Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:47

O‘zbek migrantlarining Rossiyaga xatarli yo‘li - qurbonlar soni oshmoqda


Hodisada Toyota mikroavtobusi haydovchisi va uning yetti nafar yo‘lovchisi halok bo‘lgan. Polisia.kz
Hodisada Toyota mikroavtobusi haydovchisi va uning yetti nafar yo‘lovchisi halok bo‘lgan. Polisia.kz

Qozog‘istonning Aqto‘be viloyatida 3-aprel kuni sodir bo‘lgan yo‘l avtohalokatda sakkiz nafar o‘zbekistonlik vafot etdi. Qozog‘iston IIV xabariga ko‘ra, o‘zbek muhojirlari ketayotgan Toyota-Alhpard miniveni Volvo yuk mashinasi bilan Samara-Chimkent yo‘lining 678 kilometridagi Marjonbuloq qishlog‘i yaqinida to‘qnashib ketgan.

“Avtohalokat oqibatida Toyota-Alhpard haydovchisi doxil minivenda bo‘lgan sakkiz kishi voqea joyida jon taslim qilishgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yuk mashinasining yo‘lda g‘ildiragi yorilib ketgan. Buning natijasida Volvo haydovchisi mashinani boshqarolmay qolib, qarshi harakat yo‘liga chiqib ketgan va o‘zbekistonliklar ketayotgan minivenga borib urilgan”, dedi Qozog‘iston politsiyasi rasmiysi.

Tarmoqlarda hodisa joyidan video va fotosuratlar tarqaldi.

Yo‘l-transport hodisasi bo‘yicha sudgacha tekshiruv boshlanib, tegishli ekspertizalar o‘tkazilayotgani aytilmoqda.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi Aqto‘bedagi YTHda o‘zbekistonliklarning vafot etgani bilan bog‘liq holat alohida nazoratga olindi. Konsullik rasmiy bayonotida mazkur masala yuzasidan O‘zbekistonning Aqtau shahridagi bosh konsulxonasi Qozog‘istonning tegishli tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlikda ishlayotgani” aytiladi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi halok bo‘lgan o‘zbekistonliklarning jasadi prezident Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Mudofaa vazirligining maxsus havo borti orqali O‘zbekistonga olib kelinishi, ularning dafn marosimlarini o‘tkazish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzilgani haqida ma’lumot berdi.

Qozog‘iston bo‘ylab o‘tuvchi Samara-Chimkent avtomobil yo‘li avtohalokatlar tez-tez bo‘lib turadigan yo‘l uchastkasi hisoblanadi.

Qishda qorli-sirpanchiq, yozda jazirama issiq bu yo‘l O‘zbekistonga qaytayotgan muhojirlar uchun eng xavfli sanaladi.

Bu Rossiyaga ishga ketayotgan yoki Rossiyadan qaytayotgan o‘zbek muhojirlari bilan sodir bo‘lgan birinchi va eng yirik avtohalokat emas.

2024-yilning 11-yanvarida tungi soat 3 larda Ural-5 federal trassasining 504 kilometrida uzoqqa yuk tashiydigan Volvo avtomashinasi va hamda JAC miniveni ishtirokida yo‘l harakati hodisasi sodir bo‘lgandi.

Qorbo‘ron sharoitida yuz bergan avtohalokatda JAC rusumidagi miniven to‘liq vayron bo‘lgandi.

Uning ichida ham 9 o‘zbekistonlik bo‘lgan. Ulardan 7 nafari voqea joyidayoq , yana biri shifoxonaga yetmay, “Tez yordam” mashinasida olamdan o‘tgandi.

Rossiya Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, JAC miniveni haydovchisi tungi soat 3 larda ketayotib, qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan va oqibatda, Volvo yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Bu hodisadan bir necha kun o‘tib - 16-yanvarda Rossiyaning Samara viloyatida bo‘lgan yana bir avtohalokatda 3 o‘zbekistonlik nobud bo‘lgan edi.

O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligiga ko‘ra, bu gal “Lada Largus” rusumli avtomobil “Gazel” rusumli yuk avtomobiliga to‘qnashib ketgan.

“Lada Largus”da jami 7 o‘zbekistonlik bo‘lgan. 3 nafari o‘ldi, 4 nafari jarohatlangan.

O‘zbekiston Tashqi ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirligi marhumlar jasadi samolyotda O‘zbekistonga olib kelinishini va’da qildi.

