Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:45

O‘zbek so‘mi: 30 yilda qariyb ikki ming barobar qadrsizlangan valyuta


So‘m - eng qadrsizlangan valyutalardan biri.
So‘m - eng qadrsizlangan valyutalardan biri.

Shu yilning 1-iyulida O‘zbekiston milliy valyutasi - so‘m muomalaga kiritilganiga 30 yil to‘ladi.

Tarixan qisqa 30 yilda o‘zbek so‘mi dunyoning eng qadrsiz valyutalaridan biriga aylanib ulgurdi.

Buni AQSH dollarida muomala qilishni afzal biladigan oddiy o‘zbek pistafurushidan tortib, o‘qituvchilar maoshini dollarda hisoblaydigan mamlakat rahbarigacha e’tirof etadi.

O‘tgan 30 yilda o‘zbek so‘mini butkul qulashdan asrab qolayotgan narsa - xorijda, asosan Rossiyada ishlayotgan o‘zbek migrantlari uylariga yuborayotgan qattiq valyutadir.

Mustaqillik va milliy valyuta

2023-yil dekabrida Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning xotiralar kitobi nashrdan chiqdi. Unda Nazarboyev Rossiyaning tushunarsiz monetar siyosatidan charchab, Qozog‘iston va O‘zbekiston 1993-yilda o‘z milliy valyutasini joriy qilishga birgalikda kelishganini bayon qiladi.

Qo‘shni respublika ham rubl zonasida xuddi bizniki kabi muammolarga to‘qnash kelayotgan, boz ustiga u biz bilan mustahkam iqtisodiy aloqalarga ega muhim hamkorimiz ham edi. Men prezident Islom Karimov bilan bir-birimizga ziyon yetkazmaslik uchun, milliy valyutalarimizni bir kunda, bir vaqtda muomalaga kiritish haqida oldindan kelishib olgandim. Shunday qildik ham”, deb yozadi Nursulton Nazarboyev, “Mening umrim. Qaramlikdan erkinlikka” memuarlar kitobida.

SSSR davlatlari orasidagi iqtisodiy aloqalarning uzilishi va milliy valyutalarning kiritilishi oqibatida sobiq Ittifoqda ommaviy qashshoqlashuv boshlandi.

O‘zbekistonlik tarixchi va siyosatchi Nigora Hidoyatova O‘zbekistonda aholining ommaviy qashshoqlashuvi 1990-yillar boshidagi Pavlov pul islohotlaridan keyin boshlanganini aytadi.

- O‘shanda barcha sobiq Ittifoq davlatlari oyliklarni oshirdi, faqat O‘zbekistonda indeksatsiya qilinmadi. Masalan, Orenburgda o‘qituvchi 200 rubl olsa, uning maoshi narxlar oshishi jarayonida 600 rublga ko‘tarildi. Faqat O‘zbekistonda na oyliklar, na narxlar oshishi kuzatildi. O‘shanda Orenburgdan kelib eng arzon narxlarda buyumlarni sotib olish mumkin edi. Uddaburonlar buni biznesga aylantirishdi. Shunday keyin O‘zbekistonda ham tovarlar g‘oyib bo‘la boshladi, odamlar qiyin ahvolga tusha boshladi.

Сўров: Нарх-наво сизга қандай таъсир қилмоқда?
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:13:56 0:00

O‘zbekiston 1991-yil 31-avgustda mustaqillikka erishgani e’lon qilganidan keyin ham mamlakatda sovet rubli pul birligi sifatida muomalada qolaverdi.

1992-yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar chiqarildi. 1993-yilning 22-noyabriga qadar gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotining muhri uriladigan bir martalik kuponlar amal qilgan.

- Sovet Ittifoqi inqirozga yuz tutganidan keyin milliy respublikalar milliy valyutalarni tezlik bilan joriy eta boshladi. Bu paytda yagona valyuta haqida biror gap-so‘z bo‘lmagan, chunki yagona bozorning o‘zi yo‘q edi. SSSR parchalanganidan keyin bu respublikalar faqat markaz bilan iqtisodiy jihatdan bog‘liq edi, xolos. Natijada, Moskvadek o‘rtakash tuzilma yo‘q bo‘lganidan keyin o‘zaro savdo Sovet davridagiga nisbatan 7 foizga quladi.

