Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 15:35

"O‘zbeklar tirik sobiq prezidentni ko‘rmasa kerak” – tarmoqlar muddatidan ilgari prezident saylovi haqida


Marhum prezident Islom Karimov va o‘sha paytdagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik kuni tantanalarida. Toshkent, 31-avgust, 2007
Marhum prezident Islom Karimov va o‘sha paytdagi Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev Mustaqillik kuni tantanalarida. Toshkent, 31-avgust, 2007

O‘zbek blogosferasida katta auditoriyaga ega ko‘plab blogerlar mamlakatda muddatidan ilgari prezident saylovi o‘tkazish va amaldagi prezident muddatining nollashtirilishi haqida sukut saqlarkan, boshqa tarmoq faollari ochiq fikr va ramzlar orqali e’tiroz bildirgani kuzatildi.

Shavkat Mirziyoyevning prezidentlik muddatini uzaytirishi kutilgan konstitutsion referendumdan bir hafta o‘tib O‘zbekistonda muddatidan ilgari prezident saylovi e’lon qilindi.

Konstitutsiyaviy o‘zgarishlarning bo‘lgani kabi, 9-iyulga tayinlangan muddatidan ilgari prezident saylovi tashabbuskori ham amaldagi prezidentning o‘zidir.

Aksar tahlilchi va tarmoq faollari referendumdan ko‘zlangan maqsad avvaldan ma’lum bo‘lishiga qaramay navbatdan tashqari saylov o‘tkazish qarori o‘zlari uchun kutilmagan bo‘lganini yozishdi.

“Konstitutsiyani nega o‘zgartirganimiz sababi kundek ravshan – prezident muddatini nollashtirish uchun. Ammo referendumdan keyinoq muddatidan ilgari prezident saylovi e’lon qilingani – men uchun jumboq. Bildirilgan tushuntirishlardan har holda men hech narsa tushuna olmadim... Yangi mandat nega kerak bo‘lib qoldi? Yoki (siyosiy) kurs keskin o‘zgarishi ortidan yangi mandatga ehtiyoj tug‘ilmoqdami? U holda kurs qaysi yo‘nalishda, qay tarzda o‘zgarayotganini tushuntirish kerak”, deb yozdi iqtisodiy tahlilchi Yuliy Yusupov.

BBC jurnalisti Ibrat Safo “Nima uchunligiga berilgan izohni tushunishni istayapman, lekin nemischa o‘ylayapmanmi – bu manyovrni hozircha baribir tushunmayapman. Qanday siyosiy favqulodda vaziyat yuzaga keldiki, atigi ikki oylik muddat bilan prezidentlik sayloviga start berilyapti?..” deya savol qo‘ydi.

Ayrim tarmoq foydalanuvchilari 30-aprel kungi referendumda “yo‘q” deb ovoz bergan saylovchilarning ko‘pligi amaldagi ma’muriyatni oshig‘ich ravishda prezident saylovini o‘tkazishga majbur qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi.

“Referendum natijalari (bizga e’lon qilingani emas) yaxshi bo‘lmagan. Xalqda norozilik kayfiyati o‘ta kuchli. Qolaversa, “zima blizko...”, energiya inqirozi yaqin 2-3 yilda o‘zgarmaydi. Shunday ekan, temirni qizig‘ida bosishning ayni payti”, deb yozdi bloger Muzaffar Erkin.

Mening aqlim yetgan yagona arzirli sabab – 3,5 yildan keyin ahvol bundan-da og‘irlashishi kutilmoqda, ayniqsa, energetika sohasida. 2023-yilning o‘zidayoq neftь va gaz ishlab chiqarish 2022-yilga nisbatan tushib boryapti. Vaholanki, energiyaga talab oshsa oshadiki, kamaymaydi”, deydi Temurbek Mahmudov.

Abduvali Rajab ismli foydalanuvchi ham “Yaqin uch yilda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar oldida hozirgi muammolar hech narsa bo‘lib qoladi, tabiiyki, prezident reytingi mutlaqo yomon holatga kelib qoladi. Shu xavotir sabab saylov tezlashtirib yuborildi”, degan fikrda.

Tarmoqdagi bahs-munozaralarda qayd etilishicha, amaldagi prezident baribir yutadi: uch yarim yillik muddatdan voz kechsa-da, qo‘shimcha 14 yilni qo‘lga kiritadi.

“3,5 yil" , deya holatga izoh berdi Ibn Ma’ruf ismli foydalanuvchi.

Tahlilchi Kamoliddin Rabbimov esa “siyosiy jarayonlar nihoyatda intensivlashib ketgani” haqida yozdi.