Bu 2018-yildagi Aqto‘be fojiasidan beri kuzatilgan eng halokatli hodisa bo‘ldi.

2018-yilning 18-yanvarida Samara-Chimkent avtoyo‘lining Qozog‘iston qismida 52 o‘zbekistonlik yonib ketgandi. Jami 57 kishi borayotgan avtobusda yong‘in chiqqan, 5 kishi qochib qutulgan.

Mutaxassislar bu halokatlarga haydovchilarning charchog‘i, tajribasizligi, avtomobilning texnik nosozliklari hamda trassadagi noqulayliklarni sabab qilib ko‘rsatishadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2018-yilgi fojiaga munosabat bildirib, uning asosiy sababi mamlakatdagi ishsizlik ekanini tan olgandi.

2018-yildagi halokatning prezident aytgan asl sababi - ishsizlik muammosi uchun mas’uliyat to‘liq marhum prezident Islom Karimov zimmasiga yuklandi.

Prezident topshirig‘i bilan muhojirning yo‘l azobini yengillatishga qaratilgan qator choralar e’lon qilindi. Mehnat migratsiyasi va muhojirlar muammolarini yechish maqsadida maxsus Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tashkil etildi.

Shuningdek, O‘zbekistondan Rossiyaga avtobus, poyezd, samolyot qatnovi ko‘paytirilishi aytildi.

Ammo, aftidan bu choralar muhojirlarni avtomobil qatnovidan voz kechtira olmagan.

Aqto‘be fojiasidan 6 yil o‘tib - yana shu Aqto‘be viloyatidagi trassada 55 nafar o‘zbekistonlik bo‘lgan avtobus buzilib qoldi. Muzlab qolgan migrantlarga mahalliy politsiya va qutqaruvchilar yordamga keldi.

Muhojirning jonini xatarga qo‘yib, avtomobillarda yo‘lga chiqishiga asosiy sabab esa - yo‘l haqi.

Uchoqda buning 3 -4 baravaridan oshiqrog‘ini to‘lash kerak - 300 dan 450 dollargacha. Ba’zan aviachipta narxi bundan ham qimmatlab ketadi.

Shu sababli hatto nasiyaga ketish ham mumkin bo‘lgan minivenlar va avtobuslar hali bu xavfli yo‘llardan o‘zbek muhojirlarini ko‘p tashiydigan ko‘rinadi.

4 ming kilometrga cho‘zilgan avtomobil yo‘li esa hanuz xatarli. Hanuz muhojirlar yo‘llarda qurbon bo‘lmoqda. Taniqli migratsiya eksperti, huquqshunos Botirjon Shermuhammad Qozog‘iston yo‘llari hali-beri o‘zbek muhojirlari uchun asosiy qatnov yo‘li bo‘lib qolishini aytadi:

Botirjon Shermuhammad
Botirjon Shermuhammad

- Katta ehtimol bilan minivendagi 7 kishi Rossiyaga ketayotgan bo‘lgan. O‘zbekiston tomonidan maxsus samolyot yuborilgani aytildi. Boshqa to‘liqroq ma’lumot yo‘q. Odamlar shu yo‘l bilan ketyapti va bundan keyin ham ketsa kerak. Asosiy sababi - arzonligi! Odamlar cho‘ntagiga qarab tanlayapti bu yo‘lni.

Yana bir sabab - Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida Toshkentdan Moskvaga ilgari doimiy yurgan poyezdlar qatnamayapti. Shu poyezd yurib qolganida edi, muhojirlarimizga arzonroq tushgan va ko‘pchilik avtobus-mashinada emas, poyezdda ketgan bo‘lardi. Haydovchilarning ba’zida tajribasizligi, texnik holatning yaxshi emasligi, yo‘lda charchoqdan uxlab qolishi, ba’zida ketayotgan vatandoshlarimiz haydovchini shoshirtirib tezroq borishga undashi kabi boshqa sabablar ham bor. Bundan tashqari, qishdagi Qozog‘iston yo‘llaridagi holat. Shunga qaramay, hozirgi kunda mehnat muhojirlari oqimining kamayishiga biror asos yo‘q", deydi Botirjon Shermuhammad.

Har yili o‘nlab va hatto yuzlab o‘zbek mehnat muhojirlari uylaridan uzoqda, xususan, Rossiyada turli-tuman baxtsiz hodisalar, zo‘ravonlik va boshqa sabablar natijasida vafot etishadi. Ularning soni borasida rasmiy statistika mavjud emas.

XS
SM
MD
LG