Yagona so‘m-kupon shaklidagi valyutaning joriy etilishiga esa Rossiyaning O‘zbekistonni rubl zonasidan siqib chiqargani sabab bo‘ldi va rubl Chernomirdin buyrug‘i asosida MDH davlatlari orasidagi to‘lov vositasi sifatida o‘z hayotini tugatdi. Kiritilgan so‘m-kuponlar 1962-1991-yillarda amal qilgan sovet rubli bilan birgalikda birmuncha vaqt amal qildi. Bu holat o‘zbek so‘mining kiritilishigacha davom etdi, deydi tarixchi Nigora Hidoyatova.

So‘m kuponlar
So‘m kuponlar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi hududida parallel to‘lov vositasi sifatida «so‘m-kuponlar»ni muomalaga kiritish to‘g‘risida»gi 1993-yil 12-noyabrdagi №550-sonli qarori joriy etildi. So‘m-kuponlar 9 oydan ortiq vaqt muomalada bo‘ldi.

So‘m muomalaga kiritilgan 1994-yil 1-iyul kunida valyuta birjasida 1 AQSH dollarining qiymati roppa-rosa 7 so‘m bo‘lgan.

Dastlabki muomalaga chiqarilgan banknot va tangalar xorijiy davlatlarda tayyorlangan.

Haykaltarosh va rassom Pyotr Annenkov O‘zbekiston gerbi, pasporti va boshqa ramzlari grafikasi ustida ishlagan usta. U o‘zbek milliy valyutasi va boshqa simvolikasini yaratish maxsus tuzilgan davlat komissiyasi zimmasiga yuklatilganini eslaydi:

- 1991-yilda Mustaqillik e’lon qilinishi ortidan meni prezident apparati boshqaruvchisi Zelimxon Haydarov boshqa mutaxassislar qatorida bu ishga jalb qildi. Men u paytda o‘zbek pasporti, yorlig‘i va gerbi ustida ham ishlayotgandim. Buning uchun bizni Germaniyaning Myunxen shahriga pul zarb etish texnologiyasini o‘rganish uchun yuborishdi. Keyinchalik pul, pasport va boshqa muhim davlat belgilari O‘zbekistonning o‘zida chop etila boshlandi.

1995-1996-yillarda banknot va tangalarni tayyorlashning to‘liq siklini joriy etish maqsadida Markaziy bank qoshida “Davlat belgisi” korxonasi va uning tarkibida Qog‘oz fabrikasi, Bosma fabrika va Zarbxona tashkil etildi va pul ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Bu korxona hozirda “Davlat belgisi” DUK deb yuritiladi.

- Javlon Umarbekov va Bohodir Jalolovlar (O‘zbekiston xalq rassomlari - tahr.) bevosita o‘zbek pul birligini yaratish ustida ishlashgan. Har bir belgi bevosita Islom Karimov tasdig‘idan o‘tardi, har biriga u o‘zining fikrini qora qalam bilan yozib chiqardi. Bizning so‘mlar eng chiroylilardan biri sanaldi, ularning himoya sifati yuqori edi. Xato qilmasam, 45 ta himoya darajasi mavjud edi so‘mda. Nemislar gerbimizni chop etishda mayda detallari ko‘pligi bois juda qiynalishgandi. Birinchi o‘zbek milliy valyutasi Angliyada 24 million dollarlik kontrakt asosida chop etilib, olib kelingandi. Har holda, murakkab bo‘lsa-da, pul zarb etish texnologiyasi keyinchalik O‘zbekistonda joriy etildi, deydi hozirda Moskvada yashayotgan rassom Pyotr Annenkov.

"O‘zbek modeli" inqirozi

1990-yillar o‘rtalarida O‘zbekiston jiddiy iqtisodiy muammolarga yuz tuta boshladi.

