Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda o‘zbekistonlik “uch killer qo‘lga olingani va ular qonundagi o‘g‘ri Qamchi Kolbayev o‘limi uchun qasd olish maqsadida O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasini noqonuniy tarzda kesib o‘tgani” haqida 14-oktabrda Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) ma’lum qildi.
Bu xabarga O‘zbekiston tomoni hozircha rasman munosabat bildirmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda esa bu voqea qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining bir qismi MXDQni “tezkor harakat qilib, qotillarni qo‘lga olgani”ni olqishladi. Biroq tarmoq foydalanuvchilarining ko‘pchiligi bu voqeani “ajoyib tomosha” sifatida baholamoqda.
MHDQ “killer”lar kimdan buyurtma olgani va kimni o‘ldirishi lozim bo‘lganini ochiqlamadi
MXDQ habarida qo‘lga olinganlarning shaxsi ochiq aytilgan hamda ularni qo‘lga olish jarayoni tasvirlangan videoni e’lon qilgan. Videoda maxsus xizmat xodimlari Bishkekda havo sovuq bo‘lishiga qaramay, yengil kiyimlarda qochib borayotgan uch shaxsni quvlab yetgani, va ularni yerga ag‘darib, qo‘lini qayirib, kishan urgani aks etgan.
MXDQ videosida qo‘lga olinganlarning yuzlari aniq ko‘rsatilgan. Ularning qo‘llariga kishan urilayotgan paytda MXDQ xodimlari ularning yuzlarini kameraga ko‘rsatib, ismlarini aytishni talab qilgan.
Videoda “Alfa” maxsus otryadi xodimlari qo‘lga olinganlarning har biriga keta-ket “Ismingiz nima? Tug‘ilgan yiling? Tug‘ilgan joying” degan savollarni beradi va yuztuban yerda yotganlarning boshlarini sochlaridan tortib kameraga ko‘rsatadi. Qo‘lga olinganlar bu savollarga “Rustamov Azamat Shuxratovich, 1996-yil 10- avgustda tug‘ilganman, O‘zbekiston”, “Karimberdiyev Oybek Abbos o‘g‘li, 1997-yil, 27-iyun, O‘zbekiston”, “Abdug‘afforov Islomxon, 13-mart, Toshkent”, deb javob qaytargan.
"Tergov ishlari davomida qo‘lga olinganlar bergan ko‘rsatmasida, o‘zlariga jinoyat olami vakillari tomonidan Qamchi Kolbayev o‘limi uchun qasd olish maqsadida bir odamni yo‘q qilish byurilganini aytishgan. Aniqlanishicha, ular bir qator fuqarolarning o‘ldirilishiga ham aloqador va qidiruvda bo‘lgan. Qo‘lga olingan shaxslar 2023-yilning 13-oktabrida O‘zbekiston huquq tartibot organlariga o‘tkazib berildi", deyiladi habarda.
Lekin MXDQ rasmiy bayonotida qo‘lga olingan shaxslar qaysi davlat jinoyat olami vakillaridan yoki aynan kimdan va kimni o‘ldirishga buyurtma olganlari aytilmagan.
O‘zbekiston tomoni hozircha bu xabarga rasmiy munosabat bildirmadi. O‘zbekiston huquq-tartibot organlaridan bu borasda izoh olishning imkoniyati bo‘lmadi.
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik bu voqeani “spektakl” sifatida baholamoqda
Maxsus xizmatlarning qo‘lga olish amaliyotlari tasvirlangan videolar qirg‘izistonlik ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari orasida turli baxslarga sabab bo‘ldi. Qo‘lga olishlar aks etgan videolar aksar TikTokda ko‘p tarqaldi.
Ba’zilar jinoyatchilarning qo‘lga olinganini olqishladi, biroq ko‘pchilik ularning killer ekaniga shubha bilan qaradi.
Masalan, “Ubakit korsotot” (“Vaqt ko‘rsatadi”) kanali muallifi “Oddiy non, somsa pishirib yurgan o‘zbeklarni qo‘lga olib, ularni “killer” sifatida ko‘rsatib, o‘zining nufuzini oshirmoqchi bo‘layapti.#killer bunday bo‘lmaydi # ularningbasharasini ko‘rdik”, deb fikr qoldirgan.
Kuba ismli bloger "Qirg‘izistonda jinoyatda gumonlanib qo‘lga olinayotgan bo‘lsa, ishni O‘zbekiston tergasa, bu ham ertak ekan-da", deb munosabat bildiradi.
