Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 13:40

O‘zbekistonda imomlarga ijtimoiy tarmoqlarda chiqish taqiqlandi, layk bosish ham


Bundan oldin Ozodlik imomlardan xorijga chiqish pasportlari yig‘ishtirib olingani haqida xabar bergan.
Bundan oldin Ozodlik imomlardan xorijga chiqish pasportlari yig‘ishtirib olingani haqida xabar bergan.

O‘zbekiston musulmonlari diniy idorasi imomlarning ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarini cheklamoqda.

Bu ayrim imomlarning tarmoqlardagi ziddiyatli chiqishlari fonida yuz berdi.

27-may kuni O‘zbekistondagi barcha masjid imomlari ijtimoiy tarmoqlarga chiqmaslik, ijtimoiy tarmoqdagi postlarga layk bosmaslik haqida ogohlantirish olishdi.

Toshkent shahri bosh imom-xatibi yordamchisi Ergash Rustamov nomidan tuman bosh imom-xatiblariga Telegram messenjeri orqali yuborilgan audio murojaatda ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlarni qat’iy nazoratga olish haqida so‘z boradi.

“Assalomu alaykum, hurmatli tuman bosh imom-xatiblari. Navbatdagi topshirig‘imiz, ijtimoiy tarmoqlarga chiqmaslik. Uni qat’iy nazoratga olamiz. Haj safarida bo‘lganlarga ham tegishli. Imom-xatiblar, noibi imomlarga hammaga yetkazish lozim bo‘ladi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqdagi biron mavzuni o‘qib unga layk bosmasligimiz shart. Buni barcha imom xatiblari imom noiblariga yetkazamiz va nazoratga olamiz”, - deydi Rustamov.

Ozodlik suhbatlashgan imomlar diniy idoraning so‘nggi qarorini o‘z faoliyatlari ustidan davlat nazoratining kuchaytirilishi deb talqin qilishdi.

Xavfsizlik bois ismini ochiqlamaslikni so‘ragan toshkentlik imom Ozodlik bilan suhbatda imomlarga tarmoqda chiqishning cheklanishi vijdon erkinligi haqidagi qonunga zid, deydi.

“Imom- xatiblarni ijtimoiy tarmoqda chiqish qilishlarini cheklab, hatto layk bosmaslikka undashmoqda. Agar shunday qilinadigan bo‘lsa, imom-xatib chaqirilib, intizomiy jazo qo‘llanishini aytishmoqda. Bu esa inson huquqlari va vijdon erkinligi haqidagi qonunlarga zid”.

Bundan oldin Ozodlik imomlardan xorijga chiqish pasportlari olib qo‘yilgani haqida xabar bergan edi.

“Qo‘l-oyog‘imizni bog‘lab qo‘yishyapti”

Ozodlikka gapirgan boshqa bir toshkentlik imom tarmoqlarda chiqishga qo‘yilayotgan cheklovi O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi rahbari, muftiy Nuriddin Holiqnazarovning buyrug‘i bilan bo‘layotganini aytib, buni imomlar ustidan nazoratni kuchaytirishga urinish, deb atadi.

“Bu muftiyning buyrug‘i deyishyapti. Qo‘l-oyog‘imizni bog‘lab qo‘yishyapti”, deydi toshkentlik imom.

Toshkent shahar Bosh imom-xatibi yordamchisi Ergash Rustamov imomlarga ijtimoiy tarmoqlarda chiqish nima uchun taqiqlanayotgani haqida Ozodlik yo‘llagan yozma savolga: “Ming bor uzur, man bunaka gaplardan xabarim yuk AKA!”, deya javob berdi (imlo saqlandi-tahr.)

Ozodlik muxbirining o‘zining audio murojaatiga aniqlik kiritish haqidagi savolini Ergash Rustamov javobsiz qoldirdi.

O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi vakili Ozodlik bilan suhbatda imomlarga shunday topshiriq bo‘lganini tasdiqladi, ammo biron rasmiy izoh bermadi.

Tarmoqda "yulduz"ga aylangan imomlar

So‘nggi vaqtlarda qator imom-xatiblar, diniy idora ta’biricha, o‘zlarining maqom-rutbalariga to‘g‘ri kelmaydigan chiqishlari bois lavozimdan chetlatilgan.

Xalq orasida “Is'hoqjon domla” nomi bilan tanilgan imom so‘nggi chiqishida “Keshbek”ni o‘ylab topganlar xalqqa, savdogarlarga zulm qilyapti”, deb aytgan edi. Uning soliqlarga doir fikri ham munozaralarga sabab bo‘lgan.

Toshkentdagi “To‘xtaboy” masjidiga imom-xatiblik qilgan Is'hoqjon domla 2017-yilda Navro‘z bayrami va uning atrofidagi urf-odatlarni keskin tanqid qilgani sabab ishdan bo‘shatilgan edi.