Xalqaro valyuta jamg‘armasi ogohlantirishlariga qaramasdan yechim sifatida Markaziy bank eng oson yo‘lni tanladi: Iqtisodchi Komiljon Akramov bu haqda Behzod Hoshimovning «Hoshimov iqtisodiyoti» YouTube kanalida hukumat ommaviy pul chop etish variantini qo‘llaganini eslaydi.

Bir tomondan, jahon bozorida oltin va paxta narxining tushib ketishi, ikkinchi tomondan esa valyuta bozoriga katta miqdorda so‘m massasining kirib kelishi mamlakat ichkarisidagi vaziyatni yanada murakkablashtirdi.

Iqtisodiyotda yuzaga kelgan shok holatidan chiqish uchun O‘zbekiston hukumati yana bir “oson yo‘lni” qo‘llaydi.

2003-yilning 27-iyunida O‘zbekiston hukumati va Markaziy banki «Milliy valyutani xalqaro joriy operatsiyalar bo‘yicha konvertatsiyasini ta’minlash ish rejasi» ni qabul qildi. Bu bilan O‘zbekistonda erkin konvertatsiya butkul yopildi.

Erkin bozor boshqaruvi o‘rnini yana sovetcha ma’muriy boshqaruv tizimi egalladi. Monopol davlat idoralari hukmronligi boshlandi.

Buning ortidan hukumat valyuta bozoridagi muvozanatni to‘g‘rilash uchun naqd pul ustidan qat’iy nazorat o‘rnatdi. Shuning uchun naqd va naqdsiz pul o‘rtasida katta farq paydo bo‘ldi.

Bosmaxona esa o‘zbek iqtisodchilari yo‘l qo‘ygan xatolarni to‘g‘rilash maqsadida pullarni chop etaverdi.

Erkin valyuta ayirboshlash va erkin bozorning yo‘qligi inflyatsiya domiga tortilgan mamlakat investitsiya jozibadorligini yo‘qotdi, ichki ishlab chiqarishga to‘sqinlik qila boshladi, bozordagi raqobatni so‘ndirdi va qashshoqlashgan aholining ommaviy mehnat migratsiyasini avj oldirdi.

Shu tariqa o‘z uyida ish topolmagan o‘zbeklar qo‘shni davlatlarga yo‘l oldi va O‘zbekiston dunyo bo‘ylab eng ko‘p arzon ishchi kuchi yetkazib beruvchi davlatlardan biriga aylandi.

«O‘zbekiston» kanali efirida fikr bildirgan iqtisodchi Komiljon Shamsiddinov Islom Karimov davrida ko‘z-ko‘z qilingan iqtisodiyotning “o‘zbekcha modeli” o‘zini mutlaqo oqlamaganini aytgandi:

O‘sha vaqtda mashhur makroiqtisodchilardan biri, Xalqaro valyuta jamg‘armasining bosh direktori o‘rinbosari Stenli Fisher O‘zbekistonga kelib, prezident Karimov bilan uchrashgan, lekin baribir xato qarorlar qabul qilinishining oldini ololmagandi. Shundan so‘ng Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekistondagi barcha dasturlarini yopgan va doimiy vakilini olib ketgan.

Karimov joriy qilgan “o‘zbek modeli” to uning o‘limiga qadar davom etdi.

Shavkat Mirziyoyev iqtidorga kelganidan keyingina muammolar qutisining chorak asr berkitilgan qopqog‘i ochildi: hukumat proteksionizm siyosatidan voz kecha boshladi. 2017-yilning 5-sentyabrida uzoq kutilgan konvertatsiya ochildi.

O‘zbek so‘mining bir AQSH dollariga nisbatan rasmiy kursi dastlab 4210 so‘mdan 8100 so‘mgacha tushirildi.

So‘m tarixidan

Zamonaviy O‘zbekiston hududida mavjud bo‘lgan davlatlar har biri o‘zining pul birligiga ega bo‘lgan.

Qadimgi So‘g‘d, Baqtriya va Xorazmdan tortib arablar kirib kelgunga qadar bu hududda turli pul birliklari - ahmoniylar dariklari, so‘g‘dlarning draxmalari, baqtriyaliklarning obollari, kushonlar tangalari muomalada bo‘lgan.

