Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:45

O‘zbekistondagi yahudiy ibodatxonalarida xavfsizlik choralari kuchaytirildi


Buxorodagi yahudiylar sinagogasi to‘rt asrdan ko‘proq tarixga ega.
Buxorodagi yahudiylar sinagogasi to‘rt asrdan ko‘proq tarixga ega.

Yaqin Sharqda yangidan boshlanib ketgan urush fonida O‘zbekistondagi Isroil elchixonasi, sinagogalar va yahudiylarga tegishli boshqa muassasalar atrofida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Yahudiy ibodatxonalari atrofini O‘zbekiston Milliy gvardiyasi xodimlari tunu-kun qo‘riqlamoqda.

“Davlat sinagoga atrofiga qo‘riqchilarni qo‘ygan. Milliy gvardiya turibdi. Odamlar kelib emin-erkin ibodatlarini ado etmoqda. Hech qanaqa muammo yo‘q”, deydi Ozodlik suhbatlashgan Toshkentdagi sinagoga xodimi.

Qo‘qondagi yahudiy qabristoni atrofiga ham militsiya postlari qo‘yilgan.

“Shahar militsiyasidan odamlar qo‘yilgan. Hammasi joyida. Hech qanaqa vandalizm yo‘q. Militsiya tunda ham navbatchilik qilmoqda”, deydi qabriston qorovuli.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonda 10 ta sinagoga mavjud. Shulardan uchtasi Toshkentda, Samarqand va Buxoroda ikkitadan, qolgani Qo‘qon, Farg‘ona, Marg‘ilon va Andijonda joylashgan.

"Biz musulmonlar bilan ahilmiz"

Ozodlik bilan suhbatda bo‘lgan yahudiy jamoalari vakillari shu paytgacha O‘zbekistonda antisemitizm tahdidlarini hech bir ko‘rinishda kuzatmaganliklarini aytishadi.

“Bizda ibodatlar vaqtida o‘tkazilyapti. Markaz maromida ishlayapti. Butun mamlakat bo‘yicha markazlar ishlayapti. Faqat bayram va ko‘ngilochar tadbirlarni to‘xtatib turibmiz. Jamoamiz shunday qarorga keldi. Lekin, Xudoga shukur, bizda tinchlik. O‘zbekiston biz uchun muqaddas zamin. Bu xalq hamma vaqt yahudiylarga quchog‘ini ochgan va hozir ham shunday. O‘zbek xalqi juda aqlli, juda mehribon, muruvvatli xalq”, - deydi Toshkentdagi Yahudiy madaniyat markazi rahbari Marina Aqilova.

Avraam Isaqov Buxoroda yahudiylar sinagogasiga rahbarlik qiladi. U ko‘p vaqtini 420 yil avval qurilgan ibodatxonada mehmonlarni kutib olish bilan o‘tkazadi.

“Bizda doim tinch bo‘lgan. Hech qanaqa muammo yo‘q va bo‘lmaydi. Buxoroda, O‘zbekistonda musulmonlar o‘z farzandlarini kichkinaligidan yahudiylarni hurmat qilishga o‘rgatishadi. Terrorchi tashkilotlar esa bolalarni o‘ldirishga o‘rgatadi. Bizda unday emas. Biz musulmonlar bilan ahilmiz. Masalan, yahudiy qabristonini direktori bizda musulmon. Ismi Jahongir. Sinagogada o‘tkazadigan bayramlarda musulmonlar doim qadrli mehmonimiz. Hozir, mana Isroil-HAMAS urushi payti kuchishlatar tizimlarimiz - DXX, prokuratura, ichki ishlar sinagoglarimizni qo‘riqlayapti. Ichki ishlar vazirligi terrorchilikka qarshi kurash boshqarmasidan har kuni telefon bo‘ladi, muammo yo‘qmi, deb so‘raydi. Hammasi yaxshi, bizda Dog‘istondagiday voqea hech qachon bo‘lmaydi", - deydi Isaqov.

Buxorodagi yahudiy jamoasi rahbari Avraam Isaqov.
Buxorodagi yahudiy jamoasi rahbari Avraam Isaqov.

Aholini ro‘yxatga olish ma’lumotlariga ko‘ra, 1926-yilda O‘zbekistonda 18 172, 1989-yilda esa 28 369, shu jumladan Buxoroda 4200 Buxoro yahudiylari yashagan.

Ularning aksari o‘tgan asrning 90-yillarida AQSH, Isroil va Yevropa davlatlariga ko‘chib ketgan.

Yahudiy jamoasi vakillarining aytishicha, 90-yillardagi ko‘chishga antisemitizm sabab emasdi.

AQSHda chop qilinadigan The Bukharian Times gazetasi muharriri asli samarqandlik Rafael Nektalov Ozodlik bilan suhbatda o‘zbek xalqi yahudiylarga doim mehribon bo‘lganini aytadi.

- Men shu yilning 19-26-oktabr kunlari O‘zbekistonda bo‘ldim. Bu vaqtda butun dunyoda isroilliklarning o‘ldirilishi bilan bog‘liq xavotirlar kuchaygan edi. Keyinchalik negadir tinch aholining o‘ldirilishi uchun Isroildan javob zarbasi olgan falastinliklarning taqdiri haqida dunyoda tashvish kuchaydi. Isroildagi hujum payti buxorolik yahudiylar ham nobud bo‘ldi, mana ular, gazetamizda xabar berganmiz,- deydi Ozodlik bilan suhbatda o‘zi nashr qilayotgan gazeta sahifalarini varaqlarkan.

- Men Toshkent, Marg‘ilon, Samarqand shaharlarida bo‘ldim, ko‘chada boshimdagi mana shu qora do‘ppim bilan yurdim. Har doimgi hurmat-ehtiromni sezdim, hech qanaqa antisemitizmni ko‘rmadim. Biz Marg‘ilonda Berta Davidova xotirasiga bag‘ishlangan “Shoshmakom forever” maqom festivalini o‘tkazdik. Atrofda ko‘rganimiz faqat iliqlik edi”, - deydi Nektalov.

Rafael Nektalov, AQSHda chiqadigan The Bukharian times nashri bosh muharriri.
Rafael Nektalov, AQSHda chiqadigan The Bukharian times nashri bosh muharriri.

O‘zbekistondagi yahudiy jamoasi orasidan o‘zbek san’ati va madaniyatining ko‘plab namoyandalari yetishib chiqqan. Berta Davidova, Maryam Yoqubova, Ishoq Katayev va Muhabbat Shamayeva singari san’atkorlar ijro etgan kuy, qo‘shiq va rollar har bir o‘zbek xonadoniga kirib borgan.

O‘zbekistonlik taniqli qo‘shiqchilar ham Isroil va Amerikadagi yahudiy jamoalari to‘y-ma’rakalarining kunda-shundasi.

“Isroilda G‘afur G‘ulomga yodgorlik qo‘yilgan, uning nomi bilan ataluvchi xiyobon bor. Shoir merosi hozir ham aktual. Og‘ir urush yillarida o‘zbekning bu o‘g‘loni “Men yahudiyman” deb she’r yozgan. Bir millat etnik kelib chiqishiga qarab yo‘q qilinar ekan, men ham ulardan biriman, degan. Mana bu mana o‘zbek, o‘zbekning mohiyati shu”, - deydi Nektalov.

Ammo bu kabi rishtalar, masalan, o‘zbekistonlik taniqli xonanda Yulduz Usmonovani Isroil mahsulotlarini boykot qilishdan qaytara olmadi.

O‘zbek estradasi yulduzining tarmoqlarda keng tarqatilgan boykot aksiyasi Buxoro yahudiylari jamosi e’tiboridan chetda qolmagan.

“Agar u Isroildan norozi bo‘lsa, uning bu haqda gapirishga haqqi bor. Misol uchun, Isroilning harakatlaridan norozi bo‘lgan yahudiy tashkilotlari ham bor. U o‘z fikrini aytganidan, fuqarolik pozitsiyasini bildirganidan xursandman. Lekin, mag‘zavani yahudiylar ustiga ag‘darishi, ularni "fashistlardan ham battar" deyishi menga yoqmaydi. Boshqa tomondan, uning uyidan 500 kilometr narida, tug‘ilib o‘sgan shahridan 400 kilometr uzoqlikda Xitoyning uyg‘urlar yashaydigan okrugi joylashgan. Uyg‘ur birodarlarimizning u yerda bosqi ostida yashayotganini bilamiz. Nega ular haqda gapirmaydi? Axir, uyg‘urlar bizga yaqin-ku. Nimaga gapirmaydi? Chunki Xitoy bor, Xitoy kuchli”, - ta’kidlaydi Nektalov.

"Мен Юлдуз Усмоновага Парвардигордан донолик тилайман"
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:04:17 0:00

Antisemitizm yahudiylarga nisbatan ularning etnik¸ diniy va madaniy-maishiy hayot tarziga asosan shakllangan bid’at va nafratga yo‘g‘rilgan qarashlar jamlanmasidir.

