Линклар

Шошилинч хабар
25 ноябр 2024, Тошкент вақти: 14:45

Mustaqil jurnalist Shohida Yoqub O‘zbekistonga kiritilmadi


Mustaqil jurnalist va hujjatli kino prodyuseri Shohida Yoqub.
Mustaqil jurnalist va hujjatli kino prodyuseri Shohida Yoqub.

Shu yilning 3-aprel kuni Londondan Toshkentga uchib borgan mustaqil jurnalist va hujjatli kino prodyuseri Shohida Yoqub (To‘laganova) O‘zbekistonga kiritilmadi.

Britan fuqaroligiga ega asli o‘zbekistonlik Shohida Yoqubning Ozodlikka aytishicha, Toshkent aeroporti rasmiylari uning nima uchun mamlakatga kiritilmagani yuzasidan hech qanday tushuntirish berishmagan:

Шоҳида Ёқуб Ўзбекистонга киритилмади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:03:25 0:00

- Seshanba kuni men ikki farzandim bilan “O‘zbekiston Havo Yo‘llari”ning London-Toshkent reysiga minib, Toshkentga ertalab qo‘ndik. Pasport nazorati punktida Britaniya pasportlarimizni berdim. Pasportni ko‘zdan kechirgan xodim boshqa hamkasbini chaqirdi. Xavotirga tushishdi, qayerlargadir telefon qilishni boshlashdi. 40 daqiqalardan keyin, menimcha lavozimi yuqoriroq bo‘lgan odam menga “Opa, sizni O‘zbekistonga kiritishning iloji yo‘q, mumkin emas ekan! Ammo bolalaringizni o‘tkazamiz”, dedi. Men bolalarimning bir o‘zini O‘zbekistonda qoldirmaymanku! Birga qaytadigan bo‘ldik.

Nima uchun O‘zbekistonga kiritilmaganim sabablarini ular aytishmadi. “Sabab yo‘q, hech narsa yo‘q!”, deyishdi. Ular qayergadir qo‘ng‘iroq qilib, salbiy javob olganini aytdi. Londonga keyingi reys faqat juma kuni ekan. Ular menga ikki kun tranzit zonada bo‘lishimni aytishdi. Ya’ni men ikki kun bolalarim bilan tranzit zonada o‘tiramanmi?! Bu taklifdan voz kechdim, deydi Shohida Yoqub.

Shohida Yoqub Ukrainada
Shohida Yoqub Ukrainada

Toshkent aeroportidagi ko‘ngilsiz hodisa ortidan jurnalist ikki farzandi bilan Rigaga uchishga qaror qilgan.

- Rigaga ko‘ndik, chunki ertalab u yerga reys bor ekan. Aviakompaniya vakili kelib menga biletlarni sotib olishim kerakligini aytdi. “Siz menga bepul jo‘natvoramiz dedingizku”, desam, “Yo‘q, yo‘q! Sotvolish kerak”, dedi. Xullas, 1 ming dollardan ortiq pulga chipta sotib oldim va Rigaga yetib keldik. Meni shu jarayonda butun tranzit zonasiga qanaqadir kriminal avtoritet deb tanishtirishibdi. Meni samolyotga o‘tqizgandan keyin pasportimni berishdi. Men pasportlarimizni berishmaydi, deb xavotirda edim. Men xafa bo‘ldim, albatta. Lekin birinchi marotaba O‘zbekistonga kelgan bolalarimni aytmaysizmi… Bu reysda Britaniya pasportiga ega boshqa jurnalist ham bo‘lgan ekan, lekin uni O‘zbekistonga kirgizishdi, deydi jurnalist.

Suhbatdosh uzoq yillardan keyin ikki farzandiga O‘zbekistonni ko‘rsatish va onasi, yaqinlari bilan vidolashish uchun kelganini bildirdi.

Shohida Yoqub O‘zbekistonga kiritilmagani ortida o‘zining jurnalistik faoliyati turganiga ishonadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘zbek hukumati shu tariqa uning 2005-yil mayidagi Andijon qirg‘ini hamda 2007-yilda otib ketilgan o‘shlik jurnalist Alisher Soipov qotilligini yoritganini “kechira olmagan”.

“Shuningdek, ular bilan hamkorlik qilishdan bosh tortganim ham bunga sabab bo‘lishi mumkin”, deya taxminlarini ilgari surdi jurnalist.

