Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:33

O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi fonar yorug‘ida tuzildi (VIDEO)


Ta’sis qurultoyi 39 yashar Roza Agaydarovani O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi raisligiga sayladi
Ta’sis qurultoyi 39 yashar Roza Agaydarovani O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi raisligiga sayladi

O‘zbekistondagi ilk mustaqil «Xalq birligi» kasaba uyushmasi faollari shu hafta davlat ro‘yxatidan o‘tish uchun Adliya vazirligiga murojaat qilishlarini aytishmoqda.

Sirdaryo viloyat, Sardoba tumanidagi Indorama Agro MChJ ishchi-xizmatchilari 19 - mart kuni mustaqil kasaba uyushmasi Ta’sis qurultoyini o‘tkazgan edi.

O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi ta’sis etilganini qurultoy ochilishida so‘zga chiqqan tashkilot raisi Roza Agaydarova e’lon qildi.

"Do‘stlar, bugungi ta’sis qurultoyimizda «Xalq birligi» mustaqil kasaba uyushmasi tuzildi. Barchani tabriklayman", - dedi qurultoyda raislikka saylangan Roza Agaydarova.

Ўзбекистон тарихидаги илк мустақил касаба уюшмаси фонар ëруғида тузилди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:06:29 0:00

Qurultoyni kuzatgan Ozodlik muxbiriga ko‘ra¸ tadbir o‘tishi rejalangan kollej binosi ma’muriyati kelishuvni buzib, tashkilotchilarni kiritmagan.

Buning ortidan qurultoy tashkilotchilari qariyalar choyxonasiga ham qo‘yilmagan. Ularning Ozodlikka aytishlaricha, chiroq o‘chirib qo‘yilgan. Pirovardida, O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasi o‘z yig‘ilishini ko‘chada, fonar yorug‘ida o‘tkazdi.

Qurultoy qatnashchilari o‘z tashkiloti uchun ikki nomdan birini tanlashi kerak edi. Ular «Xalq birligi» degan nomni bir ovozdan ma’qullashdi.

500 dan ortiq xodimni o‘zida birlashtirgan "Xalq birligi” O‘zbekiston tarixidagi ilk mustaqil kasaba uyushmasidir.

Faollarning so‘zlariga ko‘ra, qurultoy ishida dunyoning turli mamlakatlaridan kasaba uyushmachi arboblari telefon orqali onlayn tarzda ishtirok etganlar.

Qurultoyda ko‘pchilik ovoz bilan kasaba uyushmasi raisligiga saylangan 39 yashar Roza Agaydarova Ozodlik bilan suhbatda mustaqil kasaba uyushmasi tuzish g‘oyasi ishchilarning o‘z huquq va erkinliklarini himoya qilish ehtiyojidan kelib chiqqanligini aytdi.

Agaydarovaga ko‘ra ,“shu paytgacha O‘zbekistonda mavjud va amalda davlat ra’yiga qaraydigan kasaba uyushmalari ishchilar huquqlarini deyarli himoya qilmagani bois mustaqil uyushma tuzishga qaror qilingan".

Qurultoy delegatlari
Qurultoy delegatlari

Agaydarova qurultoy o‘tkazish jarayoniga to‘sqinlik qilishga urinishlar bo‘lganini ham ta’kidladi.

Qurultoy ishtirokchisi Nasiba Uskanova Indorama Agro shirkatida suvchi bo‘lib ishlaydi. Bundan oldin u Soqitosh fermer xo‘jaligi rahbari bo‘lgan. Nasiba opaga ko‘ra, «klasterga o‘tganidan keyin haq-huquqi poymol qilingan. Uskanova yangi tuzilgan kasaba uyushmasi uning huquqlarini himoya qilishiga ishonadi.

Islom Karimov nega xafa?

Yangi tuzilgan kasaba uyushma, asosan Indorama Agro klasteri yerini olib qo‘ygan sobiq fermerlardan tashkil topgan. Yeri olib qo‘yilgan fermerlardan biri 30 yil oldin dunyoga kelganida, ota-onasi yaxshi niyat bilan o‘g‘lim prezident bo‘lsin, deya otini Islom qo‘yganini aytadi.

Islom Karimov o‘zining prezident adashi davrida yer olib, fermer bo‘lgan. Mirziyoyev davrida O‘zbekistonga kelgan Indorama Agro shirkati esa, fermer Islom Karimovning yerini olib qo‘ydi. Ozodlik bilan suhbatda Islom Karimov yeri olib qo‘yilgach, o‘nlab odam ishsiz qolganidan shikoyat qildi.

"Islombek Asilbek Hamkorligi" fermer xo‘jaligida 15 yil ishladim. Paxta va g‘alla yetishtirdim. Klaster kelib, yerimni tortib olgach, ishsiz va haq-huquqsiz qoldim. Endi o‘z huquqimni himoya qilmasam, otimni boshqa qo‘yaman", - deydi fermer Islom Karimov.

Bir yil oldin Sardoba to‘g‘oni o‘pirilishini boshdan kechirgan fermerlar o‘z huquqlarini o‘zlari himoya qilish uchun tashkilotlandi.

O‘zbekistonda 1991 - yildan buyon yagona Kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyat olib boradi. Bu tashkilot Sovet davridagi kasaba uyushmasi vorisi hisoblanadi. Ammo 19 - mart kuni tuzilgan «xalq birligi» kasaba uyushmasi bu tashkilot tartibiga kirmoqchi emas. O‘zbekistondagi ilk mustaqil kasaba uyushma raisi Roza Agaydarovaga ko‘ra, yangi tashkilot mamlakatdagi raqobat muhitini yaratadi.

Ozodlik hozircha Indorama Agro hamda Kasaba uyushmalari federatsiyasidan sirdaryolik faollar tashabbusiga munosabat ololgani yo‘q.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan 2019 - yilning 24 - oktabrida qabul qilingan, Senat tomonidan 2019 - yil 30 - noyabrda ma’qullangan “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida"gi qonun ishchi-xodimlarning mustaqil kasaba uyushmasi tuzishiga izn beradi.

Shu yil yanvarida Xorazm viloyat, Shovot tumanidagi 78 ta fermer xo‘jaligi rahbarlari “Shovot Tekstil” klaster korxonasiga qarashli “Textile Finance Khorezm” MChJ bilan ishlashdan bosh tortgan va mustaqil kooperatsiyasiga birlashishini e’lon qilgan edi.

Fermerlar kuchli administrativ tazyiq ostida amalda dehqonlarning klaster quliga aylanishini ta’minlaydigan “shartnomaga imzo qo‘yishga majburlangan”liklarini aytishgan.

XS
SM
MD
LG