Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 05:32

Muxlislari orasida Mirziyoyev ham bo‘lgan “Laskoviy may” solisti vafot edi


1989-1991-yillarda “Laskoviy may” konsertlari ulkan stadionlarni to‘ldirgan.
1989-1991-yillarda “Laskoviy may” konsertlari ulkan stadionlarni to‘ldirgan.

O‘tgan asrning saksoninchi yillarida millionlab sovet yoshlari qatori o‘zbekistonliklar qalbidan ham joy olgan “Laskoviy may” guruhi solisti Yuriy Shatunov 23-iyun kuni 48 yoshida yurak hurujidan vafot etdi.

Shatunov 13 yoshligida Orenburgdagi bolalar uyida tashkil topgan “Laskoviy may” pop guruhi solisti sifatida tanildi.

Uning arzon sintezator jo‘rligida uch akkord va sodda qofiyadagi qo‘shiqlari yozilgan kassetalari qisqa vaqt ichida O‘zbekistonda ham qo‘lma-qo‘l bo‘ldi.

1989-1991-yillarda “Laskoviy may” konsertlari ulkan stadionlarni to‘ldirdi.

O‘zbekistonlik taniqli estrada xonandasi va kompozitor Mansur Toshmatov o‘sha paytda Toshkentda “Yubileyniy” saroyida “Laskoviy may” bilan bir sahnada qo‘shiq kuylagan:

“Bir sahnada chiqqanmiz, saksoninchi, to‘qsoninchi yillarda ular juda mashhur edi. Bolalar uyidan chiqqani uchunmi, tez xalqqa manzur bo‘ldi. O‘sha paytda yosh bolalar edi, ular bilan gaplashganmiz. Qanaqa qilib biron a’zosi musiqadan xabari bo‘lmagan guruhning bu qadar xalq sevgisini qozongani bizga qiziq tuyulgan o‘sha paytda”, - deydi Toshmatov Ozodlik bilan suhbatda.

Qayta qurish yillarida siyosatga kirgan va o‘sha paytda davrning siyosiy jihatdan eng faol qatlami - talaba-yoshlar rahbari bo‘lgan O‘zbekistonning joriy prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham “Laskoviy may” guruhining ashaddiy muxlislaridan bo‘lgani aytiladi.

O‘zbekiston prezidenti bilan birga Toshkent Irrigatsiya va Melioratsiya institutida o‘qigan¸ asli buxorolik Nodirbek Saidjonov Ozodlik bilan suhbatda bunday degan:

“Belarus qo‘shiqchisi Vladimir Mulyavin asos solgan Pesnyari guruhi o‘sha paytda komsomollar orasida (1983-yilda) rosa mashhur edi. O‘sha paytda institut komsorgi bo‘lib ishlagan Shavkat Mirziyoyev tashkil qilgan tadbirlarda bu guruhning “Vologda” degan qo‘shig‘i albatta qo‘yilar edi. Keyin esa Yuriy Shatunov tashkil qilgan “Laskoviy may” Mirziyoyevning sevimli guruhiga aylandi. O‘shanda Shavkat Miromonovich shu guruh konsertini Toshkentda o‘tkazish istagi bitilgan talab bilan respublika komsomol idorasiga ham chiqqan edi".

2009-yilda Toshkentdagi “Istiqlol” saroyida Yuriy Shatunov ijodiy kechasini tashkil qilinishi Shavkat Mirziyoyev tufayli bo‘lganini eslashadi qo‘shiqchining o‘zbekistonlik muxlislari.

Toshkentlik Yevgeniya Inoyatovaning Ozodlikka aytishicha, “Laskoviy may”ning o‘zbekcha varianti deb ko‘rilgan “Bolalar” guruhi 1992-yilda Shavkat Mirziyoyevning panohida bo‘lgan.

“Mirziyoyev 1992-yilga kelib Toshkent shahridagi Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimida ishlagan paytida guruhning plastinkasini chiqarishga ërdam bergan. Umuman guruhning ilk tarkibidagi asosiy solist va prodyuser Bahodir Po‘latovga Shavkat Miromonovichning e’tibor katta bo‘lgan. Bahodir Po‘latovning prokuraturada ishlaydigan otasi bilan Mirziyoyevning bordi- keldisi bo‘lgan. O‘shandan buyon Po‘latovni Mirziyoyev qo‘llab keladi. Shu yil bahorda Shavkat Mirziyoyev Bahodir Po‘latovni Farg‘ona viloyati hokimining yangi o‘rinbosarligiga tayinlagani ham bejiz emas".

“Laskoviy may”ning Toshkentdagi fan-klubi rahbari Vadim Svetlyakovning Ozodlikka aytishicha, Yuriy Shatunovning o‘limi ashulachining o‘zbekistonlik muxlislari uchun ham katta yo‘qotish.
“Laskoviy may”ning Toshkentdagi fan-klubi rahbari Vadim Svetlyakovning Ozodlikka aytishicha, Yuriy Shatunovning o‘limi ashulachining o‘zbekistonlik muxlislari uchun ham katta yo‘qotish.

“Laskoviy may”ning Toshkentdagi fan-klubi rahbari Vadim Svetlyakovning Ozodlikka aytishicha, Yuriy Shatunovning o‘limi ashulachining o‘zbekistonlik muxlislari uchun ham katta yo‘qotish.

“Laskoviy may”ni Yuriy Shatunovsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shuning uchun bu katta yo‘qotish. Ertaga biz Lisunovo ko‘chasidagi ofisimizda uning xotira tadbirini o‘tkazamiz. O‘zbekistonda uning ixlosmandlari ko‘p. Hozir ko‘p narsa gapirolmayman, hammamiz chuqur qayg‘udamiz”. - deydi Svetlyakov.

Yuriy Shatunov 1991-yilda guruhni tark etdi va Germaniyaga ko‘chib ketdi. Guruh tarqalib ketgach Shatunov yakka xonanda sifatida qo‘shiqchilik karyerasini davom ettirdi, ammo hech qachon oldingi shuhratiga erishgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG