Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 12:44

Pandemiya davrida qiynalgan tadbirkorlar yoshlarni ish bilan ta’minlashga majburlanmoqda


Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 18-30 yosh orasidagi fuqarolarning 17 foizi yoki qariyb 1 million nafari ishsiz
Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 18-30 yosh orasidagi fuqarolarning 17 foizi yoki qariyb 1 million nafari ishsiz

O‘zbekistonda "Har bir tadbirkor-yoshlarga madadkor" dasturini amalga oshirish jarayonida joylarda xususiy shirkatlardan ishsiz yoshlarni ish bilan ta’minlash so‘ralmoqda.

Ozodlik suhbatlash xususiy biznes egalari pandemiya bois qiyin ahvolga tushib qolganliklariga qaramasdan 18-30 oralig‘idagi yoshlarni ish bilan ta’minlashga majburlanayotganliklarini aytishdi.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, O‘zbekistonda 18-30 yosh oralig‘idagi fuqarolarning 17 foizi yoki qariyb 1 million nafari ishsiz.

Rasman qayd etilmagan ishsizlar soni esa bundan ancha ko‘pligi taxmin qilinadi.

"Har bir tadbirkor-yoshlarga madadkor" dasturi doirasida 2021 - yilda mamlakat bo‘yicha kamida yarim million yoshni ish bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda joriy yil boshidan "Har bir tadbirkor-yoshlarga madadkor" umumxalq harakati e’lon qilindi.

Unga muvofiq, yoshi 18-30 oralig‘ida bo‘lgan ishsiz qatlamni ish bilan ta’minlash tadbirkorlar zimmasiga yuklatiladi.

Buning evaziga tadbirkorlarga imtiyozlar va’da qilinmoqda.

Ammo pandemiyadan zarar ko‘rgan ayrim kichik va o‘rta biznes egalari qo‘shimcha ishchi olish o‘zlariga og‘ir yuk bo‘layotganini aytishmoqda.

"O‘lganning ustiga tepganday bo‘lyapti"

Shaxsi ochiqlanmasligini so‘ragan buxorolik tadbirkor Ozodlik bilan suhbatda yangi olinadigan ishchilarga oylik to‘lash uchun yetarli mablag‘i yo‘qligini aytadi.

"Kandolatchilik seximiz bor. Oilaviy biznes. Anovi kuni Davlat xizmatlari agentligining Buxoro viloyati boshqarmasidan kelib, 5ta odamni ishga olasan, deyapti. Qo‘lida tayyor yozilgan kafolat xati. O‘zi minusdaman, karantin payti olti oy ishlamadik. Hozir o‘lganni ustiga tepganday bo‘lyapti. Ishga olsam yengillik bo‘lar ekan. "Lekin men ularni oyligini qanday to‘layman?", desam "siz shu tilxatga qo‘l qo‘ying u yog‘i bir gap bo‘lar", deydi. Qo‘l qo‘yib berdim, - deydi tadbirkor.

Avtomobillarni ta’mirlash bilan shug‘ullanadigan xorazmlik tadbirkor Rustam Ro‘zmetov ham qo‘shimcha ishchi olishga qurbi yo‘qligi, lekin bunga ko‘nmasa "qora ro‘yxat"ga tushib qolishdan qo‘rqishini aytdi.

"Shogird qilib bo‘lsa ham hech bo‘lmasa ikki odamni ishga ol, deyapti. O‘zi minusdaman. Ishga olsam oyligini qayerdan beraman? Ishga olmasam ertaga nalogoviy keladi, u qiladi, bu qiladi. Shunday bosim bo‘lyapti biznesga", - deydi Ro‘zmetov.

O‘zbekistonning boshqa viloyatlarida ham Davlat xizmatlari agentligi xodimlari o‘rta va kichik biznes egalaridan yoshlarni ishga olish borasida tilxatlar olishga safarbar etilgan.

Davlat xizmatlari agentligi xodimlari yoshlarni ishga olishga tadbirkorlarni ko‘ndirishga safarbar etildi.
Davlat xizmatlari agentligi xodimlari yoshlarni ishga olishga tadbirkorlarni ko‘ndirishga safarbar etildi.

Davlat xizmatlari agentligining Samarkand viloyat boshqarmasi xodimiga ko‘ra, ular ishdan tashqari vaqtlarda ham tadbirkorlarni yoshlarni ishga joylashtirganiga oid hisobotlarni to‘plash bilan band.

