Xalqaro olimpiya qo‘mitasi boksni 2028-yilda Los-Anjelesda o‘tajak yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritmadi. Ushbu sport turiga katta umid bog‘lagan Qozog‘iston va ayniqsa, O‘zbekiston bu qarordan jiddiy xavotirga tushgan. Havaskorlar boksining istiqboli boshqalarni ham o‘ylantirmoqda. Nega bunday vaziyat vujudga keldi? Oxirgi beshta olimpiada o‘yinlarini yaqindan kuzatgan Ozodlik qozoq xizmati muharriri Ruslan Medelbekka ko‘ra, buning qator sabablari bor.
Boksda muammolar nimadan boshlandi?
Boksdagi hakamlik 2016-yilgi Rio-de-Janeyro Olimpiadasidan boshlab qizg‘in tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi. 91 kilogrammgacha vazn toifasida o‘tkazilgan final uchrashuvida qozog‘istonlik Vasiliy Levit rossiyalik Yevgeniy Tishchenkodan yaqqol ustunlik qilgan bo‘lsa-da, hakamlar rossiyalik bokschini g‘olib deb e’lon qilishadi. Muxlislar va ekspertlar hakamlar nohaqlik qilganini aytib, Olimpiya o‘yinlarida boks uchun mas’ul bo‘lgan AIBA (Havaskorlar boksi xalqaro assotsiatsiyasi)ni tanqid qiladilar. Shundan so‘ng Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) AIBA'ni inshonchnomadan mahrum etdi.
2018-yilning oktyabrida AIBA tashkilot prezidenti, taybeylik Ching-Kuo Vuni talon-torojda va boshqaruvga layoqatsizlikda ayblab, lavozimidan bo‘shatdi.
Assotsiatsiyaga o‘zbekistonlik G‘afur Rahimov rahbar bo‘ldi. Biroq AQSH uni “O‘zbekistondagi jinoiy guruhga aloqadorlik”da ayblab chiqdi. XOQ ham Rahimovga tashkilot rahbari o‘laroq shubha bilan qaray boshladi. Keyinroq Rahimov prezident lavozimidan ketdi.
Hakamlik va rahbariyat atrofidagi mojrolardan so‘ng, 2019-yilda XOQ AIBA'ga Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalari o‘tkazishni taqiqlab qo‘ydi, shuningdek AIBA'dagi moliya, boshqaruv va etika bilan bog‘liq muammolarni o‘rganish maqsadida surishtiruv boshladi.
2020-yilda boks tashkilotiga Rossiya prezidenti Vladimir Putinga yaqinligi bilan tanilgan rossiyalik tadbirkor Umar Kremlyov rahbar bo‘lib keldi. U tashkilot nomini IBA (Xalqaro boks assotsiatsiyasi)ga o‘zgartirdi va boks bo‘yicha jahon chempionatlarini o‘tkazishda davom etdi. 2023-yilda Kremlyov boshliq tashkilot jahon birinchiligida har bir oltin medal uchun 200 ming dollardan mukofot puli to‘lashini e’lon qildi.
IBA jahon chempionatlarini o‘tkazib yuraverdi, Tokio va Parijdagi Olimpiya o‘yinlarida esa boks musobaqalarini XOQning o‘zi tashkillashtirdi.
Los-Anjelesda o‘tajak keyingi yozgi Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalari bo‘ladimi, yo‘qmi – noma’lum. Gap shundaki, XOQ O‘yinlarda boks turnirlarini mutasaddi assotsiatsiya o‘tkazishi kerak, deb hisoblaydi. “Tegishli tashkilot hali tuzilmagan”ligi sababli boks Olimpiada-2028 dasturiga kiritilmadi.
Hozirda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi yangi boks tashkilotini tuzish uchun 2025-yil oxirigacha vaqt bergan. Shu vaqt ichida yangi tashkilot tuzilsa, boks 2028-yilgi O‘yinlar dasturiga qaytarilishi mumkin.
World Boxing: U qanday tashkilot?
2023-yil aprelda AQSH va G‘arb mamlakatlari World Boxing nomli tashkilotga asos soldi va boshqa davlatlarni ham uning atrofida jamlashga urinmoqda. Tashkilot kelgusida Olimpiya o‘yinlarida boks musobaqalarini o‘tkazishga mas’ul etib belgilanishidan umidvor.
World Boxing 2023-yil noyabrda Frankfurt shahrida (Germaniya) o‘z kongressini o‘tkazdi, unda 27 mamlakat vakillari qatnashdi. Ayni paytgacha tashkilotga AQSH, Buyuk Britaniya, Chexiya, Germaniya, Niderlandiya, Skandinaviya mamlakatlari va Singapur doxil 37 mamlakat a’zo bo‘lgan.
