Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 22:41

"O‘limga hukm etilgan mahkumdek". Mobilizatsiyadan O‘zbekistonga qochgan rossiyalik hikoyasi


Forbes nashriga ko‘ra, qisman mobilizatsiya e’lon qilingan 21-sentabrdan keyin o‘tgan ikki hafta ichida Rossiyani 700 mingga yaqin odam tark etgan. Gruziya-Rossiya chegarasi, 27-sentabr, 2022
Forbes nashriga ko‘ra, qisman mobilizatsiya e’lon qilingan 21-sentabrdan keyin o‘tgan ikki hafta ichida Rossiyani 700 mingga yaqin odam tark etgan. Gruziya-Rossiya chegarasi, 27-sentabr, 2022

Aksar rossiyaliklar singari 29 yashar Nikolayning (ismi o‘zgartirilgan-tahr.) O‘zbekiston poytaxti haqidagi tasavvuri ham “Toshkent-non shahri” filmi bilan cheklangan edi. Ammo u film qahramonlari kabi urushdan qochib Toshkentga kelib qolishi haqida o‘ylamagan.

Xavfsizlik sabablari bois haqiqiy ismi oshkor etilishini xohlamagan qahramonimiz prezident Putinning 21-sentabr kungi qisman mobilizatsiya haqidagi e’loni ortidan O‘zbekistonga qochib kelgan minglab rossiyaliklardan biri. Ularning haqiqiy sonini hech kim bilmaydi. Qochayotgan rossiyaliklarni nima deb atashni ham…

Nikolay mobilizatsiyadan qochgan o‘n minglab rossiyaliklardan biri.
Nikolay mobilizatsiyadan qochgan o‘n minglab rossiyaliklardan biri.

O‘zbekistonga Qirg‘iziston orqali kirib kelganini aytgan rossiyalik bloger va fotograf o‘zini "yarim relokant" deb ataydi.

-Meni yarim relokant deyish mumkin. Chunki ertami-kechmi, Rossiyada mobilizatsiya har birimizga taalluqli bo‘lishi mumkin. Rossiyada 21-sentabrdan boshlab o‘zimni o‘limga hukm qilingan mahkumdek, ortimdan har on kelishlari mumkindek his qila boshladim. Bu biroz noqulaylik berardi. Biroz deganim, albatta, bir necha bor kamaytirib aytganim. Bu ko‘chadagi yurishda hadik, uyda o‘tirganingda kimdir qo‘ng‘iroq qilishidan, eshik taqillashidan cho‘chish. Do‘stlarim uyimga kelishidan oldin ularga xabar yozib, haqiqatan ular kelganini aniqlab, keyin eshikni ochardim,- deya eslaydi so‘nggi haftalarda Rossiyada kechgan hayotini Nikolay.

Rossiya rasmiylari, masalan, Davlat Dumasi spikeri Vyacheslav Volodin nazarida harbiy safarbarlikdan qochayotganlar "xoinlardir".

"Bugun ko‘pchilik mamlakatdan qancha odam chiqib ketganini muhokama qilmoqda. Qozog‘iston, Gruziya, Mongoliya va boshqa davlatlarga. Ular tashlab ketgan vatanda ularning ota-onalari, bobo-buvilari va yaqinlari qolgan. Ularning qilmishi- mamlakatga nisbatan xoinlik. Kelajakda ko‘pchiligi bundan afsuslanadi. Rossiyaga qaytgandan keyin xatolarini tushunib yetadilar, ammo kech bo‘ladi", deb yozdi Volodin o‘zining Telegram-kanalida.

Ammo mobilizatsiyadan qochayotganlarni tanqid qilayotganlar faqat Kremldagi mulozimlargina emas.

-Meni tanishlarim va xatto notanish odamlar Rossiyani tark etish qarorim uchun tanqid qilishdi. Bu mening tanlovim va meni tanqid qilganlarni tushunmayman,- deydi Ozodlik suhbatdoshi Nikolay.

Nikolayning aytishicha, Putinning mobilizatsiyasi ko‘plab rossiyaliklarning nafaqat hayoti, balki, Rossiyaning Ukrainaga bosqini borasidagi qarashlarini ham o‘zgartirgan:

-Bu masalada ikki xil vaziyat, chunki kimdir qo‘llab-quvvatlaydi, kimdir qarshi. Ammo qo‘llab-quvvatlovchilar ham povestkani qo‘liga olganidan so‘ng munosabatini o‘zgartirdi. Nima uchun men urushga borishim kerak, qani bizning armiyamiz, nega ular urushmaydi, Rossiya prezidentining oddiy odamlar urushmasligi, faqat harbiylar va ko‘ngillilar haqidagi va’dalari qayerda qoldi? Bularning bari yo‘qqa chiqdi, aslida shuning uchun odamlar hozir tushkunlikka tushgan,- deydi u.

Nikolayning o‘zi Putinning Ukrainaga bosqinini qoralashini aytadi.

- Albatta ko‘pchilik qoralaydi, men ham shu jumladan. Rossiyada bu haqda aytish, yozish mumkin, seni izlab ortingdan kelmagunlaricha. Bizni ko‘pchilik qoralaydi. Shaxsan men bunday bo‘lishiga oxirigacha ishonmagan edim. Qandaydir murosaga kelishar, deb o‘ylagandim, murosa bo‘lmadi va bo‘lar ish bo‘ldi, - deydi Nikolay.

