Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:28

"O‘zbek Jirinovskiysi". Toshkent ichidagi gaplarni Qodirov orqali aytyapti


“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov va Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Kollaj
“Milliy tiklanish” partiyasi raisi Alisher Qodirov va Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova. Kollaj

Shu hafta boshida O‘zbekistondagi bir maktabda yuz bergan zo‘ravonlik hodisasi Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik mojaroga aylanib ketdi.

Bu safar Rossiya Tashqi ishlar vazirligining jahldor va bir vaqtning o‘zida kulgili va jangari matbuot kotibi Mariya Zaxarova o‘ziga ancha munosib raqib topa oldi.

Janjalga sabab bo‘lgan hodisa 23-sentyabr kuni Toshkentdagi bir maktabda sodir bo‘lgandi.

Rus tili darsida o‘qituvchi ayoldan 10 yoshli o‘quvchi nega rus tilida gapirmayotganini so‘raganidan so‘ng, uning qulog‘ini tortib, yuziga tarsaki tushirdi.

Hodisaning xavfsizlik kamerasi tasvirlari internetda tarqalib, Rossiya ijtimoiy tarmoqlarida kuchli reaksiya uyg‘otdi.

25-sentyabr kuni Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova intervyusida Rossiya "O‘zbekiston tomonidan rasmiy tushuntirish talab qilganini" ma’lum qildi.

Zaxarova tergovni talab qilib, "ushbu shafqatsiz muomalani sodir etgan shaxsga nisbatan chora ko‘rish lozimligini" qo‘shimcha qildi.

Rossiyaning O‘zbekiston maktablariga aralashishi, o‘z navbatida, O‘zbekistonda kuchli norozilikka sabab bo‘ldi.

O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi rais o‘rinbosari Alisher Qodirov Telegram'da Zaxarovani ham lol qoldiradigan javobni berdi.

"Milliy tiklanish" demokratik partiyasi rahbari Qodirov shunday yozdi: "Bizni ichki ishlarimiz haqida bosh qotirguncha muammolarga to‘la o‘zlarining ishlari bilan shug‘ullanishsa to‘g‘ri bo‘lar edi.".

"Bola huquqi O‘zbekiston Respublikasining maktabida, O‘zbekiston fuqarosining bolasiga nisbatan buzildi va chorasi O‘zbekiston xalqi nomidan qabul qilingan qonunlar asosida ko‘riladi!" deya qo‘shimcha qildi Qodirov.

"O‘zbek Jirinovskiysi"

Qodirov O‘zbekistonning sokin siyosiy maydonida g‘ayriodatiy shaxs bo‘lib, har zamonda shovqin ko‘tarib turadi.

Shu oy boshida "Times of Central Asia" gazetasida chop etilgan maqolasida Markaziy Osiyo bo‘yicha ekspert Bryus Panniyer Qodirovni "Rossiya shovinizmiga qarshi O‘zbekistonning asosiy vakili" deb atadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistonning siyosiy tizimi hali ham chuqur avtoritar ekanligini hisobga olgan holda, Panniyer Qodirov "o‘zi aytgan gaplarni hukumatdagi yuqori lavozimli shaxslarning roziligisiz aytmagan bo‘lardi" deb ta’kidladi va uning Rossiya millatchiligiga hamda Sovet Ittifoqiga qarshi bir qancha bayonotlarini keltirdi.

Ayniqsa, yil boshida rossiyalik siyosatchi va olim Markaziy Osiyo mamlakatlari tarixi va xalqi haqida haqoratli fikrlar bildirganidan so‘ng, Qodirovning Rossiya telekanallarining O‘zbekistonda efirga uzatilishini to‘xtatish taklifi diqqat tortdi.

“Ҳақиқий ўзаро дўстлик”. Путин Ўзбекистонда қолиб кетди
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:14:17 0:00

Shunga qaramay, Qodirovni ko‘pincha kinoya bilan "O‘zbek Jirinovskiysi" deb atashadi. Bu 2022-yilda vafotiga qadar taxminan o‘ttiz yil davomida Rossiyaning post-sovet siyosatida doimiy ishtirokchi bo‘lgan rossiyalik millatchi siyosatchi Vladimir Jirinovskiyga ishoradir.

Bu qiyos Qodirovning o‘ziga yoqmaydi.

2022-yil oktyabr oyida britaniyalik jurnalist Joanna Lillis bilan X ijtimoiy tarmog‘idagi muloqotda Qodirov o‘zining Jirinovskiy singari shovinist emasligini ta’kidlab, aksincha, O‘zbekistonning "an’analarimiz va qadriyatlarimiz bilan uyg‘un holda milliy taraqqiyoti" tarafdori ekanini aytgan.

Qodirov O‘zbekistonning LGBT-jamiyati a’zolarini mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qilgan edi. Bu esa Jirinovskiyga xos bo‘lgan murosasizlikka o‘xshaydi.