Arablar bosqini davridan muomalaga oltin (dinor), kumush (dirham), mis (fulus) lar kirib keldi. Pul almashinuvi, ayniqsa Chingiziylar davrida avj oladi, savdo aloqalari yana tiklana boshlaydi.

So‘m pul birliklarining eng qadimgilaridan biri. Firdavsiyning «Shohnoma» asarida so‘m “pul solingan xalta” ma’nosida qo‘llanilgan. Ushbu pul birligi ba’zi turkiy va eron xalqlari orasida, keyingi davrlarda esa Oltin O‘rda va undan keyingi davlatlarda muomalada bo‘lgan. Uning turli davrlarda qiymati ham turlicha bo‘lgan.

Masalan, XIV asrda Oltin O‘rda xonligida so‘m atamasi kumush quymalarga nisbatan ishlatilgan. Ular cho‘zinchoq bo‘laklar shaklida bo‘lgan.

Rus knyazliklarida O‘rdaning bu so‘mlari “tatar grivna”si deb atalgan. Tarixchilarga ko‘ra, rus knyazlariga so‘mlarning bu shaklida O‘rdaga tovon to‘lash oson bo‘lgani aytiladi. Zero, mo‘g‘ullar tomonidan ishg‘ol qilingan rus knyazliklarida taqriban 200 yil pul chop etish taqiqlangan.

14 asr oxirlarida Moskva knyazi Dmitriy Donskoy old tomonida shamshir va bolta yoki xo‘rozli odam tasvirlangan, orqa tomonida Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon nomi yozilgan birinchi shaxsiy pullarini zarb qilishga ruxsat oladi. Mustaqil tadqiqotchilar bu pullarni "To‘xtamishxon tangalari" deb ataydilar.

Umuman olganda, Rossiyada pul birliklarining keng muomalaga kiritilishi va markazlashuvi aynan Oltin O‘rda va turk davlatlari ta’siri ostida kuchaygan.

Masalan, ruslarning “dengi” (pul) so‘zi ham turkcha “tanga” so‘zidan olingan. Rossiya Bank muzeyida saqlanayotgan tangalar bunga dalil. “Altin” - 3 tiyinni, “poltina” yoki “poltinnik” - yarim tiyinni, “poltengi” yoki “polushka” - tanganing yarmisi yoki 50 tiyinni bildirgan.

Qadimgi turk tilida mo‘ynasi qimmat jonzot — olmaxon — "tiyin" deb atalgan. Uning terisi "tiyin" so‘zi pul qimmat birligini ko‘rsatadigan atama bo‘lib qolgan.

Hozirgi o‘zbek tilidagi "tanga" so‘zi, mutaxassislarga ko‘ra, qadimgi turk tilidagi "tamg‘a" so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, qadimda har bir hukmron hokimlar turli metall, oltin, kumush, mislarga o‘z tamgasini bosib muomalaga chiqarganlar va bu pullar "tamga" pul deb yuritilgan, keyinroq borib bu "tanga" so‘ziga aylanib qolgan.

So‘m so‘zining kelib chiqishi masalasida ham turli talqinlar mavjud. “So‘m” so‘zi ilk bor XI asrda yashagan Mahmud Qoshg‘ariyning «Devonu lug‘atit turk» asarida oltin tangalarga nisbatan ishlatilgani bayon qilinadi. Unga ko‘ra, turkiy tillar guruhidagi “sum” (so‘m) so‘zi “toza” ma’nosini bildiradi. Tatar, boshqird, qorachoy, bolqor, qabardin, cherkes, chechen, ingush va osetin tillarida ham pul birligi norasmiy ravishda so‘m yoki som deb ataladi.

Rossiya imperiyasi parchalanib, bolsheviklar hokimiyati o‘rnatilgach, yangi tuzilgan davlatlarning o‘z pul birliklari vujudga keladi.

So‘mning qadrsizlanishi

2004-yildan boshlab o‘zbek so‘mi konvertatsiya qilinadigan valyuta hisoblanadi.

2019-yil avgust oyidan boshlab esa O‘zbekiston Markaziy banki so‘mning "suzuvchi kurs" rejimini o‘rnatdi.

