Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:24

O‘zbekiston Markaziy Osiyo energotizimidagi zaif xalqa bo‘lib qolmoqda


To‘raqo‘rg‘on IES. Fotosurat Energetika vazirligidan olindi
To‘raqo‘rg‘on IES. Fotosurat Energetika vazirligidan olindi

Qozog‘iston va Qirg‘iziston o‘z hududida elektr energiyasi ta’minotida 5 - yanvar kuni yuz bergan uzilishni O‘zbekiston energiya tizimidagi nosozliklar bilan izohladi.

“O‘zbekenergo”ga ko‘ra esa, “Markaziy Osiyo yagona energetika tizimining elektr uzatish tarmoqlarida rejadan tashqari sodir bo‘lgan uzilishlar sababli avariyaga qarshi avtomatika ishlagan”.

Elektr stansiyalari hamda energoinfrastrukturasining eskiligidan tashqari, mutaxassislar fikricha, O‘zbekiston energetikasining yana bir zaif jihati bor.

Ikki qo‘shnining bir xil bayonoti

Qozog‘iston elektr tarmoqlarini boshqaruvchi kompaniya (KEGOC) 5 - yanvar kungi uzilish yuzasidan bayonotini “Qozog‘iston janubida elektr energiyasining uzilishi O‘zbekiston energotizimidagi nosozliklar oqibatida sodir bo‘ldi” degan sarlavha ostida e’lon qildi:

Xuddi shunga o‘xshash sarlavha ostida “Qirg‘iziston milliy elektr tarmog‘i” xoldingi 6 - yanvarda bayonot berdi.

Qozog‘iston o‘z hududida ro‘y bergan uzilishlarni O‘zbekistonning Tallimarjon GRESida 450 megavattli ikki uskunaning o‘chib qolgani va boshqa stansiyalarda energiya ishlab chiqarish ko‘lami pasaygani bilan izohlagan.

Qirg‘iziston tomonining xabar qilishicha, O‘zbekiston energotizimidagi nosozliklar oqibatida Qirg‘izistonning ba’zi mintaqalarida sodir bo‘lgan uzilish yarim soatga yetib-yetmay bartaraf etilgan.

KEGOCning xabar qilishicha, Qozog‘istonning janubida sodir bo‘lgan elektr ta’minotidagi uzilish yarim soat ichida bartaraf etilib, barcha cheklovlar bekor qilingan.

Elektr energetikasi bo‘yicha qirg‘izistonlik mutaxassis Qaripbek Alimqulov 5 - yanvar kungi voqeani mana bunday tushuntirdi:

“Qozog‘istonning energotizimi Rossiya energotizimi bilan bog‘langan. Keyingi kunlarda havo keskin sovib ketishi oqibatida energiya tizimiga tushadigan yuk hajmi kattayib ketgan. Bu holat, ayniqsa, O‘zbekistonda kuchli sezilgan. Shundan kelib chiqib, aftidan, qozoqlar o‘zlarining shimoliy elektr xalqasidan janubni uzib qo‘ygan va Qozog‘iston-O‘zbekiston tutashmasi qolgan. Va shu paytda avtomatik himoya ishga tushgan. Oqibatda Qirg‘izistonning ham shimoliy hududlarida uzilish ro‘y berdi. Biroq bir necha o‘n daqiqa ichida ta’minot Qozog‘istonda ham, Qirg‘izistonda ham yana tiklandi”.

Ayni paytda O‘zbekistonda...

Ozodlikka kelayotgan xabarlardan ham, ijtimoiy tarmoqlardagi axborot oqimidan ham elektr ta’minotidagi cheklovlar saqlanib qolayotganini kuzatish mumkin.

Qashqadaryo viloyat, Kitob tuman hokimi Alisher Zokirov kuni kecha qilgan bayonot esa, vaziyatning o‘ta jiddiyligidan darak beradi. Hokim tuman aholisiga qilgan murojaatida bir necha kundan buyon tumanda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘layotganini, hokimiyat binosida ham elektr yo‘qligini tan olgan.

