Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 18:23

"Noqonuniy diniy tashkilot". O‘zbekistonda "Naqshbandiya" tariqati taqiqlandimi?


Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safarlarini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safarlarini Bahouddin Naqshband maqbarasini ziyorat qilishdan boshlaydi.

Toshkentda “Naqshbandiya” tariqati a’zolari ekani aytilgan 22 kishi “noqonuniy diniy tashkilot tuzish”da ayblanib mahkamaga tortildi.

Hukmga ko‘ra, ziyoli va tadbirkorlardan iborat guruh “Naqshbandiya” g‘oyalarini “g‘ayriqonuniy diniy tashkilot tuzish” orqali tarqatgan.

Ozodlikka shu kunlarda yo‘llangan hukm 2023-yilning 31- iyulida Toshkent shahar jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi tomonidan qabul qilingan.

“Naqshbandiya”- O‘zbekistonda taqiqlanmagan va ergashuvchilari ko‘p bo‘lgan tariqatdir. Bu tariqatdagilar shu paytgacha hukumat taqibiga qariyb uchramagan.

Ayblov

8-noyabr kuni Ozodlikka kelib tushgan sud hukmi nusxasida sudya Abdulla Abdulxayevning elektron imzosi (QR kodi) aks etgan.

Sudyaning hukmicha, 22 kishidan iborat “jinoiy guruh” O‘zbekistonda “jamoat birlashmasi va diniy tashkilot tuzish, yig‘ilish va diniy marosim o‘tkazish” tartibini buzgan.

"Naqshbandiya" vakillari ustidan sud hukmi nusxasi
"Naqshbandiya" vakillari ustidan sud hukmi nusxasi

1-1003-2304/308-sonli jinoyat ishi tergovida ushbu guruh 2022- yil 6-oktabrida noqonuniy tarzda “Menzil tashkiloti” (Turkiyada "Manzil jamoati" sifatida bilingan naqshbandiylar jamoasi - tahr.)ni tuzgani va buning uchun ko‘rsatmani, go‘yoki Turkiyadagi “Naqshbandiya” tariqati yetakchilaridan olgani aniqlangan.

Jinoyat sifatida malakalangan bu harakatlar hukmda shunday ifoda qilingan:

“Avval mustaqil tarzda, so‘ngra Turkiyaning Menzil shahriga borib, G‘avsi Soniy Sulton Sayyid Abdulboqiy va uning izdoshlaridan Naqshbandiya tariqati g‘oyalarini o‘rganib, ushbu g‘oyalarni jamiyatning ilm-fan, ta’lim-tarbiya, din, madaniyat, turizm, iqtisodiyot va boshqa sohalariga targ‘ib va tadqiq qilish uchun 2017-yildan 2023-yil yanvar oyiga qadar g‘ayriqonuniy jamoat birlashmasi va diniy tashkilot tuzish maqsadida, oldindan til biriktirib, bir guruhga birlashib, guruh a’zolari yashash xonadonida yig‘ilishlar o‘tkazish”gan.

"Naqshbandiya" vakillari ustidan sud hukmi nusxasi
"Naqshbandiya" vakillari ustidan sud hukmi nusxasi

Hukmda qayd etilishicha, bu shaxslar o‘zlari “g‘ayriqonuniy ravishda” tuzgan tashkilotning Toshkent shahri, Samarqand shahri, Xorazm, Buxoro viloyati, Andijon viloyatlaridagi bo‘limlarini ochib, u yerda ham mas’ullarni tayinlashgan.

Hukmda qayd etilishicha, sudlanuvchilarning harakati oylar davomida kuzatilgan va 2023-yilning yanvariga kelib, aniqlangan.

“Diniy tashkilot 2023-yilning 15-yanvar kuni Yangihayot tumani, “Chortoq” MFY raisi Y.Pirmatovning arizasiga asosan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan qonunga xilof ravishda tuzilgan jamoat birlashmasi va diniy tashkilot a’zosi I.Namozovning Yangihayot tumani, “Chortoq” MFY, “Navro‘z” ko‘chasi, 28-uyda navbatdagi yig‘ilishni o‘tkazayotgan vaqtida aniqlangan”, deyiladi sud hukmida.

Hukmda keltirilishicha, 22 shaxsga nisbatan O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 216-moddasi - Jamoat birlashmalari yoki diniy tashkilotlarni qonunga xilof ravishda tuzish aybi qo‘yilgan.

Ularning asosiy qismiga 2-3 yildan ozodlikni cheklash va bir nechasiga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Muhimi, bu 22 kishilik guruh 2023-yilning yanvarida ushlanib, shu yil yozda sudlanganidan O‘zbekistonda “Naqshbandiya” tariqatini o‘rgangan yoki unga ergashgan aksar ziyolilarning xabari yo‘q.

