Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 20:51

O‘zbek-afg‘on chegarasi: harbiylar nazoratni kuchaytirdi, rasmiylar va imomlar aholini ogohlikka chaqirmoqda


O‘zbek-afg‘on chegarasida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulot, 24 -iyun, 2021
O‘zbek-afg‘on chegarasida o‘tkazilgan harbiy mashg‘ulot, 24 -iyun, 2021

O‘zbekistonning qo‘shni Afg‘oniston bilan chegarasida joylashgan 10 dan ortiq qishloq, shahar va posyolkada pasport nazorati kuchaytirildi, aholi ogohlikka jalb qilinmoqda.

Shu kunlarda Afg‘onistonning O‘zbekistonga tutashgan hududidagi tumanlar Toliblar nazorati ostida qolmoqda. 27 - iyun kuni 44 nafar, 26 - iyun kuni 3 nafar, 23 - iyun kuni esa 53 nafar afg‘on askari Balx viloyatining Toliblar ishg‘oli ostida qolgan Sho‘rtepa tumanidan O‘zbekistonga qochib o‘tdi.

Muzrabot tuman hokimligi rasmiysiga ko‘ra, Surxondaryo viloyatining Afg‘oniston bilan chegara zonasida joylashgan 10dan ortiq aholi punktiga kirish-chiqishda pasport nazorati kuchaytirilgan.

Afg‘oniston bilan tahlikali bo‘lib qolayotgan 137 kilometrlik chegara zonasida joylashgan Termiz shahri va tumani hamda Muzrabot tumanida mahalliy aholi bilan uchrashuvlar uyushtirilib, tushuntirish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, Muzrabot tumanida yashaydigan imom, chegaraoldi hududidagi aholining Afg‘onistondagi Toliblar “terrorchilik harakatlaridan xabardorligi”, mahalliy rasmiylar, harbiylar va imomlar aholi bilan muloqotlarda buni tushuntirayotganini ta’kidladi.

Ozodlik gaplashgan 10 ga yaqin surxondaryolik, chegaraning bu qismi qattiq qo‘riqlanishi, Amudaryoning narigi tarafidagi Toliblarning bu tarafga o‘tishiga harbiylar yo‘l qo‘ymasligiga aholi qattiq ishonishini aytmoqda.

Surxondaryo viloyati, Muzrabot tumaning Yusuf Jamolov mahalla fuqarolar yig‘ini Afg‘oniston bilan chegara chizig‘i o‘tgan Amudaryoning shimoliy sohilida joylashgan.

Bu qishloqda yashaydigan mahalla faollaridan birining ismi sir qolishi sharti bilan Ozodlikka aytishicha, Afg‘onistonda borayotgan jang harakatlaridan mahalliy aholining xabari bor:

“Toliblar daryoning narigi tarafidagi qishloqlarni bosib olganidan xabarimiz bor. Lekin, daryoning u yog‘ida urush boshlanganiga 30-40 yillar bo‘lib ketdiku. U tarafdan o‘q ovozlari bizga umuman eshitilmaydi. Biz tarafda tinchlik, hamma o‘zining tirikchiligi bilan band. Chegaramiz qattiq qo‘riqlanadi bizning, o‘sha 1990 - yillarning boshida g‘alvali bo‘lgan. Keyin chegara qattiq berkitilgan. Askarlar tinimisiz chegaradan u yoq bu yoqqa o‘tib turadi. Sim to‘siqlarga kameralar o‘rnatilgan, yaqinlashtirishmaydi. Sal yaqin borsangiz, tezda kelib ushlab ketishadi, nazorat qattiq u yerda”.

Chegaradan 2 kilometr narida joylashgan “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘inida yashaydigan imom ham Amudaryoning O‘zbekistonga qarashli sohilida mahalliy rasmiy, imom va harbiylari aholini bilan muntazam muloqotda ekanini aytdi:

“Bizda Afg‘onistonda oxirgi janjal boshlanmasidan oldin ham har oyda bir harbiy qismlarni rahbarlari, mahalla raislari va imomlar aholi bilan uchrashib, ogohlikka da’vat qilib kelganmiz. Chegara hududi bo‘lgani uchun: “Biror shubhali narsa ko‘rsangiz, bizga xabar qiling” deb harbiylarimiz tushuntirish ishlarini olib boradi. Toliblarni hammamiz bilamiz, musulmonni qonini to‘kib yotibdi ular. Bunaqa amal hech bir dinda yo‘q. Shuning uchun aholini ogohlikka chaqirib kelyapmiz. Bizda tinchlik-xotirjamlik, shukr. Chegaramiz juda qattiq qo‘riqlanadi. Harbiy qismlarimiz bor”.

Muzrabotliklarning aytishicha, so‘nggi qariyb 40 yildan buyon urush harakatlari tinmayotgan qo‘shni Afg‘onistonga tutash O‘zbekiston qishloqlarida harbiylar nazorati hamisha kuchli bo‘lgan. Bu hududda har 2 yoki 3 kunda bir harbiy vertolyotlar parvoz qilib turadi.

