Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 19:38

Ortiqxo‘jayevning “Moviy gumbazlar” xiyobonini buzish rejasi norozilikka sabab bo‘ldi


Toshkentlik faol Farida Sharif xiyobon himoyasiga chiqdi
Toshkentlik faol Farida Sharif xiyobon himoyasiga chiqdi

Toshkent shahar hokimiyati joriy haftada mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan Toshkent markazidagi «Moviy gumbazlar» xiyoboni va shu nomdagi tarixiy kafe binosi buzilib, o‘rnida «Istiqlol» majmuasi barpo etilishini e’lon qildi.

Hokimiyat bayonotida “O‘zbekistonning 3 ming yillik va yana 30 yillik shonli tarixi va istiqlol uchun qonli kurashini ifodalaydigan monumental majmua” barpo qilinishi haqida so‘z boradi.

"Moviy gumbazlar" kafesi 1970 - yilda qurilgan
"Moviy gumbazlar" kafesi 1970 - yilda qurilgan

4 - fevral kuni “Snos” guruhi tashkilotchisi¸ jurnalist Farida Sharif “Moviy gumbazlar” kafesi oldida piket o‘tkazdi. Taniqli rassomlar sulolasi vakili¸ Rossiya dizaynerlar ittifoqi a’zosi G‘ayrat Qo‘ziboyev o‘zining Facebook sahifasida Brejnev davri me’morchiligining anchayin yetuk namunasi sifatida bizgacha yetib kelgan bino va xiyobonni buzish rejasini qoralab chiqdi.

Bir kishilik piket. Farida Sharif
Bir kishilik piket. Farida Sharif

Bu tanqidlarga prezidentning to‘ng‘ich qizi ham qo‘shilgani ortidan Toshkent shahar hokimligi marmar¸ beton va boshqa qurilish materiallaridan yaratiladigan majmua qurilishi paytida daraxtlar kesilmasligini aytib, o‘z qarorini oqlashga urindi. Ammo hokimlik o‘z bayonotida me’morchilik namunasi bo‘lgan “Moviy gumbazlar” kafesi buzilmaydi, deb va’da bermagan.

Moviy gumbaz o‘rnida istiqlol minorasi tiklanadi

Toshkent hokimligidagi kengashlardan birining a’zosi¸ shaharsozlik bo‘yicha mutaxassis, 36 yashar dizayner Sitora Rahimovaga ko‘ra¸ davlat byudjeti hisobidan astronomik summa sarflanib quriladigan bu inshootni "kim qurishi allaqachon tasdiqlangan".

“Nomiga konkurs o‘tkazilib, 10 - mart kuni g‘olibning ismi aytiladi. Tojikiston poytaxti Dushanbe markazidagi “Istiqloliyat” degan psevdo monumentning nusxasi bo‘ladi. Maqsad “biz YeOIIga a’zo bo‘lsak ham mustaqillikni sevamiz” deya ziyolilarni tinchlantirish va byudjet pulini talon - toroj qilish. Bu majmuaning arxitektura va san’atga aloqasi yo‘q. Mustaqillik maydonidagi fontanni va "Dom kino"ni qanday yo‘q qilishgan bo‘lsa, «Moviy gumbazlar» xiyobonini ham shunday yo‘q qilishmoqchi”.

Bog‘dan mosuvo qilmang!

Toshkentlik jurnalist Nikita Makarenkoning Ozodlikka aytishicha, “hokimlik” tayyor bog‘ni buzish evaziga mustaqillikni ulug‘lamoqchi:

