Abdurasul Vahobov Toshkent shahar, Olmazor tuman hokimi o‘rinbosari lavozimiga qaytgani to‘g‘risidagi xabarlarni 6 - noyabrda Ozodlikka shaxsan tasdiqladi.
Vahobov kun.uz nashri jurnalistlariga 2019 - yilning avgustida hujum qilgani uchun o‘sha yilning sentabrida ishdan olingan edi.
Hokimlik matbuot xizmatining bildirishicha, Abdurasul Vahobov hokim o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi sifatida ishga qaytgan.
Haydalgan mulozimning ishga tiklangani to‘g‘risidagi xabarlar ketidan uning “noqonuniy harakatlari”ga oid shikoyat ham yetib keldi.
Qo‘l telefoniga Ozodlik qilgan qo‘ng‘iroqqa javob bergan kishi Abdurasul Vahobov ekanligini, Olmazor tuman hokimi lavozimiga qaytganini uning o‘zi tasdiqladi. Biroq ishga qachon qaytgani, lavozimga tiklanishi rasman qanday izohlanganiga oid savollarga javob berishni istamadi. “Savollaringizni kadrlar bo‘limiga bering”, dedi Vahobov.
Ayni paytda Toshkent shahar hokimligi rasmiy saytining Olmazor tuman hokimligi sahifasida hokim o‘rinbosarlari ro‘yxatida Abdurasul Vahobovning ismi yo‘q. Ro‘yxatning tuman hokimining arxitektura, kapital kurilish va kommunikatsiyalarni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosariga ajratilgan bo‘limida ism-familiya hamda surat yo‘q. Biroq bu joy vakant ekanligi ham aytilmagan. Aksincha, bu o‘rinbosarning qabul kunlari ko‘rsatib o‘tilgan.
Abdurasul Vahobovning hokim muovini lavozimiga qaytganini 2 - noyabr kuni xabar.uz xabar qildi. Mazkur sayt nusxasini e’lon qilgan hujjatdan Abdurasul Vahobov hokim o‘rinbosari lavozimiga bir necha oy oldin qaytgan, degan xulosaga kelish mumkin: Olmazor tuman hokimligining 2020 - yil, 1 - iyuldagi xatiga “Tuman hokimining o‘rinbosari v.b. A.Vahobov” imzo chekkan.
Na shahar hokimligi, na tuman hokimligi matbuot xizmatlari Ozodlikning 6 - noyabrda qilgan qo‘ng‘iroqlariga javob berdi.
Gazeta.uzning 4 - noyabrda xabar qilishicha, Abdurasul Vahobov tuman hokimi o‘rinbosari lavozimiga qachon qaytgani to‘g‘risida ma’lumot bermagan, ammo «2020 - yil may oyida u hali bu lavozimda bo‘lmaganini bildirgan.
Hokim muovinining jurnalistlarga hujumi
Abdurasul Vahobovning kun.uz nashri ikki jurnalistiga 2019 - yilning avgustida qilgan hujumi o‘z vaqtida kuchli rezonans uyg‘otgan edi.
2019 - yilning 14 - avgustida nashr xodimlari «Xiva stroy» MChJ rahbarining tahririyatga yo‘llagan murojaati yuzasidan izoh olish maqsadida Olmazor tuman hokimligiga borgani, hokimi o‘rinbosari Abdurasul Vahobov videotasvirga olmaslikni talab qilib operatorga tashlangani va o‘zini bosib ololmay, tajovuzkorona harakatlarini davom ettirib, tahririyat mulki bo‘lgan videokamera shtativini sindirib tashlagani xabar qilingan edi.
Oradan ikki kun o‘tib, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hokim o‘rinbosarining jurnalistlarga qilgan munosabatini "nomunosib, qo‘pol muomala", deb baholagan.
Bu bayonot e’lon qilingan kun - 2019 - yilning 16 - avgustida Abdurasul Vahobov Toshkent shahar hokimligi sayti orqali kun.uz muxbirini tovlamachilikda aybladi. Shu kuniyoq kun.uz o‘z muxbiri Rahmatilla Isroilov “tuhmat qilgani uchun” Abdurasul Vahobovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘rab, Bosh prokuraturaga shikoyat yo‘llaganini bildirdi.