2001 - yil yanvar oyida Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati (o‘sha kezda Milliy xavfsizlik xizmati) rahbarlari imzolagan qo‘shma qarorda, Surxondaryo viloyatining Termiz, Muzrabot, Angor va Sherobod tumanlaridagi 30 dan ortiq aholi punkti "chegara zonasi o‘rnatilgan" punkt sifatida qayd etilgan.

Bulardan 10 dan ortig‘i Afg‘oniston bilan chegarada, qolganlari qo‘shni Tojikiston va Turkmaniston bilan chegara zonasida joylashgan.

Muzrabot tumani hokimligida ishlaydigan va shaxsi oshkor etilmasligini so‘ragan rasmiyga ko‘ra, bu aholi punktlari hamisha chegara qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan, so‘nggi kunlarda bu nazorat kuchaytirilgan.

“Mana bizda Guliston, Xalqobod, Qorakamar, Yusuf Jamolov (oldingi Gagarin sovxozi) mahalla fuqarolar yig‘inlariga qarashli qishloqlar Afg‘oniston bilan chegaraning yonida, ularda doim pasport nazorati bor, kirish-chiqish doim nazorat qilinadi. Chegaraning narigi tarafidagi janjaldan oldin ham shunday bo‘lgan, hozir ham. Hozir boshqa tumanlardan borganlar ustidan tekshiruv ham biroz kuchaytirilgan”.

Iyun oyi boshidan buyon Afg‘onistonning shimoliy qismida Toliblar ishg‘oli kuchayib bormoqda. So‘nggi 10 kun ichida Toliblar Afg‘onistonning O‘zbekistonga tutash 5 ta tuman markazini egallab oldi.

27 - iyun kuni 44 nafar, 26 - iyun kuni 3 nafar, 23 - iyun kuni esa 53 nafar afg‘on askari Balx viloyatining Toliblar ishg‘oli ostida qolgan Sho‘rtepa tumanidan O‘zbekistonga qochib o‘tdi.

Shuningdek, Qunduz viloyatining chegaraoldi tumanlaridagi hukumat askarlari ham Toliblar ishg‘olidan qochib, bir necha bor qo‘shni Tojikiston hududiga o‘tgani qayd etildi.

Tashqi ishlar vazirligi O‘zbekiston hududiga qochib o‘tayotgan afg‘on askarlari darhol ortga qaytarilayotgani va Toshkent bu masalada neytral pozitsiyada turishini qat’iy ta’kidlamoqda.

O‘zbekiston tomoni o‘z hududiga noqonuniy kirishga qilingan har qanday urinishga qarshi eng keskin choralarni qo‘llashidan qat’iy ogohlantirgan.

Jumladan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarni jangovar shaylikka keltirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazdi, bu mashg‘ulotlarga aviatsiya, artilleriya,minomyotchilar bo‘linmalari jalb qilindi.

Ayni paytda, Dushanbe Toliblar ishg‘olidan qochib chiqish ehtimoli bor afg‘onistonliklarni qabul qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganini bildirgan.

Tojikiston Mudofaa vazirligi 10 mingga yaqin afg‘onistonlikka boshpana berishga tayyorligini bildirgan. Ammo, chegaradagi tojik rasmiylari aslida qochqinlar soni 30 mingdan ortishi mumkin, degan xavotirda.

Afg‘oniston shimolida Toliblar hujumlari, bu mamlakatdan AQSh qo‘shinlari olib chiqilayotgan bir kezda kuchaydi. Toliblar bosib olgan tumanlarning aksari mamlakat shimolida va bu hududda o‘zbek tilida so‘zlashuvchi afg‘onlarning asosiy qismi istiqomat qiladi.


Afg‘oniston shimolidagi dala qo‘mondonlari va hukumat qo‘shinlari mahalliy aholini Toliblarga qarshi jangga safarbar qilmoqda. Qo‘liga qurol olayotganlar va dala qo‘mondonlari orasida afg‘onistonlik o‘zbek va turkmanlar ko‘p xabar qilinmoqda.

Ayni paytda, ularga hujum qilayotgan Toliblar orasida ham o‘zbek va turkmanlar ko‘pchilik ekani aytiladi. Toliblarning kuchayib borayotgan xurujlariga qaramay, AQSh tomoni 11 - sentabrgacha qo‘shinlarini olib chiqish rejasini o‘zgartirmasligi bildirgan. Faqat zaruratga ko‘ra, olib chiqilayotgan qo‘shin hajmi va vaqti o‘zgarishi mumkin.

Shu tariqa, Markaziy Osiyo mintaqasidagi O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmaniston qo‘shni Afg‘oniston shimolida kundan kunga ortib borayotgan Toliblar hujumi tahdidi bilan yuzma-yuz qolmoqda.

XS
SM
MD
LG