Kitob hokimi o‘z bayonotida Energetika vazirligi bayonotini keltirgan:

Vazirlik uzilishlarni “Markaziy Osiyo va Qozog‘istonni bog‘lovchi yagona energetik tizimining elektr uzatish tarmoqlarida rejadan tashqari sodir bo‘lgan uzilishlar sababli avariyaga qarshi avtomatika ishlagan”i bilan izohlagan.

Energetik qurilmalarga shikast yetmaslik uchun uskunaning texnologik himoyasi avtomatik ravishda ishlagan va ayrim elektr stansiyalardagi energobloklar o‘chirilgan.

Xususan:
To‘raqo‘rg‘on IESda quvvati 750 MVt dan 500 MVt gacha,
Taxiatosh IESda 280 MVt dan 150 MVt gacha,
Navoiy IESda 450 MVt dan 230 MVt gacha,
Toshkent IESda 370 MVt dan 180 MVt gacha quvvat kamaygan,

Shuningdek, Talimarjon IESning umumiy quvvati 900 MVt bo‘lgan ikkita BGQlari ham o‘chirilgan. Buning natijasida respublikamizning bir qancha tumanlarida avtomatik ravishda cheklovlar kiritildi”, deyilgan Energetika vazirligi bayonotida.

Eskirgan stansiyalar, eskirgan infrastruktura

5 - yanvar kuni “avtomat tashlab yuborgunga” qadar ham elektr ta’minotidagi uzilishlar yillar davomida surunkali bo‘lib kelganini ko‘rsatuvchi xabarlar Ozodlik arxivida juda ko‘p. Va bu uzilishlar nafaqat energiya generatsiyasi ko‘lami pastligi (Prezident Mirziyoyev “elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi 50 foizdan yuqori” ekanligini tan olgan edi ), balki energetika infrastrukturasining eskirgani ham oqibatidir.

Ozodlikka 7 - yanvarda Farg‘ona viloyat, Uchko‘prik tuman, Mergan MFY, Tepaqo‘rg‘on qishlog‘idan kelgan xatda:

“Bizning qishloqda 200 dan ortiq xonadon yashaymiz. Qish keldi deguncha transformatorimiz yonib ketadi. Har qishda pul yig‘ib, remont qilamiz. Transformatorimiz 1960 - yilda 60 ta xonadanga mo‘ljallab o‘rnatilgan ekan. Shuni kattarog‘iga almashtirib beringlar deb, 10 yildan buyon hokimiyatga ariza bilan murojaat qilamiz, lekin foydasi yo‘q...”, deyiladi.

Bu chekka qishloqlardan biridagi ahvol bo‘lsa, toshkentlik jurnalist, ekologik muammolar bilan faol shug‘ullanib kelayotgan Abu-Ali Niyozmatovning aytishicha, mamlakat poytaxtida shahar ma’murlari eskirgan infrastrukturaga yangi va yangi yuklarni ortmoqda.

“Toshkentda energetika infrastrukutasining kamida 80 foizi Sovet davridan buyon almashtirilmagan, deb hisoblayman. Mana shunday vaziyatda shahar hokimligi shaharni “shibbalash” bilan shug‘ullanmoqda. Ya’ni yangi uylarni shu paytgacha shakllanib bo‘lgan kvartallar ichida qurishga ruxsat beryapti. Uylar bolalar uchun, sport o‘yinlari uchun ajratilgan maydonlarda yoki bo‘sh qoldirilgan joylarda qurilyapti. Lekin u joylar shunchaki bo‘sh qoldirilgan emas, daraxt ekilgan bu joylarning ham o‘z vazifasi bor – ular borligi uchun havo aylanadi. Xullas, bu yangi uylar eskirgan, charchagan energoinfrastrukturaga yuk bo‘lib tushyapti”.

Zaif xalqa?

