Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 21:37

O‘zbek endi kartoshkani ko‘p yeyapti. Bu mahsulot importi muttasil oshmoqda


O‘zbekiston joriy yilning 11 oyida 455,8 ming tonna kartoshka import qildi. Bu ko‘rsatkich oziq-ovqat bozorini yoritishga ixtisoslashgan EastFruit nashriga ko‘ra, bu 2017 - yilga nisbatan 2,2 baravar ko‘pdir.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga qaraganda, 2021 - yilning yanvar-oktabr oylarida O‘zbekiston 13 ta xorijiy davlatdan qiymati 44,5 mln. AQSh dollariga teng bo‘lgan 389,5 ming tonna kartoshka import qilgan.

Kartoshka importi o‘tgan yilning mos davri bilan solishtirilganda qariyb 103 ming tonnaga oshgan.

Hukumatning xorijdan urug‘lik keltirib, fermer xo‘jaliklariga majburlab ektirishi ham hozircha ijobiy natija bermadi.

Fermerlar, kartoshka yetishtirish hali ham ma’muriy buyruqbozlik asosida yo‘lga qo‘yilgani, urug‘likning sifatsizligi va bu ekinni yetishtirishga qulay hudud noto‘g‘ri tanlanayotgani haqida gapirmoqdalar.

Kartoshkaning asosiy oziq-ovqat import mahsulotiga aylanishi, O‘zbekistonda shu paytgacha kuzatilmagan.

O‘zbekiston bozorlarida kartoshkaning narxini barqaror saqlab turish uchun hukumat, so‘nggi yillarda kartoshka importini keskin oshirishga majbur bo‘ldi.

EastFruit nashriga ko‘ra, 2021 - yilda O‘zbekistonga kartoshkaning asosiy yetkazib beruvchilari Eron, Qozog‘iston, Pokiston, Qirg‘iziston va Niderlandiya bo‘lgan.

Davstatqo‘mga ko‘ra, 2021 - yilning o‘tgan 10 oyida O‘zbekiston eng ko‘p kartoshka import qilgan davlatlar:

  • Qozog‘iston – 128 ming tonna
  • Eron – 127 ming tonna
  • Pokiston – 100 ming tonna
  • Qirg‘iz R. – 19 ming tonna
  • Niderlandiya – 11 ming tonna
  • Rossiya – 4,4 ming tonna
  • Fransiya – 616 tonna
  • Afg‘oniston – 374,6 tonna
  • Germaniya – 66,3 tonna

2017 - yilgacha kartoshkaning importi 50 ming tonnadan oshmagan bo‘lsa, 2021 - yilga kelib 8 baravarga ortdi va joriy yilning yanvar-noyabr oylarida 455,8ming tonna kartoshka valyutaga sotib olindi.

O‘zbekiston bozorlarida ayni paytda bir kilo kartoshkaning o‘rtacha narxi 4500-5000 so‘m bo‘lib turibdi.

Hukumat narxni barqaror ushlab turish uchun xorijdan kartoshka sotib olishni davom ettirmoqda.

Surxondaryo viloyatida kartoshka zaxirasi bilan shug‘ullanadigan, matbuotga gapirish vakolati yo‘qligi uchun ismi sir qolishini so‘ragan tadbirkorning aytishicha, ayni paytda Qozog‘istondan olib kelingan kartoshka zaxira qilinmoqda:

“Hukumat tadbirkorlarga 4 foizli valyuta krediti berib, kartoshka sotib olib zaxira qilish va uni vaqt-vaqti bilan bozorga chiqarib turish haqida qaror chiqargan. Bizning viloyatdan ham 4-5ta tumandan tadbirkorlar Toshkentga vagonlarda kelgan kartoshkani tumanlariga tashib xolodilniklarda zaxira qilmoqda. Bundan avval Pokistondan, Afg‘onistondan, Erondan kartoshka sotib olgan edik. Bir oylardan keyin sotishga ruxsat berar ekan. Ammo bizga kilosi 4700-4800 so‘mdan tushmoqda. Sifati yaxshi. Bozordagi narx-navo ham hozir shuncha”.