Toshkent shahar, Olmazor tuman prokuraturasi 2019 - yilning 11 - sentabrida Abdurasul Vahobovning kun.uz jurnalistlariga tajovuz qilgani haqidagi da’voni o‘rganib, hokim muovini harakatlarida jinoyat alomatlari yo‘q, deya qaror chiqardi.
2019 - yilning 27 - sentabrida Abdurasul Vahobov Olmazor tuman hokimi lavozimidan bo‘shatilgani xabar qilindi. O‘sha paytda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Abdurasul Vahobov prokuratura tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida emas, o‘z xohishiga ko‘ra ishdan ketganini bildirgan.
Abdurasul Vahobov bilan ziddiyatga kirishgan ikki jurnalist uning lavozimga qaytgani yuzasidan fikr bildirishni istamadi.
Abdurasul Vahobov o‘rnini hech kim bosolmaydigan kadrmi?
Bir qator nashrlar 2019 ning sentabrida Jahongir Ortiqxo‘jayev Abdurasul Vahobovning yaqinlariga aytgan mana bu so‘zlarni qayd etgan edi:
"Ijtimoiy tarmoqlarda sizning o‘g‘lingiz Abdurasul Vahobov to‘grisida har- xil salbiy fikrlar va izohlar bildirilishi mumkin. Sizlarga sidqidildan bir iltimosim bor, ularga ahamiyat bermang va o‘zingizni qiynamang. Sizni farzandingiz bilan 1,5 yil avval tanishib, shu davr mobaynida men uni fidoyi va jonkuyar, kecha-yu kunduz xalq dardini yengil qilish maqsadida yurgan qalbi toza inson sifatida ko‘rdim".
Hokim o‘rinbosari v.b. Abdurasul Vahobovning ismi tilga olingan shikoyat
Vahobovning lavozimga tiklangani o‘rganilayotgan soatlarda Ozodlikka Toshkentdan uning ismi tilga olingan shikoyat keldi.
Toshkentlik G‘.R.ning yozishicha, 2017 - yilning 1 - noyabrida Olmazor tuman hokimining 1196-son qaroriga asosan, Nurafshon ko‘chasidan Sog‘bon tomonga ketishda, Sebzor chorrahasidagi bekatni zamonaviy ko‘rinishga keltirish va savdo do‘koni qurish uchun ukasi Sh.G‘.ga yer ajratilgan.
Qurilish ishlari 2018 - yil fevralida boshlangan, lekin tuman xokimi o‘rinbosari A.Vahobovning shaxsan iltimoslari va tushuntirishlari (obyezd bo‘ladi, tashrif bor, “Makro” qurilyapti) bilan ikki marta qurilish ishlari to‘xtagan va qurilmalar buzib tashlangan.
“Kuni kecha, ya’ni 1 - noyabrdan loyiha bo‘yicha tuman hokimining 1196-qaroriga asosan yana qurilish ishlari boshlandi, lekin 4 - noyabr kuni qurilmani buzish uchun tuman hokimining o‘rinbosari A.Vahobov boshchiligida hokimning yana bir o‘rinbosari Qahhor ismli shaxs, gaz xizmatning bir necha xodimi kelib, o‘zboshimchalik bilan, hech qanday hujjat ko‘rsatmagan holda qurilmani buzishni boshladilar”, deb yozdi G‘.R. Ozodlikka 6 noyabrda. U o‘z shikoyatiga qurilishga doir hujjatlar nusxalarini, foto va videolar taqdim etdi.
G‘.R.ning xabar qilishicha, u aytayotgan qurilish 5 - noyabrga o‘tar kechasi, ya’ni 5 - noyabr soat 00:00 dan 06:00lar orasida buzib ketilgan.
Ozodlik so‘nggi hodisa yuzasidan Olmazor tuman hokimligidan rasmiy izoh ololmadi. Ozodlik tadbirkorning iddaolari borasida rasmiylarning munosabatiga ochiq.