Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 02:27

O‘zbek muhojiri: Meni kaltaklagan politsiyachilarning javobgarlikka tortilgani dars bo‘ldi


23 yashar Sirojiddin Quronboyev politsiyachilar ustidan shikoyat qilgan
23 yashar Sirojiddin Quronboyev politsiyachilar ustidan shikoyat qilgan

Rossiya Tergov qo‘mitasining Tomsk viloyat boshqarmasi O‘zbekiston fuqarosini kaltaklagan politsiya xodimiga jinoyat ishi ochgani, zo‘ravon politsiyachi allaqachon ma’muriy javobgarlikka tortilganini ma’lum qildi.

Ozodlik bilan suhbatlashgan jabrlanuvchi 23 yashar Sirojiddin Quronboyev uni tahqirlagan politsiyachilar oson qutulishiga ishonsa-da, bundan buyon ular mehnat muhojirlari bilan muomalada ehtiyot bo‘lishlarini ta’kidladi.

Rossiya Tergov qo‘mitasi Tomsk shahri migratsiya bo‘limida ishlovchi politsiya xodimiga nisbatan jinoyat ishi ochganini e’lon qildi.

Ozodlik Radiosi Tergov qo‘mitaning Tomsk viloyat bo‘yicha boshqarmasidan olgan ma’lumotga binoan, politsiyachi o‘zbekistonlik muhojir kaltaklangan va haqorat qilingan video ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lganidan keyin javobgarlikka tortilgan.

- Internet tarmog‘ida paydo bo‘lgan xorij fuqarosiga nisbatan Tomsk migratsiya markazida qilingan zo‘ravonlik ustidan Tomsk viloyat Tergov qo‘mitasi organlari tekshiruv olib bordi va politsiya xodimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atdi, deyiladi rasmiy javobda.

Tergovchilar o‘zbek muhojirini urgan ichki ishlar xodimiga nisbatan Rossiya Federatsiyasi Jinoyat Kodeksining 286 - moddasi 3 - qismi “a” bandi (zo‘ravonlik ishlatish yoki uni qo‘llash bilan tahdid qilish orqali o‘z vakolatlari doirasidan chiqish) asosida jinoyat ishi ochdi.

Ma’lum bo‘lishicha, politsiya xodimiga nisbatan ichki tekshiruv ishlari olib borilgan va unga bajarayotgan ishiga loyiq emasligi to‘g‘risida ogohlantirish berilgan.

Ozodlik o‘z manbalaridan jinoyatda ayblanayotgan politsiyachilar Andrey Alekseyev va Maksim Safarov o‘z lavozimida ishlashda davom etayotganini aniqladi.

Shu yilning 27- aprel kuni Tomsk shahar Ichki ishlar boshqarmasining Migratsiya bo‘limiga o‘z tanishining hujjatlarini rasmiylashtirish uchun olib kelgan o‘zbekistonlik Sirojiddin Quronboyev politsiya xodimlari bosimiga uchragan edi. Sirjiddinning qo‘l telefoniga olgan videosi tarmoqlarda keng tarqaldi va jamoatchilik noroziligi ko‘tarilishiga sabab bo‘ldi.

Videoda yuziga niqob tortib olgan formadagi shaxs qo‘pol tarzda bu yigitdan pasportdan tashqari haydovchilik guvohnomasini talab qilayotgani, rad javobini olib politsiyachi o‘zbek muhojirini boshqa migrantlar ko‘z o‘ngida kaltaklayotgani aks etganini ko‘rish mumkin.

Ozodlik savollariga javob bergan 23 yashar xorazmlik Sirojiddin Quronboyev o‘sha kuni politsiyada bo‘lgan hodisa tafsilotlarini so‘zlab berdi:

- O‘sha kuni tanishimni pasportini politsiyaga berib chiqish kerak bo‘lib qoldi. Chiqib kelayotgan edim, orqamdan bir odam kelib mendan dokument so‘radi. Pasport bilan vaqtinchalik yashash muhrini ko‘rib, qo‘limdagi mashina kalitini ko‘rib qoldi. “Senda mashinang bormi? Unda haydovchilik guvohnomasini ham ko‘rsat!”, dedi.

Men unga pasportni ko‘rsatganim yetarli bo‘lsa kerakligi, u GIBDD xodimi emasligini tushuntirmoqchi edimki, u qo‘pollashishni boshladi. U odam videodagi maskadagi yigitni men bilan yubordi. Shunda men videoni uladim. Qolganini videoda ko‘rgan bo‘lsangiz kerak. Ular shu guvohnomani odamga o‘xshab so‘raganda - berardim, Rossiyada olingan haqiqiy haydovchilik ruxsatnomasi, dedi Sirojiddin.

Suhbatdoshning aytishicha, u politsiya xodimlarining bu hatti-harakatlaridan g‘azablangan holda politsiya bo‘limiga borib, shikoyat yozgan.

Aniqlanishicha, politsiyachilar u tasvirga olgan videoni o‘chirtirib yuborishni talab qilgan, biroq xorazmlik muhojir uyga borib videoni qayta tiklab olgan va internetga yuklab qo‘ygan.

Sirojiddin oliy ma’lumotli ekani, mahalliy oliy o‘quv yurtining irrigatsiya fakultetini mexanika yo‘nalishi bo‘yicha bitirgani, ammo o‘z mutaxassisligi bo‘icha ish topolmasdan, hozircha taksi haydovchisi bo‘lib ishlayotganini bildirdi.

Hozirda Rossiyada vaqtinchalik yashash guvohnomasini (RVP) olgan Sirojiddin Tomskda rus grajdanligini olishni va o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlash istagida ekanini ham ma’lum qildi.

Suhbat oxirida xorazmlik muhojir yigit politsiya xodimlariga nisbatan biror jiddiy chora ko‘rilishiga ishonmasada, uning haq talab qilishi boshqalarga o‘rnak bo‘lishi mumkin, deydi:

- O‘sha politsiyachi meni olib kirgan xonada, ko‘rgan bo‘lsangiz, bir guruh o‘zbeklar bor edi. Ular indamasdan qo‘rqib o‘tirgan ekan, meni urayotganini ko‘rib birortasi g‘ing demaganiga achindim. Politsiya baribir o‘ziniki - bunda mening yutib chiqish imkoniyatim juda kam. Ichki tekshiruv bo‘libdi - “Unday qilma boshqa!” degan ma’noda tanbeh berishibdi, xolos. Mendan birov kechirim ham so‘ramadi. Ammo u zo‘ravonlarni ham bir haftadan ortiq tergov bo‘limiga sudrashganini o‘zi ularga dars bo‘ldi! Bu holatni kuzatgan yurtdoshlarimiz ham o‘z haq-huquqlari uchun oxirigacha kurashishlarini tavsiya qilib qolaman.

Mahalliy axborot vositalarida o‘zbek migrantini kaltaklagan politsiyachi o‘z zo‘ravonligini “his-hayajon ustida” qilgani, “kun davomida ishlab charchagani” bilan izohlaganini ko‘rish mumkin.

Tashqi Mehnat migratsiyasi agentligi ham mazkur voqeaga munosabat bildirib, “har tomonlama va obyektiv tekshiruv o‘tkazish yuzasidan O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi hamda Agentlikning Rossiya Federatsiyasidagi vakolatxonasi tomonidan Rossiyaning vakolatli idoralariga tegishli so‘rovnomalar yuborilgani” to‘g‘risida xabar berdi.

XS
SM
MD
LG