Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 16:22

"Nevrologlar uchun qiziqish obyekti". Mutaxassislar Putin va boshqa yakkahokimlar zehniyati haqida


Vladimir Putin
Vladimir Putin

"Hokimiyat buzadi. Mutlaq hokimiyat mutlaq buzadi." Bu gap yangi emas, ammo dolzarb. Hokimiyat qanday buzayotganini nima orqali bilamiz? U odamni qanday o‘zgartiradi? Avtokratlar va diktatorlar avval-boshdan manipulyatsiya va shafqatsizlikka moyil odamlar bo‘ladimi? Yoki hatto eng liberal rahbar va umuman yaxshi inson ham, o‘nlab yillar davomida hokimiyatda bo‘lgach, miya va ruhiyatdagi organik o‘zgarishlar tufayli muqarrar zolimga aylanadimi?

«Nastoyashcheye Vremya» bu savollarni Rossiya va xorijdagi yetakchi mutaxassislarga berdi.

"Kompaniyalarni boshqaradigan odamlar va umuman hokimiyat qanday ishlashini o‘rganuvchi butun boshli soha bor, – deydi biolog Ilya Kolmanovskiy. – Tadqiqotchilardan biri agar hokimiyat dorixonada sotilganda edi, uning annotatsiyasidagi nojo‘ya ta’sirlar qismini juda mayda harflar bilan yozishga to‘g‘ri kelardi, deydi. Har qanday hokimiyat qaysidir ma’noda miyani ishdan chiqaradi."

Rahbarlar, avvalo, empatiya kabi biologik muhim hislatni o‘chirib qo‘yishlari kerak, deb ta’kidlaydi olim. Tajribalar ko‘rsatadiki, miya nafaqat empatiyani, balki boshqa birovning boshida nima borligini hisoblash uchun zarur bo‘lgan qobiliyatni ham o‘chiradi.

"Ba’zida qaror qabul qilish uchun, boshqa odamlar nima o‘ylayotgani haqida ko‘p o‘ylash kerak emas. Bu qandaydir oddiy va pragmatik qaror qabul qilishingizga xalaqit beradigan shovqindir", deydi Kolmanovskiy.

Amerikalik psixiatr Bendi Lining aytishicha, rahbarning «to‘satdan» empatiyani yo‘qotishi birinchi navbatda empatiyaning yetishmasligi bo‘lib, uning oqibati ancha keng miqyosda namoyon bo‘ladi.

“O‘z amaliyotimda huquq-tartibot idoralari va qamoqxonalardagi odamlar bilan ishlaganman, – deydi zo‘ravonlik bo‘yicha kitob muallifi Li. – Yaqinda men ana shu muhit va siyosiy arena o‘rtasida o‘xshashlik borligini ko‘rsatdim. Chunki ko‘plab nosog‘lom va xavfli rahbarlar hokimiyatga keladi. Bunday hollarda, rahbarning xulqi u hokimiyatga kelishidan oldin ham mavjud bo‘lgan psixologik xususiyatlaridan kelib chiqadi. Ammo vaqt o‘tishi bilan bu ruhiy xususiyatlar o‘zini yanada aniqroq namoyon qila boshlaydi”.

OzodNazar: Путиннинг янги муддати ва Марказий Осиё
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:52:44 0:00

Bendi Li 27 nafar amerikalik psixiatr va psixologlardan iborat guruhni boshqargan. Ular Donald Trampning AQSH prezidentligiga munosibligi masalasini o‘rgangan. Shundan so‘ng ekspertlar Trampda hamdardlik, ya’ni empatiya hissi yo‘qligi, og‘zaki va jismoniy tajovuzga moyilligi borligi haqida bayonot berishdi. Liderlar, ayniqsa, davlatlar rahbarlari haqida gapirganda, bunday narsalarni bilish juda muhim, deydi doktor Li.

Kennet Dekleva, psixiatr, diplomat va yetakchilik psixologiyasi bo‘yicha tadqiqotlar muallifidir. U besh yil davomida Rossiyada Amerika elchixonasi xodimi bo‘lgan. Uning ta’kidlashicha, avtoritar rejimlarda, G‘arb tipidagi demokratiyalarga qaraganda kamroq nazorat mavjud bo‘lib, rahbarlar keksaygani sari qattiqroq va kamroq moslashuvchan bo‘lib qoladi.

