Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 23:44

O‘zbekiston: Tarmoqlarda Qozog‘iston mavzusi cheklandi, blogerlar "ogohlantirilmoqda"


O‘zbekistonda Qozog‘iston voqealariga qadar ham jurnalist, bloger va tarmoq foydalanuvchilari ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan edi. Illyustrativ surat.
O‘zbekistonda Qozog‘iston voqealariga qadar ham jurnalist, bloger va tarmoq foydalanuvchilari ustidan qattiq nazorat o‘rnatilgan edi. Illyustrativ surat.

Tarmoqlarda qo‘shni Qozog‘istonda bo‘layotgan voqealarni yoritishga urinayotgan o‘zbekistonlik ayrim bloger va jurnalistlar huquq-tartibot idoralariga chaqirilgani va "ogohlantirilgani"ni aytmoqda.

Mahalliy axborot makonida faoliyat yuritayotgan jurnalist va blogerlardan Qozog‘iston haqida “kamroq yozish”, “videolarni tarqatmaslik" va “namoyishlarga chaqirmaslik” so‘ralgan.

Ozodlik suhbatlashgan bloger, jurnalist va faollar O‘zbekistonda qo‘shni davlatda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarga qiziqish katta ekani, ammo bahs-munozaralar asosan, “oshxonada va tor doirada” kechayotgani haqida gapirishdi.

"Xavfsizlik xizmatidan maxsus buyruq bo‘lgan"

Qozog‘istonda bo‘layotgan hodisalarni yoritishga uringan qator o‘zbek blogerlari, jurnalistlari va oddiy tarmoq foydalanuvchilari ichki ishlar bo‘limlariga “suhbat”ga chaqirtirilganliklarini aytishmoqda.

Ozodlikka ismi ochiqlanmasligi sharti bilan gapirgan blogerlardan biri buyruq Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) dan kelib tushganini aytadi:

- Qozog‘istondagi voqealar avj olib ketmasligi uchun u yerdan kelayotgan videolar, xabarlar va audiolarni elektron sahifalarga qo‘yishni taqiqlashyapti. Buyruq norasmiy! Men o‘zim adminlik qiladigan kanallarga 2-3ta video qo‘ygandim, Qozog‘istondagi marodyorlar va do‘konlarni o‘g‘ri urib yotgani to‘g‘risida. AOKAdan telefon qilishdi darhol, olib tashlashni va boshqa tarqatmaslikni so‘rashdi. Bizga u jarayon haqida gapirmanglar, ko‘rsatmanglar, muhokama qilmanglar, degan talab qo‘yishdi, - deydi mahalliy bloger.

U o‘z tajribasidan kelib chiqib, butun respublika bo‘yicha shunday tartib amal qilayotganini taxmin qiladi.

"Telegramga qarasangiz, birorta markaziy nashr, radio va TV Qozog‘istondagi voqealarni yoritmayapti, hatto katta blogerlar aylanib o‘tdi bu masalani, vaholanki, rosa e’tibor qaratadigan mavzu! Televideniye ishlaydigan bir do‘stim aytyapti, “Xavfsizlik xizmatidan bu masalada maxsus buyruq bo‘lgan, boshingizni og‘ritmang, mumkin emas hozir, hatto muhokamaga kirish bu masalada”.

Uning taxminicha, O‘zbekiston hukumati qo‘shni davlatdagi voqealarning o‘z hududida takrorlanishidan xavotirga tushgan bo‘lishi mumkin.

Suhbatdosh AOKA va maxsus xizmatlar nazoratida bo‘lmagan mustaqil bloger va jurnalistlarning Internetdagi faoliyati, rasmiylar e’tiborini o‘ziga tortgan va shulargina “ogohlantirish” olmoqda. Uning so‘zlariga ko‘ra, AOKA mutassadilari bu buyruq Davlat xavfsizlik xizmatidan kelib tushganini aytishgan.

Ozodlikka xabar yo‘llagan yana bir andijonlik “Feysbukdagi Qozog‘iston haqida postlar qo‘yib, ulashganim uchun turli xil kommentlar yozganimga DXX va profilaktika noziri chaqirtirib, tushuntirish xati oldi”, deb yozdi.

O‘zbek segmentida tanilgan yana bir qator faollar Ozodlikka oxirgi kunlarda turli anonim profillardan "tahdidlar" bo‘layotgani, Qozog‘iston mavzusiga oid postlar va kommentlar "hujumga uchrayotgani"ni ham aytishdi.

“O‘zbeklar qachon uyg‘onadi?!” deb yozish mumkin emas!

Ozodlik suhbatlashgan blogerlarga ko‘ra, Qozog‘iston mavzusi tarmoqlardagi yopiq guruhlarda qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Tarmoqlarda faol yana bir o‘zbekistonlik shu kunlarda ichki ishlar idorasiga “suhbatga” chaqirtirilganlardan biri. U “O‘zbeklar qachon uyg‘onadi?!” nomi ostiga tarmoqda qo‘ygan posti uchun "nazoratga olingani"ni aytadi:

- Qozog‘istondagi hodisalarga bag‘ishlab shu savolni qo‘ygandim, xolos. “Bunday xavfli gaplarni yozmang, qozoqlar haqida yozmang, tinch yuring”, deyishdi va tilxat yozdirib olishdi. “Qozog‘istondagi voqealarni yoritmaslik majburiyatini bo‘ynimga olaman, aks holda javobgarlikka tortilishim to‘g‘risida ogohlantirildim”, degan gap yozib berdim. Xullas, profilaktik suhbat bo‘ldi.

