Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 09:49

Mustafo Jamilev: Bir davlat hujum ostida ekan, betaraf turish ahloqan noto‘g‘ri


Qrim tatarlari rahbari, Ukraina Oliy Radasi deputati, Ukraina prezidentining Qrim bo‘yicha maxsus vakili Mustafo Jamilev.
Qrim tatarlari rahbari, Ukraina Oliy Radasi deputati, Ukraina prezidentining Qrim bo‘yicha maxsus vakili Mustafo Jamilev.

Qrim tatarlari rahbari, Ukraina Oliy Radasi deputati Mustafo Jamilev Kiyev hukumati bir qarich ham erini birovga hadya qilmasligini aytdi.

“Kimki Ukrainada Qrimni Rossiyaning tarkibiy qismi sifatida tan olaman, degudek bo‘lsa, shu ondayoq “Vatan xoini” deb e’lon qilinadi”, - dedi Jamilev Ozodlik bilan suhbatda.

Mustafo Jamilev, shuningdek, O‘zbekistonning Ukrainaga oid pozitsiyasini olqishlashini aytdi.

Qrim ishg‘olidan sakkiz yil o‘tib qrimtatarlarning hayotida nimalar o‘zgargani, haqida so‘zlab berdi.

Ozodlik :- Mustafo og‘a, suhbat avvalida O‘zbekistonning Ukrainaga oid pozitsiyasi haqidagi fikringizni bilmoqchi edik. Ukrainada urush boshlanganidan 22 kun o‘tib, O‘zbekiston bu boradagi rasmiy pozitsiyasini ochiqladi, Ukrainaning hududiy yaxlitligini tan olishi, bo‘lginchi "Lugansk va Donetsk xalq respublikalari"ni esa tan olmasligini bildirdi. O‘zbekiston hukumatining tutgan bu pozitsiyasi haqida nima deya olasiz?

“Rossiyaning tajovuzlari bo‘yicha 16 ta rezolyutsiya ovozga qo‘yilgan bo‘lsa, O‘zbekiston hamisha yo betaraf qolgan, yoki Rossiya tarafini olgan. Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiyasi qoralangan so‘nggi rezolyutsiyani tarixiy ko‘pchilik – 141 davlat qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, O‘zbekiston betaraf qoldi. Bir mamlakat ikkinchisiga hujum qilib, hududining bir qismini tortib olgan paytda betaraf pozitsiyada bo‘lishni axloqan to‘g‘ri ish deb o‘ylamayman. Lekin agar endi O‘zbekiston shunaqa bayonot bergan bo‘lsa, faqat olqishlashimiz mumkin”.

Ozodlik: – Mustafo og‘a, shu yerda aniqlik kiritib o‘tcak. O‘zbekiston betaraf emas, balki ovoz berishda qatnashmadi, desak to‘g‘riroq bo‘ladi. Sizning-cha, Ukraina masalasida o‘z pozitsiyasini e’lon qilish uchun O‘zbekiston hukumatiga nega buncha uzoq vaqt kerak bo‘ldi?

“Rossiya yuzsizlarcha xatti-harakatlari, tinch shaharlarni bombalashi va minglab odamlarni o‘ldirishi ortidan xalqaro maydonda butkul yakkalanib qoldi. Ukrainaga bostirib kirganidan so‘ng BMTda rezolyutsiya ovozga qo‘yilganida Rossiyaning pozitsiyasini uning o‘zi bilan birga atigi beshta davlat dastaklagandi. Bular: Bashar Asadning Suriyasi, qanaqadir Eritreya, Shimoliy Koreya, Belarus – shu xolos. O‘zbekiston ham qaysidir ma’noda ana shu yomon nom chiqarganlar bilan qariyb davradosh bo‘lib qoldi. Obro‘-e’tiborini qadrlaydigan har qanday mamlakat bunaqa paytlarda bir tomonni tanlashi kerak bo‘ladi. Va shunday bayonot berishgan bo‘lsa, juda to‘g‘ri qilishibdi”.

