Линклар

Шошилинч хабар
27 ноябр 2024, Тошкент вақти: 00:48

Oliygohlar talabalari yangi tuzilayotgan partiyalarga qo‘shilmaslikka targ‘ib qilinmoqda


Termiz universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta’sis qurultoyi shu yilning 8 -martida bo‘lib o‘tgan.
Termiz universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta’sis qurultoyi shu yilning 8 -martida bo‘lib o‘tgan.

O‘zbekistonda ichki ishlar xodimlari oliygohlarda yoshlarni yangi tuzilayotgan siyosiy partiyalarga qo‘shilmaslikka da’vat etuvchi uchrashuvlar o‘tkazayotgani haqida xabarlar kelmoqda.

Surxondaryo, Xorazm, Buxoro viloyatlaridan ismi sir qolish sharti bilan Ozodlikka gapirgan talabalarning aytishicha, uchrashuvlarda O‘zbekistonda yangi ta’sis etilgan “Haqiqat va Taraqqiyot” hamda "Erk" partiyalari “mamlakat aholisini buzg‘unchi g‘oyalar bilan chalg‘ituvchi guruh" ekani aytilib, ularning yig‘inlariga bormaslik haqida maslahatlar berilgan.

Ba’zi talabalar yangi tuzilayotgan partiyalar va ularning rahbarlarini ijtimoiy tarmoqlar orqali obro‘sizlantirish uchun "negativ ma’lumotlar" tarqatish haqida topshiriq olganliklarini aytishdi.

Surxondaryodagi Termiz davlat universitetining o‘z xavfsizligini o‘ylab, ismi oshkor etilmasligini so‘ragan talabasi bu xaqda Ozodlikka so‘zlab berdi:

“Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi rahbari Xidirnazar aka, bilasiz, bizning universitet rektori bo‘lgan. Domlalarning orasida ham, talabalarning orasida ham obro‘si katta u odamni. Shuning uchun hozir universitetimizga kelib, “uning o‘zi ham, partiyasi ham yot unsur bizga, qo‘shilmanglar” deb targ‘ibot yig‘inlari o‘tkazishyapti. Hozir Yoshlar festivali bo‘lyapti, bugun tugadi. Shu festivalda ham bu haqda aytildi. Tanishlarimning aytishicha, IIB ular bilan alohida uchrashib, tarmoqlarda shu partiyaga qarshi negativ ma’lumot tarqatish bo‘yicha instruktsiya berib ketishgan. Ularga shu partiyaning tarafdorlari haqida ma’lumot berib turish haqida ham topshiriqlar berib ketishgan.

O‘zbekistonlik talaba IIB muxolif partiyalarga qarshi targ‘ibot olib borayotgani haqda Telegram kanalida yozdi.
O‘zbekistonlik talaba IIB muxolif partiyalarga qarshi targ‘ibot olib borayotgani haqda Telegram kanalida yozdi.

Termiz davlat universitetining Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha mas’ullaridan biri Yoshlar festivali doirasida talabalar bilan uchrashuvlar o‘tkazilayotganini Ozodlikka tasdiqladi.

Ammo uning aytishicha, uchrashuvda siyosiy partiyalarga qo‘shilmanglar, degan chaqiriq bo‘lmagan:

“Hozir Yoshlar festivali bo‘lyapti bizda. Asosiy gap har-xil oqimlarga qo‘shilmaslik haqida bo‘ldi, partiyalarga emas, noto‘g‘ri yo‘lga kirib ketmanglar degan gap bo‘ldi xolos”.

Ozodlik 14 -iyun kungi uchrashuv haqida izoh olish uchun Surxondaryo viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan bog‘lana olmadi.

“Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasi rahbari Xidirnazar Allaqulov 18 - iyun kuni Ozodlik bilan suhbatda joylarda "IIB talabalarga ishlov berayotgani" haqda ma’lumotga egaligini aytdi.

"Ichki ishlar hozir oliy o‘quv yurtlarida talabalarga ishlov beryapti, bilamiz bu haqda. Mamlakat tarixida, saksoninchi yillar o‘rtalari, to‘qsoninchi yillar boshida talabalar katta kuch bo‘lgan edi. Hozir bular talabalarni o‘qishdan xaydaymiz, degan po‘pisalar bilan bizga qarshi qilib, Mirziyoyevning yana bir muddat qolishini ta’minlamoqchi. Xalqning g‘azabi kuchayib boryapti, hokimiyatni ushlab qolishga ko‘zi yetmayapti, shuning uchun bular hozir sal harakat qilgan talabani haydayman deb qo‘rqitib, bizga qarshi qayrayapti", - dedi Allaqulov.

"UrDU"dagi uchrashuvda Jahongir Otajonov nomi tilga olingan

Xorazm va Buxoro viloyatlarida ham IIB xodimlari yangi tuzilgan siyosiy partiyalarga qo‘shilmaslikni targ‘ib etuvchi uchrashuvlar o‘tkazilayotgani aytildi.

Urganch davlat universitetining (UrDU) Jamol ismli talabasiga ko‘ra, 15 - iyun kuni o‘tkazilgan uchrashuvda sobiq xonanda Jahongir Otajonov nomi ham tilga olingan.

