Линклар

Шошилинч хабар
26 ноябр 2024, Тошкент вақти: 10:35

"Mulozimni himoya qiladigan qonun" - Ma’muriy kodeksga o‘zgartirish matbuotni cheklashi mumkin


Illyustratsiya
Illyustratsiya

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi qabul qilgan "O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi jurnalistlar va blogerlar o‘rtasida matbuot erkinligining cheklanishi bilan bog‘liq xavotirlarni paydo qildi.

15 - dekabr kuni deputatlar ma’qullagan qonu loyihasida “zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qiluvchi axborotni ommaviy axborot vositalari, telekommunikatsiya yoki internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun” javobgarlik belgilash ko‘zda tutilgan.

Jurnalist Nozim Safari Ozodlik bilan suhbatda kiritilgan o‘zgartishlarni “mavhum va faqat zarur hollarda ishlaydigan qonun”, deya baholadi. Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari markazining O‘zbekiston bo‘yicha tahlilchisi Alisher Ilhomov esa bu o‘zgartishlarni “birdaniga ikkita quyonni urish uchun mo‘ljallangan ichi temir, usti bahmal o‘qmoq”, deya ta’rifladi.

Parlament matbuot xizmati xabarnomasida “jamiyatda, oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini saqlash, internet orqali keng tarqalayotgan, bolalar, yoshlar ongiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan axborotlarni tarqatganlik, targ‘ib qilganlik bo‘yicha javobgarlik” kuchaytirilishi ta’kidlangan.

Shu bilan birga Jinoyat kodeksining 139-modda 2-qismi (tuhmat) bilan OAV va internet orqali tarqatilgan tuhmat uchun belgilangan jazo yengillashtirildi.

Qonun loyihasida “shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantirishga qaratilgan yolg‘on axborotni ishonchli ma’lumot ko‘rinishida bila turib telekommunikatsiya, internet tarmoqlariga joylashtirganlik uchun ma’muriy javobgarlik” nazarda tutilgan.

Mavhum va talqinlarga ochiq qonun

Huquqshunos Marimboy Rajabovga ko‘ra¸ “shaxsning qadr-qimmatini kamsituvchi, uni obro‘sizlantiruvchi” kontent nima ekaniga qonun loyihasida aniqlama berilmagan. Bu esa, huquqshunosning aytishicha, sudlarga “faqat tanlangan odamlarni jazolash” imkonini beradi:

“Bir qarashda jazo yumshaganday ko‘rinadi. Chunki qonun qabul qilinsa, Jinoyat kodeksining 139-modda 2-qismi (tuhmat) bilan OAV va internet orqali tarqatilgan tuhmat uchun belgilangan jazo engillashadi. Kelajakda ushbu qonunbuzarlik uchun BHMning 200 dan 400 baravarigacha jarima yoki 300 dan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlariga yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlariga jalb etish yoki bir yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanishi mumkin. Hozircha ushbu moddaga ko‘ra, bir yilga qadar ozodlikdan mahrum etish jazosi belgilangan. Ammo muxim o‘zgarish bo‘lgani yo‘q. Yana sudya yuqoridan telefon bo‘lsa, jurnalistni bir yilga ozodlikdan mahrum qilishi mumkin. Bu instrument turibdi va yangi qonun qabul qilinsa ham turaveradi.”

Jurnalist Nozim Safari ham ayni fikrni sal boshqacha ifodalaydi:

“Bahsli qonun, me’yor va mexanizmlari tushunarsiz. Bila turib tarqatish deyilgan. Uni bilgan yo bilmaganini isbotlash qiyin. Mavhum jihatlari ko‘p. Faqat zarur hollarda ishlaydigan qonunga o‘xshaydi.”

Yengil jazo konveyeri?

Huquqshunos Marimboy Rajabov jurnalist va blogerlarning yengil, ammo muntazam jazolanishi uchun “konveyer yaratildi”, degan fikrda.

“AOKA xulosa beradi, ma’muriy sudlar esa shu xulosa asosida qarorlarni shtampovka qilib tashlayveradi. Mahalliy nashrlar bugun aholining gaz va svet muammosini noto‘g‘ri yoritgani borasida AOKAdan kamida haftada bir marta ogohlantirish olmoqda. Qonun qabul qilingani ortidan bu quloqsiz nashrlardagi jurnalistlarni ma’muriy sud jazolay boshlaydi. Deylik, siz “gaz yo‘q” deb yozdingiz. MFY raisi esa sudga gaz bor, deb yozib beradi. Siz shu asosda yolg‘on ma’lumot tarqatganlikda ayblanasiz”.

Mulozimni himoya qiladigan qonun

O‘zbekiston qonunchiligiga ilk bor “feyk- nyus” tarqatgan jazolansin, degan tushuncha kiritilmoqda.

Londondagi Sharqshunoslik va Afrika tadqiqotlari universitetidan Alisher Ilhomovning yozishicha, qonun loyihasi “birinchi navbatda mulozimni himoya qilishga” qaratilgan.