"Mana necha kundirki, tuman va shahar markaz xodimlarini tadbirkorlarga yoshlarni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha ravishda ishdan tashqari kechgacha hisobot so‘ralmoqda va ishdan bo‘shatish, intizomiy jazo choralarini qo‘llash yuzasidan vazifalar berilmoqda. Markaz xodimlari fuqarolar bilan ishlasinmi yoki tadbirkorlarga noqonuniy ishga joylash bo‘yicha ishlarni amalga oshirsinmi?, - deydi Davlat xizmatlari agentligining ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi.

U bandlik bo‘yicha to‘plangan hujjatlar nusxasini Ozodlikka taqdim qildi.

Davlat xizmatlari agentligi xodimlari yoshlarni ishga olishga tadbirkorlarni ko‘ndirishga safarbar etildi.
Davlat xizmatlari agentligi xodimlari yoshlarni ishga olishga tadbirkorlarni ko‘ndirishga safarbar etildi.

"Navbatdagi yolg‘on"

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan Davlat xizmatlari agentligining ba’zi xodimlari talabni bajarish uchun ish beruvchidan nomiga bo‘lsa ham tilxatlarga qo‘l qo‘ydirib olishga majbur bo‘layotganliklarini aytishadi.

"Hammasi soxta, nomiga qilinyapti, hokimlikka mana shuncha ish bilan ta’minlandi, deb hisobot berishsa bo‘ldi", - deydi Davlat xizmatlari agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi xodimi.

Ozodlik O‘zbekiston Davlat xizmatlari agentligidan bu iddao yuzasidan izoh ololmadi. Agentlikning rasmiy saytida keltirilgan matbuot xizmati telefoniga kun davomida bog‘lanib bo‘lmadi.

O‘zbekistonning 35 millionli aholisidan 20 million kishi mehnatga layoqatli yoshda.

Turli hisob-kitoblarga ko‘ra, ishlash layoqatli o‘zbekistonliklarning 5-6 millioni xorijiy davlatlarda doimiy yoki mavsumiy mehnat bilan band.

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasining o‘tgan yil oktabr oyida e’lon qilgan so‘nggi hisobotida esa mamlakatda ishsizlik darajasi 13 foizni tashkil etgani aytiladi.

Rasmiy raqamlarda bundan oldin ishsizlik 9 foiz qilib ko‘rsatilgan, ishsizlar sonining 4 foizga ortishiga esa pandemiya tufayli qator korxonalar faoliyatini to‘xtatishi sabab bo‘lgan.

Ozodlik o‘tgan hafta Xorazmning Pitnak shahridagi Artel korxonasi oldida ishga kirish uchun minglab odam to‘plangani haqida xabar bergan edi.

Шунча одам ишсизми? Хоразмда "Артел"га ишга кириш учун минглаб одам тўпланди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:01:57 0:00

Ishsiz odamlar izdihomi aks etgan Ozodlik videosi ostida sharh qoldirgan ayrim o‘zbekistonliklar nafaqat Xorazm, balki butun mamlakatda ishsizlik bilan bog‘liq vaziyat o‘xshash ekanini aytishgan.

O‘tgan oy yoshlar bandligi mavzusidagi selektor majlisida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham ishsizlik rasmiy statistikada keltirilganidan ancha ko‘p ekanini tan olgan edi.

"Bechora bolalar ishsiz yursa, men kabinetda qanday tinch o‘tiraman?, -degan prezident Mirziyoyev.

O‘zbekiston rahbari o‘z chiqishida mamlakatda 18-30 yosh oralig‘idagi fuqarolarning 17 foizi yoki 844 ming nafari ishsiz ekanini bildirgan. U rasman qayd etilmagan ishsizlar soni bundan-da ko‘p ekanini ham ta’kidlagan.

"Masalan, Farg‘ona viloyatida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 703 ming fuqaroning 81 ming nafari ishsiz sifatida ro‘yxatga olingan. Qayta hisob-kitoblardan so‘ng bu raqam yana 100 mingga ko‘paygan".

Mirziyoyev ishsiz yoshlarning rasmiy sonidagi bunday noaniqliklar boshqa hududlarda ham kuzatilayotganini qo‘shimcha qilgan.

XS
SM
MD
LG