Rossiyaliklarning O‘zbekistonga oqimi, xususan, poytaxt Toshkentda ijara narxlarining sezilarli darajada ko‘tarilishiga sabab bo‘lgan. Mobilizatsiya e’lonidan keyingi ilk kunlarda Toshkent mehmonxonalarida bo‘sh joy qolmagani aytildi.


Menimcha, eng yomoni, bizning eski kasalligimiz, bayram payti ham, motam payti ham, urush payti ham, xullas, hamma vaqt soqqa qilib qolishni o‘ylaymiz. Ijaraga qo‘yuvchilar kvartirada oldindan yashab kelayotgan o‘z fuqarolarimizni haydab chiqarib, o‘rniga ko‘proq pul berayotganlarni joylashtirishyapti. Ana shunaqa. Biz odam bo‘lmaymiz... Noming o‘chsin, urush!”, deb yozdi "Qoraxitoy" Telegram kanali.

O‘zbekiston poytaxtida ijara narxlari nisbatan arzon deb o‘ylagan rossiyaliklarning ham narx-navo haqidagi fikrlari allaqachon o‘zgargan.

-Odam ko‘p kelyapti, aksar kvartiralar ijaraga berib bo‘lingan, shaxsan o‘zim oyiga ming dollar to‘laydigan kvartirani ijaraga oldim, bundan tashqari, rieltor xizmatiga to‘ladim. Qimmat, ammo nailoj,- deydi Nikolay.

Nikolay vatanidan uzoq vaqt ayro qolmoqchi emas. U vaziyat o‘nglanadi va tez orada Rossiyaga qaytaman, deb umid qilayotganini aytadi. Buning uchun qamoqni ham ko‘zga olgan. Uning fikricha, qamoq maqsadsiz urushda o‘lgandan afzal…

-Rossiyaga qaytishni xohlayman va biroz vaziyat aniq bo‘lgandan so‘ng ertangi kungacha yashay olishimni tushunsam, qaytishga harakat qilaman. Qamoqqa tiqsalar mayli, asosiysi frontga bo‘lmasa bo‘ldi, maqsadsiz o‘lgandan ko‘ra, turmada o‘lgan afzalroq. Yangi hududlar nima uchun kerak? Bizning aksariyat aholimiz xozirgacha xojat uchun hovlidagi yog‘och xojatxonaga chiqadi, biz esa yangi hududlarni egallashga harakat qilamiz. Biz o‘zimizda borini rivojlantirishimiz, yaxshilashimiz, ko‘paytirishimiz kerak, -deydi Nikolay.

Ўзбек муҳожири: Урушга боришдан кўра баклажка териб юрганим яхши
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:10:53 0:00

Forbes nashrining Rossiya prezidenti administratsiyadagi manbaga tayanib yozishicha, qisman mobilizatsiya e’lon qilingan 21-sentabrdan keyin o‘tgan ikki hafta ichida Rossiyani 700 mingga yaqin odam tark etgan.

Avvalroq Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi mobilizatsiya e’loni ortidan mamlakatga 200 mingdan ziyod rossiyalik kirib kelgani, ulardan 147 mingi Qozog‘istondan chiqib ketishga ham ulgurganini ma’lum qilgan edi. Bu rossiyaliklarning bir qismi O‘zbekistonga o‘tgani aytiladi.

O‘zbekiston rasmiylari mobilizatsiyadan qochayotgan rossiyaliklar, agar qidiruvga berilgan bo‘lmasa, vataniga deportatsiya qilinmasligini aytishgan. Ammo mobilizatsiyadan qochgan qancha rossiyalik O‘zbekistonda vaqtincha panoh topgani borasida rasmiy ma’lumot yo‘q. O‘zbekiston bilan qarindoshlik yoki boshqa rishtalari bo‘lgan ayrim rossiyaliklar esa, O‘zbekiston pasportini olish harakatiga tushgani aytilmoqda.

Ayni paytda mobilizatsiyadan qochayotgan rossiyaliklar tashkil qilgan Telegram-kanallarga a’zo bo‘layotganlar soni kun sayin oshib bormoqda. Eng ommabop kanallardan biri 'Relokeyshn v Uzbekistane" kanalida 10-oktabr holatiga 25 mingdan ortiq obunachi bor. Bularning katta qismini O‘zbekistonga kelganlar va kelish istagida bo‘lgan rossiyaliklar, qolganini esa ularga yordam berish istagida bo‘lgan o‘zbekistonlik ko‘ngillilar tashkil etadi.

Мобилизация. Миналар майдонига олиб борувчи йўл
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:24 0:00

O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan 8 oyida mamlakatga 316 ming rossiyalik tashrif buyurgan.

Ularning hammasi sayyoh sifatida qayd etilgan. Bu raqam o‘zini sayyoh yoki relokant deb atayotgan mobilizatsiyadan qochayotgan rossiyaliklarni o‘z ichiga oladimi, yo‘qmi, bu borada biron rasmiy izoh berilgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG