Din ishlari bo‘yicha qo‘mita 21-noyabr kuni Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish faoliyatini amalga oshirish uchun yakka tartibdagi litsenziya berish bo‘yicha tanlov g‘oliblari ro‘yxatini e’lon qildi.
Tanlov komissiyasi g‘olib deb topgan 12 ta sayyohlik firmasining 6 tasi Toshkent shahrida, 3 tasi Namangan viloyatida joylashgan. Xorazm, Farg‘ona va Andijon viloyatlaridan esa bittadan firmaga Umra litsenziyasi berilgan.
Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazishga oid xizmatlarini litsenziyaga ega bo‘lmagan tadbirkorlik subyektlari tomonidan ko‘rsatish taqiqlangani, buning uchun yuridik shaxslarga BHMning 200 baravari miqdorida jarima belgilanganini eslatgan.
Mahalliy matbuotga ko‘ra, joriy yil oktyabr oyi boshida ham mamlakatda 80 ga yaqin firma Umra xizmatlarini ko‘rsatish bilan shug‘ullangan.
Vazirlar Mahkamasi joriy yil 12-oktyabr kuni “Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlarni yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi 668-sonli qaror qabul qilishi ortidan Umra litsenziyasi talablari kuchaytirilgan. Jumladan, talabgorlarga 1 million dollar miqdoridagi mablag‘ni “Ziyorat jamg‘armasi”ga zaxira sifatida qo‘yish talabi joriy etilgan.
Rasmiylar litsenziya talablari kuchaytirilishini turfirmalar aybi bilan bir necha ming vatandosh Saudiya Arabistonida sarson bo‘lgani bilan izohlagan.
Jamoatchilik esa litsenziya shartlari yanada qiyinlashishi ortidan Umra monopoliyasi qaytishi mumkinligidan xavotir bildirgan.