“O‘tgan kuni bo‘ldi shunaqa uchrashuv. Ichki ishlar, hokimlikning Yoshlar bo‘limidan keldi odamlar. "Yot g‘oyalarga qo‘shilmanglar", deb Jahongir Otajonovni ko‘p aytishdi. Uning ishqibozlari ko‘p bizda, Instagramda kim uning sahifasiga a’zo bo‘lgan bo‘lsa, o‘chirib tashlasin, deyildi. “Xorazm” futbol komandasiga bag‘ishlab “Olg‘a, Xorazm!” deb aytgan madhiya qo‘shig‘i ham stadionda aytilmaydigan bo‘libdi. Oldin har bir o‘yin shu qo‘shiq bilan boshlanib shu qo‘shiq bilan tugar edi. Hozir olib tashlanibdi”.

Futbol ishqibozlari ham Jahongir Otajonovning "Olg‘a Xorazm" qo‘shig‘i u "Erk" partiyasi safiga qo‘shilgan vaqtdan beri stadionlarda yangramayotganini aytishdi.

Bosimlar

Bundan oldin Ozodlik ayrim oliygoh talabalari “Haqiqat va Taraqqiyot” partiyasiga imzo yiqqani uchun sazoyi qilingani va bosim ostida qolgani, huquq-tartibot idoralari tarafdorlarni partiyaga a’zolikdan voz kechtirishga urinayotgani haqida xabar bergan edi.

Аллақулов партиясига имзо йиққан талаба сазойи қилинди. Фаолларга “босим давом этмоқда”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:58 0:00

Partiya faoli Muhammadamin Ermatov ro‘yxatdan o‘tish uchun Adliya vazirligiga hujjat topshirilishi ortidan Namangan, Samarqand, Xorazm va Navoiy viloyatlaridan imzo chekkan va yiqqanlarga bosim boshlanganini aytgandi.

Termiz universitetining sobiq rektori, professor Xidirnazar Allaqulov yetakchiligidagi “Haqiqat va Taraqqiyot” sotsial-demokratik partiyasi ta’sis qurultoyi shu yilning 8 - martida bo‘lib o‘tgan.

Unda professor Allaqulov partiya raisi etib saylangan edi.

O‘zbekistonning 30 yillik mustaqillik tarixida prezident saylovlarida ishtirok etgan yagona muxolifat partiyasi "Erk"oktabr oyidagi saylovlarda prezidentlikka sobiq xonanda Jahongir Otajonov nomzodini ilgari surishini e’lon qilgan edi.

26 - may kuni bir necha faol ishtirokida o‘tgan favqulodda qurultoy O‘zbekistonda kelayotgan prezident saylovlarida “Erk” partiyasidan Jahongir Otajonov nomzodini tasdiqlagandi. Ozodlik qurultoy chog‘ida Otajonov va faollar xonadonga bostirib kirgan bir guruh ayollar va erkaklarning hujumiga uchragani haqida xabar bergandi.

Жаҳонгир Отажонов хонадонига ҳужум: "Эрк" президентликка номзодини илгари сурди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:43 0:00

Sobiq xonanda Jahongir Otajonovning Toshkentdagi uyida o‘tkazilgan qurultoyi qatnashchilari 15 - iyun kuni yoppasiga so‘roqqa chaqirtirilgan.

Otajonovning o‘zi ham Toshkent shahar Ichki ishlar boshqarmasiga chaqirtirilib, to‘rt soat so‘roq qilingani haqda Instagram kanalida aytgandi.

O‘zbekiston saylov qonunchiligiga muvofiq, prezidentlikka nomzodlar faqat siyosiy partiyalar tomonidan ilgari suriladi.

Otajonov va boshqa faollarning O‘zbekiston ichkarisida muxolif partiya tuzishga urinishlari qarshilikka uchragandi.

Prezident saylovi

O‘zbekistonda prezident saylovi shu yilning oktabr oyida bo‘lishi kutilyapti.

2019 - yil dekabridagi parlament saylovlarini kuzatgan YeXHT missiyasi O‘zbekistondagi nisbatan erkinlashgan matbuot siyosiy muxolifatning o‘rnini bosa olmaganini aytgan edi.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiylari kelayotgan prezident saylovida xalqaro tashkilotlarning "maqbul" tavsiyalari tadbiq etilishini aytishgan, ammo bu tavsiyalarga muxolifat partiyalarini ro‘yxatdan o‘tkazish kiradimi, yo‘qmi, ma’lum emas.

Prezident Shavkat Mirziyoev 2019 - yilning 27 -dekabrida xorijdagi siyosiy muxolifatni mamlakatga qaytarish chaqiriqlarini rad etgan edi.

U muxolifat “ichkaridan chiqishi kerak”ligini aytgan, ammo o‘tgan vaqt mobaynida Adliya vazirligi bironta ham yangi siyosiy partiyani ro‘yxatdan o‘tkazgani yo‘q.

O‘zbekistonda Karimov davrida qaror topgan siyosiy an’anaga muvofiq, parlamentdagi hukumatparast besh partiya rahbarlari saylovlarda amaldagi prezidentga raqib bo‘ladi.

Qonunga binoan, saylovoldi kampaniyasi saylovlar sanasidan kamida 3 oy oldin boshlanishi kerak. Hozirga qadar na prezident Mirziyoyev va na siyosiy partiyalar o‘z nomzodini ilgari surgani yo‘q.

Mamlakat ichkarisi va tashqarisida shu yil oktabridagi saylovlarda Shavkat Mirziyoyevning ikkinchi muddatga qayta saylanishiga ko‘pchilik shubha qilmaydi.

XS
SM
MD
LG