Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 08:28

Olimpiadaga borayotgan nurotalik o‘quvchi qiz va o‘qituvchi avariyada halok bo‘ldi. Yaqinlari XTVni ayblamoqda


Hodisa joyidan olingan surat
Hodisa joyidan olingan surat

5 - yanvar kuni ertalab Navoiy viloyati Nurota tumanidan viloyat fan olimpiadasida ishtirok etish uchun yo‘lga chiqqan 11 - sinfda o‘qiydigan 18 yashar qiz va uning 27 yoshli o‘qituvchisi yo‘l-transport hodisasida halok bo‘ldi. Ular bilan birga Nexia avtomashinasida bo‘lgan yana bir o‘qituvchi va o‘quvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan. Ozodlik bilan suhbatda ularning yaqinlari hodisa uchun Xalq ta’limi vazirligi mas’ul, deb bilishlarini aytishdi.

Hodisani o‘rganayotgan Navoiy viloyat, Navbahor tuman IIB xodimining Ozodlikka aytishicha¸ "Qoraqarg‘a" dovonida yuz bergan hodisada jiddiy jarohat olgan yana bir o‘qituvchi va o‘quvchi shifoxonaning jonlantirish bo‘limida qolmoqda. IIB vakiliga ko‘ra¸ hodisa yuzasidan Nurota va Navbahor tuman IIB xodimlari qo‘shma tergov olib bormoqda. (O‘quvchi va o‘qituvchilarning ismi Ozodlikka ma’lum, marhumlar hamda jabrlanganlar yaqinlarining iltimosiga ko‘ra oshkor qilinmayapti-tahr.)

Tergovgacha surishtiruv ma’lumotlariga ko‘ra¸ yo‘l halokati quyuq tumanda mashinaning yo‘ldan chiqib ketishi natijasida sodir bo‘lgan. Haydovchi tezlikni oshirgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi faraz ham tekshirilmoqda. IIB xodimlaridan birining Ozodlikka aytishicha, Nexia haydovchisiga nisbatan tilxat ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Xalq ta’limi vazirligi Navoiy viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Qodirov Ozodlik bilan suhbatda «voqeadan saboq chiqarilgani va bugun olimpiadaga boradigan o‘quvchilar uchun «xavfsiz kuzatish» tadbiri tashkil etilganligini bildirdi.

Nurota tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i Bayramali Bobonazarov tumandagi 2-sonli maktab o‘quvchi va o‘qituvchilari bilan sodir bo‘lgan hodisani izohlay olmasligini bildirdi.

Yolg‘iz onaning a’lochi qizi

Ozodlik hodisada halok bo‘lgan va jabrlangan o‘quvchilarning yaqinlari bilan bog‘landi va ulardan biri yolg‘iz onaning farzandi bo‘lganini aniqladi. Yaqinlaridan birining aytishicha, o‘zini farzandiga bag‘ishlagan ona a’lochi qizining fan olimpiadalarida g‘olib chiqib, davlat granti bilan o‘qishga kirishini orzu qilgan.

Marhuma xonadoniga yaqin, ismi ochiqlanmasligini so‘ragan nurotalik onalardan biri bundan buyon o‘z farzandlarini olimpiadaga yubormaslikka qaror qilganini aytdi:

“Biz ota-onalar, keyingi kunlar bo‘ladigan olimpiadaga farzandimizni jo‘natmoqchi emasmiz. O‘rin olmasa olmapti-da o‘sha olimpiadasida, kimga kerak o‘rni. Har yili olimpiada o‘tkaziladi, xar yili shu yo‘lda ilm izlab chiqqan farzandlar avariyaga uchraydi. Bugungisi esa juda dahshatli bo‘ldi.”

O‘quvchining bosh kiyimi va daftarlari mashinadan uchib ketgan
O‘quvchining bosh kiyimi va daftarlari mashinadan uchib ketgan

Xalq ta’limi vazirligi Navoiy viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Qodirov o‘tgan yili ham ayni shu yo‘lda o‘xshash hodisa yuz berganini tasdiqladi, ammo tafsilotlarni ochiqlashni istamadi.

