Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:24

Olov qa’ridagi Rossiya


Rossiyadagi Yoqutiston Respublikasida joriy yilda yer yuzida qayd etilgan eng yirik o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda.

AQShda esa bu yilgi mavsumning eng yirik yong‘inlari Kaliforniya shtatida sodir bo‘lmoqda. Kaliforniyadagi yong‘in qariyb 3 000 kvadrat kilometr maydonni qoplab olgan bo‘lib, bu Lyuksemburg maydoniga teng.

Saxa nomi bilan ham ma’lum bo‘lgan Yoqutistondagi tayga yong‘inlarining umumiy maydoni bundan 10 barobarga kattadir.

“Greenpeace” ekologik guruhi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yil butun Rossiya bo‘ylab 170 000 kvadrat kilometrdan ziyod maydon yonib ketgan. Bu AQShning Florida shtatiga teng keladigan maydon. 2021 - yilgi yong‘inlar so‘nggi o‘n yillikda va, ehtimol, Rossiyaning butun tarixida qayd etilgan eng dahshatli yong‘inlarga aylanmoqda.

Yong‘in mavsumi yana bir necha hafta davom etadi.

Yong‘inlar ko‘lami qanchalik katta?

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiya bo‘ylab 300 ga yaqin o‘rmon yong‘ini yuzaga kelgan; eng katta yong‘in Yoqutistonda, taxminan, Argentina maydoniga teng keladigan hududda sodir bo‘lmoqda.

Ushbu hududning katta qismi zich taygalar bilan qoplangan. Taygalar keng bo‘lib, ularda deyarli hech kim yashamaydi. Yillik yong‘in mavsumida bu o‘rmonlarda tez-tez yong‘in kelib chiqadi.

Ammo bu yilgi mavsum o‘zgacha kechmoqda. Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 24 - avgustga kelib o‘rmon yong‘inlari 1 300 kvadrat kilometr maydonni qamrab olgan.

Bu iyul oyining boshidagi vaziyatga solishtirganda taxminan ikki baravarga kichikroq.

Bu orada Yoqutistondan 3 800 kilometr uzoqlikdagi Yekaterinburg shahri yaqinida, shuningdek, Rossiya shimoli-g‘arbidagi Kareliya Respublikasida ham o‘rmon yong‘inlari chiqqan.

Yoqutistondagi yong‘inlarning tutuni shu qadar keng tarqalganki, tadqiqotchilar birinchi marta tutun Shimoliy qutbga yetib borganini qayd etishgan.

Yong‘inlar iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liqmi?

So‘nggi bir necha yil davomida Shimoliy Sibirda yoz haroratlari g‘ayriodatiy darajada yuqori bo‘ldi.

2020 - yil ayniqsa misli ko‘rilmagan bo‘ldi. O‘rtacha oylik harorat 1981 - yildan 2010 - yilgacha qayd etilgan o‘rtacha haroratdan 10 daraja yuqori bo‘ldi. 2020 - yilning iyunida Yakutskdan 675 kilometr shimolda joylashgan Verxoyansk shahrida Arktikadagi eng yuqori harorat qayd etildi: 38.2 daraja.

Amerika meteorologiya jamiyati dunyo bo‘ylab o‘zgarayotgan iqlim haqida joriy oyda e’lon qilgan hisobotda qayd etilishicha, 2020 - yilda Arktika va Sibirda "juda katta harorat anomaliyalari" kuzatilgan.

Turli davlatlardagi olimlar guruhi Sibirda uzoq davom etayotgan issiq havo inson ta’siri tufayli yuzaga kelgan iqlim o‘zgarishisiz sodir bo‘lmagan bo‘lardi, degan xulosaga keldi. Olimlar xulosalari iyun oyida "Iqlim o‘zgarishi" (Climate Change) jurnalida chop etildi.

Yoqutiston Respublikasi rahbari Aysen Nikolayev bu xulosani to‘g‘ri, deb biladi.

Nikolayev 21 - iyul kuni televideniye orqali namoyish etilgan intervyusida bu yilgi yoz "XIX asr oxiridan beri kuzatilgan eng quruq va eng issiq yoz" bo‘lganini aytdi.

Kreml nima deyapti?

Ko‘p yillar davomida Kreml iqlimshunoslar xulosalarini, xususan, iqlim o‘zgarishi xavfini kichraytirib ko‘rsatishga urinib keldi.

2018 - yilda Moskvada bo‘lib o‘tgan xalqaro biznes-forumda Rossiya prezidenti Vladimir Putin iqlim o‘zgarishi insonlar ta’sirida sodir bo‘layotganini shubha ostiga oldi. U iqlim o‘zgarayotganini "global xarakterdagi o‘zgarishlar, kosmik o‘zgarishlar, galaktikadagi ko‘zga ko‘rinmas harakatlar" bilan izohlash mumkinligini taxmin qildi.