Bu holat Rossiyaning Dog‘istonidagi aeroportda yakshanba kuni yuz bergan aksil-Isroil g‘alayoni payti ko‘rindi.

Isroilning Tel-Aviv shahridan uchoq uchib kelishi oldidan minglab odamlar Mahachqal’a aeroportiga bostirib kirgan. Ularning ko‘plarida Falastin bayroqlari bo‘lgan, ba’zilari antisemitik shiorlarni ko‘tarishgan.

Olomon boshqa reys bilan Moskvadan uchib kelgan millati o‘zbek bo‘lgan Rossiya vatandoshini isroillik deb o‘ylab, so‘roqqa tuta boshlagan va pasportini olib qo‘ygan.

O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev seshanba kuni o‘z mamlakati "Falastin xalqi bilan birdam ekani" va "mustaqil Falastin davlati barpo etilishini qo‘llab-quvvatlashini" ta’kidladi.

Lekin Mirziyoyev ko‘p davlatlarda terrorchi tashkilot deya tan olingan HAMASni ayblashdan tiyildi.

“Mirziyoyev HAMASni qoralamaganining ichki va tashqi sabablari bor. Tashqi sababi-O‘zbekistonning yaqin ittifoqchilari Turkiya va Rossiya HAMASni nafaqat qoralamadi, balki uning amallarini oqlashga urinmoqda. O‘tgan hafta Turkiya rahbari Erdo‘g‘on HAMASni terrorchi guruh emas, ozodlik uchun kurashayotgan tashkilot deb atadi. Boshqa tomondan, Rossiya o‘tgan hafta HAMAS delegatsiyasini qabul qildi. Keyinroq HAMAS Rossiyaning yaqin do‘sti, dedi. Ichki sabablarga kelsak, Mirziyoyev HAMASni qoralash dindorqatlam ko‘ngliga yoqmasligini biladi”, - deydi amerikalik tahlilchi Jozef Epshteyn.

"Buxoro yahudiylari" atamasi birinchi bo‘lib 16-asrda paydo bo‘lgani aytiladi.

Ingliz tadqiqotchilari Amir Nasrulloxon hukmronligi davri (1826—60)da Buxoroda 10 ming yahudiy yashaganligini ko‘rsatib o‘tishgan.

Buxoro yahudiylari jamoasi rahbari Avraam Isaqovning aytishicha, hozirda Buxoroda 200 ga yaqin yahudiy oilasi qolgan.

Isaqov ham yahudiylarning ketishiga antisemitizm sababchi emas, deydi.

“Hech kim ularni haydagan yoki bosim o‘tkazgan emas. Ular xorijdagi qarindoshlarining tashabbusi bilan yaxshiroq hayot ilinjida vatanlarini tark etishgan”, - deydi Isaqov.

Isaqovning aytishicha, Buxoroda juda oz sonli yahudiylar qolgan bo‘lsa-da, maktab va sinagogalar avvalgi holatida saqlanib qolgan va muhofaza ostida.

Buxorodagi 36-maktab Markaziy Osiyodagi yagona yahudiy maktabi bo‘lib, unda ibroniy tilida dars beriladi.

Bu maktabda nafaqat yahudiy, balki boshqa oilalar farzandlari, jumladan, musulmon bolalar ham tahsil oladi.

Buxoro yahudiylarining aksariyati rivojlangan mamlakatlarga ko‘chib, o‘rnashib qolgan bo‘lsalar ham, vaqti-vaqti bilan ota-bobolari diyoriga kelib turadilar.

Buxorodagi yahudiy qabristoni qariyb 9 gektar maydonni egallaydi va ko‘p asrlik tarixga ega.

Qabriston qarovchisi avvalroq Jahongir Dilovning Ozodlikka aytishicha, hozir qabriston hududida obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda.

“Xudo xohlasa, Amerika, Avstriya, Isroil, Germaniyadan mehmonlar kelishi kerak. Ular yahudiy qabristoni va sinagoga holatini ko‘rishni istashadi”, deydi Dilov.

Millati yahudiy bo‘lgan ispaniyalik sayohatchi Beniamin de Tudel ma’lumotiga ko‘ra, 1165-yilda Samarqandda 30 mingga yaqin yahudiy istiqomat qilgan.

XVIII asrning o‘rtalarida Nodirshoh (1736-1747) Samarqandni bosib olganda¸ uning lashkarlari orasida yahudiylar ham bo‘lgani aytiladi.

Keyinchalik ular Samarqandning Shoh-Kash, Chor-Raga, Novadon, Qo‘shhovuz kabi guzarlarida yashab qolganlar.

XS
SM
MD
LG