Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:56

OzodMikrofon: O‘g‘lim bilan birga o‘g‘rilik qilgan ichki ishlar xodimlari jazosiz qoldi


Jizzax viloyati Zomin tumanidan OzodMikrofon rukniga bog‘langan 61 yashar Ashurali Shukurov o‘g‘rilikda ayblanib mahkum etilgan o‘g‘lini jinoyatga undagan ichki ishlar xodimlari jazosiz qolayotganini da’vo qildi.

Ashurali Shukurovning 27 yashar o‘g‘li Muhiddin Shukurov mol o‘g‘irlashda ayblanib, 2 yilu 7 oyga ozodlikdan cheklash bilan jazolangan.

Ashurali Shukurov iddaosicha, o‘g‘li o‘g‘rilikni “ichki ishlar xodimlari bilan hamkorlikda” amalga oshirgan va unga nisbatan qiynoq qo‘llangan.

Jizzax viloyati Zomin tumanidagi Birlik mahallasi, Nayman ko‘chasi, 57- uyda yashovchi 61 yashar Ashurali Shukurov 5 - mart kuni Ozodlikka bog‘lanib, o‘g‘li bilan birgalikda o‘g‘rilik qilib, jazosiz qolgan ichki ishlar xodimlari ham javobgarlikka tortilishini talab qildi.

Shukurov iddaosicha, qassoblik qiladigan o‘g‘li Muhiddin Zomin tumani Ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda mol o‘g‘irlash bilan shug‘ullangan:

- O‘g‘lim ichki ishlar xodimlari bilan birgalikda o‘g‘rilik jinoyatini sodir etgan. O‘g‘lim qassob edi. 2019 - yilda o‘g‘lim ichki ishlar xodimlari bilan yaqin bo‘lgan, ular bilan birga yurardi. Ichki ishlar xodimlari o‘g‘limga “Daladan mol o‘g‘irlab kelsang, hech qanday barmoq izing qolmaydi. Biz seni himoya qilib turamiz”, degan. O‘g‘lim o‘shalarning ko‘rsatmasi bilan 3ta jinoyat sodir etgan haqiqatan ham. Zomin tumani Ichki ishlari xodimlari bilan bordi-keldi qilib yurib, shularning gapiga kirib, jinoyat qilgan. Biz yashaydigan joylar adirlik. O‘g‘lim adirda o‘tlab yurgan mollarni o‘g‘irlab, olib kelib so‘ygan. Go‘shtini Toshkentga olib borib, Chorsu bozorida ko‘tara sotgan. Pulni yarmini ichki ishlar xodimlariga bergan, yarmini o‘zi ishlatgan.

Shukurov iddao qilishicha, 2019 - yil oxirida o‘g‘li bilan ichki ishlar xodimlari o‘rtasida kelishmovchilik chiqqani oqibatida qamoqqa olingan:

- Menimcha, “pulni o‘zingga ko‘proq olib qolding” deb, o‘g‘limni ushlab berishgan. O‘g‘lim bilan oldi-berdi qilib yurgan ichki ishlar xodimlarining o‘zlari Toshkentga borib, ushlab olib kelishdi. Shu bilan o‘g‘limni qamoqqa olishdi ular. Zakaz bilan qilindi, bularning barchasi. O‘zlari uyushtirib o‘zlari qilishdi. O‘g‘lim qo‘lga tushgach, ular o‘g‘limni qiynab, kallasiga salafan kiygizib qiynab, “10 ta ishni bo‘yningga olasan” deyishadi. O‘g‘limni qiynagan ichki ishlar xodimlari ishdan bo‘shab, boshqa joyga qochib ketishdi.

2020 - yilning may oyida sud hukmiga ko‘ra, Muhiddin Shukurov 2 yilu 7 oyga ozodlikdan cheklash bilan jazolangan.

Ashurali Shukurov keyingi bir yil davomida turli idoralarga shikoyat arizasi yozib, “o‘g‘li bilan hamkorlikda o‘g‘rilik qilib, jazosiz qolgan ichki ishlar xodimlarining ham jazolanishini” talab qilmoqda:

- Respublikaning butun kerakli tashkilotlariga ariza bilan chiqdim. Ichki ishlar vazirligiga 5-6 marta murojaat qildim. Bosh prokuraturaga, parlamentga yozdim. Tanzila Norboyevaning o‘ziga 2 marta ariza yozdim. Shuncha jinoyatga sherik bo‘lib, shuncha ishni qilgan ichki ishlar xodimlari chekkada qolib ketyapti. Jazosini olsin ular ham. Juda ko‘p dalil faktim bor. Mening guvohlarim bor. Menda o‘sha o‘g‘lim bilan ishlagan ichki ishlar xodimlarining smslari bor. Kechasi 11-12da sms yozib chaqirganlari bor. Bu to‘g‘rida Ichki ishlar vazirligiga qayta-qayta chiqyapman. Mana bugun yana Toshkentdaman. Kecha Ichki ishlar vazirligiga yana shu to‘g‘rida ariza berdim. Ichki ishlar xodimlari bu qilayotgan jinoyatlarini qachongacha davom ettiradi? Ularni kimdir to‘xtatishi kerak-ku. O‘zbekistonda qachon tanish-bilishchilik to‘xtaydi? Qachon korrupsiya tugaydi? Har kuni noqononuiy ishlar davom etyapti.

Ozodlik Ashurali Shukurovning iddaolari borasida Jizzax viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan bog‘landi. Matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi sabab anonim qolish istagini bildirgan IIB mulozimi Ashurali Shukurovning shikoyat arizalaridan xabari borligi va bu arizalar tegishli tartibda o‘rganilayotganini aytish bilan cheklandi.

Ashurali Shukurovning aytishicha, hozirda o‘g‘li Muhiddin qassoblikni davom ettirmoqda:

- Lekin o‘g‘rilikni tashlagan. U ichki ishlar xodimlariga ishonib, jinoyatga qo‘l urgan. Hozir uni o‘zim nazorat qilib turibman.

****************************************************************

Muhtaram mushtariy, agar sizni tashvishga solayotgan muammolar bo‘lsa, shuningdek, o‘zingiz guvohi bo‘layotgan voqea-hodisalar borasida Ozodlikka xabar bermoqchi bo‘lsangiz¸ bizga qo‘ng‘iroq qiling.

SMS va qo‘ng‘iroqlaringizni +420 724 971 539 va +420 724 740 755 raqamiga yo‘llang.

OzodMikrofon sizga muntazir!

OzodMikrofon rukni ostida berilayotgan fikr va mulohazalar oddiy o‘zbekistonliklarning shaxsiy ko‘z qarashlari ifodasi va bu mulohazalar uchun Ozodlik tahririyati mas’ul emas!

XS
SM
MD
LG