Tarmoq foydalanuvchisi nafaqat Qozog‘istondagi hodisalarni yoritayotgan, balki bu postlarga shunchaki, keskinroq munosabat bildirgan va izoh qoldirgan shaxslar bilan ham “tushuntirish ishlari” olib borilayotganini aytadi.

O‘zbekistondagi markaziy ommaviy axborot vositalarida o‘ta cheklangan miqdorda Qozog‘istondagi g‘alayonlar mavzusi haqida lavha va materiallar uzatilayotganini ko‘rish mumkin.

"Odamlarga Qozog‘iston to‘g‘risida ma’lumot yetishmayapti"

Ayni paytda tarmoqlarda bu mavzuni faol yoritayotgan o‘zbekistonliklarni ham uchratish mumkin.

Jurnalistlardan birining Ozodlikka aytishicha, “qozoq isyoni” mavzusi “faqat saroy blogerlari va maxsus ruxsat olganlar tomonidan kerakli ohangda” ko‘tarilmoqda.

- Qozoq ishi masalasi mutlaqo berilmayapti, desak noto‘g‘ri bo‘ladi. Berilyapti, lekin tafsilotlarsiz va qisqa ma’lumot tarzida, iloji boricha o‘zining izohisiz. Ya’ni qandaydir chegara belgilangan. Qozog‘istondagi holat bilan O‘zbekistonni taqqoslash, “Bizda ulardan ham battar-ku”, deyish, Toqayev hukumatini tanqid qilish taqiqlangan. Shuningdek, Olmaotadan miting videosini qo‘ysak, xalqni qo‘zg‘olonga da’vat qilgan bo‘larkanmiz! Meni ham chaqirtirishdi, “Ko‘pchilik ma’lumot berib yotibdi-ku!”, desam, "odamlarda biz ham shunday qilaylik, deydiganlar ko‘paygan”, deyapti. Qonunda, albatta, bunday narsa belgilanmagan, - deydi ismi ochiqlanmasligini so‘ragan mahalliy jurnalist.

Ayni damda respublikaning turli mintaqalarida joylashgan ko‘plab masjidlarda Qozog‘iston masalasida imomlar tomonidan ma’ruza va va’zlar o‘qilmoqda.

Ozodlik gaplashgan Abdukarim ismli o‘zbekistonlik dindorning so‘zlaricha, oxirgi bir hafta davomida Qozog‘iston masalasi aholi orasida eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzuga aylangan.

“Odamlarga ma’lumot yetishmayapti, natijada turli mish-mish va yolg‘onlar ham yuribdi”, deya davom etadi u:

- Qozog‘iston haqida masjidlarda ma’ruzalar bo‘lib turibdi, asosan sabr, dindosh qozoq xalqiga hamdardlikdan nariga o‘tilmayapti. Oxirgi 2-3 kunda xaloyiqni e’tibori boshqa narsalar bilan “narx-navo tusharkan, benzin 4700 bo‘larkan, gazlarni narxi tusharkan”, deb Qozog‘istondagi vaziyatdan chalg‘itishyapti. Odamlarimiz ilgarigidek, bular o‘ylagandek, juda omi ham emas -Internetdan kerakli ma’lumotlarni olib, fikrlashyapti, oq-qorani ajratishyapti. Eshitgan munozaralarimdan shuni xulosa qilamanki, o‘zbekistonliklar aksari ko‘chaga haq talab qilib chiqqan oddiy xalq tarafida, Toqayevning “terroristlar” haqidagi cho‘pchaklariga ishonmayapti, - deydi Abdukarim.

Rasmiy idoralar sukut saqlamoqda

Ozodlik O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligidan mazkur masala yuzasidan hozircha javob ololgani yo‘q. IIV rasmiy sayti va nashrlari ham Qozog‘istondagi hodisalar borasida sukut saqlamoqda.

5 - yanvar kuni O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Qozog‘istondagi voqealar yuzasidan bayonot e’lon qilgan, unda "donishmand Qozog‘iston xalqi mamlakatda beqarorlik avj olishining oldini olishga, zo‘ravonlik va insonlar orasida qurbonlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslikning uddasidan chiqadi”, deyilgan edi.

Tarmoqlarda Oliy ta’lim va uning ortidan Xalq ta’limi vazirligining qishki ta’tilni 24 - yanvargacha uzaytirish qarori ham bevosita Qozog‘istondagi vaziyat bilan bog‘lanmoqda.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 29-moddasida “har kim o‘zi istagan axborotni izlash, olish va uni tarqatish huquqiga ega” ekani qayd etilgan, so‘z erkinligi tamoyillari, shuningdek, “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi 439-II-sonli Qonunda ham belgilangan.

Ozodlik Qozog‘istondagi voqealarga qadar ham O‘zbekistonda bloger va tarmoq faollariga bosimlar kuchaygani haqida yozgan edi.

O‘tgan yil oktyabrida ikkinchi muddatga prezident etib saylangan Shavkat Mirziyoyev, o‘z ta’biricha, qonuniy faoliyat olib borayotgan jurnalist va blogerlarni himoya qilishga va’da bergan.

Parijdagi "Chegara bilmas muxbirlar" tashkiloti o‘tgan saylovlar yilida O‘zbekistonda jurnalist va blogerlar, shuningdek, internet ustidan nazorat kuchaytirilganini qayd etgan. O‘zbekiston 2021 - yilda tashkilotning matbuot erkinligi reytingida bir pog‘ona pastlab, 180 davlat ichida 157-o‘rinni egallagan.

XS
SM
MD
LG