2023-yil yanvar oyida Toshkent viloyatidagi “Eshonxo‘ja ota” masjidi imom-xatibi Avazxo‘ja Bahromovning yosh qizchaga tahdid va haqorat yog‘dirgani audiosi ijtimoiy tarmoqni junbishga keltirdi. A.Bahromov 16 yoshda ekani aytilgan qizga “boshini akvariumga tiqish”, “so‘yib tashlash”, “yuragini sug‘urib olish” bilan tahdid qiladi.

O‘rganishlardan keyin u imomlikdan bo‘shatildi va 3 sutka ma’muriy qamoq jazosiga hukm qilindi.

2022-yil sentyabr oyida poytaxtdagi “Aziz ota” jome masjidi imom noibi Mirsobit Vohidov ulamolar sha’nini to‘kayotganlarning barmog‘ini sindirishga undagan.

Tarmoqlarda yirik dahanaki mojaro chiqargan yana bir imom, Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi «Fath» jome masjidida imom noibi bo‘lgan Solixon domla - Solixon Ortiqxo‘jayev bo‘ldi.

U ichkilikka berilgan musulmonlarni gapirarkan, Xorazm viloyati aholisini umumlashtirib qoralagani keskin norozilikka sabab bo‘ldi.

Tarmoqlarda imomni qonuniy javobgarlikka tortish talablari yangradi. Noroziliklar ortidan O‘zbekiston Musulmonlari diniy idorasi imomni vazifasidan chetlatdi.

Bundan tashqari, Farg‘ona viloyati Toshloq tumani Bosh imom xatibi, Shukrullo Egamberdiyev (Shukrullo domla)ning ma’ruzalaridan birida ayol kishiga nisbatan “rasvo” jumlasini qo‘llagani ham tarmoqlarda qoralandi.

Toshkentning bosh imom-xatibi lavozimida ishlagan ziddiyatli ulamo Rahmatulloh Sayfutdinov esa oldinroq erkaklarning doyalik qilishini sharmandalik, turk seriallarini esa millat zehniyatiga zararli, degan chiqishlari ortidan tarmoqlarda “psixogenetik imom” laqabini olgan edi.

"Imomlarga jamiyatda o‘lchov belgilashiga yo‘l qo‘yilmaydi!"

O‘zbekistonning sobiq Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ikki yil avval “jamiyatda bo‘linishlarga sabab bo‘layotgan" din peshvolarini ogohlantirgandi.

U imomlarning munozarali chiqishlariga to‘xtalib, ularning “o‘z qarashlaridan kelib chiqib jamiyatda o‘lchov belgilashiga yo‘l qo‘yilmasligi”ni ta’kidlagan.

“Amerikalik yozuvchi Devid Frimen “odamlarga do‘zaxga kirish-kirmaslik tanlovini o‘zlariga qo‘yib beringlar» degan. O‘zi kiradiku, kirsa! Buni katta olimlar bekorga aytmagan. Bu jamiyat rivojlanishi uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan narsalar. O‘zining diniy o‘lchovlari, uyidagi qarashlari bilan jamiyatga o‘lchov qo‘yishga yo‘l qo‘ymaymiz, chunki qonun bor”, degandi vazir.

O‘tgan yil sentyabr oyida o‘tkazilgan hukumat yig‘ilishida mamlakatda "diniy radikallashuv kuchayib borayotganidan" tashvish bildirilgan, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan bu sohadagi nazorat kuchaytirilishi aytilgan.

Majlisda ishtirok etgan mulozimlardan birining Ozodlikka aytishicha, davlat xizmatchilari, hukumat a’zolari orasida ham xizmat joylarida namoz o‘qish, shar’iy nikoh asosidagi ko‘pxotinlik va diniy rusumdagi anjumanlarga borish tendensiyasi kuchaygani tanqid ostiga olingan.

Ozodlik manbasi Bosh vazir Aripovning “Amaldorlar yo dinni tanlasin, yoki davlatdagi ishini tanlasin” degan so‘zlarini keltirgan.

Buning ortidan O‘zbekistonning bir necha masjidlaridagi ovoz kuchaytirgichlarda azon ovozlari pasaytirildi.

Стив Свердлов: “Ўзбекистонда диний эркинликлар доираси торайиб бормоқда”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:42 0:00

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, 2021-yilning 1-avgust holatiga mamlakatda 16 ta konfessiyaga mansub 2 285 ta diniy tashkilotlar mavjud.

Bundan 2098 tasi islomiy, 188 tasi boshqa diniy oqimlarga mansub tashkilotlardir.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, din davlatdan ajratilgan. Diniy tashkilotlar va konfessiyalar faoliyati O‘zbekiston Respublikasi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

XS
SM
MD
LG