“Bu ish haqiqatan diniy ekstremizm yoki aqidaparastlikka oidmi yoki diniy erkinlikning cheklanishimi, degan savol tug‘iladi. Surishtiruvlar va huquqshunoslarimiz o‘rganishlaridan keyin bu haqda aniq ma’lumot beramiz. Lekin, hozir qo‘limizda mavjud hukmga ko‘ra, 20 nafardan ortiq shaxs “Naqshbandiya” tariqatining faollari sifatida javobgarlikka tortilgan. O‘zbekiston Oliy sudining diniy ekstremistik tashkilotlar ro‘yxatida hozirgacha bu tariqat nomiga ko‘zim tushgani yo‘q”, deydi ushbu ish tafsilotlarini o‘rganishga kirishgan “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov.

Стив Свердлов: “Ўзбекистонда диний эркинликлар доираси торайиб бормоқда”
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:22:42 0:00

Sudlanuvchilar

“Naqshbandiya” tariqati vakillari sudlanishiga oid sud hukmi 2016-yildan - Shavkat Mirziyoyev prezidentlikka kelganidan beri Ozodlikka ma’lum ilk hujjat.

Sudlanuvchilar - shu kunda O‘zbekistondagi turli davlat tashkilotlari, oliy o‘quv yurtlarida ishlayotgan ziyoli hamda tadbirkorlardir.

Sudlanuvchilarning ayrimlari muqaddam JKning ayni 216-moddasida ayblanib, jazolangan.

Ismini ochiqlamaslikni so‘ragan "Naqshbandiya" tariqati ustida ilmiy ish qilayotgan yosh tadqiqotchilardan biri qo‘yilgan ayblovdan taajjubga tushganini aytadi:

"Agar bu tariqatni xavfli deyishayotgan bo‘lsa, u holda bu tariqatga oid kitoblarni ham taqiqlashi kerak edi. Men dissertatsiyamni yoqlash jarayonida bu tariqatning Turkiyadagi yetakchilarining o‘zimizda sotilayotgan kitoblaridan foydalandim, yana tarjimalar bo‘lyapti. Hozir ham nashr qilinyapti. Diniy adabiyotlar O‘zbekistonda Diniy qo‘mita ruxsatisiz chop etilmaydi-ku?! "Naqshbandiya" tariqati g‘oyalarida jamoatchilik uchun hech qanday xavf ko‘rmayman. Qolaversa, O‘zbekistonda birorta huquqiy normativ hujjatlarda tariqatchilarga oid normalarga ko‘zim tushmagan".

Sudlov

Naqshbandiylik tariqati O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillaridanoq hukumat siyosati tomonidan olqishlanib kelayotgan diniy yo‘nalishdir.

1993-yilda Bahouddin Naqshbandiyning 675 yilligi O‘zbekistonda katta tadbirlar bilan nishonlangan. Buxoroda ushbu tariqat asoschisi Bahovuddin Naqshbandiy ziyoratgohi to‘liq qayta qurilgan. Uning ochilish marosimida birinchi prezident Islom Karimov shaxsan qatnashgan.

Islomning har qanday ko‘rinishi va haddan tashqari dindorlikka shubha bilan qaragan, diniy erkinliklarni muntazam cheklagani uchun tanqid qilib kelingan Islom Karimov boshqaruvi davrida ham Naqshbandiylik g‘oyalari taqiqlanmagan, rasmiy matbuot bu haqda ochiq yozgan edi.

Karimovning shaxsan o‘zi xorijdan, jumladan, AQSHdan tashrif buyurgan Naqshbandiya tariqati namoyandalari bilan ham uchrashgan.

Ammo, 2007-yillardan boshlab, O‘zbekiston hukumatining diniy jamoalarga qarshi to‘xtovsiz ishlab turgan chig‘irig‘iga Naqshbandiylik tariqati a’zolari ham tusha boshladi.

O‘sha kezlarda siyosiy buyurtma bilan yozilgani aytilgan qator maqolalar va ko‘rsatuvlar efirga chiqdi.

Hukumatdan mustaqil diniy jamoalarning aksari "vahhobiylar", "hizbchilar" va "jihodchilar" degan ayblovlar bilan taqiqlangandi.

Doimiy ravishda jamoatga birlashish ehtiyojini sezadigan musulmonlar hukumat ruxsat berib qo‘ygan “Naqshbandiylik” tariqatdagi yetakchilar - xalq orasida pir va eshon, deb qadrlagan shaxslarning etagini tutgandi.

2016-yillarga kelib, bu tariqatga ergashganlar ham qamala boshladi. Shunday sudlardan biri Buxoroda bo‘lgan va unda 15 kishilik guruh JKning aynan 216-moddasi asosida - “g‘ayriqonuniy jamoat birlashmalari va diniy tashkilotlari faoliyatida qatnashishga undash”da ayblanib, 4 yillik qamoqdan tortib, bir necha million so‘mlik jarimaga qadar jazolarga hukm qilingan edi.