Ismi sir qolishini so‘ragan namanganlik fermerlardan birining aytishicha, O‘zbekistonda kartoshkachilikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus programma ishlab chiqilmagani va bu ma’muriy buyruqbozlik usulida davom etayotganligi uchun ham bu sohada ijobiy o‘zgarish bo‘lmayapti:

“Xalqimizda kartoshkani ikkinchi non, kambag‘alning ovqati deyishadi. Go‘sht topolmagan odam kartoshka qovurib, utsiga ikkita tuxum chaqib yeydi. O‘zbekiston yerida hamma narsa ko‘karadi deb jar solamizu, o‘zimiz Pokistondan yoki Qozog‘istondan kartoshka sotib olib yeymiz. Aslida bu O‘zbekiston uchun uyatli holat. Nega shunday bo‘lyapti? Asosiy sabab, hali ham paxta va g‘alla monopoliyasidan voz kechilmaganlikda, hali ham qishloq xo‘jaligi ekinlarini yeri, iqlimi va sharoitiga qarab to‘g‘ri rayonlashtira olmaganimizdadir”.

Fermer o‘zining iddaosini bunday dastaklaydi:

“Mana ikki yil avval bizning fermerlarga kreditga qimmat urug‘lik berib, kartoshka ekasan deyishdi. Hukumatga yaqin qaysidir bir tadbirkorning Rossiyadan olib kelgan sifatsiz urug‘ini qimmat narxda olib ekdik, bo‘lmadi, kuyib qoldik. Chunki, bizning yerlarga u to‘g‘ri kelmaydi. Kartoshka salqin iqlimda yaxshi bo‘ladi. Lekin ura-urachilik, buyruqbozlik dehqonni ham garang qilib qo‘ydi. Ko‘rishdiki, bizda bo‘lmaydi, keyin Namangan viloyatidagi ob-havosi salqinroq uchta tumandan paxtani chiqarib tashlab, o‘shalarga berishdi. Hozir ular qanday hosil olyapti, men bilmayman”.

Ozodlik 2020 - yilning iyul oyida andijonlik fermerlarning chirigan kartoshka urug‘i sotib olishga majburlangani haqida xabar qilgan edi.

Buxorolik fermer Shuhrat Razzoqovning fikricha, sifatli urug‘lik bo‘lmagani uchun ham kartoshkadan yuqori hosil olib bo‘lmayapti:

“Urug‘chilik xarob ahvolda. Hali ham chetdan urug‘lik sotib olamiz”.

Surxondaryolik tadbirkor ham bu soha rivojlanmaganining asosiy sababini urug‘chilikda deb biladi:

“Sobiq ittifoq davrida urug‘chilik instituti bo‘lardi. O‘shaning bor-yo‘g‘i 16 gektar yeri bo‘lgan. Axir bu nima bo‘ladi? Mana endi bu yil Angor, Uzun, Oltinsoy tumaniga 50 gektardan urug‘chilik uchun yer ajratildi. Balki endi bir o‘zgarish bo‘lar?”

O‘zbekistonda kartoshka narxi joriy yilning oktabr oyida bir 43 foizga qimmatlashdi. 3,5 ming so‘mlik kartoshka bir haftaning ichida 5000 so‘mga chiqdi.

Keyinchalik hukumat narx-navoni ushlab turish maqsadida bir necha turdagi oziq-ovqat mahsulotini, jumladan kartoshkani qo‘shimcha qiymat solig‘idan ozod qildi.

Ammo, bu hozircha ijobiy natija bergani yo‘q. Toshkentda kartoshka narxi ko‘tarilib bormoqda.

XS
SM
MD
LG