O‘zbek milliy valyutasining o‘ta qadrsizlanib borishi aholining iste’mol savati hajmining hisobga olinmay kelinayotgani manzarasida sodir bo‘ldi. Umuman olganda, “iste’mol savati”ni hisoblash O‘zbekistonda atigi 4 yil oldin - 2020-yilda joriy etilgan. Islom Karimov davrida bu haqda hatto gapirilmagan ham.

Lekin “minimal iste’mol harajatlar” tushunchasining joriy etilishi mamlakatda maoshlar miqdorining oshishiga jiddiy ta’sir o‘tkazmadi: O‘zbekiston ko‘pdan beri dunyodagi aholisiga eng kam ish haqi berayotgan davlatlar yigirmataligiga kirib keladi.

Shu kunlarda Prezident huzuridagi Statistika agentligi mamlakatda kambag‘allik chegarasini aniqlash uchun foydalaniladigan minimal iste’mol harajatlari (MIH) miqdori avvalgi 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha oshirilganini ma’lum qildi. Bu taqriban 51 dollar deganidir. Mazkur summa 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi bilan bog‘liqligi aytilmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilda O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulot (YAIM) hajmi joriy narxlarda 1 066,6 trln so‘mni tashkil etgan. Bu o‘rtacha almashuv kursi bo‘yicha 90,9 mlrd AQSH dollariga teng. Jon boshiga YIM miqdori qariyb 2 600 dollardan to‘g‘ri kelmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori Obid Hakimovning bundan bir necha yil oldin O‘zbekistonda “kuniga 5,600 so‘m, ya’ni 3,2 AQSH dollari miqdorida mablag‘ ishlab topgan odam kambag‘al emas” degan so‘zlari tarmoqlarda kulgi qilingandi.

O‘zbek so‘mi salkam 30 yil ichida AQSH dollariga nisbatan 1657 barobar qadrsizlangan milliy valyutadir.

Oxirgi yillarda O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari hisoblangan Rossiya va Turkiya milliy valyutalari qadrsizlanishi fonida so‘mning ham qadri pasayishi kuzatilmoqda.

Mutaxassislar sobiq Ittifoq hududida o‘zbek so‘midan ham qadri pastroq milliy valyutalar borligini gapirishadi.

Ammo ayni paytda, ekspertlarga ko‘ra, pul qadrsizlanib borishi iqtisodiy yoki moliyaviy inqiroz ko‘rsatkichi emas.

O‘zbekiston uchun yana bir yirik muammo - yashirin iqtisodiyot bo‘lib qolmoqda. Rasmiy hisob-kitoblarga ko‘ra, 2005-2022-yillarda yashirin iqtisodiyot hajmi 31 foizdan 53 foizgacha yetgan.

Rasmiy raqamlarga ko‘ra, hozirgi kunda ham xizmatlarda 140 trillion so‘m, qurilishda 50 trln so‘m, sanoatda 40 trln so‘m mahsulot «soyada» qolmoqda. 2019-yil yozida O‘zbekistonda «Korrupsiyasiz soha» loyihasi ishga tushirilgandi. Biroq, davlatda daromadlar ustidan nazorat tizimi shakllanmagani tufayli hanuzgacha birorta o‘zbek oligarxining "Forbs" jurnali ro‘yxatiga tushmagani e’tiborga molik.

Moliyaviy tahlilchilar o‘zbek so‘mi Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan ham yuqori inflyatsiyaga uchrashiga Islom Karimov davrida joriy etilgan moliyaviy mexanizmlarni sabab qilib ko‘rsatdi.

Ekspertlar o‘zbek so‘mining oxirgi paytlarda qadrsizlanishiga Rossiyaning Ukrainaga tajovuzi, xalqaro ta’minot zanjirlarining uzilishi, logistik muammolar, moliyaviy cheklovlar va sanksiyalar sabab bo‘layotganini aytishadi

Ular bunday vaziyatda O‘zbekiston yangi savdo yo‘llarini topishi va jahon moliya bozoriga ko‘proq integratsiyalashishi kerak, degan fikrda.

XS
SM
MD
LG