Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:51

O‘zbekistonda sanasi e’lon qilinmagan referendumga tayyorgarlik avjida


Referendum amaldagi prezident muddatini “nollashtirish"i va yangi prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishi kutiladi.
Referendum amaldagi prezident muddatini “nollashtirish"i va yangi prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishi kutiladi.

O‘zbekistonda Konstitutsiyasiga o‘zgartish kiritish bo‘yicha referendum sanasi hali rasman e’lon qilinmasdan mamlakat bo‘ylab mahallalar va korxonalarda bu tadbirga tayyorgarlik boshlab yuborilgani haqida xabarlar kelmoqda.

Ismi ochiqlanmasligini so‘ragan toshkentlik mahalla faoli Ozodlik bilan suhbatda mahalla raislari va ayollar “xalq referendumga chiqmagan taqdirda nima qilishi kerakligi bo‘yicha” o‘qitilayotganini aytdi.

“Hali komanda bo‘lmasdan turib, boshlab yuborilgan. Saylov komissiyasi ro‘yxatlari tuzib bo‘lingan. Mahalla raislarini bir haftalab o‘qitishdi. Mahalladan ayollarni omma bilan ishlashga o‘qitishyapti, xalq chiqmagan taqdirda qanaqa qilib ish tutish, nima qilish bo‘yicha o‘qitishyapti. Hatto, poliklinikadagi vrachlarni ham o‘qitishyapti. Shahardagi 63- poliklinikaga borsam, vrachlar o‘qishda, deyishdi. Maqsad-referendumni o‘tkazib olish, referendum o‘tdi deyish uchun ellik foizdan ko‘p saylovchi qanashishi kerak-da. Hali referendum kuni e’lon qilinmasidan moliya bu tadbirga pul ajratyapti, o‘qitilyapti, xonalar ajratilgan”, - deydi mahalla faoli.

O‘zbekistondagi yetti yirik korxanadan biri hisoblangan, 46 mingdan ziyod odam ishlaydigan Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinatida ham referendumga tayyorgarlik boshlab yuborilgani aytilmoqda.

Korxonaning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan xodimi Ozodlikka “Navoiy kon-metallurgiya kombinatida 1374 raqamiga majburlab telefon qildirib, prezident muddatini besh yildan yetti yilgacha uzaytirilishiga roziman deyishga majburlashyapti”, -degan yozma xabar yo‘lladi.

O‘zini Navoiy kon metallurgiya kombinati ishchisi deb tanitgan shaxsdan kelgan xat.
O‘zini Navoiy kon metallurgiya kombinati ishchisi deb tanitgan shaxsdan kelgan xat.

“Majburlash yo‘q, ochiq muhokama bor”

Navoiy tog‘-metallurgiya kombinati matbuot xizmati boshlig‘i Xolmamat Raupov Ozodlik bilan suhbatda ishchi-xodimlarning majburan refrendump kampaniyasiga jalb qilinayotganini rad etdi.

Ammo Raupov referendum bo‘yicha "ochiq muhokamalar" bo‘layotganini tasdiqladi.

“Majburlash yo‘q. Birinchidan, bunaqa raqamning o‘zi yo‘q. Men bu soha bo‘yicha ishlayman, bu soha bo‘yicha mutaxassisiman. Referendum hali e’lon qilinmadi. Faqat muhokama ketyapti, kim xohlasa, taklifini beryapti. Muhokama bor, lekin referendum haqida hali biron gap yo‘q”, - dedi "Navoiy KMK" vakili.

Konstitutsiyaga o‘zgartishlar yuzasidan umumxalq referendumi sanasi hozirgacha e’lon qilinmagan.

15-iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yana bir bor Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasining muddatini 1-avgustga qadar uzaytirish haqida qaror qabul qildi.

Konstitutsiyaga kiritiladigan o‘zgartishlar loyihasi 25-iyun kuni e’lon qilingan va uning umumxalq muhokamasiga 10 kun berilgan edi. Ammo 1-2-iyul kunlari Konstitutsiyaning yangi tahririda Qoraqalpog‘iston maqomining bekor qilinishiga qarshi Nukusda zo‘ravonliklarga aylanib ketgan namoyishlar ortidan Oliy Majlis muhokama muddatini yana 10 kunga, undan keyin esa 1-avgustga qadar uzaytirdi.

“Bizga kelgan ma’lumotga ko‘ra, referendumni uzog‘i bilan noyabrga qoldirmasdan o‘tkazishmoqchi. Qoraqalpog‘istondagi vaziyat tufayli sal cho‘zilib qoldi. Mana, mening qo‘limda komissiya ro‘yxati bor. Hali referendum e’lon qilinmagan, lekin ro‘yxatlar tuzib bo‘lingan”, - deydi Ozodlik suhbatlashgan mahalla faoli.