Қрим татарлари депортация қурбонларини хотирлади
Илтимос кутинг

Айни дамда медиа-манба мавжуд эмас

0:00 0:02:18 0:00

– Rossiya Qrimni okkupatsiya qilganiga 8 yil to‘ldi. Bugungi kunda qrimliklar, xususan qrimtatarlarning hayoti qanday? Mana shu o‘tgan davr mobaynida qanaqa o‘zgarishlar sodir bo‘ldi?

“Rossiyaning Qrim tub aholisi – qrimtatarlarga nisbatan siyosati ularni terror yordamida doimiy qo‘rquvda tutishga va yerlarini tark etishga majbur etishga asoslangan. Bir paytning o‘zida Rossiya Qrimga mamlakat ichkarisidagi fuqarolarini ommaviy ko‘chirib kelib, yerlashtirmoqda. BMT bosh kotibi Guterresh ikki yil yil avval e’lon qilgan ma’lumotda Qrimga Rossiyadan qariyb 140 ming kishi ko‘chirib kelingani aytilgan. Lekin aslida taxminan yarim million, ayrim ma’lumotlarga qaraganda esa bir yarim million aholi ko‘chirib kelingan.

Qizig‘i shundaki, ular nafaqat qrimtatarlarga, balki boshqa mahalliy xalqlar, shu jumladan ruslarga ham ishonishmaydi. 2014-yilda Rossiya bayroqlarini silkitgan kollaborantlarning ham aksariyati haydalgan yoki Uzoq Sharqqa jo‘natib yuborilgan – bir so‘z bilan aytganda, Qrimni uning tub aholisidan tozalash ishlari ketyapti.

Qrimtatarlar esa biz uchun alohida bir fojiadir. Tarixiy vatanimizga qaytish uchun yarim asrdan ortiq kurashgan edik. Endi bo‘lsa ko‘plab qrimtatarlar o‘z yerlarini tashlab ketishmoqda, shunga majbur bo‘lishyapti. Biz hamisha qrimliklarga murojaat etib, ertami, kechmi Qrim okkupatsiyadan ozod bo‘lib, Ukraina tarkibiga qaytadi, deya ulardan bunday qilmaslikni, sabr qilib turishni o‘tinamiz. Ammo odamlar qamoqqa olinayotgan, qiynoq va xo‘rliklarga giriftor etilayotgan ekan, ularni tushunish mumkin.

Qrim Rossiya Federatsiyasi tarkibida qoladigan bo‘lsa, qrimtatarlar yo o‘z yerlaridan butunlay quvilib yo‘q bo‘ladi, yoki rus millatiga singgib ketadi – chunki ularga qarshi juda kuchli ruslashtirish siyosati olib borilmoqda”.

– Shu sakkiz yil davomida qancha qrimtatar yarimorolni tark etdi?

“Aniq ma’lumotlar yo‘q, bizning hisob-kitobimizga ko‘ra – chamasi 30 ming kishi. Katta miqdor, lekin bu yarimorolda yashagan qrimtatarlarning atigi 10 foizini tashkil qiladi”.

– Ayni paytda Ukrainada qancha qrimtatarlar yashashyapti?

“Biz Qrimda 300 ming nafarga yaqin millatdoshimiz yashaganidan kelib chiqqan edik, shundan chamasi 30 ming qrimtatar ketgan bo‘lsa-da, tug‘ilish hisobiga nufusimiz deyarli tiklangandir, deb o‘ylayman. Biroq, afsuski, ko‘pchilik baribir Qrimdan ko‘chib ketish payida”.

– Mustafo og‘a, hozir, mana, urush ketyapti. Ayting-chi, Ukraina Qurolli kuchlari safida jang qilayotgan qrimtatarlar soni qancha?

“Ukrainaning materik qismida yashayotgan qrimtatarlarning barchasi yo Ukraina Qurolli kuchlari, yo bo‘lmasa hududiy mudofaa otryadlari safida jang qilishyapti. Ya’ni, boshqa barcha fuqarolar qatorida mamlakatimizni himoya qilishmoqda”.