2016-yilda Islom Karimov vafot etib, Shavkat Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, dindorlarga nisbatan siyosat yumshadi, minglab odam “qora ro‘yxat”lardan chiqarildi.

Ayni paytda avvaliga diniy siyosatning yumshashi, Mirziyoyevning dindorlarga xitob qilgan bayonotlari va Umra, Haj ibodatlarini namoyishkorona ado etgani fonida tahlilchilar, mamlakatda islomiylashuv ham kuchaytirganini aytishadi.

Ammo, so‘nggi paytlarda yana dindorlar va diniy ramzlarni taqib qilish kuchaygani ko‘zga tashlanmoqda.

"Hozir kuch ishlatar tuzilmalarning asosiy nishoni yana dindorlar ustidan nazorat bo‘lib qoldi. Xususan, IIVda borayotgan asosiy ish shu - radikal guruhlarni topish, ushlash. Chunki vaziyat juda vahimali, dindorlashuv judayam kuchayib ketgan, hozir nima qilib bo‘lsa ham, shu kuchni pasaytirishga harakat qilinyapti", dedi IIVning shaxsini oshkor qilmaslikni so‘ragan xodimi Ozodlik muxbiri bilan suhbatda.

“Naqshbandiya” tariqati

Bu tariqat 14-asrda Buxoro viloyatining hozir “Qasri Orifon», qadimda esa “Hinduyon” deb nomlangan qishlog‘ida yashagan Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband (1318–1389) nomi bilan bog‘liqdir.

Naqshbandiylik ta’limotining asosi ham, so‘fiylikning boshqa yo‘llarida bo‘lgani kabi tavakkul, ibodat, zikr, faqirlik, poklik va ilohiy ishq g‘oyasi ustiga qurilgan.

Tarixiy manbalarda Bahouddin Naqshbandning o‘zi umri davomida dehqonchilik bilan kun kechirgani, bug‘doy va mosh ekib, kun ko‘rgani aytiladi. Naqshbandiylik tariqati asosida esa o‘sha ma’lum va mashhur “Dil ba yoru, dast ba kor” – “ Qalb Ollohda, qo‘l mehnatda!” g‘oyasi yotadi.

"Boshqa tariqatlardan ko‘ra, buning Osiyo, Afrika va Turkistonda yoyilishining sababi "Dil ba yoru, dast ba kor" (Qo‘ling ishda, qalbing ollohda) degan maqsadi uchun bo‘lgan. Ya’ni, bu tariqatdagilarning hokimiyat uchun xavfi yo‘q. Bu tariqatdagilar asosan siyosiy ambitsiyalari bo‘lmagan, tarki dunyo qilgan kishilardir, ularning zikr, ibodatlari ham xufya bo‘ladi", deydi ushbu tariqatni o‘rganayotgan o‘zbekistonlik tadqiqotchi.

Tarixan Markaziy Osiyodan boshlanib, saljuqiylarning Yaqin Sharq va Anatoliyani zabt etishi asnosida kengroq jo‘g‘rofiyaga yoyilgan “Naqshbandiya” tariqati peshvolari turkiy hukmdorlar saroyiga yaqin bo‘lishgan va davlat boshqaruvi uchun xavf sifatida ko‘rilmagan.

14-asrda paydo bo‘lgan Naqshbandiylik tariqati keyinchalik Markaziy Osiyoning boshqa qismi va asta-sekin Afg‘oniston, Hindiston hamda boshqa musulmon davlatlariga tarqalgan.

15-asrga kelib bu tariqatga ergashganlar orasida ziyolilar, olimlar va davlat arboblari ham ko‘paygan. Bular orasida eng yirik tarixiy shaxslar sifatida Alisher Navoiy (1441-1501) va Zahiriddin Muhammad Boburlar (1483-1530) nomi tilga olinadi.

Hozirga kelib bu tariqatga ergashgan jamoalar Markaziy Osiyo respublikalari, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, AQSH, Yaqin Sharq va Afrika davlatlari, Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Avstraliya, Yangi Zelandiyada mavjud.

Pokiston, Indoneziya, Malayziya, Shri-Lanka kabi davlatlarda esa hukmron elita vakillarining ko‘pchiligi aynan shu tariqatga ergashgan.

Shu yilning 27-mart kuni Toshkentdagi AQSH elchixonasida BMTning diniy erkinliklar bo‘yicha sobiq maxsus ma’ruzachisi Ahmad Shaxid O‘zbekistondagi so‘nggi 5 yillikka oid hisobotini taqdim qilgan edi.

Ayrim masalalarda “ijobiy siljishlar” borligini e’tirof etgan BMT vakili “aksariyat muammolarning o‘zgarmay qolayotgani xavotir” bildirgan. Ahmad Shahidga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunida diniy tashkilotlarni ro‘yxatga olish, diniy ta’lim berish, diniy adabiyotlar chop etilishi jarayonini erkinlashtirishga oid normalarda "qoloqlik" saqlanib qolmoqda.

XS
SM
MD
LG