Referendum amaldagi prezident muddatini “nollashtirishi” va yangi prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirishi kutiladi.

Konstitutsiyaviy komissiyaning bildirishicha, konstitutsiyaga o‘zgartishlar bilan bog‘liq jamoatchilik muhokamasi jarayonida “aholidan 85 ming taklif” kelib tushgan.

Andijonlik shifokor va faol Otabek Ahliddinov referendum sanasi hali rasman e’lon qilinmasidan umumxalq referendumiga tayyorgarlik ishlari boshlanishini "g‘ayriqonuniy" deb hisoblashini aytadi.

"Referendum o‘tkazish to‘g‘risida qaror olinmay turib, tayyorgarlik ishlari amalga oshirilishi g‘ayriqonuniy, deb hisoblayman. Chunki hozir bu masala muhokama bosqichida, huqumat qarori yo‘q, bu yoqda referendumga tayyorgarlik avjida. Mahalla faollari o‘qitilyapti. Bizda bilasiz, bunaqa tadbirlar majburlashlarsiz bo‘lmaydi. Tepani topshirig‘ini bajarmasa, ishdan bo‘shatiladi”, - deydi Ahliddinov.

"Hech qanaqa Yangi O‘zbekiston yo‘q"

AQShda yashovchi o‘zbekistonlik siyosiy tahlilchi va xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Rafael Sattarovning fikricha, referendumga tayyorgarlik bilan bog‘liq butun jarayon Karimov davrini yodga solmoqda.

“Hukumat qarorlariga qarasak, hali referendum sanasi yo‘q, lekin joylarda "mahallabay" deb aytilayotgan boshqaruv tizimi yo‘li bilan prezident muddatini nollashtirishga qaratilgan referendumga tayyorgarlik ishlari ketyapti. Bu birinchi marta bo‘layotgani yo‘q. Hali referendum kuni e’lon qilinmasdan turib, ro‘yxatlar tuzish Karimov davrida ham bo‘lgan. Ba’zi bir hurmatli jurnalistlar, ekspertlar "O‘zbekiston besh-olti yil oldingi O‘zbekiston emas" deb, qanchalik bot-bot qaytarmasin, aslida bu o‘sha O‘zbekiston. Hech qanaqa Yangi O‘zbekiston yo‘q. Karimov davridagi nollashtirishni ham, tashqi siyosatni ham, monopoliyani ham saqlab qolgan O‘zbekiston bor. Prezidentlik muddati nollashtirilayotgani hech kimni hayratga solayotgani ham yo‘q”, deydi Rafael Sattarov.

O‘zbekiston Markaziy saylov komissiyasi rasmiy vebsaytida referendumga tayyorgarliklar boshlab yuborilganini tasdiqlagan.

MSK saytida Oliy Majlisning umumxalq referendumi o‘tkazishga doir maxsus qaroriga havola yo‘q. Bunday qaror bor-yo‘qligi ham noma’lum. Komissiya matbuot xizmati vakili o‘zining "mutaxassis emasligi"ni aytib, Ozodlikka bu borada izoh berolmasligini bildirdi.

MSK vebsaytida O‘zbekiston tarixidagi faqat bitta referendum-yigirma yil oldingi referendumga havola berilgan.

2002-yilda bo‘lib o‘tgan referendum kun tartibiga “Siz kelgusi chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi parlamenti ikki palatali qilib saylanishiga rozimisiz?”, “Siz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining konstitutsiyaviy vakolat muddatini besh yildan yetti yil qilib o‘zgartirishga rozimisiz?” degan ikki savol qo‘yilgandi.

Rasmiy natijalarga ko‘ra, birinchi savolga ovoz berishda ishtirok etgan fuqarolarning qariyb 93 foizi, ikkinchi savolga ovoz berishda esa ovoz beruvchilarning 91 foizi yoqlab, ovoz bergan.

O‘zbekiston rasmiylari kelayotgan referendumni islohotlarni chuqurlashtirish va inson huquqlarini kengaytirish ehtiyoji bilan tushuntirishgan. Ammo mamlakat ichkarisi va tashqarisida referendumdan maqsad joriy prezidentning muddatini nollashtirish degan fikr keng tarqalgan.

Konstitutsiyaga o‘zgartishlar ma’qullangani taqdirda, Mirziyoyev amalda 2040-yilgacha yoki umrbod prezidentlikda qolishi mumkin.

1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasiga shu paytgacha 16 marta o‘zgartirishlar kiritilgan.

XS
SM
MD
LG