Odamlar hokimiyatda qancha uzoq bo‘lsa, ijodiy fikrlashi shunchalik yomon bo‘ladi va tashkilot, kompaniya yoki davlatda nimani o‘zgartirish haqidagi yangi g‘oyalar shunchalik kamayadi, deydi Kennet Dekleva. Uning fikricha, bunday rahbarlar tafakkuri keskin torayib, konservativ bo‘lib qoladi. Yangi g‘oyalarni kiritish va muammolarni hal qilishdan ko‘ra, hozirgi holatni saqlab turish birinchi o‘ringa chiqadi, deydi psixiatr.

Yana bir xavf – rahbarning ichki doirasi torayishidir.

“Vladimir Putin misolida ham shuni ko‘ramiz, – deydi Dekleva. – Agar siz hozir uning atrofidagi odamlar sonini u bilan birinchi ikki muddatda birga bo‘lganlar bilan solishtirsangiz, avval uning atrofida ko‘proq siyosatchilar bo‘lganini ko‘rasiz. Hozir esa biz qarorlar uning noto‘g‘ri tasavvurlari asosida qabul qilinayotganini ko‘rmoqdamiz. Putin atrofidagi odamlar unga o‘zlari istagan narsani emas, u eshitishni istagan narsani aytishmoqda".

Odatda, hamdardlik his qilmaydiganlar, boshqalarning his-tuyg‘ularini e’tiborga olmaydigan odamlar haqida gapirganda, xayolga omadli siyosatchilar emas, jinoyatchilar yoki manyaklar keladi. Ma’lum bo‘lishicha, xususiyatlarning bunday mos kelishi tasodifiy emas. Diktatorlar va jinoyat olamining eng shafqatsiz vakillarida umumiy xislatlar bor.

“Olimlar o‘ta shafqatsizlarcha jinoyatlar qilib, qamoqqa tushganlarni o‘rganishdi, – deydi Kolmanovskiy. – Keyingi psixologik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, ularda empatiya yo‘q. Oramizda bunday odamlar ko‘pmi? Og‘ir zo‘ravonlik jinoyati uchun qamoqda o‘tirganlarning to‘rtdan bir qismi shunday edi. Ammo olimlar oddiy aholini o‘rganishni boshlaganlarida millionlab shunday odamlar borligi ma’lum bo‘ldi."

Biroq, bu odamlar zo‘ravonlik jinoyatlariga qo‘l urishi muqarrar degani emas. Bu sodir bo‘lishi uchun, Kolmanovskiyning ta’kidlashicha, ikkita parametr mos kelishi kerak: ularning IQ'lari past bo‘lishi va bolalik davrida zo‘ravonlikka duch kelgan bo‘lishi kerak. Shu ikki parametr bo‘lmasa, ular "samolyotda biznes-klassda o‘tirishadi. Ular ko‘pincha o‘z korporatsiyalarida yaxshi rahbar bo‘lishadi", deydi biolog.

Uning aytishicha, bunday odamlar juda xarizmatik, maftunkor va sentimentaldir. Ammo ularning o‘ziga xos xususiyati bor: ular xavfga nisbatan sezgir emas.

Amerikalik nevrolog, professor Jeyms Fallon psixopatik shaxsiyat kasalliklari bo‘yicha dunyodagi yetakchi mutaxassislardan biri. U diktatorlarni ko‘p o‘rgandi – Kaligula va Nerondan, Pol Pot va Stalingacha. So‘nggi yillarda uning ro‘yxatiga zamonaviy rahbarlar ham qo‘shildi. Olim ta’kidlashicha, diktatorlar, odatda, xarizmatik, o‘zini yuqori baholaydi va yolg‘on gapirishni yaxshi ko‘radi. Shu bilan birga, ular aybdorlik tuyg‘usini his qilmaydi, empatiyaga moyil emas va usta manipulyatorlardir. Bundan tashqari, Fallon ishonishicha, diktatorlar ko‘pincha past bo‘yli, oilasi notinch va san’atni tushunmaydi.

Diktatorlarda psixopatiyaning barcha belgilari, shuningdek, jinoiy fikrlash mavjud.

“Agar siz aynan shu ro‘yxatni olib, uni psixiatr Robert Xeys tuzgan psixopatiyaning asosiy belgilari bilan solishtirsangiz, ular butunlay bir-biriga mos keladi, – deydi Fallon ma’ruzalardan birida. – Diktatorlarda kasallikning barcha belgilari bor. Oddiy qilib aytganda, jinoiy fikrlash."

Fallon o‘zining so‘nggi intervyularidan birini Rossiyaning Insider nashriga 2022-yil yozida bergan edi. Unda u Vladimir Putinni “o‘zini nazorat qila olmay qolgan tipik psixopat” deb atagan.

“Fikrimcha, Putinda V klasterli shaxsiyat buzilishi rivojlanishi uchun muhim shartlar bor edi – eng xavflilari, jumladan, psixopatiya va narsistik buzilish. Psixopatlar, maktab bezorilari kabi, doimo o‘z qurbonlarida zaiflik qidiradi. Ular o‘zlari tajovuz qilgan shaxs yoki guruhning o‘ylarini taxmin qilishga usta. <...> Psixopatlar o‘zlarining barcha ishlarining to‘g‘riligiga ishonadigan o‘z dunyosida yashashadi; ularga axloqni argument sifatida keltirish foydasiz”, deydi tadqiqotchi.

Ilya Kolmanovskiyning aytishicha, Vladimir Putin nevrologlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

"Ushbu mavzuga qiziqqanlar uchun Putin Kursk suv osti kemasi haqida: "U cho‘kib ketdi" degan paytdayoq uning kimligi aniq edi», deydi biolog.

Ammo bir nechta iboralar, intervyular, bayonotlarga asoslanib, insonning psixotipi haqida jiddiy xulosalar chiqarish mumkinmi? Ayniqsa, ko‘pincha nafaqat o‘z fikrini, balki boshqalar undan nimani kutayotganini aytishga majbur bo‘ladigan rahbar shaxsiyati haqida?

“Эримни Путин ўлдирди”- Юлия Навальная
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:15:00 0:00

“Liderlarni o‘rganayotganda, ular qanday fikrlashi, o‘zini qanday baholashi, ular haqida atrofdagilar qanday fikrda ekani, jamiyat ularni qanday ko‘rishiga qaraymiz, – deydi amerikalik psixiatr Dekleva. – Biz asosiy ma’lumot manbalariga qaraymiz, masalan, Putin maqolalari, uning nutqlari. Biz bu materiallardan va u bilan uchrashgan dunyo yetakchilari hikoyalaridan Putin haqida ko‘p narsalarni bilamiz”.

Materiallar va maqolalar muhim ahamiyatga ega. Dunyo yetakchilariga kelsak, ular haqiqatan ham ko‘p. Ammo bu yerda Barak Obamaning sobiq maslahatchisi Ben Roudsning Vladimir Putin haqidagi shaxsiy xotirasini olaylik. U Rossiya rahbari bilan bir necha bor uchrashgan.

"Putin juda o‘ziga xos hazil tuyg‘usiga ega edi, – deydi Rouds «Nastoyashcheye Vremya» nashriga. – U juda g‘alati gaplar aytardi, odatda, Amerika siyosati haqida. Masalan, u Qo‘shma Shtatlar qanday qilib terrorchilarni emas, Suriya muxolifatini qurollantirishga harakat qilayotgani haqida gapirgandi. Gapida jon bor edi, bu haqiqatan ham qiyin ish. Lekin u bu haqda shunday dedi: “Bu xuddi archa daraxtiga yalang‘och chiqib, ketingizni tirnab olmaslikka urinishdek gap”. Men hech qachon unda kimgadir nisbatan hamdardlik belgisini ko‘rmaganman.

Bu savolga olimlarning ham javobi bor. Cheksiz kuchga ega odamlar, agar ular munosib qarshilik ko‘rmasa, har doim oldinda o‘ynashadi. Ular boshi berk ko‘chaga kirgandek tuyulsa, stavkalarni oshirishi mumkin. Ular uysiz kuchukchaning suratiga qarab ko‘zlari yoshlanishi mumkin, ammo ularda odamlarga nisbatan hamdardlik hissi deyarli bo‘lmaydi. Ular hokimiyatda qancha uzoq bo‘lsa, his-tuyg‘ulari shunchalik o‘tmaslashadi.

XS
SM
MD
LG