Elektr ta’minotida 5 - yanvarda sodir bo‘lgan uzilishni Qozog‘iston va Qirg‘iziston, O‘zbekistondan farqli o‘laroq, yarim soat atrofida qayta tiklab olgani, O‘zbekistondagi elektr stansiyalarining eskirganlik darajasi, prezident Mirziyoyev aytganidek, 50 foizdan ortiq ekani hamda energoinfrastrukturaning eskirib ketganligidan kelib chiqib, O‘zbekistonni Markaziy Osiyo energotizimidagi zaif xalqa deyish mumkinmi?

Bu savolga elektr energetikasi bo‘yicha qirg‘izistonlik mutaxassis Qaripbek Alimkulov bunday javob berdi:

“O‘zbekistonda ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 95 foizi issiqlik elektr stansiyalariga to‘g‘ri keladi. Bu stansiyalarda, gidroelektrstansiyalardan farqli o‘laroq, energiya tizimiga ortiqcha yuk tushganda elektr toki chastotasini muvozanatlashning iloji yo‘q. Menimcha, O‘zbekiston elektr energetikasining zaif tomoni shunda”.

2019 - yil noyabrida Toshkentda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvida prezident Mirziyoyev qo‘shnilarni energetika sohasida yaqin hamkorlikka chaqirgandi.

U energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligi, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini oshirish, zamonaviy energetika infratuzilmasini yaratish borasidagi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga tayyor ekanligini aytgan.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonda elektr taqchilligi bundan 10 yil muqaddam O‘zbekiston Markaziy Osiyo yagona energetika tizimidan chiqib ketganidan so‘ng boshlangan.

Markaziy Osiyo yagona energetika tizimi 1998 - yilda yaratilib, parallel" ravishda ishlashga mo‘ljallangan.Parallel tizim qish mavsumida Markaziy Osiyoning bir mamlakatida uzilish bo‘lsa, elektr taqchilligi qo‘shni mamlakat hisobidan to‘ldirishni nazarda tutardi.

Ammo Markaziy Osiyoda suv taqchilligi yuzaga kelishi ortidan, parallel tizimga a’zo davlatlar o‘rtasida elektr energiyasi ta’minotida ziddiyatlar o‘rtaga chiqa boshladi.

Tahlilchilarga ko‘ra, O‘zbekistonning yagona tizimdan chiqish qarori ortida siyosiy sabablar bo‘lgan.

Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelganidan so‘ng O‘zbekiston qo‘shnilar bilan ikki tomonlama energetika hamkorligini qayta tiklagan, xususan, Qirg‘izistonga Qozog‘iston orqali yana elektr energiyasi eksport qilina boshlagan. Ammo tahlilchilarga ko‘ra, mintaqadagi yagona energetika halqasini tiklash masalasi kun tartibida emas.

P.S. Maqola e’lon qilingan kunning ertasi - 8 - yanvarda Energetika vazirligi Matbuot xizmati quyidagi xabarni e’lon qildi:

Talimarjon IESning 2 ta bug‘-gaz qurilmalarida to‘xtatilish yuzaga keldi. Energetika vaziri boshchiligidagi mutaxassislar zudlik bilan mazkur stantsiyaga uchib ketdi

Bugun 8 - yanvar kuni soat 10:27da va 10:31da Talimarjon IESning 2- va 3- bug‘-gaz qurilmalarida (jami 900 MVt quvvat) energoblok texnologik himoyasining ishlashi natijasida ushbu BGQlari faoliyati to‘xtatilgan.

Buning natijasida, respublikaning ayrim hududlari bo‘ylab elektr energiyasi ta’minotida umumiy 446 MVt quvvatda cheklov kiritilmoqda.

Energetika vaziri Alisher Sultanov boshchiligidagi mutaxassislar zudlik bilan mazkur stansiyaga uchib ketdi.

Hozirgi vaqtda yuzaga kelgan to‘xtatilish sabablari aniqlanmoqda.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

XS
SM
MD
LG