Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:56

Poroxga aylangan paxta. Rossiya harbiy maqsadda O‘zbekistondan tonnalab xomashyo olmoqda - BBC


Illyustrativ surat.
Illyustrativ surat.

Rossiya o‘z harbiy zavodlarida porox va snaryad ishlab chiqarish uchun O‘zbekistondan katta miqdorda paxta sellyulozasini import qilmoqda.

Bi-Bi-Si rus xizmati jurnalistlari olib borgan surishtiruv Yevropa Ittifoqi sanksiya joriy etganiga qaramay, Moskva harbiy maqsadlarda sellyuloza sotib olishning uddasidan chiqayotganini ko‘rsatgan.

“Vajniye istorii”, Vlast.Kz nashrlari hamda Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha surishtiruv markazi (OCCRP) o‘rganishlari eng ichidagi oldi-sotdi ko‘lami Ukraina bosqinidan keyin ham oshib borayotganini ko‘rsatdi.

2020-yilda O‘zbekiston mudofaa sanoati davlat qo‘mitasi Qozon porox zavodi bilan bitim imzolagan. Tatariston sanoat vazirligi tarqatgan rasmiy xabarda Rossiya O‘zbekistonga porox, O‘zbekiston esa Rossiyaga paxta sellyulozasini yetkazib berish majburiyatini olgani qayd etilgan.

"Уларга фермер устидан ҳукмронлик керак" - кластерлар пахта пулини бермаяпти
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:16:38 0:00

Aniqlanishicha, Qozon porox zavodi O‘zbekistondan 2019-yilda 48 tonna paxta sellyulozasini sotib olgan bo‘lsa, 2022-yil davomida va 2023-yil boshida Farg‘ona kimyo zavodidan 2,1 mln dollarlik 1225 tonna xomashyo xarid qilgan. Bu esa oldi-sotdi hajmi 2019-yilga nisbatan 25 baravar ortganidan dalolat beradi.

Farg‘ona kimyo zavodi Rossiyadagi boshqa harbiy zavodlarga ham xomashyo yetkazib bergan. Masalan, Perm porox zavodi 26 tonna, Aleksin kimyo kombinati 79 tonna sellyuloza sotib olgan.

Tambov porox zavodi ham o‘zbek xomashyosining xaridorlari sirasiga kiradi. Mazkur zavod 2022-yilda O‘zbekistondagi “RAW MATERIALS CELLULOSE” shirkati bilan 253 tonna sellyuloza uchun bitim tuzgan. Oldi-sotdida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalardan tashqari bilvosita usullardan ham foydalanilgan.

“Vajniye istorii”, Vlast.Kz nashrlari hamda Korrupsiya va uyushgan jinoyatchilik bo‘yicha surishtiruv markazining qo‘shma surishtiruvida ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekiston firmalari Rossiyaga 2022-yilda 5 million dollarlik, 2023-yilning 9 oyida esa 8,7 million dollarlik paxta sellyulozasi yetkazib bergan. Shu tariqa Rossiya sotib olgan sellyulozaning yarmidan ziyodi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan. Qolgan ehtiyoj Qozog‘iston hisobidan qoplangan.

Surishtiruv davomida sanksiya ostidagi xomashyo eksportchilari kimlar ekaniga ham oydinlik kiritilgan.

2021-yilgi hujjatlarda O‘zbekiston Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki Farg‘ona kimyo zavodining to‘laqonli muassisi deb ko‘rsatilgan.

2023-yilda davlat banki nazoratidagi zavod xususiy qo‘llarga – Rossiya fuqarolari Rustam Muminov va Mixail Gluxov ixtiyoriga o‘tgan.

Hujjatlarda nomi zikr qilingan “RAW MATERIALS CELLULOSE” shirkatini ham aynan R.Muminov nazorat qiladi. E’tiborga molik jihati, sanksiya ostidagi rus zavodlariga xomashyo yetkazib berayotgan shirkatning bosh qarorgohi Polsha poytaxti Varshava shahrida joylashgan.

Ғаниев кластерга фермер пахтасини териб кетишга рухсат берди. Бу қонунга зид
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:28:53 0:00

Bi-Bi-Si rus xizmati paxtachilik O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim yo‘nalishlaridan biri ekani, davlat ushbu serdaromad va serzahmat sohani hamon o‘z nazoratida saqlab kelayotganiga e’tibor qaratgan.

Kuz mavsumida dalaga safarbar etilgan yuz minglab hasharchilar O‘zbekistonning ulkan paxta xirmonini yaratadi. So‘ng qayta ishlash usuli bilan paxta tolasidan sellyuloza olinadi. Paxta sellyulozasi porox hamda snaryad ishlab chiqarishda muhim xomashyo sanaladi.

O‘zbekiston prezidenti administratsiyasi va Alliance Capital kompaniyasi Bi-Bi-Si jurnalistlarining so‘rovini javobsiz qoldirgan.

XS
SM
MD
LG