Shavkat Mirziyoyevning hokimiyatga kelishi ortidan O‘zbekistonda ijtimoiy tarmoqlarning ahamiyati oshdi. An’anaviy matbuot hanuz Karimov davridagidan uncha ko‘p farq qilmas ekan, tarmoqlar O‘zbekistonda oxirgi to‘rt yilda boshlangan tanqidlarning "lokomotivi"ga aylangan.
Mirziyoyevning o‘z chiqishlarida blogerlar faoliyatiga urg‘u berishi soha vakillarini ijtimoiy hayotning oldingi saflariga chiqardi. Ammo O‘zbekistondagi hokimiyatning o‘zi singari blogerlik faoliyati ham shaffof va ziddiyatlardan xoli, deb bo‘lmaydi.
Blogerlarning qiziqishi va faoliyati rang-barang bo‘lgani kabi, ularga nisbatan hokimiyat va qonun chiqaruvchi hamda huquq-tartibot idoralarining munosabatlari ham turlicha. So‘nggi paytlarda parlamentdagi alohida partiyalar ijtimoiy tarmoqlarda so‘z erkinligini cheklashi aytilayotgan qonunchilik tashabbuslarini ham ilgari surdi.
Prezident Mirziyoyev blogerlarni haqiqatni baralla va ko‘rqmasdan aytishga da’vat qilib turgan bir paytda Surxondaryoda korrupsion holatlarni fosh qiluvchi chiqishlari bilan tanilgan bloger Otabek Sattoriy hibsga olindi va qamoqqa tashlandi. 1 - mart kuni IIV tovlamachilikda ayblanayotgan 41 yashar Sattoriyga qarshi Jinoyat kodeksining yana ikki bandi bilan ayblov e’lon qilgani bildirildi. Ozodlik o‘zbek segmentidagi blogerlar faoliyatiga yaqindan nazar tashlashni xayriyachilik faoliyati bilan tanilgan blogerlardan boshladi.
“Blogerning materiali Yutubda e’lon qilinganidan keyin qurilish materiallari tashuvchi haydovchilar bilan yig‘ilish o‘tkazildi. Shu kunda ularning hammasi ishlayapti. Muammo hal bo‘ldi”. Bu ma’lumotni Ozodlik 2 - mart kuni Samarqand tumanidagi qurilish materiallari bozori rahbariyatidan oldi.
Samarqanddagi Yog‘och bozorda ishlovchi o‘nlab haydovchilarning norozilik aksiyasidan reportajni bundan bir hafta oldin qashqadaryolik bloger o‘zining Yutyub-kanalida yoritgan edi.
Samarqandlik haydovchilar aksiyasini yoritgan bloger o‘z muxlislariga, asosan, xayriya faoliyati bilan tanish. Bunday faoliyat bilan shug‘ullanadigan o‘zbek blogerlari keyingi bir yil ichidayoq 10 ga yaqin muhtoj oilaga uy qurib berdi.
Qashqadaryolik bloger Otash Alemdar Samarqand viloyat, Samarqand tumanidagi qurilish materiallari bozorida (“Yog‘och bozor”) suratga olgan video e’lon qilinganidan beri o‘tgan bir haftada 205 586 marta ko‘rildi.
Bloger yoritgan janjal
Videoda shu bozordan xaridorlar yukini tashiydigan haydovchilarning Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatidan noroziligi aks etgan.
“Yaqindan beri ishlab bo‘lmay qoldi. Gabaritni buzding, deb hadeb jarima solaverishadi. Bir solganda 5 oklad soladi. Bir oyda ikki-uch marta ham solishadi. Mashinalarimiz Moskvichu Volga. Biz jarima to‘laymizmi yo oila boqamizmi?!”
Bu gapni qariyb 20 daqiqalik videoda haydovchilarning biri qo‘yib ikkinchisi takrorlaydi.
Haydovchilar aytayotgan “5 okladli jarima” Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 125-, prim 1-moddasida nazarda tutilgan. Bu moddaga binoan yuk tashish qoidalarini buzganlarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravari miqdorida jarima solinadi.
Shu kunda bazaviy hisoblash miqdori 245 ming so‘mdir. Demak, haydovchiga bir marta jarima solinsa, u taqriban 120, ikki marta solinsa, 240 dollar atrofida to‘lashi lozim.