“Prezidentlik saylovi kutilayotganini bilardik. Lekin oktabr oylarida bo‘lishini taxmin qilardim. Yo‘q, ikki oy ichida bo‘lar ekan”, deydi u.

"Ноллаштириш" олдидан: Мирзиёев Германияга сафар қилмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:08:31 0:00

Siyosatshunos Rafael Sattarov fikricha, hozir Mirziyoyev qayta saylanishi uchun maqbul vaziyat hukm surmoqda. “Muxolifat yo‘q, xorijlik – G‘arbu Sharqdagi hamkorlar ham mamnun va uning tashabbuslarini dastlaklamoqda”.
Prezidentga yana ikki muddat tuhfa qilinayotgani tarmoqlarda hajvlarga ham sabab bo‘ldi.

“Bundan buyon o‘zbeklar tirik sobiq prezident ko‘rolmasa kerak”, deya mutoyiba qildi Humoyun Fattoh.

“Bemalol ko‘ra oladi. Grinkardchilar 8 ta sobiq prezidentni ko‘rish imkoniga ega”, deya AQSh siyosiy tizimiga ishora qildi Jasurbek Nabijonov bunga javoban.

“9-iyulda bo‘ldi nima, 3,5 yildan keyin bo‘ldi nima – natijasi aniq-ku! Yashasin monarxiya!..” deya kinoya qildi boshqa bir foydalanuvchi.

Telegramdagi “Habikatura” kanali muallifi muddatdan oldin saylov mavzusida hajviy surat ham chizdi.

Ayrim jurnalist va tarmoq faollarida tushkunlik ruhiyati ham sezildi.

Kun.uz” nashri muxbiri Ilyos Safarov “jurnalistikadagi missiyasi tobora tugab borayotgani, qiladigan ishi qolmayotgani” haqida post qoldirdi.

Shoir va tarjimon A’zam Obid oxirgi hodisalarga ushbu she’ri orqali munosabat bildirdi:

Noiblari qarsaksevar,
Zo‘r elmiz deb mujda qilar.
Hokimlari tarsakverar,
Bir ovozga sajda qilar.
Bu qaysi el?..

Tahlilchi Sardor Salim esa “Yangi O‘zbekiston”dan umid yo‘qligi, birato‘la "To‘rtinchi Respublika" haqida o‘ylash kerakligidan bahs etdi.

30-aprel kuni umumxalq referendumida 90 foizdan ortiq ovoz bilan ma’qullangan yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiq amaldagi prezidentning vakolat muddati 5 yildan 7 yilga uzaytirildi.

Bu esa 66 yashar Mirziyoyevning muddati nollashtirilishi va u yana ikki muddat (14 yil) prezidentlikda qolishi mumkinligini anglatadi.

8-may kuni uyushtirilgan parlament va siyosiy partiyalar rahbarlari bilan uchrashuvda Mirziyoyev muddatdan ilgari saylov qarorini izohlar ekan, “obyektiv zarurat mavjud”ligi sabab “qolgan uch yarim yillik prezidentlik muddatidan o‘z tashabbusi bilan voz kechayotgani”ni qayd etdi.

Partiyalar rahbarlari an’anaga sodiq qolgan holda prezidentning muddatdan ilgari saylovga doir farmonini olqishlashga oshiqdi.

2021-yilgi saylovda o‘zini amaldagi prezidentga raqib o‘laroq taqdim etgan “Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov muddatidan ilgari saylov tashabbusini birinchilardan bo‘lib qo‘llab-quvvatladi.

"Partiya yetakchisi sifatida tashabbusni qo‘llab-quvvatladim" deb yozgan Alisher Qodirovning posti ostida izoh qoldirgan huquqshunos va migrantlar himoyachisi Botirjon Shermuhammad "bu safar soliq solaylik demang" deya istehzo qildi. 2021- yildagi prezident saylovida Mirziyoyevga raqib bo‘lgan Alisher Qodirov Rossiyadagi o‘zbek migrantlarini soliqqa tortish va boshqa yana qator ziddiyatlari tashabbuslari uchun tarmoqlarda tanqid va kulgi qilingan.

"Ko‘p go‘sht yeb yuboryapmiz" degan so‘zlari uchun tarmoqlarda memga aylangan Mirziyoyevning iqtidordagi O‘zLiDeP partiyasi raisi Aktam Hayitov ham, saylovni muddatidan ilgari o‘tkazish “juda to‘g‘ri qaror” ekanini urg‘uladi.

XS
SM
MD
LG