Bu laqab unga yopishtirilishining sabablaridan atigi yarmi, xolos.

Jirinovskiy singari, Qodirov ham "dangalchi insayder" va "tizimli muxolifat" rolini o‘ynagan bo‘lsa-da, o‘ziga yuklatilgan vazifadan tashqari hech qanday haqiqiy siyosiy intilishlari yo‘qdek ko‘rinishi muhimroq hisoblanadi.

2021-yilda Qodirov prezident Shavkat Mirziyoyevga qarshi turgan to‘rt nomzoddan biri edi.

Ko‘pchilik saylovchilar Mirziyoyevdan tashqari, saylov byulletenida tanigan yagona nom shu ekanini aytishdi.

Biroq u hech qachon amaldagi rahbarning ustunligiga tahdid solmagan, ayniqsa, xorijda ishlab pul topayotgan o‘zbekistonliklarning vatanlaridagi oilalariga yuboradigan mablag‘larini soliqqa tortish haqidagi noma’qul taklifni ilgari surganidan so‘ng.

2023-yilgi muddatidan oldingi saylovlar oldidan Qodirov va uning "Milliy tiklanish" partiyasi Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatladi.

Yangi vaziyat, yangicha yondashuv?

Barcha ushbu e’tirozlarga qaramay, Qodirov O‘zbekistonda nisbatan yangi hodisa hisoblanadi.

Islom Karimovning chorak asrlik hukmronligi davrida Karimovning o‘zidan boshqa deyarli hech bir amaldor e’tiborni tortadigan gap aytmasdi.

Bu Mirziyoyevga ham tegishli edi, u 13 yil davomida Karimovning bosh vaziri bo‘lgan, ammo faqat u vafot etganidan keyingina o‘zini namoyon eta boshlagan.

OzodNazar: Алишер Қодиров кўпроқ овоз олади деб ўйлагандим
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:17:30 0:00

O‘zbekistonning diplomatik doiralari esa o‘ta ehtiyotkor.

Biroq Toshkent nuqtayi nazaridan, yangi geosiyosiy vaziyat yangicha yondashuvni talab qilayotgan bo‘lishi mumkin.

So‘nggi o‘n yil ichida Rossiyaning Ukrainadagi urushi yanada tajovuzkor ritorika va o‘zining sovet va imperiya tarixini yanada qat’iyroq ta’kidlash bilan qo‘shildi.

2015-yilda hozirgi lavozimiga kelgan Zaxarova ma’lum ma’noda bu tendensiyani aks ettiradi.

Bundan tashqari, doimo ilgari Moskva nazorati ostida bo‘lgan mamlakatlar va jamiyatlarni tanqid qilish va haqoratlashga tayyor turgan ko‘plab rus ekspertlari, jurnalistlari va qonunchilari bor.

Bunday vaziyatlar Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbarlarini band qilib qo‘yishi mumkin – bu haqda O‘zbekistonning qo‘shnisi Qozog‘istonda Oybek Smadiyarovdan so‘rang.

Zaxarovaning aralashuvidan so‘ng, to‘g‘ridan to‘g‘ri diplomatik javob berishga ko‘plab talablar paydo bo‘ldi.

"Gazeta.uz" nashri ta’lim bo‘yicha ekspert Komil Jalilovning 26-sentyabrdagi so‘zlaridan quyidagicha iqtibos keltiradi: "Ehtimol, o‘zlarini hamon «katta og‘a» yoki «katta opa» deb hisoblaydigan shimolliklarga O‘zbekiston suveren davlat ekanligini va o‘zbek maktablaridagi intizom masalasini o‘zimiz hal qila olishimizni aytishimiz mumkindir?"

Тарих ва пропаганда: Кремл ўзбек дарсликларига қизиқмоқда
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:27:10 0:00

Moliyaviy tahlilchi Otabek Bakirov X tarmog‘ida qaysi o‘zbekistonlik amaldor Rossiyaga "O‘zbekiston maktablarida nima bo‘layotgani O‘zbekistonning ichki ishi" deb ayta oladi deb so‘radi.

Oxir-oqibat, shunday javob berildi, deyish mumkin.

BMT Bosh Assambleyasiga tashrifi haqida ma’lumot berarkan, O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov 27-sentyabr kuni o‘zining rasmiy Telegram- kanalida BMT Bosh Assambleyasi doirasida Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bilan muzokaralar o‘tkazganini ma’lum qildi.

Saidovning yozishicha, muzokaralar davomida ikki tomon "o‘zaro ishonchni mustahkamlash uchun davlatlarning bir-birining ichki ishlariga aralashmaslik tamoyiliga sodiq qolish muhimligini ta’kidladi".

Biroq bunday bayonotlar satrlari orasini o‘qiy oladiganlar uchun. Oshkora aytilmaydigan narsalarni baland ovozda aytish uchun esa Alisher Qodirov bor.

XS
SM
MD
LG