Samarqand tumanidagi qurilish materiallari bozori direktori Suhrob aka (familiyasini aytmadi) haydovchilar bilan gaplashilgani, ular bilan bundan buyon 6 metrdan uzun material tashimaslikka kelishilganini bildirdi.
“Ilgari 12 metrlik armatura ham tashir edilar. Shuning uchun jarima solishar edi”, - dedi bozorqo‘m. Ozodlik haydovchilarning o‘zlari bilan bog‘lana olmadi.
Alemdar, O‘rinovich va boshqalar
Samarqandning Yog‘och bozoridan tayyorlangan reportaj mavzui 398 000 obunachisi bor bloger Otash Alemdar uchun xarakterli emas. Alemdar - xayriyachi blogerlardan biri, hamkasblarining aytishicha, ular orasida hatto birinchilardandir.
138 000 obunachchisi bor namanganlik bloger Mansurbekning (Mansurbek uz) Ozodlikka aytishicha, Otash Alemdar o‘tgan oyda kasallikdan 32 yoshida vafot etgan bloger Erkin O‘rinovich (142 000 obunachisi bor edi) bilan deyarli bir vaqtda muhtoj oilalarga uy qurib berishni boshlagan.
Uysizlarga yoki yashab turgan boshpanasi yaroqsiz ahvolga kelib qolganlarga uy qurib berish bilan qashqadaryolik bloger Siroj Hofiz (222 000 obunachi), farg‘onalik bloger Anvarjon Oxunov (119 000 obunachi) ham shug‘ullanadi.
Shuni aytish kerakki, Anvarjon Oxunov Farg‘ona vodiysida “blogerlar korporatsiyasi”ni tuzgan, deyish mumkin. 107 000 obunchasi bor “Oxunov vlog” olib boruvchisi bloger Dilmurodjon, 105 000 obunachisi bor Dolina TV olib boruvchisi bloger Xotamjon va yana boshqa 10 ga yaqin bloger Anvarjon Oxunovni ustoz deb biladi, Oxunov esa, “o‘z shogirdlari” faoliyatini videobloglarida namoyishkorona koordinatsiyalaydi. Oxunovni ustoz hisoblaydiganlar orasida ayol blogerlar ham bor.
Blogerlar qurayotgan uylar
Otash Alemdar 2020 ning dekabrida ikki beva ayol oilasiga ikkita uch xonali uy qurib topshirdi.
Siroj Hofiz jigar sirrozidan yaqinda vafot etgan yigitning uyi va oshxonasini ta’mirdan chiqardi, molxona qurib berdi va kuni kecha topshirdi. Shu kunda u Buxoroning Romitanida bir muhtoj oilaga uy qurmoqda.
Anvarjon Oxunov o‘tgan oyda o‘zi yashaydigan Yozyovon tumanida 90 yashar ayolning uyini ta’mirdan chiqardi, uning o‘g‘lini boshpanasiz qolgan andijonlik ayolga uylantirdi.
Dilmurodjon Yozyovonda muhtoj oila yashayotgan yopiqni ta’mirdan chiqarib, yoniga ikki xonali uy qurdi, uyni yangi mebel bilan jihozladi. 3 - martda uyni topshirmoqchi.
Xotamjon Andijonda “odam bolasi yashamaydigan, og‘ilxonadan battar joy”da yashayotgan oila uchun yangi uy qurilishini boshladi.
Mansurbek Namanganda, yaqinda prezident Mirziyoyev borgan Bunyodkor mahallasida ikki farzandli beva ayol uchun uy qurishni boshladi.
Xayriya kim va nima hisobidan?
Blogerlar bu ishlarni qilar ekan, mutlaq o‘z tomoshabinlarining moliyaviy ko‘magiga tayanadi. Asosiy auditoriyasi bo‘lgan Rossiyadagi mehnat muhojirlari ularning loyihalari uchun pul jo‘natadi: kimdir 50, kimdir 100 rubldan - har kim qo‘lidan kelganicha yordam beradi.
Farg‘onalik blogerlardan farqli o‘laroq qashqadaryolik blogerlar o‘yinga mashina tikib, lotereya ham o‘tkazib turadi. Lotereyadan tushadigan foyda, blogerlarning aytishicha, loyihalarga sarf bo‘ladi.