TOLON_1999: "O‘ta yoqimli qolaversa eng yahshi qisqa metrajli spektakl bo‘libdi", Shayirbek: "Nega o‘zbekistonlik, Qirg‘izistonda kino olishga aktyor yo‘qmikan?", biybol2010: "Mendan o‘ch olib, kaltaklagani kelsa ishonsa bo‘ladi, MXDQdan qasos olish uchun uchovigina kelmasa kerak, bular ustalarga o‘xshayapti", deb fikr qoldirgan.
Tilekmat Kurenov esa “Feysbuk sahifasida “Tashiyevni (MXDQ raisi-muharrir) o‘ldirgani kelgan killer hech qachon tirik qo‘lga tushmaydi. Qorni katta novvoylar emas, maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xudkush kelar edi”, deb shubha bildirgan.
Bu ijtimoiy tarmoqlardagi munosabatlarning juda oz bir bo‘lagidir.
“Qonundagi o‘g‘ri” Qamchi Kolbayevning o‘ldirilishi va undan keyingi voqealar
Qamchi Kolbayev Qirg‘iziston maxsus xizmatlari 4-oktabrda Bishkekdagi “Blonder pab” kafesida o‘tkazgan amaliyotda o‘ldirilgan edi.
Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi iddaosicha, tadbirkorlarning mulkini noqonuniy yo‘l bilan tortib olish ishi doirasida o‘tkazilgan maxsus amaliyotda Kolbayev qurolli qarshilik ko‘rsatgan.
Kriminal avtoritet hodisa joyida o‘qotar quroldan olgan jarohat oqibatida vafot etgani aytildi.
Amaliyot chog‘i maxsus xizmat vakillari yoki fuqarolar jabrlanmagan.
Maxsus xizmatlar buning ortidan Qamchi Kolbayev bilan aloqador bo‘lgani aytilgan 40 dan ortiq odamni jinoiy guruhning faol a’zolari sifatida qo‘lga olgan.
Bundan tashqari, Qamchi Kolbayevga tegishli deyilgan umumiy qiymati 1 milliard dollarlik mulk hibsga olingani bildirildi.
Bishkek, O‘sh va boshqa hududlarda uyushgan jinoiy guruhlarga aloqadorligi aytilib, bir qator fuqarolar qo‘lga olinmoqda. Ular safida tadbirkorlar, qurilish kompaniyalari rahbarlari, Cho‘lponota shahrining sobiq meri va boshqalar bor.
So‘nggi yillarda nomini Qamchi Asanbek deb o‘zgartirgan Kolya qirg‘iz laqabli Qamchi Kolbayev MDHdagi eng ta’siri kuchli bo‘lgan “Qonundagi o‘g‘ri” sifatida ko‘rilgan. U bir necha marta qotillik, narkotik savdosi va boshqa jinoyatlarda ayblanib qo‘lga olingan, ammo ko‘p o‘tmay ozod qilingan edi.
Qamchi Kolbayev dafn etilganidan so‘ng Qirg‘izistonda jinoyat olami avtoritetlaridan deb ko‘rilgan qator shaxslar ijtimoiy tarmoqlarda videomurojaat e’lon qildi.
Birinchilardan bo‘lib chiqish qilgan, “Soqol” laqabli Ulan To‘qto‘sunov, “Jengo” laqabli Qadirbek Do‘so‘nov va ”Uzun ulan” laqabli Ulan Barchakeyev videolarida jinoyat olami bilan aloqalarini uzganlari, o‘zlarining jinoiy doiradagi maqomlaridan voz kechganlari va bundan buyon qonunga amal qilgan holda yashashlarini aytganlar.
Shundan so‘ng 8-oktabrda yana ikki kishi – o‘zini O‘sh shahrining “smotryashchiysi” deb taqdim etgan Almaz Ermekbayev va Norinda Qamchi Kolbayev jinoiy guruhining a’zosi bo‘lganini tan olgan Nurlan O‘mo‘keyevlar ham mana shunday bayonot bilan chiqqanlar.
11-oktabr kuni, Qirg‘iziston Milliy havfsizlik davlat qo‘mitasi matbuot xizmati Bishkekda Grek-rim kurashi bo‘yicha federatsiya vitse-prezidenti, asli o‘shlik 36 yoshli Axror Iminov uyushgan jinoiy guruhlarni moliyalashtirishda ayblanib qo‘lga olinganini habar qildi.
Mahsus xizmat tarqatgan ma’lumotda aytilishicha, Iminov Qamchi Kolbayev jinoiy guruhi ba’zi a’zolariga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan. U Jinoiy kodeksning "Uyushgan guruh tuzish yoki unda ishtirok etish" yuzasidan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida qo‘lga olingan.
Axror Iminov yuk tashigan bir qator kompaniya ishiga aralashib, ular foydasining taxminan 30 foizini jinoiy guruhlarning umumiy kassasiga yig‘ishda ishtirok etgani aytiladi.