-Rossiya-Ukraina muzokaralari haqida Sizga nimalar ma’lum? Bu urush yana qancha davom etishi mumkin? Muzokaralar haqida nimalarni bilasiz? Unda nimalar muhokama qilinmoqda?

“Belarus-Ukraina chegarasida kechgan muzokaralarda Rossiya tomoni o‘ta absurd, mutlaqo nomaqbul talablarni ilgari surdi. Ya’ni, biz Qrimni Rossiya hududi deb, Donetsk va Lugansk respublikalarini esa mustaqil deb tan olishimiz, NATO va Yevropa Ittifoqiga kirish fikridan qaytishimiz, qurollarimizni tashlashimiz – bir so‘z bilan aytganda, ularga so‘zsiz taslim bo‘lishimiz kerak emish. Shunday qilsak, shaharlarimizni o‘qqa tutishni to‘xtatishga va’da berishyapti.

Aslida ularning maqsadi uch kun ichida Kiyevni bosib olish, so‘ngra Ukraina tepasiga qo‘g‘irchoq rahbariyatni keltirish bo‘lgan. Shu umidda Yanukovichni Minskka olib borishdi hatto, uning vositasida Qrimni tan olish va hokazo talablar kiritilgan bitimni legallashtirmoqchi bo‘lishdi.

Lekin amalda nima bo‘lyapti?

Mana bugun urushning 22-kuni. Dushman hujumi to‘xtatilgan. Biron siljish yo‘q. Katta talafot ko‘rishyapti. Muzokaralar davom etmoqda. Anavi bo‘lmag‘ur talablaridan hanuz voz kechishgani yo‘q, ammo ularning gap ohanglari bir oz o‘zgargan. “Banderachi”, “natsist” degan iddaolar g‘oyib bo‘ldi”.

– Mustafo og‘a, Ukraina hukumati Qrim masalasida sizlar bilan maslahatlashib turibdimi?

“Albatta. Yaqinda ham prezident Zelenskiy topshirig‘iga ko‘ra Turkiyaga bordim. Rahbariyat milliy manfaatlardan kelib chiqib, zimmamizga aniq vazifalar qo‘yadi”.

– Xabar qilinishicha, 18-mart sanasida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Turkiya jumhurboqoni Rajab Toyyib Erdo‘g‘on bilan telefon orqali so‘zlashganida unga Ukraina borisida o‘z talablarini bayon qilgan emish. Ular orasida, jumladan, Qrimning Rossiya hududi o‘laroq tan olinishi masalasi ham bor. Sizning-cha, Ukraina hukumati urushga chek qo‘yish uchun Qrimni tan olishgacha borishi mumkinmi?

“Sizga aytar gapim shuki, biz bir qarich ham erimizni birovga hadya qilmoqchi emasmiz. Har qanday davlat mulozimi, agar u Qrimni Rossiyaning tarkibiy qismi sifatida tan olaman, degudek bo‘lsa, shu ondayoq “Vatan xoini” deb e’lon qilinib, loyiq jazosiga mustahiq etiladi. Bu borada yon berish mutlaqo yo‘q”.

– Demak, muzokaralarda Qrimni tan olish haqida gap bo‘lishi mumkin emas?

“Nafaqat Qrim, balki Donbassni masalasida ham ahdimiz qat’iy. Umuman, biz BMT Bosh assambleyasi va barcha xalqaro tashkilotlarning Ukraina suverenitetini uning xalqaro tan olingan chegaralari doirasida tan olishga doir talablari bajarilishi uchun kurashyapmiz.

– Hozirgi kunda Rossiya qo‘shinlari Qrim bilan chegaradosh bo‘lmish Xerson viloyatini butunlay egallab oldi. Ikki kun oldin esa prezident Vladimir Putin tadbirkorlarni Qrim hududida faoliyat yuritishga da’vat qildi. Mana shu voqealar manzarasida Qrim taqdirini qanday tasavvur etasiz?