Xayriyachi blogerlar muhtojlarga uy qurishdan tashqari bemorlarga ham ko‘mak ko‘rsatadi. Vodiylik blogerlar uyushtirgan moliyaviy yordam hisobiga shu kunda ikki bemor Hindistonda davolanmoqda.
To‘y boshlovchisidan tortib imomgacha
Maqolamizda tilga olingan barcha blogerlarning, qashqadaryolik aviamuhandis Otash Alemdarni istisno qilganda, ma’lumoti oliy emas. Biri blogerlikka haydovchilikdan kelgan bo‘lsa, ikkinchisi ilgari do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlagan, uchinchisi to‘ylarda boshlovchilik qilgan, qo‘shiq aytgan. Yaqinda ular safiga yozyovonlik imom ham qo‘shildi.
Namanganlik bloger Mansurbek Ozodlik savollariga javob berib, blogerlikni boshlagunicha tikuvchilik qilganini aytarkan, bunday dedi:
“Asl kasbim tikuvchilik. 9- sinfda o‘qiyotganimda tog‘amga shogird tushib, o‘shandan boshlab yoshim deyarli 32 ga kirguncha tikuvchilik qilganman. Rossiyada ishladim 8 yil. Keyin qaytib keldim. Shavkat Miromonovich prezident bo‘lib, blogerlarga erkinlik berilayotgan paytda shu sohaga kirib qoldim. Oldiniga “Sirli olam” degan kanal ochganman. Xayriya ishini o‘sha kanaldayoq boshlagandim…”
Blogerlarning ko‘pchiligi, ulardan birining ta’biri bilan aytganda, “maktabning koridorida o‘qigan”. Bilimining yetarli emasligi nutqining g‘aribligida, lug‘atining qashshoqligida, stilistikasi choyxona tili darajasidan ko‘tarila olmaganligida, kechirib bo‘lmaydigan xatolarga yo‘l qo‘yishlarida sezilib turadi. Masalan, kuni kecha ulardan biri “U Bishkekda-da, Qozog‘istonda...” dedi.
Royishlik
Olayotgan videosi davomida chiroq o‘chib qolsa, “pulini to‘layapmizku, svetni beringlarda”, deb elektrchilarga tikka murojaat qilib yuboraveradigan, samarqandlik haydovchilarnikiga o‘xshagan boshqa aksiyalarni ham yoritadigan, u yoki bu fuqaroning muammosi ortidan kamerasini ko‘tarib turli idoralarga kirib boradigan Otash Alemdarni demasa, bugun tilga olingan boshqa barcha blogerlar aholining o‘zlari muloqotga kirishayotgan qatlami muammolarining ildiziga yetib borishga intilmaydi.
Xayriyachi blogerlar kirib borayotgan ayrim xonadonlardagi ahvol O‘zbekistondagi qashshoqlik darajasining quyi nuqtasi naqadar chuqurda ekanligini ko‘rsatmoqda.
Biroq bunday xonadonlarga kirib borib, ularga yordam berayotgan blogerlar na o‘zlari, na xonadon egalari bilan bu holatning ijtimoiy-siyosiy sabablari to‘g‘risida gapiradi. Ba’zan xonadon egalari mahalla raisidan, hokimlikdan arz boshlaganida ham blogerlar bu gaplarni darhol kesadi. Aksincha, ular prezident olib borayotgan siyosatga royish ekanliklarini vaqti-vaqti bilan ta’kidlab, Shavkat Mirziyoyevni tilga olib turadilar.
“Oxunov komandasi”dagi blogerlardan biri Ozodlikning “Sizlar yordam berayotgan oilalarga o‘xshash oilalar ko‘pmi?” degan savoliga achchiq bilan “Ha, bunday oilalar boshqa davlatlarda yo‘q ekanmi, Germaniyada yo‘q ekanmi, Amerikada yo‘q ekanmi?” deb javob bergan edi.
Ozodlik farg‘onalik blogerga bergan savoliga javobni beixtiyor qashqadaryolik blogerdan eshitdi. Jigar tsirrozidan vafot etgan Toshtemirning uyida olib borilayotgan ishlarni videoga olayotgan bir bloger hamkasbiga bunday deydi:
“Aka, bunday oilalar shu qadar ko‘pki, siz bilan men qarigunimizcha ham shu ish bilan shug‘ullansak kerak…”