28-oktyabr kuni prezident Salome Zurabishvili mamlakat hukmron partiyasini parlament saylovlarida ruscha taktikadan foydalanishda ayblagani ortidan o‘n minglab gruzinlar ko‘chaga chiqdi.
Namoyishchilar Tbilisining markaziy qismidagi parlament binosi oldida ovoz berishdagi qoidabuzarliklar aytilgani sababli to‘planishdi. Kuzatuvchilar saylov natijalarini hukmron partiya foydasiga o‘zgartirgan keng ko‘lamli firibgarlik sxemasini aniqlaganliklarini da’vo qilmoqda.
26-oktyabrdagi saylovlar rasmiy natijalariga ko‘ra, hukmron Gruziya orzusi partiyasi 54 foizdan ortiq ovoz olgan, bu unga hukumat nazoratini saqlab qolish uchun yetarli.
"Siz saylovda yutqazmagansiz, - dedi Zurabishvili namoyishchilarga. - Ular sizning ovozingni o‘g‘irlashdi, sizning kelajagingizni o‘g‘irlashga urindilar, lekin bunga hech kimning haqqi yo‘q, siz ham bunga yo‘l qo‘ymaysiz!
U Gruziyaning Yevropaga yuzlanishini himoya qilishga va’da berdi.
"Bizda muqobil yo‘l yo‘q va keyingi avlodlar uchun bu mamlakatni tark etishni xohlamaymiz," dedi u.
Zurabishvili 27-oktyabr kuni namoyishlarga chaqirar ekan, rasmiy natija "Rossiyaning maxsus operatsiyasi - xalqimizga, mamlakatimizga qarshi o‘tkazilgan gibrid urushning yangi shakllaridan biri"dan dalolat berishini aytdi.
Zurabishvili 28-oktyabr kuni Reuters agentligiga bergan intervyusida o‘z gaplarini izohlab, Rossiyani ovozlarni soxtalashtirishda to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblamayotganini aytgan. Aksincha, Zurabishvilining ta’kidlashicha, u "firibgarlikning ko‘plab shakllaridan" foydalanishning "juda murakkab" usullari Rossiya Federal xavfsizlik xizmati qo‘llaydigan taktikalarga o‘xshaydi.
Uning ta’kidlashicha, Gruziya orzusi partiyasi Moskva bilan aniq aloqalarga ega, Rossiya saylov natijalarini qo‘llab-quvvatlayotgani va hukumatning Rossiyaning "chet el agentlari to‘g‘risida"gi qonuniga o‘xshash "Chet el ta’siri" qonunini qabul qilishi buning tasdig‘idir.
Bu qonun Vashington va Bryussel tomonidan qattiq tanqid qilindi. 26-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlari Gruziyaning NATO va Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lidagi demokratik ishonchi sinovi sifatida ko‘rilmoqda.
AQSH Davlat departamenti 28-oktyabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari saylov kuzatuvchilarining saylov bilan bog‘liq qoidabuzarliklarni to‘liq tekshirishga chorloviga qo‘shilganini ma’lum qildi.
Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller ham Gruziya hukumatining yo‘nalishi o‘zgarmasa, muayyan oqibatlari bo‘lishiga ishora qildi.
Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Gruziya orzusi partiyasini qo‘llab-quvvatlash uchun Tbilisiga keldi.
Bosh vazir Irakli Kobaxidze muxolifatni mamlakatdagi "konstitutsiyaviy tuzumni larzaga solishga" urinishda va mag‘lubiyatni qabul qilishdan bosh tortishda aybladi. U "Tashqi ta’sir" qonuniga ishora qilib, muxolifatni g‘arbparast NNTlar ortida turishda aybladi.
Ammo Kobaxidze uning hukumati saylov mamlakatning G‘arb bilan munosabatlariga zarar yetkazib, Moskvaga burilishini ko‘rsatishi mumkinligidan xavotirlarga qaramay, Yevropa integratsiyasiga sodiq ekanligini bildirgan.
28-oktyabr kuni "Ozodlik" radiosi bilan suhbatlashgan odamlar keskin vaziyatdan xavotirda ekanliklarini aytishdi.
- Men juda qo‘rqyapman. Siyosiy keskinlik kuchayib borayotgani yaqqol ko‘rinib turibdi," - dedi Ketevan Kipiani. - Yaqinda sodir bo‘lgan voqealarni hisobga olsak, har narsani kutish mumkin. Gap shundaki, hech qaysi tomon ortga chekinmayapti. Menimcha, fuqarolar o‘rtasida janjal chiqmaydi.
Nino Gureshidze "Ozodlik" radiosiga bergan intervyusida vaziyat umidsizlik hissini uyg‘otganini aytdi.
"Ammo men xalqaro hamkorlarimiz va gruziyalik siyosatchilarning oqilona qarorlari yordamida biz bu inqirozdan chiqib ketishimiz mumkinligiga hali ham ishonaman. Biroq, salbiy oqibatlar ham bo‘lishi mumkin," - dedi Gureshidze notinchlik va mojarolar ehtimoliga ishora qilib.
Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT), Yevropa Kengashi, Yevropa parlamenti va NATOning qo‘shma kuzatuvchilar missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, saylovlar "notekis o‘yin maydoni, bosim va keskinlik" bilan o‘tdi.
Saylov kuzatuvchilari, shuningdek, ovoz sotib olish, bir necha marta ovoz berish, jismoniy zo‘ravonlik va qo‘rqitish kabi qayd etilgan holatlarni qattiq qoraladi.
"My Voice" nomi bilan tanilgan monitoring tashkilotlari koalitsiyasi 28-oktyabr kuni o‘tkazilgan brifingda, saylov kuni 1131 ta saylov uchastkasidagi kuzatuvchilari 900 dan ortiq qoida buzish holatlari qayd etilganini ma’lum qildi.
AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken shunday dedi: "Xalqaro va mahalliy kuzatuvchilar saylov umuman olganda yaxshi o‘tkazilganini ta’kidlasalar-da, biz tartibsizliklar va ayrim zo‘ravonlik holatlari haqidagi xabarlarni e’tiborga olamiz."
U yana qo‘shimcha qildi: "Xalqaro kuzatuvchilar saylov natijasini erkin va adolatli deb e’lon qilishmadi."
Saylov natijalari e’lon qilina boshlagach, muxolifat a’zolari rasmiy natijalar bilan o‘z kutilmalari o‘rtasidagi tafovutni payqashdi. Rasmiy natijalar "Gruzin orzusi" partiyasi muxolifat bashorat qilganidan ancha yaxshiroq natija ko‘rsatganini aks ettirdi.
Gruziyani qutqarish uchun birdamlik koalitsiyasiga yetakchilik qilayotgan Birlashgan milliy harakat raisi Tina Bokuchava shunday dedi: "Biz ushbu o‘g‘irlangan saylov natijasini hech qachon tan olmaymiz."