Shunchaki yo‘l halokati emas

O‘zining oliy ma’lumotli va haq-huquqni tanishiini aytgan, ismi ochiqlanmasligini so‘ragan nurotalik ona “ilm izlab yo‘lga chiqqanlarni o‘lim qarshi olgani shunchaki yo‘l hodisasi emas”ligini ta’kidladi:

“Bu halokatga kim aybdor? O‘z yo‘lida ketayotgan avtomobilga urilib, shuncha oilaga baxtsizlik keltirgan uchar shofyormi? O‘quvchilarning ishtirokini, viloyat markaziga yetkazishni tashkil etmagan XTBmi? O‘quvchilarni nazorat qilib bormagan GAIlarmi? Avtobus uchun pul ajratmagan Moliya bo‘limimi? Kim ikki oilada ochilgan azaga javobgar? Tirik yetim qolgan o‘qituvchining bolalarini kim boqadi? Kim farzandidan ayrilgan, 18 yil oq yuvib, oq taragan qizini qora yerga ko‘milishiga sabab bo‘ldi? Yolg‘iz onaga farzandini kim qaytaradi? Savollar juda ko‘p, lekin javobi yo‘q. Janob Shermatov, qishning qirovli kunlarida tashkil qilgan olimpiadangiz oqibatida halok bo‘lganlarning oila-azolariga ta’ziya bildirish esingizdan chiqmasin!”.

Sovuq xonalardagi olimpiada

Ayni paytda o‘tkir gaz va elektr taqchilligi kuzatilayotgan O‘zbekistonda qishning qorli-qirovli kunlarida fan olimpiadalari tashkil etish bilan bog‘liq savollar javobsiz qolmoqda. 6 - yanvar kuni Qashqadaryoda o‘tkazilayotgan viloyat fan olimpiadasini kuzatgan o‘qituvchi Ozodlikka video va fotolarni yubordi. Tasvirlarda sovuqda bino tashqarisida turgan o‘qituvchilar aks etgan “Shu sovuqda o‘qituvchi bechoralarning ko‘chada turishi achinarli. Nahotki, Xalq ta’limi vazirligi tadbir o‘tayotgan maktablarni isitishni tashkil qila olmasa?”, - deydi Ozodlik bog‘langan qashqadaryolik o‘qituvchi.

Vazirlik sukutda

Xalq ta’limi vazirligida o‘zini vazir yordamchisi deya tanishtirgan mulozim Ozodlik so‘roviga javoban Nurotadagi hodisadan xabari yo‘qligini aytib, vazirlik matbuot xizmati bilan bog‘lanishni maslahat berdi.

Xalq ta’limi vazirligi jamoatchilik va OAV bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Laylo Rustamova esa telefon go‘shagini ko‘tarmadi.

Ilgari ham bo‘lgan

Xalq ta’limi vazirligi tizimida ishlaydigan va o‘zini Muhabbat Suvonqulova deb tanishtirgan mulozimaning mikrofonsiz suhbatda ta’kidlashicha¸ o‘lim xabari ortidan Nurota tuman xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘ini ishdan olish masalasi kun tartibiga qo‘yilgan.

“Barcha maktab direktorlari Telegramiga ogohlantirish jo‘natildi. Olimpiadaga borishda xavfsiz kuzatuv choralariga amal qilish borasida ko‘rsatma berildi”, dedi mulozima.

Uning aytishicha¸ 2020 - yilda va undan oldin ham olimpiadaga borayotgan o‘quvchilar bilan yo‘l transport xodisalari yuz bergan:

“2019 - yilda Parkentlik o‘quvchilar tashkiliy ravishda Buxorodagi sayohatdan qaytib kelayotganida, ichida 37 nafar o‘quvchi va 3 o‘qituvchi bo‘lgan avtobus ag‘darilgan edi. Shundan keyin xafsizlikka rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilgan. Ammo palakat oyoq ostida”, - deydi mulozima.

Ayni paytda hukumat o‘quvchi va o‘qituvchilarni fan olimpiadalarida qatnashishga rag‘batlantiruvchi yangi qarorni imzolagan. Bu haqda «Yuksalish» umummilliy harakati 6 - yanvar kuni Telegramdagi kanalida xabar tarqatdi. Hukumat qaroriga muvofiq, "o‘quvchilari matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika fanlaridan xalqaro olimpiadalarda oltin, kumush va bronza medallarni qo‘lga kiritgan o‘qituvchilar va maktab direktorlariga 200, 175 va 150 % lik ustama to‘lanadi".

XS
SM
MD
LG