“Men mustaqillik stellasi qurilishiga qarshi emasman. Lekin shahar markazida saqlanib qolgan oxirgi parkni buzish evaziga stella qurilmasin. Qurilish chog‘ida bittayam daraxtni kesmaslik haqidagi hokimlik va’dasiga umuman ishonmayman. Hokimiyat bu borada ko‘p marta bizni aldagan. Pirovardida qurilish maydonidagi butun daraxtlarni kesib tashlashgan. Ularning va’dasi juda kulgili. Shaharliklar ko‘proq park va bog‘-rog‘lar bo‘lishini talab qilmoqda. Shahar aholisi yoz jaziramasida bir tutam soya beradigan og‘och yo‘qligidan holsizlanadi. Hokimlik bo‘lsa, shaharliklarning so‘ngi parkini ham tortib olmoqchi. Men mustaqillikning 30 yilliga hech kimga quvonch va halovat bermaydigan gigant stella emas, balki shaharning "kal qismlari"da bog‘ yaratishni taklif qilaman. Oradan 20 yil o‘tib bu bog‘ning ulkan daraxtlari mustaqillikning 50 yilligiga alyor aytsin. Bu barchani birlashtiradigan g‘oya. Balki bu bog‘ markazida mustaqillik stelleasi ham qo‘yilar. Shaharliklar bu g‘oyani olqishlagan bo‘lar edi. Faqat shaharning bo‘m- bo‘sh, tap-taqir yerini tanlang. Bor narsani buzmang. Bog‘ni vayron qilmang. Binolarni buzmang!”

"Moviy gumbazlar" o‘rnida shu taxlit yodgorlik qurilishi mumkin
"Moviy gumbazlar" o‘rnida shu taxlit yodgorlik qurilishi mumkin

Nega “Moviy gumbazlar”?

O‘zbekistonlik rassom No‘’monjon Xolmirzev 50 yildan beri Toshkentning tashrif qog‘ozi xisoblangan “Moviy gumbazlar” kafesi buzilishi ortida “otkat” tujjorlari va shaharga faqat foyda olish ko‘zi bilan qaraydigan "ochko‘z mulozimlar" turganini aytadi:

“Moviy gumbazlar” xiëbonida Botir Zokirov ashula aytib klipga tushgan. Rassomlar Akademiyasi va SUM oralig‘idagi yashil orolcha. Bu yashillikni sevmaslik faqat ochko‘z amaldorlarga xos bo‘lishi mumkin. Nega “Moviy gumbazlar”? Boshqa yer qurib qolibdimi? Buni ortida “otkat” tujjorlari turganiga ishonaman”¸ - deydi rassom.

Dizayner Sitora Rahimova esa “G‘alaba bog‘i” majmuasini yaratish chog‘ida byudjetdan milliardlab pul o‘margan amaldorlar endi “Istiqlol” majmuasini quramiz, deya yangi talon - torojga tayyor turganligini aytadi:

“Bilsangiz, go‘yo original asar deya “G‘alaba bog‘i” majmuasiga Xitoydan haykallar olib kelib o‘rnatilgan edi. Markaziy univermag qarshisi Sharof Rashidov, Islom Karimov va Afrosiyob ko‘chalari orasidagi hudud yaqin olti oy ichida byudjet mablag‘lari yo‘q bo‘ladigan "bermud uchburchagi"ga aylanadi”.

Suhbatdoshga ko‘ra¸boshqaruv elitasi anchadan beri Toshkent markazi taqsimoti bilan shug‘ullanib keladi:

“Nega “Moviy gumbaz” deysizmi? Unda nega “Dom kino”? Nega Mustaqillik maydonidagi fontan, deb ham so‘rang. Javob oddiy. Bu binolarnimg hammasi infrastrukturaga ega shahar markazida joylashgan. Bu hududlarga ular xuddi har kim o‘z ulushini kesib olishni istaydigan lazzatli tort kabi boqishmoqda. Davlat rahbarini “mustaqillikni ulug‘laymiz” deb aldab, katta mablag‘ni o‘zlashtirish uchun chog‘langan ulkan afera bu”.