“Ular biznes tuzilmalarini shundog‘am Qrimga sudrab olib borishayotgandi, lekin Qrimda tadbirkorlik uchun hech qanaqa istiqbol yo‘q, nafaqat Qrimda, balki – Qo‘shma Shtatlar va o‘zga G‘arb mamlakatlari tomonidan nihoyat joriy etilgan bu dahshatli sanksiyalardan so‘ng butun Rossiyada ahvol shunday bo‘lib qoladi. Binobarin, tadbirkorlarni Qrimga haydab borishadimi, yo‘qmi, bu hech nimani o‘zgartirmaydi.

Rossiya butun Ukrainani, hatto poytaxt Kiyevni to‘liq bosib olgan taqdirida ham baribir yutqazadi. Chunki 21-asrda bunaqa ro‘y-rost banditlik qilinishiga hech kim indamay qarab turmaydi. Bu urushda g‘alaba qilishi yoki mag‘lub bo‘lishidan qat’iy nazar, Putin yutqazadi. Ammo g‘alaba unga nasib etmaydi, chunki bunaqa qarshilikni u mutlaqo kutmagandi. Ular necha yillardan beri o‘zlari olib borayotgan propagandaga o‘zlari aldanib, go‘yo Ukraina hukumatining zulmidan bezgan aholi, ayniqsa etnik ruslar bizning yo‘limizga intizor bo‘lib turibdi, deb o‘ylashgan edi. Va, e’tibor bering: rusiyzabon deb atash mumkin bo‘lgan Mariupol, Xerson, Nikolayev shaharlarining aholisi rus qo‘shinini gullar bilan emas, qurol bilan kutib olyapti. Shu paytgacha Rossiya bu shaharlardan hech birini ishg‘ol eta olgani yo‘q. Qaqshatqich qarshilik ko‘rsatishyapti, nafaqat ukrainlar, balki rus millatiga mansub vatandoshlarimiz ham dushmanga qarshi ayovsiz jang qilishmoqda”.

– Sizning-cha, G‘arb davlatlari tomonidan joriy etilgan sanktsiyalar Ukrainani nechog‘li qoniqtiradi? Bu sanksiyalar yetarlimi?

“Ushbu sanksiyalar Rossiya iqtisodiyotining belini sindirish va iqtisodiyotni o‘zlari urushga jo‘natayotgan harbiylarni ham boqa olmaydigan ahvolga solish uchun kifoya qiladi. Biroq bu dramatik pallada biz uchun osmonimizni to‘sishgani ko‘proq muhim edi, chunki shaharlarimizni aynan havodan – raketa va uchoqlar bilan bombalashmoqda, bizning esa havo hujumidan mudofaa tizimimiz yo‘q.

NATO Rossiya bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashishdan va, o‘zlari aytmoqchi, mazkur mojaroning Uchinchi jahon urushiga aylanib ketishidan cho‘chiyapti. Men bu xavotirni absurd deb bilaman, chunki Putin har qancha surbet bo‘lmasin, joni o‘ziga shirin. Xullas, osmonimizni to‘sishmagan taqdirda ham o‘zimizni o‘zimiz himoya qilishimiz uchun bizga uchoqlar berishsa bo‘lardi. Biroq, afsuski, shu ham yo‘q.

Sanksiyalarning samaradorligiga kelsak, ularning ta’siri birdaniga sezilmaydi. Sanksiyalar saqlansa, – saqlanishi turgan gap, – taxminan iyun-iyul oylariga borib Rossiya deb ataluvchi mamlakat kollaps holatiga tushadi. Ana o‘shanda, jumladan, Qrimni ham okkupatsiyadan ozod qilish imkoniyati paydo bo‘lishi mumkin”.

– Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson G‘arb mamlakatlari 8 yil oldin Rossiyaning Qrimni bosib olishiga, keyin uzoq vaqt Ukrainaga qarshi gibrid urush olib borishiga yo‘l qo‘yib berganini mudhish xato deb atadi. Sizning fikringiz qanday? Sakkiz yil muqaddam G‘arb Rossiyaga qarshi nimalar qila olishi mumkin edi va hozirgi kunda nimalarga qodir?

“Bunaqa fikrni yaqinda Antalyada bo‘lib o‘tgan diplomatiya forumida Erdo‘g‘on ham aytdi, G‘arb Qrimning okkupatsiya qilinishiga nisbatan keskin munosabat bildirganida bugun bu urush balki bo‘lmasdi, dedi. Men bundan ortig‘ini aytaman: agarda G‘arb 2008-yil avgustda – Rossiya Gruziyaga bostirib kirganida loaqal 2014-yilgi Qrim anneksiyasidan keyin joriy qilgan sanksiyalarini qo‘llasa edi, katta ehtimol bilan, Qrim Rossiya ishg‘olidan omon qolgan bo‘lur edi. Rossiyaning joriy yil 24-fevralidagi agressiyasidan keyin kiritilgan sanksiyalar o‘shanda qo‘llanilganida bugun, balki, nafaqat Qrim, balki Gruziyaning bir bo‘lagi ham bosib olinmagan, boz ustiga Moldova ham ozod etilgan va Ukraina ham Rossiya tajovuzidan saqlangan bo‘lur edi”.

– To‘rt yil burun Siz Putin bilan uchrashgan edingiz. Aytishlaricha, o‘shanda u Sizni go‘yo sotib olishga uringan ekan. U qanaqa odam, Sizning-cha, uni urushni tugatishga ishontirsa bo‘ladimi?

– Birinchidan, u bilan yuzma-yuz ko‘rishganim yo‘q, telefonda 40-45 daqiqa gaplashdik xolos. Putin meni sotib olishga harakat qilmadi, shunchaki Rossiya Federatsiyasi tarkibida naqadar baxtiyor bo‘lishimiz mumkinligi, barcha muammolarimizni, xususan qrimtatarlarning huquqiy va ijtimoiy muammolarini eng qisqa zamonda hal qilib berishi va umuman, bizga Ukraina 23 yillik mustaqillik davrida qilganidan necha barobar ortiq yaxshilik qila olishi haqida va’z o‘qidi. Mana shunaqa taklif bo‘lgan edi.

Men “Avval Qrimdan qo‘shinlaringizni olib chiqib keting, keyin gaplashamiz bu mavzuda”, deb javob berdim. Bizning bu ahvolga tushishimizga Rossiya aybdorligini, chunki 1944-yilda bizni deportatsiya va genotsid qilishganida Rossiya tarkibida bo‘lganimizni aytdim. Mana shunaqa mazmunda gaplashgan edik”.

– Putin va Rossiyaning kelajagi xususida nimalar deya olasiz? Bugun ular oldida vaziyatdan chiqish yo‘li bormi?

“Ular obro‘-e’tiborini saqlagan holda, tantilik bilan vaziyatdan chiqa olishmaydi. Qolaversa, Putin o‘z siyosati tanazzulga uchraganini tan olgan holda o‘rnini boshqaga bo‘shatib berib, siyosiy sahnadan chiqib keta olmaydi. Negaki, agar shunday qilsa, ertasigayoq uni hibsga olishadi – mamlakat boshiga solgan musibatlari uchun. Hech bir dushman Rossiyaga Putin kabi ko‘p yomonlik qila olmagan. Putinning aybi katta, shu bois oxirigacha borsa kerak”.

– Mustafo og‘a, Turkiya rahbari orqali olib borilayotgan muzokaralar tafsilotlaridan xabaringiz bormi?

– Bilasizmi, u muzokaralar haqida, to yakuniy kelishuvga qadar hech kimga bir og‘iz ham so‘zlamaslikka qaror qilingan. Uzr.

XS
SM
MD
LG