“Bir qarashda progress kabi tuyuladi. Axir jazo yumshadiku. Ammo bu unchalik oddiy emas. Mirziyoyev o‘zinining reformator imidjini saqlamoqchi va ayni paytda tanqidni to‘xtatmoqchi", deydi Ilhomov.

Unga ko‘ra, "OAV va ijtimoiy tarmoqdagi tanqid to‘lqini prezidentga malol kela boshlagan. "Hokimlar va ayniqsa, Toshkent hokimi Ortiqxo‘jayevga yog‘dirilgan tanqidning aslida o‘ziga qaratilgan tanqid ekanligini prezident yaxshi tushunib turibdi. Bu muammoni xal qilish uchun qonunga o‘zgartirish kiritildi. Birdaniga ikki quyonni urish uchun ichi temir, usti bahmal to‘qmoq o‘ylab topishdi. Bu ur to‘qmoq oldingi kabi onda sonda emas, balki tez- tez ishlay boshlashi mumkin".

Alisher Ilhomov qonun loyihasining “xizmat vazifasini bajarayotgan” mulozimni “yolg‘on axborot” bilan “obro‘sini tushirish” degan jihatiga e’tibor qaratadi. Uning fikricha, bu modda amaldorni tanqid qilgan jurnalistga bemalol qo‘llanadi.

"Yana bir xavotirli jihatiga e’tibor qaratsam. Gap nafaqat OAV va bosma nashrlar balki “internet resurslar” haqida ham ketmoqda. Deylik, kimdir Feysbukda u yoki bu mulozim tanqid qilingan maqolani repost qilsa, uning ustidan hukm chiqarib, jarimaga tortish yoki ko‘cha supurtirish mumkin. Har qanday tanqidni bu modda quyushqoniga sig‘dirsa bo‘ladi. Bizning hakamlar prokuror aybnomasini sud qaroriga aylantirib tashlayveradi. Pirovardida, bu qonun mamlakatdagi so‘z erkinligi bilan bog‘liq vaziyatni yomonlashtirishi mumkin. Agar har kuni jazoga tortilganlar soni oshishini inobatga olsak, ko‘chalar toza bo‘lishi kafolatlanadi”,- deydi Alisher Ilhomov.

"Betavfiq" rahbarni so‘kish huquqi yoki tarix takrori

1989 - yili Gorbachev e’lon qilgan "oshkoralik" siyosati bois tanqidlar kuchaygan edi. Bu tanqidlarni tizginlash maqsadida "amaldorni asossiz tanqid qilgan" shaxsni uch yil ozodlikdan mahrum qilish taklifi ilgari surilgan va o‘sha davr ziyolilari e’tiroziga sabab bo‘lgan edi. Taniqli shoir Erkin Vohidov SSSR jinoyat kodeksiga kiritiladigan bu moddaga qarshi she’r yozgan edi.

Betavfiq rahbarni so‘kkanim uchun,

Uch yil yotar bo‘lsam yotganim bo‘lsin.

Uning yo‘q obro‘yin to‘kkanim uchun,

To‘lov bersam borim sotganim bo‘lsin.

Xalqimga qadringni bil desam agar,

Kurash, haqni oshkor qil desam agar,

Bu qutqu atalsa davlatga zarar,

Qancha azob bo‘lsa tortganim bo‘lsin.

Amaldor der esa, tuzum ‒ men o‘zim,

Farmon farmonimdir, so‘z mening so‘zim,

Men bunday tuzumdan o‘girib yuzim,

Tamom jinoyatga botganim bo‘lsin.

O‘chirib qo‘yilgan bahs

3 - dekabr kuni Toshkentda diplomatik korpus vakillari, jurnalist va blogerlar ishtirokida o‘tgan anjumanda O‘zbekiston rasmiylari so‘z va matbuot erkinligini suiiste’mol qilishning salbiy oqibatlaridan ogohlantirgan edi.

Anjumanda qatnashgan BMTning O‘zbekistondagi doimiy vakili Helena Freyzer o‘zbek rasmiylarini mustaqil OAV vakillarini erkin ishlashiga yo‘l berish bo‘yicha BMT talablarini to‘liq bajarishga chaqirgan edi.

Rasmiylarning bayonoti AOKAning mamlakatdagi qator nashrlarga ogohlantirish xati yuborishi ortidan yangragan. O‘tgan oy oxirida yuborilgan xatda Kun.uz va boshqa qator mustaqil nashrlar aholining gaz va svet muammosi, shuningdek, koronavirus statistikasiga rasmiylarnikidan farqli yondashgani bois "jiddiy oqibatlar"dan ogohlantirilgandi.

Mazkur ogohlantirish Toshkentdagi qator g‘arb diplomatlarining tanqid va xavotirlariga sabab bo‘ldi. Matbuot erkinligiga bag‘ishlangan anjumanning aynan mustaqil jurnalist va blogerlar bilan ochiq muhokamalar qismi hech bir izohsiz efirdan uzib qo‘yildi.

XS
SM
MD
LG