“Moviy gumbazlar” sovetlar o‘lkasining musulmoncha me’morchiligi

Me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyevning Ozodlikka aytishicha, “Moviy gumbazlar” kafesi sovet O‘zbekistoni me’moriy qiyofasini belgilash uchun izlanishlarning debochalaridan bo‘lgan:

“1966 - yilgi zilziladan keyin Toshkentda qurilgan binolarning bir xilligi tanqidga uchrasa ham zarurat mevasi sifatida ko‘rildi. 1970 - yilga kelib Sharq mash’ali¸ O‘rta Osiyoda ilm fan markazi bo‘lgan Toshkentga milliy qiyofa berishga qaror qilindi. Aynan 1970 - yilda Toshkentda qurilgan Lenin muzeyi binosi islomiy me’morlik uslubida yaratildi. Ko‘fa xati va girih naqshlari bino tashqi shamoyiliga asos qilindi. Xuddi shu yili arxitektor Ravil Muratov “Moviy gumbazlar” kafesini barpo qildi. Buxoro va Xivadagi gumbazlarni eslatadigan “a lya musulmon” me’morchiligi. Hozir bu kafe qaysidir tojir qo‘liga o‘tib, ta’mirlanib, birlamchi qiyofasini qisman yo‘qotdi. Ilk loyiha sharqqa xos niliy gumbaz¸ ochiq ayvon¸ bog‘ va hovuzdan iborat mini majmua edi. Bu kichik, ammo o‘ta insoniy loyiha edi. Turkiston o‘lkasi me’morchiligi tarixidan suv ichgan kontseptual loyiha edi. Ravil Islomovich ataylab Xiva va Bokudagi obidalarni o‘rganib, shu binoni qurdi. Odatan bo‘m-bo‘sh, ammo gigant va mahobatli sovet binolaridan farqlanadigan tarovatli maskan bo‘ldi “Moviy gumbazlar”. Sovet O‘zbekistoni haqidagi barcha fotoalbom va hujjatli filmlarda aynan “Moviy gumbazlar” aks etgan. Nega? Chunki kolorit bor. Shu o‘lka ildizlari bilan uyg‘unlik bor. Nima demoqchiman? Balki bu Norman Fosterning Londondagi Meri-Eks koshonasi kabi shedevr emasdir. Lekin bu hech bo‘lmaganda, Le Korbyuzyening Ahmadobodda qurgan binolaridan kam bo‘lmagan me’morlik asaridir. Qolaversa, bu millionlab o‘zbeklarning xotirasiga muhrlangan retro bino. Buning buzilishiga mutlaqo qarshiman. Buni Ozodlik orqali Ortiqxo‘jayevga yetkazing. Gerastrat kabi binolarni buzavermasin. “Dom kino"ni buzgani uni abadiy tavqi la’natga loyiq qildi", - deydi me’mor va san’atshunos Abdumalik Turdiyev.

"Moviy gumbazlar" me’mori Ravil Muratov
"Moviy gumbazlar" me’mori Ravil Muratov

Ortiqxo‘jayevning buz-buzalog‘i

O‘tgan hafta buzishni buyurgan Toshkentdagi tarixiy binolardan biri madaniy obida sifatida saqlab qolindi.

Bundan oldin Yakkasaroy tumani Bobur ko‘chasidagi qariyb 100 yillik binoni buzib, uning o‘rnini «Universal Packing Masters» («Murad Buildings» shirkati savdo belgisi ) berish haqida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev 2018 - yil oktabrida qaror chiqargan edi.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda ko‘payib borayotgan tarixiy binolarni buzish yoki fasadlariga qoraytirilgan shisha qoplab, asl tarzini o‘zgartirish holatlari san’atshunoslar tashvishiga sabab bo‘lmoqda.

2019 - yilda Toshkentning Mustaqillik maydonidagi gorizontal favvora buzib tashlandi. Toshkent timsoli sifatida 52 yil otilib turgan fontanni buzishda bevosita qatnashgan mutasaddilardan biri uning Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev buyrug‘i bilan buzilganini bildirgan edi.

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev
Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev

2016 - yili ToshMIning Nikolay davrida g‘ishtdan qurilgan eski binosi¸ Nizomiy nomidagi Toshkent Davlat pedagogika universiteti (TDPU) bosh binosining sirt qismi batamom buzib tashlangandi.

Toshkentlik general Jo‘rabek tarafidan 1897 - yili qurilgan va “Jo‘rabek “ masjidi deya tarixiy yodgorlik sifatida maxsus ro‘yxatga kiritilib, asrab kelingan masjid butunlay buzilib¸ o‘rnida Islom Karimov nomidagi “alyukobond masjid” qurilgan edi.

XS
SM
MD
LG