Uning aytishicha, o‘zi bilan yuz bergan hodisa Andijon qirg‘iniga aloqador shaxslar haligacha amalda ekanidan darak beradi.

Shohida Yoqub 2021-yilning avgust oyida ham Toshkent aeroportidan vataniga kiritilmasdan, ortga qaytarib yuborilgan edi.

Jurnalist Shaxida Yoqub (To‘laganova) turli yillarda Bi-bi-si Jahon xizmati, shuningdek, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi loyihasi bo‘lgan "Nastoyashcheye Vremya" telekanalida faoliyat olib borgan. Ayni paytda u mustaqil jurnalist va kinodokumentalist sifatida faoliyat olib bormoqda. 2000-yillar boshida u U Gruziya va Ozarbayjondagi axloq tuzatish muassasalarida bo‘lib, inson huquqlariga bag‘ishlangan bir qancha hujjatli radio lavhalarga mualliflik qilgan. Shohida Yoqubning “My Fake Passport and Me” (“Mening soxta pasportim va men”) filmi Yevropa Parlamentida muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Uning “How to Plan a Revolution” (“Qanday qilib inqilobni rejalashtirish kerak”) filmi Berlin kinofestivalida birinchi o‘rinni egallagan. So‘nggi bir necha yil ichida u sobiq SSSR va Boltiqbo‘yi davlatlarida moliyaviy jinoyatlar bo‘yicha jurnalistik surishtiruv bilan shug‘ullangan. Uning Rohinja musulmonlari haqidagi, shuningdek, "Vtoroy shans"(“Ikkinchi imkoniyat”), "Donetsk aeroporti", “Ukraina bolalari” filmlari xalqaro festivallarda yuqori baholangan va dunyoning yetakchi telekanallarida namoyish etilgan.

Shohida Yoqub oxirgi ikki oyda O‘zbekistonga kiritilmagan ikkinchi xorijiy jurnalistdir.

2023-yilning 5-fevral kuni Ozodlik radiosi muxbiri Umid Bobomatov “Oybek” chegara- nazorat postidan o‘tkazilmasdan ortga qaytarib yuborilgan. Ozodlik muxbiri bundan avval 2019-yilda Moskvadan uchib kelganida ham O‘zbekistonga kiritilmagandi. Har ikki holatda ham rasmiylar jurnalistning nima uchun O‘zbekistonga kiritilmagani yuzasidan izoh berishmagan.

Shu yilning 10-mart kuni AQSh vatandoshlari uchun soddalashtirilgan viza talablari asosida Toshkentga uchib borgan o‘zbekistonlik faol Isoqjon Zokirov ham O‘zbekistonga qo‘yilmadi. U Toshkentning Islom Karimov nomidagi aeroportidan shu kunning o‘zida deportatsiya qilingan.

2016-yilda O‘zbekiston dunyoning 100 dan ziyod davlati fuqarolari uchun e-visa tizimini joriy etgan edi. O‘sha yili dekabr oyida O‘zbekiston prezidentining Turizm sohasini jadal rivojlantirishni ta’minlash chora-tadbirlari haqidagi farmoni ham qabul qilindi.

O‘sha qonunning 5-bandiga kiritilgan va 2023-yildan kuchga kirgan o‘zgartishga muvofiq 55 yoshga to‘lgan va turizm maqsadida 30 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga O‘zbekistonga keluvchi AQSh fuqarolari uchun viza rejimi bekor qilingan.

Bu 2014-yilda O‘zbekiston fuqaroligini yo‘qotgan 65 yoshli AQSh vatandoshi Isoqjon Zokirov uchun qariyb 20 yillik uzilishdan so‘ng vatanini ziyorat qilish uchun fursat edi.

Isoqjon Zokirov va boshqalar misolida vatanga kiritilmayotganlar asosan, Karimov boshqaruvi davrida siyosiy ta’qiblardan qochib xorijda - Yevropa, AQSh va Kanadada boshpana topganlar ekani anglashiladi. O‘zbekiston hukumati ko‘pgina fuqarolarni Karimov davridagi “qora ro‘yxat”lardan chiqargan, ammo hozirgacha siyosiy reabilitatsiya haqida so‘z borayotgani yo‘q.

XS
SM
MD
LG