World Boxing 2025-yilda bir nechta yirik musobaqa o‘tkazishni rejalamoqda.
Umar Kremlyov bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan Qozog‘iston boks federatsiyasi (rahbari – tadbirkor Mutalip Shahmurat) hozirda IBA turnirlarida ishtirok etmoqda.
Iyul oyi boshlarida Qozog‘iston Milliy olimpiya qo‘mitasi prezidenti Gennadiy Golovkin (professional boks bo‘yicha jahon chempioni, Afina Olimpiadasi kumush medali sohibi) Qozog‘iston va boshqa mamlakatlarni World Boxing tashkilotiga qo‘shilishga chaqirdi.
“Biz ularni [Qozog‘iston boks federatsiyasini] World Boxing‘ga a’zo bo‘lishga ko‘ndirishga harakat qilyapmiz, biroq federatsiya o‘zi qaror qabul qiladi. Yuridik nuqtayi nazardan ularning qaroriga ta’sir o‘tkazishga mening hech qanaqa vakolatim yo‘q. Federatsiya bu jarayondan o‘zi o‘tishi kerak”, dedi Golovkin Reuters agentligiga.
Parij Olimpiadasi qozog‘istonlik bokschilar uchun juda muvaffaqiyatsiz kechdi. Erkaklar terma jamoasi O‘yinlarga 7 nafar bokschi bilan bordi va bittagina kumush medal (Nurbek Oralboy) olib qaytdi. Shundan so‘ng Mirzagali Aytjanov boshliq murabbiylar shtabini ishdan bo‘shatildi. Federatsiya World Boxing tashkilotiga qo‘shilish xususida hozircha biron bayonot bergani yo‘q.
Boksdagi g‘irromlik haqidagi iddaolarning dalili bormi?
So‘nggi yillarda har bir boks musobaqasidan so‘ng muxlislar va bokschilar hakamlarning qarorlarini muhokama qilishmoqda. Ringning bu tarafida o‘tirgan hakam bir bokschiga 30 : 27 hisobi bilan g‘alaba yozsa, qarshi tarafdagi hakam 27 : 30 hisobi bilan ikkinchi bokschini g‘olib deb topyapti. Shunda tomoshabinlar: “Bu ikki sudya ikki xil boksni ko‘ryaptimi?” deya haqli savol qo‘yishmoqda.
2021-yilda kanadalik yurist Richard Maklaren boshliq guruh AIBA'da taftish o‘tkazib, federatsiya rasmiylari va hakamlari boks musobaqalarida va Riodagi Olimpiya o‘yinlarida pora olishganini aniqladi. Maklaren guruhi federatsiyaga 2016-2017-yillarda rahbarlik qilgan Ching-Kuo Vuni korrupsiyaga aralashgan deb hisoblaydi.
Maklaren guruhi surishtiruvida aytilishicha, Qozog‘iston va O‘zbekiston 2016-yilning bahorida Osiyo Olimpiadasi saralash bosqichida AIBA vakillariga pora taklif qilgan. O‘sha turnirda Qozog‘iston va O‘zbekistondan olti nafardan bokschi ishtirok etgan va yakunda barchasiga Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi berilgan.
Maklaren guruhi, shuningdek, Rio Olimpiadasida o‘tkazilgan Levit – Tishchenko janggi bo‘yicha yakuniy qarorda “manipulyatsiya alomatlari bor”, deya xulosa berdi.
Surishtiruvchilar Rio-de-Janeyroda 60 kilogrammgacha vazn toifasida Otgondalay Dorjnyambugiyn (Mongoliya) hamda Sofyan Umia (Fransiya) o‘rtasida kechgan yarim final janggida ham “sotib olishga urinish” bo‘lganini qayd etganlar. Guruh ma’lumotiga ko‘ra, qozog‘istonlik hakam Rahimjon Risbayev Mongoliy federatsiyasi vakillariga “pul to‘lamasangiz, bokschingiz yengiladi” deya “tahdid qilgan”. Mongoliya boks federatsiyasi “pora berishdan bosh tortgan”. Aytilishicha, o‘shanda Risbayev mongoliyaliklardan 100 mingdan 250 ming dollargacha talab qilgan ekan. Biroq Risbayev 2021-yilda Ozodlikka bergan intervyusida bu ma’lumotni “bo‘hton” deb atagan.
Maklaren jamoasi surishtiruvida boks hakamlarining xolis emasligiga salmoqli dalillar keltirilgan.
Boks musobaqalarida hakamlar chiqargan qarorlar hech qachon o‘zgartirilmaydi. Qarordan norozi taraf federatsiyaga shikoyat qilishi mumkin. Hakam ishida xato aniqlangan taqdirda u hakamlik faoliyatidan chetlatiladi, ammo ringda qo‘li ko‘tarilgan bokschi g‘olib bo‘lib qolaveradi.