi chiqishida Mirziyoyev O‘zbekistonni suvsiz qolishiga sabab bo‘lishi aytilayotgan Tolibon qurayotgan Qo‘shtepa kanali masalasini ilk bor tilga oldi.

Kanal qurilishi oqibatida O‘zbekistonga keladigan suv hajmi 15 foizga kamayishi va bu qurg‘oqchilikni yanada og‘irlashtirishi kutilayotganini aytdi:

Ekspertlarga ko‘ra, Amudaryo suvining uchdan birini olib qo‘yadigan Tolibon kanali O‘zbekistonda yangi ekologik fojiaga sabab bo‘lishi mumkin.

Mirziyoyevning yangi dasturiga nazar tashlasangiz, katta-kichik ijtimoiy va iqtisodiy masalalargina tilga olinganini ko‘rasiz, biroq mamlakat siyosiy tizimini qay tariqa rivojlantirishi, demokratik yo‘nalishda qanday taraqqiy etishiga umuman to‘xtalmagan.

"Aftidan, Mirziyoyev mazkur yo‘nalishda biron tuzukroq taklif bilan chiqa olmasligini tushunib, siyosiy islohotlarga doir bandlarni o‘z dasturiga mutlaqo kiritmagan va saylov tizimiga oid bandnigina qoldirib, uni ham mantiqqa zid ekaniga qaramay, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar sirasiga qo‘shib yuborgan. Mazkur bandda, jumladan, hokimlar bundan keyin mahalliy kengashlar oldida hisobdor bo‘lishi haqida so‘z boradi. Umuman olganda bu yomon emas. Lekin muammo shundaki, kengashlarning o‘zi erkin saylov yo‘li bilan tuziladigan demokratik organ hisoblanmaydi. Loaqal mahalliy saylovlarda bir oz raqobat yaratish uchun muxolifatning saylovda qatnashishiga ruxsat berish haqida takliflar bo‘lgan edi, biroq ko‘ryapmizki, bu xususda hech gap yo‘q. Binobarin, mahalliy kengashlar, garchi rasman hokimdan hisob so‘rash vakolatiga ega bo‘lsa-da, ijro hokimiyati va hokimlar nazoratida qoladi", deydi Londondagi Central Asia Due Diligence tahlil markazi rahbari Alisher Ilhomov.

Jurnalist Ulug‘bek Ashur Mirziyoyevning oldingi va’dalarini tahlil qilarkan, bu va’dalarning va’daligicha qolib ketganini aytadi.

Журналист Улуғбек Ашур билан суҳбат
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:05 0:00

Mirziyoyev saylovoldi uchrashuvlarida 6,5 yil avval bergan va’dalari nimaga bajarilmay qolib ketayotganiga biror marta to‘xtalmadi.

"6,5 yil poydevor yaratdik, keyingi 7 yilda Yangi O‘zbekiston binosini tiklaymiz", dedi Mirziyoyev joriy yilning 30-may kungi nutqida.

XS
SM
MD
LG