26 - fevralda O‘zbekiston prezidenti xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Namangan viloyatiga qilgan safarini esladi.
Prezident Mirziyoyev barcha hududlar rahbarlari mahallalarga kirib borishi kerakligini ta’kidlab, bu borada Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqovni namuna sifatida keltirdi.
27 - fevralda Ozodlikka Shahrixondan (Andijon viloyati) kelgan suratlarda tuman hokimligi binosidan bir necha o‘n metr masofadagi ko‘prik buzilib yotgani aks etgan.
Davlat rahbari rasmiy saytining xabar qilishicha, Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 - fevralda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xotin-qizlarning muammolarini hal qilish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilingan.
Yig‘ilishda so‘nggi to‘rt yilda bu borada 2 ta qonun, Prezidentning 6 ta farmon va qarori qabul qilingani, birinchi marta Senatda Xotin-qizlar va gender tengligi masalalari bo‘yicha qo‘mita tashkil etilgani, bugungi kunda 1 ming 400 ga yaqin ayollar respublika va viloyatlar, 43 mingdan ziyodi tuman va shaharlar darajasidagi rahbarlik lavozimlarida ishlab kelayotgani aytilgan.
Yig‘ilishda, shuningdek, boshqa bir qator ma’lumot va raqamlar ochiqlandi.
“Vaqtincha noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy bilan ta’minlash uchun har bir hududga 10 milliard so‘mdan, otasidan ayrilgan muhtoj qizlar manfaati uchun 5 milliard so‘mdan mablag‘ ajratilishi aytildi.Bu mablag‘lar uy-joyning boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berishga yo‘naltiriladi. Shuningdek, xotin-qizlarga turar joy ijarasi kompensatsiyasi uchun 11 milliard so‘m ajratiladi”, deyilgan Prezident matbuot xizmati xabarida.
Mahalliy saytlar, xususan kun.uzning xabarida Prezident o‘tkazgan yig‘ilishga doir qo‘shimcha ma’lumotlar mavjud. Saytning xabar qilishicha, Prezident ayni vaqtda O‘zbekistonda 9 ming ayol noturar joylarda yashab kelayotganini aytib o‘tgan.
“Har bir hokim o‘zi uchun yozib olsin – 9 ming ayol noturar joyda yashab kelyapti”, deb ta’kidlab aytgan Prezident.
Davlat rahbari yig‘ilish davomida 18-19 - fevral kunlari Namangan viloyatiga qilgan safarini ham eslab, bunday degan:
“Hokimlar mening vakillarim, lekin men Shodiyona va Bunyodkor mahallalariga borganimdan keyin o‘zimga kela olmayapman. Axir bu davlatga xiyonat! Hozir Namangan viloyati hokimi mahallaga borib yashayapti. Har kuni uning yoniga 40-50 nafar ayollar kelishyapti. Chunki ularning muammolari bilan yillar davomida hech kim shug‘ullanmadi. Xuddi shunday endi boshqa mutasaddilar ham mahallalarga kirib borishlari kerak. Ishlamaganlarni menga ayamay ko‘rsatinglar, shaxsan nazorat qilaman”.
27 - fevralda bir shahrixonlik (Andijon viloyati) “Nahotki, kattaroq ariq ustiga qurilgan ko‘prikni tuzatishga ham Prezident aralashishi kerak bo‘lsa?!” degan ritorik savol bilan Ozodlikka bir necha surat jo‘natdi.
Ismi sir qolishini so‘ragan shahrixonlikning aytishicha, u jo‘natgan suratlarda hamshaharlari “sherko‘prik” deb ataydigan katta ko‘prik yonidagi piyodalar ko‘prigi aks etgan.
"To‘rt burchida bittadan sher haykali o‘rnatilgani uchun “Sherko‘prik” deb ataladigan ko‘prik Shahrixon hokimligi binosi oldidan boshlanib, Farg‘onaning Quvasiga olib boruvchi yo‘lda, hokimlik binosidan 110 metr, prokuratura binosidan 70 metr, IIBdan 50 metr, suddan 40 metr masofada joylashgan. Ko‘prik yaroqsiz ahvolga kelganiga ancha bo‘ldi, birov uni yangilab qo‘yay demaydi”, deb yozdi shahrixonlik.
Suratlardan ko‘prikka yotqizilgan taxtalarning kamida uchdan biri yo‘qligi, ko‘prik konstruksiyasining o‘zi avval-boshdanoq noto‘g‘ri qurilgani uchun bo‘lsa kerak, qiyshayib ketgani ko‘rinib turibdi. Aftidan, ko‘prikning ochiq turgan joyiga taxta yotqizish bilan ish bitmasa kerakki, uning ikki tomoniga temir tayoqlar payvandlanib, to‘sib qo‘yilgan.
Suratlarni jo‘natgan shahrixonlikning aytishicha, piyodalar ko‘prigi shaharliklar uchun juda zarur, chunki bu ko‘prik shaharning serqatnov qismi – markazida joylashgan.
Ozodlik ko‘prik qachon o‘nglanadi, degan savolni berish uchun Shahrixon tuman hokimligining Andijon viloyat hokimligi rasmiy saytida e’lon qilingan telefoniga qo‘ng‘iroq qildi, biroq bog‘lana olmadi: aloqa operatorining “liniya nosozligi uchun raqam bloklangan” degan xabari eshitildi.
Shahrixon tuman Xalq qabulxonasiga qilingan qo‘ng‘iroqlarga hech kim javob bermadi. Har holda bugun, 27 - fevral – shanba, dam olish kuni.