Bundan tashqari, Kreml iqlim o‘zgarishi Rossiyaning bir paytlar muz bilan qoplab turgan Arktika mintaqasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini aytib keladi. Muzning erishi mintaqada yuk tashishni hamda neft, gaz va boshqa foydali qazilmalarni izlashni osonlashtiradi.

Ba’zi rasmiylar o‘rmonlar shimolga chekinishi va abadiy muzlik ekin maydoniga aylanishi bilan mamlakat qishloq xo‘jaligi ko‘lami oshishini bashorat qilgan.

Bunga qaramay, Putinning ritorikasi o‘zgara boshladi.

O‘tgan oy yuqori lavozimli amaldorlar ishtirokida o‘tkazilgan videoanjumanda Putin joriy yilda Rossiyada kuzatilayotgan tabiiy ofatlar soniga alohida e’tibor qaratdi.

"Bularning barchasi asosan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq – ham global miqyosdagi, ham mamlakatimizdagi", dedi u.

Bir hafta o‘tgach, u Sibir o‘rmon yong‘inlarini "misli ko‘rilmagan" deb atadi. Shuningdek, u janubiy Sibirning bir qismida sodir bo‘layotgan g‘ayriodatiy suv toshqinlariga e’tibor qaratdi.

Rossiya rasmiylari, shuningdek, abadiy muzlar erishi Arktika infratuzilmasi uchun xavf tug‘dirishi, jumladan, neft quvurlari yorilishi yoki ko‘p qavatli uylarning poydevori cho‘kishi haqida ogohlantira boshladilar.

Bu yilgi "Bevosita muloqot" teledasturida Rossiya prezidenti iqlim o‘zgarishi fani borasida shunday dedi:

"Bu iqlim o‘zgarishi va global isish bilan bog‘liq eng dolzarb va munozarali mavzulardan biri. Ko‘pchilik bu asosan inson faoliyati, atmosferaga ifloslantiruvchi moddalar, asosan karbonat angidrid chiqarilishi bilan bog‘liq, deb ishonadi va bunga asos bor".

"Bu to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, lekin biz, albatta, global miqyosdagi, jumladan, koinotdagi o‘zgarishlarga o‘z hissamizni kamaytirish yo‘lida qo‘limizdan kelganicha harakat qilishimiz kerak", dedi u.

Rossiya 2019 - yilda Iqlim to‘g‘risidagi Parij bitimini imzolagan, biroq mutaxassislar Moskvaning 2030 - yilgacha issiqxona gazlari chiqindilarini 1990 - yilga solishtirganda 30 foizgacha kamaytirish rejasi yetarli emas, deb hisoblaydi.

O‘rmon yong‘inlari masalasida esa ekologik guruhlar Kreml va mahalliy hukumatlar tezroq chora ko‘rishlari kerakligini aytmoqda.

Vaziyat bundan ham yomonlashishi mumkinmi?

Ba’zi hisobotlarga ko‘ra, Yoqutiston yong‘inlari allaqachon atmosferaga 800 million tonnaga yaqin karbonat angidridni chiqargan bo‘lishi mumkin.

Agar global iqlim isishda davom etsa, Rossiyada yanada kattaroq o‘rmon yong‘inlari, qurg‘oqchilik yoki suv toshqinlari tez-tez sodir bo‘la boshlaydi.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo guruh hisobotiga ko‘ra, Rossiya va Arktikaning boshqa mintaqalaridagi abadiy muzlar 2050 - yilga borib muzlashdan butunlay to‘xtashi mumkin. Buning ortidan esa katta miqdorda uglerod va metan ajralib chiqadi.

Metan iqlim uchun karbonat angidrid gazidan ham xavfliroqdir.

Yevropa Komissiyasining iqlim monitoringi agentligi hisoblanuvchi Kopernik atmosfera monitoringi xizmatining hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 - yilda Sibir va Arktikadagi boshqa yong‘inlar natijasida atmosferaga rekord darajadagi 540 million tonna karbonat angidrid ajralib chiqqan.

Iqlim isishi Rossiya qishloq xo‘jaligi uchun qo‘l keladi, degan fikr esa xato, chunki harorat ko‘tarilishi ortidan Rossiyada qurg‘oqchilik ko‘proq kuzatilishi mumkin, natijada bug‘doy va makkajo‘xori kabi asosiy ekinlar hosili kamayishi mumkin. Qolaversa, iqlim o‘zgarishi ortidan ekinga ziyon keltiruvchi zararkunandalar tobora jiddiy muammoga aylanishini kutish mumkin.

XS
SM
MD
LG